Xorazm qovunlari - eksportga
Xorazmda ota-bobolarimiz hamisha tilyorar, shirin - shakar qovunlarni yetishtirib kelishgan. Istiqlol yillarida qovun turlarini yanada ko‘paytirishga katta e’tibor berildi va buning uchun imkoniyatlar, sharoitlar yaratildi.

Natijada vohamiz bo‘ylab qovun, uning turlarini yetishtirish rivojlandi. Polizkorlar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish maqsadida ko‘plab xayrli tadbirlar tashkil etilmoqda. Masalan, har yili Xivada Ichonqal’ada an’anaviy ravishda o‘tkazilayotgan “qovun sayli” biz kabi qovun yetishtirayotgan polizkorlarga katta yordam bermoqda. Chunki bunda vohaning barcha tumanlaridan usta dehqonlar qatnashadilar. Biz ham bu yil o‘zlarimiz yetishtirgan qovunlar bilan ishtirok etdik. Qovun urug‘idan tayyorlangan sharbatlar xushta’mligi va shifobaxshligi bilan yuqori o‘rinda turadi. Biz ko‘rgazmaga 32 turdagi noz-ne’matlar - qovun qoqi, qovun murabbosi kabi noyob mahsulotlarni olib bordik. Qovunlarning yo‘qolib borayotgan navlarini qayta tiklash borasida istiqbolli ishlar haqida xamkasblarga gapirib berdik.

Har yili Begovot qishlog‘i xududida joylashgan 50 gektarlik ekin maydonida sarxil qovunlar yetishtirilmoqda. Ayniqsa “Sariq gulobi” qovunini muzlatgan xolda Koreyaga eksport qilayotganligimiz o‘zining yaxshi samarasini berayotir. O‘tgan yili ushbu davlatga 162 ming AQSh dollari miqdorida qovun mahsulotlarini eksport qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan edik. Bu yil ham shartnoma imzoladik. Biz Koreyaga qovunni muzlatib jo‘natamiz. Ular qovundan xushta’m sharbatlar tayyorlashar ekan.

Istiqlolning ulug‘ imkoniyatlaridan ruxlanib faoliyatimizni yanada kengaytirishga, soxaning rivojlanishi borasida yangiliklarni joriy qilishga intilayapmiz.

Sa’dulla XO‘JAYEV, “Xorazm qovunlari”
mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari.
“Xorazm haqiqati” 2015 yil 22 avgust №67 (19205)

KO`P O`QILGANLAR