Muhit va obraz talqini
Rejissyor Jahongir Ahmedovning “Islomxoʻja” tarixiy filmi oʻzbek kinosida tilga olishga arzigulik voqea boʻldi, desak xato qilmagan boʻlamiz.

Asar ssenariysi J. Roʻzmetov qalamiga mansub. Avvalo, ijodkorlar unutilib borayotgan, yoshlar, albatta, bilishi zarur boʻlgan shaxs haqida film ishlashga bel bogʻlagani tahsinga sazovor. Tarixiy voqelikni asliga mos tarzda tiklashdan keng miqyosda foydalanish jahon kino tajribasida koʻp yillardan buyon mavjud. Bu tajribaning oʻzbek kinosida faol qoʻllanishi qogʻozlardagina saqlanib qolgan maʼlumotlarning ekranga koʻchib, tomoshabin ongiga muhrlanishiga xizmat qilgan. Shu oʻrinda film operatorlari J. Ibragimov va R. Yoʻldoshevning ishiga alohida toʻxtalib oʻtish zarur. Zero, koʻz oʻngimizda qahramonlar qiyofalari obrazli tarzda namoyon boʻlishi, birinchi navbatda, operator mahorati bilan bogʻliq. Sekinlashtirilgan kadrlarni, nim qorongʻu tasvirlarni oʻtmishning ramziy ifodasi sifatida qabul qilish mumkin. Filmdagi kadrlarda uygʻunlik, yaxlitlik mavjud, rakurslar toʻgʻri tanlangan. Qahramonlarning yirik plandagi koʻrinishlari mahorat bilan suratga olingan: tomoshabin tasvirlar orqali ularning xarakterini soʻzsiz ham tushunaveradi. Binobarin, bu oʻrinda kadr ortida oʻqilgan matnlar ortiqchadek tuyuladi. Mutaxassislar orasida filmda turklarning “Muhtasham yuz yil” nomli koʻp qismli filmining tasvirga olish uslubidan foydalanilgan, deguvchilar ham topildi. Bu fikrga qoʻshilish qiyin. Bizningcha, operator oʻz ishiga mustaqil yondashgan. Ehtimol, kadrlardagi hashamat, jimjimadorlik va tarixiy muhit shunday tasavvur uygʻonishiga sabab boʻlgandir.

Lekin baʼzi oʻrinlardagi takror sahnalar filmning yaxlitligiga biroz putur yetkazgan. Masalan, Islomxoʻjaning rus tilini mukammal bilgani hikoyachi tomonidan kadrda, kadr ortida ham takrorlanib, boz ustiga podsho va Islomxoʻja oʻrtasidagi suhbat sahnasining kiritilgani bir maʼlumotning uch marta qaytarilishiga sabab boʻlgan. Tabiiyki, meʼyorning bunday buzilishi tomoshabinni biroz zeriktirib qoʻyadi. Shuningdek, ham hikoyachi, ham aktyorlardan foydalanilgani filmni koʻproq televideniye uchun tayyorlanadigan tarixiy koʻrsatuvlarga yaqinlashtirib qoʻygani ham bor gap. Asarga nisbatan “badiiy-publitsistik” atamasi qoʻllanishiga keladigan boʻlsak, bu janr film konstruksiyasiga toʻla mos, deb boʻlmaydi. Koʻzga tashlanadigan asosiy kamchilik bosh qahramon – Islomxoʻja(U. Qodirov)ning xarakter xususiyati toʻla ochilishi uchun kam oʻrin ajratilganidadir. Ehtimol, qahramonning feʼl-atvori yorqinroq koʻringan sahnalar baʼzi sabablarga koʻra qisqartirilgandir. U. Qodirov yaratgan obrazdan koʻra Islomxoʻjaning oʻz portreti koʻproq “soʻzlagandek”, nazarimizda. Bu aktyorninggina emas, ssenariy muallifi va rejissyorning ham kamchiligi. Film soʻngiga qadar tomoshabin Islomxoʻja shaxsining yanada yorqinroq namoyon boʻlishini kutadi. Ammo, afsuski, buyuk vazir shaxsi manbalarda saqlanib qolgan kam sonli maʼlumotlar singari mavhumligicha qolgan. Shu oʻrinda rejissyorning Islomxoʻjaga nisbatan shaxsiy yondashuvini namoyish etishga uringanini taʼkidlab oʻtish joiz: film davomida kutubxonada xayolan Islomxoʻja bilan qisqagina suhbatda oʻzini xavf-xatar kutayotganini qalban his etsa-da, hech kimdan oʻtinmagan mard siymo qiyofasini rejissyorning tasavvur olami orqali koʻramiz.

Rassom va operatorning koʻzga tashlanib turgan kamchiliklaridan biri bugungi kunda mavjud boʻlgan unsurlardan XX asr boshidagi davr tasvir etilgan filmda foydalanishganida. Masalan, Muhammad Rahimxon II Feruzning taxti joylashtirilgan ayvon oʻsha davrda bunday koʻrinishda boʻlmagan. Filmda ushbu joy saroyning sayyohlar uchun moʻljallangan koʻrgazma qismida suratga olingan. Bunday kamchiliklar bir necha oʻrinlarda uchraydi.

Biroq mavjud kamchiliklarga qaramay, “Islomxoʻja” filmi zamonaviy jahon kinochiligi uslublaridan oʻzbek kinosida birinchilardan boʻlib foydalanilgan tarixiy film sifatida muhim voqea boʻldi. Tarixiy faktlarga maksimal darajada tayanilgani filmning xorijiy davlatlar, xususan, Amerika kino ijodkorlari tomonidan iliq kutib olinishiga sabab boʻldi. Ijodkorlar mutaxassislar tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalardan toʻgʻri xulosa chiqargan holda, tarixiy mavzuda yangi va yaxshi asarlar yaratishda davom etadilar, degan umiddamiz.

Mohinur AHMADJONOVA saviya.uz