Aloiddin Muhammad Otsiz (vafoti 1156 yil)
Pichoq suyakka borib etganda xorazmshoh o’zi kabi, balki o’zidan ko’p ojiz bandaga tobe bo’lishdan qutulish va yurt mustaqilligiga uzil-kesil erishishga qaror qildi.

Tarixiy manbalarda Otsiz shohlik qilgan salkam 30 yillik davrga katta o’rin ajratilgan. Muarrixlar uni turli qiyofada va holatda tasvir etishadi. Goh u haqiqat va adolat istagan rahnamo, ilmu-ijod, din ahlining homiysi, goh qattiqqo’l va g’azabnok hukmdor sifatida namoyon bo’ladi. Ammo barcha tarixnavislar xorazmshohning noyob fazilatli va iste’dodli inson bo’lganligiga tan berishadi. «Anushtagin xorazmshohlar davlati (1097-1231)» asarida jumladan shunday ta’kidlanadi:

«Otsiz musulmonlar» podshohiga xos islom diniga va ilohiyot olimlariga homiylik qilishdan tashqari, turli fanlar va san’at ahlini qadrlar, o’zi ham ruboiylar yozar, juda ko’p buyuk shoirlarning baytlarini yoddan bilar edi. U Xorazm aholisiga g’amxo’r, adolatli podshohlik qildi. Fuqarolar xorazmshoh Otsizni yaxshi ko’rar, uning zamonida havf-xatardan holi tinchlik va osoyishtalikda, adolatda yashashdi».

Beihtiyor shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur esga tushadi. Otsizni ham bir qo’lda qilich, yana bir qo’lda qalam bilan tasavvur qilishda uning siymosi madadkor bo’ladi. Afsuski, Otsizning qasida va ruboiylari saqlanib qolmaganligi sabab, ular haqida so’z yuritishning imkoniyati yo’q. Ammo u ham Bobur singari she’riy asarlarida Vatan mehru-muhabbatini, sadoqat va vafoni, go’zallikni madh etganligini, uning hayoti tadrijidan kelib chiqqan holda his etish mumkin. Shuningdek, Otsizning mehru-muhabbati ilohiy muhabbatdan kuch olganligini, shu kuch uni jasorat, mardonavorliklar ko’rsatishga da’vat etib turganligini ham anglash qiyin emas.

Otsizning asosiy g’animi behad katta kuchu qudratga ega bo’lgan saljuqiy sulton Sanjar, agar ta’bir joiz bo’lsa, faqat yondirishni bilguvchi olovga mengzardi. Olisroqdan bu olovning issig’idan foydalanish mumkin edi. Otsiz o’z davriga kelib, ota bobolari singari bu o’tdan naf ko’rish ilinjidan voz kechdi va olovga qarshi kurashishga otlandi. Oxir-oqibat beqiyos kuchu qudrat sohibi bo’lib tanildi. Bunga u ko’pgina mamlakatlarni go’yoki o’tda yonmas qalqon bo’lib, sulton Sanjardan himoya eta olganligi, halqlarning ezgu maqsadlarini birlashtirishga muvaffaq bo’lganligi sababli erishdi. U saljuqiy sultondan o’zining ko’p jihatlari bilan farq qildi. Go’yokim hayotbaxsh obi-hayot bo’lib butun O’rta Osiyoga, Fors ko’rfazigacha etib bordi. Oxir oqibat olov ustidan g’olib keldi.

1130 yilda yuz bergan bir voqea Otsizning ruhiyat iqdidoridan ham darak sifatida tarixiy manbalarda qayd etilgan. Vazirlar fitna uyushtirib sulton Sanjarni o’ldirishga qasd qilganliklari Otsizga tushida ayon bo’ladi. U yordamga shoshilib, sultonni o’limdan saqlab qoladi.

Tarixda bunday ruhiy quvvatga ega bo’lgan insonlar, yo’lboshchi-rahnamolar ko’p bo’lgan. Shu jihatdan bu voqea ishonchsiz tuyulmaydi. Qolaversa, xorazmshoh sultonning eng havfli dushmanlari o’z ichidan chiqqan, saroy amaldorlari kecha-kunduz fitna niyatida ekanliklarini sezgan va doim shuni o’ylab yurgan. Otsiz fitnani tushida ham ko’rgan bo’lsa ne ajab.?

Bu voqea xorazmshohning mardligi, halol kurashish istagi, odamga zarur paytda yordam berishga hozir turganligini anglatish bilan birga, uzoqni ko’zlovchi siyosatchi va diplomat bo’lganligini ham ko’rsatadi.

Aslini olganda, sulton Sanjardan xolos bo’lish, uning ayni muddaosi bo’lishi kerak emsamidi.? Ammo sultonning halokati shu paytda butun Sharqdagi hukmron kuchlar muvozanatini izdan chiqarib yuborar edi . Bu esa turli tarafda fursat kutib turgan yovuz dushmanlarning Mavoraunnahrga, albatta Xorazmga, muro’ malahday yoprilib kelishi uchun imkon tug’dirardi. Sulton Sanjar esa vaqtincha ularning oldini to’sib turibdi. Bu muvaqqat qalqonini olib tashlaydigan vaqt albatta keladi. Xorazmshoh ana shular haqida chuqur mulohaza qilganligi tabiiy.

Ko’p o’tmay sulton Sanjarni o’z vazirlarining qo’li bilan bartaraf etishga muvaffaq bo’lmagan Bag’dod halifasi sulton bilan xorazmshohning orasini buzishga jiddiy xarakat qilib ko’rdi. Halifa Otsizga sultonga qarshi kurashda madadkor bo’lishga, so’z berdi-yu hufyona tarzda sultonni ham xoazmshohga qarshi kurashga rag’batlantirib turdi. Buning oqibatida Otsiz Xorazmdan Balxga badarg’a qilindi. U yaxshilik uchun jazoni jonu tanida chuqur his etdi.

Nihoyat sulton Otsizni o’z yurtida biryoqli qilish niyatida Xorazmga qaytardi. Muarrixlar aniq va tiniq holda yozib qoldirgan bir gap ko’p narsaga aniqlik kritadi: «Bu odamni endi boshqa ko’rmayman».

Sulton Sanjarning shu bir gapi ham u ko’pchilikning ko’zi oldida muruvvatli va himmatli , o’ziga qilingan yaxshilikni unutmaydigan hukmdor sifatida ko’rinishni juda istaganini, ammo, aslida xorazmshohdan qutulishning qulay fursatlarini kutayotganligini anglatadi. Agar xorazmshoh biror fitna qurboni bo’lishini bilganida sulton uni sira ham tushida ko’rmagan, ko’rsa-da yordam berishga shoshilmagan bo’lar edi.

Pichoq suyakka borib etganda xorazmshoh o’zi kabi, balki o’zidan ko’p ojiz bandaga tobe bo’lishdan qutulish va yurt mustaqilligiga uzil-kesil erishishga qaror qildi. U sultonga bo’ysunmasligini baralla aytdi. Xorazmliklar va istibdodda ezilagan mamlakatlarning halqlari uning qarorini ma’qulladilar. Aloiddin Otsiz shu paytda qirchillama qirq yoshida edi. Sulton Sanjar bilan kurashishni biryoqli qilguncha unga yana yigirma yildan ko’proq vaqt kerak bo’ldi. Jasur va donishmand, odamlar qalbini tushunadigan, ruhiyati yuksak insonning bu yigirma yillik umri oxir – oqibatda yurt tarixida munavvar sahifalar ochdi.

Otsiz o’zi g’alaba bilan kirib borgan mamlakatlarda noiblarini qoldirib, yana ona yurt diydoriga shoshilardi. O’zi bilan esa taniqli olim va oriflarni olib qaytardi. Bu uning Xorazmni yirik fan, madaniyat markaziga aylantirish istagidan darak berardi.

Xorazmshox sarkarda sifatida mag’lubiyat alamlarini ham totib ko’rdi. Ammo u mushkul vaziyatlardan chiqib ketish yo’lini topa olardi. Eng tasirchan so’z va iboralar qo’llab bitilgan nomalar uning do’stu dushmanlari qalblarini zabt etadi.

Otsiz o’z davrining mashhur shoirlari, olim va oriflariga saroydan munosib o’rin berganligi tarixiy haqiqat. Xususan butun Sharq tan olgan Rashididdin Votvot singari allomaning unga asdoydil hayrihoh bo’lib bitgan nomalar va qasidalar ham shundan darak beradi.

Xorazmshox Aloiddin Otsiz vafotidan so’ng uning o’g’li El Arslon taxtga o’tirdi.

Sotim Avaz.
O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.

KO`P O`QILGANLAR