Faollar yig‘ilishi
Prezidentimizning 2012-yil 22-noyabrdagi “2013-2015-yillarda Xorazm viloyati sanoati salohiyatini rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida joriy yilning o‘tgan olti oyi mobaynida qo‘shimcha loyihalar bilan birga qiymati qariyb 271 million dollarga teng 274 loyiha amalga oshirildi.

Mazkur dastur doirasida shu kunga qadar 36 mingdan ortiq “Damas”, 3 mingga yaqin “Orlando” rusumli avtomobil, 119 ekskavator va 54 buldozer ishlab chiqarildi. Shuningdek, maishiy gaz balloni, muzlatkich, metall armaturalar, sport inventarlari hamda kir yuvish kukuni, yuqori kuchlanishli apparatlar kabi yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.

Xorazmda 2015-yilning birinchi yarmida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va galdagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishida shular xususida so‘z yuritilib, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, yangi quvvatlarni ishga tushirish, maqsadli dasturlar ijrosini ta’minlash, turizmni rivojlantirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida salmoqli natijalarga erishilgani ta’kidlandi.

Viloyat hokimi P.Bobojonov boshqargan yig‘ilishda hisobot davrida viloyatda yalpi hududiy mahsulot 11,1, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 30,8, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish 6,2, qurilish-montaj ishlari 3,9 foizga o‘sgani qayd etildi.

Mahalliy tovar ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish natijasida iste’mol tovarlari ishlab chiqarish 40,2, mahalliylashtirilgan mahsulotlar 2,5, chakana tovar aylanmasi 14,5, xizmatlar ko‘rsatish 12,4 foizga o‘sishi ta’minlandi.

Xorazm viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan 767 loyiha o‘rniga 932 loyiha amalga oshirilib, 251 milliard so‘m miqdorida investitsiyalar kiritildi va qariyb 5 mingta yangi ish o‘rni yaratildi.

Prezidentimizning 2012-yil 6-dekabrdagi “Xorazm viloyatining obodonchilik va aholi suv ta’minotini tubdan yaxshilash, Urganch shahar bosh rejasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan hisobot davrida 1 trillion so‘mlikdan ortiq qurilish ishlari amalga oshirildi.

Turizm sohasida 45,3 million dollarlik 99 loyiha amalga oshirildi. Hududiy korxonalar tomonidan 19 million dollar miqdorida mahsulot eksport qilindi.

Yig‘ilishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish va yilning ikkinchi yarmida eng muhim ustuvor vazifalarning amalga oshirilishini ta’minlashga qaratilgan aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.Ikromov so‘zga chiqdi.

Ahmadjon Shokirov, O‘zA

KO`P O`QILGANLAR