Prezidentimiz rahnamoligida aholi, xususan, xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularning jamiyat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi faolligini oshirish, huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilayotgan alohida e’tibor yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi.
O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi ayollarga oid davlat siyosatini keng jamoatchilikka yetkazish, uning davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorligini mustahkamlash, opa-singillarimizning ijtimoiy faolligiga doir yangi g‘oya va tashabbuslarni ilgari surish, ijtimoiy ahamiyatga molik dastur hamda hujjatlarda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratmoqda.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatini tahlil va sarhisob qilish, kelgusidagi rejalarni belgilab olish, ijtimoiy sheriklikni mustahkamlash, quyi tizim faoliyatiga yangicha yo‘nalishlar berish, tajriba almashish, ayollar o‘rtasida uchrayotgan turli muammolarni bartaraf etish, ular bandligini ta’minlash kabi dolzarb masalalar muhokama etildi.
– Qo‘mitaning navbatdagi boshqaruv yig‘ilishi Xorazmda o‘tkazilishi alohida ahamiyat kasb etdi, – deydi O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Gulnora Ma’rufova. – Mamlakatimizning barcha hududlaridan kelgan qo‘mita a’zolari viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatini o‘rganib, o‘zaro tajriba almashdi. Viloyatning ikkita tumanida bo‘lib, u yerda Prezidentimiz farmonining bajarilishi, onalik va bolalikni muhofaza qilish, ayollarni ish bilan ta’minlash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va xotin-qizlar sportini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Xonqa va Hazorasp tumanlaridagi nogiron va ehtiyojmand oilalarga aravacha va reabilitatsiya vositalari berildi. Ushbu tumanlar xotin-qizlar qo‘mitalariga “Spark” xizmat avtomashinasi topshirildi.
– Ushbu tadbirlar davlat tashkilotlari va hokimliklarning xotin-qizlar qo‘mitasini qo‘llab-quvvatlash borasidagi tashabbuskorligini oshirishi bilan ahamiyatlidir, – deydi Farg‘ona viloyati xotin-qizlar qo‘mitasi raisi To‘lqinoy Tojiyeva. – Bugun Xonqa tumanidagi Oydin hayot mahallasida bo‘lganimizda qo‘mitamiz tashabbusi bilan tashkil etilgan fuqarolar yig‘iniga ko‘maklashuvchi beshta sektor faoliyati bilan tanishib, mazkur loyihaning mahalla hayotida muhim ahamiyat kasb etayotganini ko‘rdik.
Ayollarning huquq va manfaatlarini himoya qilishda “Ayollar ijtimoiy moslashuv markazlari” muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu markazlar ayollarni turli vaziyatlarga tushib qolganida ruhiy va psixologik yordam ko‘rsatadi. Bundan tashqari “Ayollar maslahat markazi”, “Ayollar va bolalarni ijtimoiy himoyalash” markazlarining tashkil etilgani xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi. Zotan, mazkur markazlar xotin-qizlar o‘rtasida tibbiy madaniyatni oshirish, ularning qonuniy manfaatlari, huquq va erkinliklarini himoya qilish, oila institutini rivojlantirish kabi ezgu maqsadlarga xizmat qilayotir.
Markazlarda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, xotin-qizlarni turli yot illatlar ta’siridan asrash, qizlarni milliy qadriyatlarimizga tayangan holda to‘g‘ri tarbiyalash, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi va erta nikohning salbiy oqibatlariga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar muntazam o‘tkazilmoqda.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E.Bositxonova so‘zga chiqdi.
Ahmadjon Shokirov, Shonazar Qoriyev (surat), O‘zA