Hakamlik sudlari tadbirkorlar himoyachisi
Urganchda “O‘zbekistonda hakamlik sudlari faoliyatini takomillashtirish masalalari” mavzusida ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

Prezidentimiz rahnamoligida tadbirkorlik va xususiy sektorga nisbatan munosabatlarni tubdan o‘zgartirish, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilishning mustahkam tizimi shakllantirilgani va uning tashkiliy mexanizmi takomillashtirib borilayotgani ta’kidlandi. Qulay ishbilarmonlik muhiti yaratish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar tufayli ushbu tarmoqning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi ortib bormoqda.

Ijtimoiy hayotda turli subyektlarning manfaatlari to‘qnashuvi, ular o‘rtasida bahs-munozaralar bo‘lishi tabiiy. Nizolarni hal etish tizimi ularni sud orqali va muqobil usullar bilan bartaraf qilishni o‘z ichiga oladi. Hakamlik sudlari nizolarni muqobil hal etishda asosiy nodavlat organ sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Bunda soha vakillarining huquq va manfaatlari izchil ta’minlanayotgani muhim ahamiyat kasb etayotir.

Bugungi kunda tadbirkorlarning aksariyati nizolarni hakamlik sudida hal etish uchun shartnomaga hakamlik bitimini kiritmoqda. O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va uning hududiy boshqarmalarida 15 hakamlik sudi faoliyat yuritmoqda. Ular tomonidan 2007-yildan buyon olti mingga yaqin ish ko‘rilib, tadbirkorlar foydasiga 302 milliard so‘m undirilgan. Qabul qilingan hal qiluv qarorlarining 90 foizi ixtiyoriy ijro etilgani e’tiborga molik.

– Korxonamiz tomonidan o‘tgan yili O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining Xorazm viloyati hududiy boshqarmasi huzuridagi Hakamlik sudiga kiritilgan qirqqa yaqin davo arizasining barchasi ijobiy hal qilindi, – deydi “Urganch neftbaza” unitar korxonasi Hazorasp tumani filiali yurist-konsultanti Arslon Matyoqubov. – Eng muhimi, biz murojaat etgan Hakamlik sudi ishni qisqa muddatda va xolis ko‘rib chiqdi. Tijorat sirlarining saqlanishini ta’minladi.

Seminarda “Hakamlik sudlari faoliyatining huquqiy asoslari, ularning nizolarni hal qilishdagi roli va ahamiyati”, “Hakamlik sudining hal qiluv qarori bilan bog‘liq ishlarni xo‘jalik sudlari tomonidan ko‘rishning o‘ziga xos xususiyatlari, uning sudlar tomonidan ko‘rib chiqilish amaliyoti”, “Hakamlik sudlari qarorlarini ijro qilish tartibi va muammolari” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

Vakolatli sudlar (xo‘jalik sudlari) tomonidan hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish va majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish bilan bog‘liq ishlarni ko‘rishning o‘ziga xos xususiyatlari atroflicha yoritilib, tahliliy materiallar ishtirokchilarga namoyish etildi.

Ahmadjon Shokirov, O‘zA