Serquyosh yurtingizga havasim keldi
Xalqimiz eng ulug‘, eng aziz bayram – Mustaqilligimizning 24-yilligini keng nishonlashga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rayotgan shu kunlarda shaharlarimizda ko‘plab xorijlik sayyohlarni uchratish mumkin. Xorazm viloyatidagi muxbirimiz ulardan ayrimlarining taasurotlari bilan qiziqdi.

Ode Levallois (Fransiya):

– Menda O‘zbekistonga kelish niyati “The Huffington Post” internet nashrida Samarqand inson o‘z umri davomida hech bo‘lmaganda bir marta borib ko‘rishi albatta shart bo‘lgan dunyodagi 50 shahardan biri sifatida e’tirof etilganini o‘qiganimdayoq paydo bo‘ldi. O‘shandan buyon O‘zbekistonning tarixi va bugungi hayoti bilan qiziqa boshladim. Bu yurt meni o‘ziga rom etdi. Vataningiz mustaqilligi xalqingiz uchun naqadar aziz ekanini chuqur angladim. Urganch juda chiroyli va zamonaviy shahar ekan. Xiva ertaknamo shahar desam, adashmasam kerak. Necha asrlar tarixi shunday ko‘z o‘ngingizda namoyon bo‘ladi. Bunday muqaddas zamin va olijanob xalqning istiqboli buyuk bo‘lishiga ishonaman.

Dolores Parramon (Ispaniya):

– Sayohat davomida Xiva shahrida o‘tkazilgan “Qovunlar sayli” tadbirida qatnashdim. Bizda ham qovun bor. Ammo bu yerdagi kabi shirin, yirik va turli navdagi qovunni hali totib ko‘rmagandim. Yoz oylarida quyosh taftida pishgan poliz mahsulotini jaziramada suv o‘rnida bemalol tanovul qilish mumkin. Yeri serhosil, osmoni serquyosh O‘zbekistonga, bag‘rikeng va ochiq ko‘ngil xalqingizga havasim keldi.

Anna Mariya Maykutevich (Polsha):

– Xorazmga kelgan sayyoh betakror va unutilmas taassurotlar bilan qaytadi. Muqaddas qadamjolar, tarixiy maskanlarga boy bu zaminda dunyo ilm-fani va taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk allomalar yashab, ijod etgan. Samarqand, Buxoro, Xiva haqida kitoblarda o‘qigandim. Ichan qal’a majmuasiga kirdimu necha ming yillik tarix tasavvurimda jonlanganday bo‘ldi. Bu obidalar orasida yurgan kishi xuddi ertaklar olamiga tushib qolgandek bo‘ladi. Xalqingizning mehmondo‘stligi, milliy taomlar, urf-odat va an’analar kishini hayratga soladi. Fursatdan foydalanib, jannatmonand yurtda yashayotgan o‘zbek xalqini Mustaqillik bayrami bilan tabriklayman.

Ahmadjon Shokirov, O‘zA