O’rta asrlarda Xorazmda madaniy hayot va uning xorij sayyohlari asarlarida aks etishi
Xorazmshohlar davrida ilm-fan va san’at rivojlandi. Saljuqiylar davridayoq imperiyaning muhim madaniy va siyosiy markazlarida ilm va adabiy faoliyat jonlangan edi.

1153 yilda sodir bo’lgan o’g’uzlar isyoni bu sohada biroz turg’unlikka olib keldi. 1157 yilda Sulton Sanjar vafot etganlaridan so’ng to Xorazmshohlar 1197 yilda Iroq saljuqiylari davlatini tugatgunlarigacha bo’lgan davr ichida g’uriy va qoraxitoylarga qarshi olib borgan urushlari Xuroson va Xorazm shaharlarining moddiy jihatdan zarar ko’rishlariga sabab bo’ldi. Biroq, shunga qaramay, XII asrning ikkinchi yarmida ham ilm-fan va adabiyot rivojlandi. Xususan, Jaloliddin davriga qadar, ya’ni 1220 yilgachayoq Xorazmshohlar poytaxti Gurganj moddiy jihatdan nihoyatda gullab-yashnagani singari, ilm-fan va san’at markazi sifatida ham Xurosonning buyuk shaharlarini ancha ortda qoldirib ketdi.

Sulton Sanjarning poytaxti bo’lgani uchun gullab-yashnagan Marv Xorazmshohlar davrida ham o’z mavqeini saqlab qoldi. Biroq, mo’g’ul istilosi oqibatida bu shahar tanazzulga yuz tutib, orqada qoldi. Mo’g’ul istilosidan biroz oldin bu erdan chiqib ketgan Yoqut Hamaviy shaharda o’sha vaqtda o’nta kutubxona bo’lganligi to’g’risida yozgan edi. Jome masjidi kutubxonasida 12 ming jild kitob bo’lgan. Shahardagi barcha kutubxonalardan foydalangani va shu tufayligina asarlarini yoza olganini e’tirof etgan. Yoqut Marvda lozim bo’lgan asar nusxalari ham ko’p bo’lganligini, asosiy e’tibori bilan dunyoning biror shahridagi kutubxona Marv bilan bellasha olmasligini qayd qilgan edi. Bu Xorazmshohlar davrida Mavrning buyuk bir madaniyat markaziga aylanganligidan dalolat

beradi. Somoniylar davridan e’tiboran, Xurosonning eng katta shahriga aylangan Nishopur ham Xorazmshohlar davrida o’z mavqesini saqlab qoldi. Karvon yo’llari ustida joylashgan bu shahar ayni vaqtda hunarmandchilik markazi ham edi. Xorazmshohlar poytaxti Gurganj XII asrda gullab-yashnab, dunyoning eng muhim madaniyat markazlaridan biriga aylandi. Xorazm hukmdori Otsiz 1142 yilda Xuroson yurishidan qaytganda, bu erga juda ko’p olimlarni olib kelgan edi. Sanjar vafot etgach va davlat imperiya sifatida shakllanganidan so’ng, Gurganjga ko’plab olimu ulamolar ko’chib keldilar.

Xorazmshohlarning insho devoniga har doim davrning eng mashhur munshiylari rahbarlik qilgan. Takish davrida bu vazifada mashhur Bahouddin Bog’dodiy ishlagan bo’lsa, Jaloliddin zamonida Nasaviy xizmat qilgan. Ulardan tashqari, Zamahshariy, Rashididdin Vatvot, Faxriddin Roziy kabi olim va shoirlar Xorazmda yashab ijod qilganlar. Ilmiy muassasalar boy vaqflarga ega bo’lgan. Bu erda olimlar turli sohalarda tadqiqot ishlarini olib borishgan. Hukmdorlarning katta iltifotiga sazovor bo’lgan bu mashhur olimlar xalq o’rtasida katta obro’ qozongan edilar. Faxriddin Roziy va Shihobiddin Xivaqiy kabi olimlar sha’niga yozilgan qasidalar buning yorqin dalilidir. Xorazmdagi kutubxonalar haqida Nasaviy bergan xabarni, tarixchi Ibn Isfandiyorning shaharda kitob tijorati bilan shug’ullangan sahhoflarning maxsus bozori bo’lganligi to’g’risidagi fikrini e’tiborga olsak, poytaxtning o’lkan ilm- fan va madaniyat markaziga aylanganligi ma’lum bo’ladi.

Xorazmshohlar davrida ilmiy, adabiy va diniy asarlar arab tilida yozilgan. Ma’lumki, o’sha vaqtda G’arbda lotin tili huddi shunday rolni o’ynayotgan edi. Faqat olimlargina emas, balki o’sha davrning ziyolilari ham arabchani yaxshi bilgan. XII asrda ayrim ilm sohalarida ona tili turkiy yoki fors tili bo’lgan o’rta sinf ziyolilari orasida biroz osonligi uchun fors tili ham qo’llanilgan.

Ayni chog’da asarlarining butun islom olamiga tarqalishini xohlagan olimlar o’z asarlarini arab tilida yozar edilar. Hatto, ular mahalliy ehtiyojga ko’ra forscha yozgan asarlarini arabchaga tarjima qilardilar. Bu asarda har ikki tilni bilgan mualliflarning ta’siri ostida ko’pgina arab kalimalari forscha kalimalar o’rnini egallagan, arab tiliga xos ba’zi uslubiy xususiyatlar ham forschaga o’tgan. O’zlari yashagan muhit taqozosiga ko’ra, arabchadan ko’ra forschani yaxshiroq bilgan Xorazmshohlar o’z buyurtmalariga muvofiq yozilgan asarlar forscha bo’lishini istar edilar. Xuddi shuningdek, devon ishlarida ham davlatning rasmiy tili sifatida fors tili ishlatilgan, farmonlar shu tilda yozilgan. Arab va fors tillarini birdek yaxshi bilgan Nasaviy Jaloliddinning hayoti to’g’risidagi asarini arab tilida bitgan. Bundan u Jaloliddin tarixini butun islom olamiga tanitish maqsadini ko’zlagan edi. Nasaviyning asari o’sha davrdayoq forschaga tarjima qilingan.

Xorazmshohlar davrida fors tili ilm tili sifatida arab tilidan ustunroq mavqega erishdi va bu ahvol XII asrda yanada kuchaydi. Avvallari arabcha yozilgan ilmiy va tarixiy asarlar bu davrda forschaga o’girildi. Eron she’riyatining rivojida ham o’zgarishlar bo’lib, qadimgi Xuroson maktabiga xos adabiy an’analar o’zgarishga uchradi. Iroq, Arron, Fors viloyatlarida etishgan buyuk shoirlarning ta’siri ostida Iroq maktabi vujudga kela boshladi. Saljuqiylar davridagi adabiyot taraqqiysi Xorazmshohlar davrida yanada yuqori darajaga ko’tarildi.

Xorazm tili so’zlashuv yoki yozuv tili sifatida arab va fors tili qatorida o’z ahamiyatini XIII asr oxirlarigacha saqlab qolgan. A.A.Freymanning ko’rsatishiga qaraganda, Xorazm tili XIII-XIV asrlardan keyin tamomila turklashadi.

XII-XIII asrlarda qo’shni davlatlarni o’ziga birlashtirgan Xorazm o’ta kuchli imperiyaga aylandi. Natijada, “Ma’mun Akademiyasi”dan 100 yil keyin Qutbiddin Muhammad I ibn Anushtagin va uning o’g’li al-Malik Abu Muzaffar Alouddin Jaloliddin Otsiz tomonidan “Ma’mun Akademiyasi”ga o’xshagan Akademiya tashkil etildi. Qutbiddin Muhammad va Otsiz hukmdorlik qilgan davrlarda Xorazmga Arabiston, Hindiston, Eron va boshqa yurtlardan yirik olimlar taklif qilindi. Ismoil Jurjoniy, Abu Bakr Abulqahr ibn Abdurahmon Jurjoniy, Hakim Azrakiy, Abdurahmon Hasan Alkutaniy Marvaziy, Abul Mahasin, Muhammad ibn Umar al-Husayn, Abu Abdulla Faxriddin ar-Roziy, Mahmud ibn Muhammad Umar al-Chag’miniy shular jumlasidandir.

“Ma’mun Akademiyasi” 17 yil faoliyat ko’rsatgan bo’lsa, bu Akademiyada kamolga etgan olimlar 60 yil fan va madaniyat ravnaqiga xizmat qilishdi. Sharqshunos olim V.V. Bartoldning fikricha, Otsiz hukmronlik qilgan davrda Xorazmning nufuzi Kaspiy dengizdan tortib, Sirdaryoning quyi va o’rta qismlarigacha bo’lgan erlarga yoyilgan. O’sha davrda Xorazmni ziyorat qilgan arab sayyohi Abu Xomid al-G’arnotiy (1080-1169) o’zining “Tuhfat al-albob va nuhbat al-a’job” (Oqillar tuhfasi va ajoyibotlar sarasi) nomli asarida shunday yozadi: “... Xorazmda men o’zim ziyorat qilgan hech bir o’lkada ko’rmagan mevalar o’sadi. Uning ahli esa - fozil olimlaru shoirlar va olijanob kishilardir”.

Xorazmshohlarning hammasi bilimli kishi sifatida shuhrat qozonishgan, ilm-fan va madaniyat taraqqiyotini ta’minlaganlar. Qutbiddin Muhammad otasi Anushtagin davrida Xuroson poytaxti Marvda yaxshi ma’rifat olgan adab va din ilmlarini o’rgangan edi. U Xorazm hukmdori bo’lgach, qobiliyatli rahbar sifatida ulomalarga va din arboblariga homiylik qildi. U har tomonlama iste’dodli odam edi. Olimlar va din arboblari uni yaxshi ko’rishar, u ham ularni izzat-hurmat qilar edi. (Qutbiddin Muhammad) fuqarolariga adolatli bo’lib, ular ham uni yaxshi ko’rib, uning nomini aziz tutar edilar.

Ular ham dunyoviy, ham diniy bilimlarni egallaganlar. Masalan, Otsiz qasidalar, ruboiylar yozgan, ko’plab nazm namunalarini yoddan aytib bera olgan, san’at va ilmga katta ixlos bilan qaragan. Ayrim ma’lumotlarga ko’ra, ud musiqa asbobini chalishda o’z davrida shoh Alouddin Takishga teng keladigan kishi bo’lmagan. Shu bilan birga u iqtidorli adib bo’lib, arab va fors tillarda ijod ham qilgan. Xorazmda al-Hanafiya mazhabidagi ilm toliblari uchun madrasa qurdirgani uning ma’rifatparvarligiga ishonchli bir dalildir. Alouddin Takish hukmdorlik qilgan davrda ilm-fan va adabiyot shu tariqa ravnaq topadi.

Takishning ilm toliblarini bilimli va ma’rifatli qilish maqsadida ko’plab madrasalar, masjidlar, kutubxona (dor ul-kutub)lar va jamoat binolari qurdirgani, hatto ba’zi madrasa talabalarini pul va oziq-ovqat, kiyim-kechak bilan ham ta’minlab turgani tarixdan ma’lumdir. O’sha davrda yirik ilmiy va madaniy markazlardan biriga aylangan Gurganj va Katda ma’naviyatning bunday rivojida mahalliy olimu-adiblar, shoirlar bilan bir qatorda xorijiy yurtlardan Xorazmga kelib yashab, ijod qilgan olimu fozillar va shoirlarning ham hissasi katta bo’lgan, albatta.

Andaluziyalik olim va sayyoh Abu Hamid al-G’arnotiy (1080 - 1168) Ibn Aniyn nomi bilan tanilgan shomlik mashhur shoir Sharafiddin Muhammad ibn Nasr (1144-1232), shuningdek, 1153 yilda Xorazmga kelgan jandlik shoir al-qozi Yoqub ibn al-Jandiy, Xurosonning Niso shahridan kelgan Muhammad ibn Ahmad ibn Ali ibn Ahmad an-Nasaviy, al-Qassob nomi bilan mashhur Sariy’ ul-Kaas laqabli nishopurlik adib Muhammad ibn al-Husayn, mashhur balxlik shoir va adib, mashhur kotib Muhammad ibn Abdujalil al-Umariy Rashididdin al-Vatvot kabi o’nlab olimu fozillar til va adabiyot, falsafa, mantiq falakiyot, fizika, ximiya, tabobat, jo’g’rofiya, tarix va boshqa fanlarni rivojlantirishga munosib hissa qo’shganlar.

Xorazm madrasalariga mudarrislar va imomlar bevosita Sultonning yoki hokimning maxsus ko’rsatmasi bilan tayinlangan. Xorazmshohlar davlatida ko’zga ko’ringan mashhur davlat arbobi, ma’rifatparvar mudarris Sulton Alouddin Muhammadning eng yaqin maslahatchisi Shihobiddin Abu Sa’d ibn Imron al-Xivaqiy beshta madrasada fiqhdan dars bergan. Mufti Shihobiddin Xorazmda birinchi bo’lib, masjid qoshida kutubxona qurdirgan. Bu kutubxona juda ham nodir kitoblar bilan boyitilgan.

Yoqut al-Hamaviy ta’kidlashicha, Abu Madar Mahmud Sharif al- Isfaxoniy tilshunoslik sohasida, ayniqsa nahvu sarfda beqiyos nom qozongan. Uning ilmiy qobiliyati va fazilatlari haqida xalq orasida turli xil afsonalar, rivoyatlar tarqalgan. Al-Isfaxoniy teran bilimi va zakovati, nufuzi kattaligi tufayli mu’taziliy mazhabini xorazmliklar o’rtasida keng yoyishga erishadi.

Xorazmshohlar saroyida xizmat qilgan balxlik Rashiduddin Muhammad ibn Abdujalil al-Umariy (1094-1191) kotiblik san’atida katta obro’ qozonadi. U umrining oxirigacha Xorazmda yashab, arab va fors tillarida yigirmadan ortiq asarlar yaratgani tarixdan ma’lum. Uning “Hadoiq as-sehr fi daqoiq ash-she’r” (“She’riyat nafosatida sehrli bo’stonlar”) asari alohida ahamiyatga molik. Xorazmshoh Otsizning nabirasi Sultonshoh Mahmudga (1172-1193) bag’ishlangan. “Majmuat ar-rasoil” (“Maktublar to’plami”) asari esa ikki qismdan iborat bo’lib, birinchi qismi xalifalar, sultonlar, xoqonlar, vaziru amirlar, hokimlar, qozi va muftilar nomiga jo’natilgan turli-tuman maktublardan tarkib topgan. “Maktublar”ning ikkinchi qismida esa, yuqori mansabli amaldorlar, mashhur shaxslar, shoiru- adiblarga va muallifning o’z do’stu birodarlariga yo’llagan maktublari jamlangan.

Rashididdin al-Vatvot maktublari orqali Xorazmda o’sha paytda tinchlik va osoyishtalik hukm surganini anglaymiz. Shu boisdan Xorazmga xorijiy elu yurtlardan ko’chib keluvchilar ko’p bo’lgan. Xorazm shu darajaga borib etdiki, - deb yozadi Rashididdin al-Vatvot, - u qo’rqqan va xavf-xatarga tushganlar uchun bexatar makon, elma-el kezib yuradiganlarga manzilgoh, darvishlar uchun panohjoy bo’lib qoldi. Odamlar Xorazmga har tarafdan o’z kulfatu musibatlaridan iztirobga tushib, hasratu nadomatlardan qalblari kuyib-yonib najot izlab keladilaru, bu joyda barcha illatlari shifo topgan, dardu alamlari bartaraf bo’lgan, jamiki yumushu tashvishlaridan qutilgan holda qaytadilar. Olloyi taologa bu o’lkaga keng qo’lamda bunday ulug’ligu bu darajadagi oliy himmatni muyassar ko’rganligi uchun behad hamdu sanolar bo’lsin”. Shuningdek, al-Vatvot maktublaridan o’sha paytda Xorazmda yashagan olimlar, shoir va adiblar o’rtasida uyushtirilgan ilmiy munozaralar haqida ham boy tasavvurga ega bo’lamiz.

Shunisi diqqatga sazovorki, xorijiy mamlakatlarda yashab, faoliyat ko’rsatgan xorazmliklar ham boshqa xalqlarning ilm-fan va madaniyati rivojiga o’zlarining katta hissalarini qo’shdilar. Shulardan biri Misrda

yashagan Muhammad ibn Ahmad al-Xorazmiy edi. Misrlik tarixnavis, yozuvchi Jaloliddin Abdurahmon as-Suyutiyning (1344-1405) yozishicha, “o’zining teran bilimi bilan Ahmad al-Xorazmiy o’sha davrda Misr mafkuraviy g’oyalarining o’sishiga muayyan darajada hissa qo’shgan”.

Arabistonga borib qolgan Xorazmlik etuk shoir va adib Sayfi Saroyi Iskandariya shahrining malikalaridan biri bo’lmish Tayxosbekka yozgan she’riy maktubida ilmiy-madaniy va do’stlik aloqalari mustahkamlani- shini ta’kidlaydi:

Boshim silading: “Yurtdan judo” deb,
Menam so’zing eturman “jon fido” deb.
Bu qul birla, maliklar birligidur,
Bu bir elning u elga hurligidur.
G’arib ko’nglim uyin obod qilding,
Elim nomin ming-ming yod qilding.

Demak, bu davrda ilm-fan va madaniyatning taraqqiyoti Xorazmda hunarmandchilik, dehqonchilik, me’morchilik, tashqi va ichki savdoning rivoji bilan uyg’unlashib ketadi. Iqtisodiy-ijtimoiy, madaniy hayotdagi ijobiy siljishlar mamlakat shaharlarining, ayniqsa, Gurganjning gullab- yashnashiga zamin hozirlaydi. Huddi shu olimlar hamda Xorazmning qulay jo’g’rofiy sharoitda joylashgani Sharqning yirik ilmiy-madaniy va savdo markazlaridan biriga aylanishida muhim o’rin tutdi. Qadimgi Xorazmdan “Ipak yo’li”ning o’tishi, Sharq bilan G’arbning bog’lanishi vohaning iqtisodiy va madaniy rivojiga ta’sir etgan, albatta. Biz Qo’yqirilganqal’a, Tuproqqal’a, Ayozqal’a, Burgutqal’a, Jonbosqal’a, Qirqqizqal’a, Norinjonqal’a, Ellikqal’adan arxeologik qazish paytida topilgan voha antik davri mdaniyati va san’atiga oid yodgorliklarga hamda qadimiy qo’lyozmalardagi fikrlarga asoslanib, shuni aytib o’tmog’imiz kerakki, Xorazm hamma davrlarda jahonning eng yirik markazlaridan biri sanalgan. Bu qadimiy madaniyat hatto bugungi kunda Evropada antik dunyo deb atalib kelayotgan Yunon va Rim madaniyati bilan bir qatorda turadi. Zotan, Xorazmdan al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Iroq, Umar az- Zamaxshariy, Umar Chag’miniy, Najmiddin Kubro, Pahlavon Mahmud, Haydar Xorazmiy, Hofiz Xorazmiy, Munis Xorazmiy, Ogahiy kabi olimu fozillarning, shoiru adiblarning etishib chiqqanligi bejiz emasdir. Binobarin, Olmoniya tarixchi olimi Xerder bu haqda shunday deb yozadi: “Ovrupolik birorta xalq o’z yozuvini o’zi kashf etgan emas, ispanlar yozuvi ham Osiyodan olingan; Shimoliy va G’arbiy Ovrupo madaniyati yunon-rumo-arab urug’idan unib chiqqandir ... Sharqliklar algebrani dunyoga keltirdilar, inson qo’liga tabobat sirlarini ochmoqqa kalit tutqazdilar... Fizikaning barcha bo’limlarini shu kalit yordamida ochdilar va bu kalit asrlar davomida amalda qo’llanib kelinmoqda ...”.

Fanning ijtimoiy sohalari qatorida tabiiy va aniq fanlar, jumladan, astranomiya, matematika va geografiyaga ham maxsus e’tibor qaratilgan. Mazkur sohalar mamlakatning amaliy ehtiyojlari, chunonchi, turli o’lkalar va karvon yo’llari haqida aniq tasavvurga ega bo’lish, xalqaro savdo - elchilik va madaniy aloqalarni rivojlantirish, mamlakatda sug’orish tarmoqlari barpo etish, obodonchilik ko’lamini kengaytirish kabilar uchun bevosita zarur edi. O’sha davrda Mahmud Chag’miniy astranomiya va matematika sohalari bo’yicha hamda Muhammad Najib Bakron geografiyaga oid asarlar yozib qoldirganlar. Ularning ijodida Abu Rayhon Beruniy ilmiy maktabining davomi kuzatiladi. Anushtaginlar – Xorazmshohlar davlati madaniy hayotida islom aqidalariga ham e’tibor kuchli bo’lgan.

Islom dini peshvolari - sayidlar, ulamolar, mashoyixlarga xorazmshohlar juda katta iltifot ko’rsatganlar, elchilik munosabatlarida va turli nizolarni tinch yo’l bilan hal qilishda ular bilan bamaslahat ish tutganlar. Markazlashgan yirik siyosiy birlikning mavjudligi, iqtisodiyot, fan va madaniyat yo’nalishlaridagi umumiy o’sish o’z navbatida, ma’naviy madaniyat taraqqiyotiga ijobiy ta’sir etdi. Xususan, tasavvuf ta’limoti keng rivojlandi. Bu erda Xuroson tasavvuf maktabining ta’siri kengayganligi kuzatiladi. Abdulla Ansoriy (1006-1089), Yusuf Hamadoniy (1049-1140), Ahmad Jom (1049-1142) uning yirik namoyondalari edilar. Tasavvufning qator mayda tariqatlari: muhosibiya, qassoriya, tayfuriya, junaydiya, nuriya, sahliya, hakimiya, xarroziya, xafifiya, sayyoriya va boshqalar yuzaga keldi. Yagona siyosiy birlik zaminida Xuroson tasavvuf maktabi bevosita Movarounnahrda tasavvuf rivojiga sababchi bo’ldi. Jumladan, Yusuf Hamadoniy tasavvuf maktabi asosida yassaviya va xojagon-naqshbandiya tariqatlari vujudga kelgan.

Anushtaginlar – Xorazmshohlar davlatida tasavvuf taraqqiyoti birinchi navbatda xorazmlik yirik mutasavvif olim Najmiddin Kubro (1145-1221)

nomi bilan bog’liqdir. Uning asli ismi Ahmad ibn Umar al-Xevaqiy bo’lib, Xorazmda tug’ilib – o’sib keyin Eronzamin va Arab mamlakatlariga sayohat qilgan; uzoq vaqt o’sha tomonlarda yirik tasavvuf mashoyixlaridan ta’lim olib, o’zi ham etuk tasavvuf ta’limotchisi darajasiga etgan va Najmiddin Kubro laqabi bilan shuhrat qozongan. So’ngra u vataniga qaytib, Muhammad Xorazmshoh davrida Gurganjda yashab, tasavvuf ta’limotini rivojlantirgan, ko’plab shogirdlar orttirgan. Jumladan, taniqli shoir va tasavvuf namoyondasi Farididdin Attor ham uning shogirdlaridan edi. Najmiddin Kubroning ta’limoti tasavvufda kubraviya tariqati nomini olgan va mashhurdir. “Kubro tasavvuf tarixida keng fe’llik yo’lini tutgan shayxlardandir. Chunki, ul zotning xonaqosida sunniy mazhabli shogirdlar bilan birga shia mazhabli muridlar ham ta’lim olavergan”.

Najmiddin Kubro ilmiy asarlar va ruboiylar yozgan. Ulardan asosiylari – “Favoih al-Jamol va fotih al-Jalol”, “Al-usul al-ashara”, “Risolat al-Xaif al-Xaim min-Laumon al-laim” va boshqalar.

Chingizxon Najmiddin Kubro - Alloh rahmat qilsin – borligini bilib, uning haqida ma’lumotga ega bo’lgach, quyidagi mazmunda xabar yuboradi: “Men Xorazmni qirg’in va talon-taroj qilmoqqa hukm etganman. Zamonning tabarruk ul zoti sharifi (xorazmiylar muhitini tark etib, bizga kelib qo’shilmoqlari lozim!”. Shayx – uni, Alloh rahmat qilsin – shunday javob qildilar: “Mana etmish yildirki, men Xorazmda osoyishta yashab, shu xalq bilan hayotning achchiq–chuchugini birga totib kelmoqdaman. Endilikda, falokat yuz bergan chog’da, men uni tashlab qochsam, bu vijdonsizlik va nomardlik bo’ladi”. (Shahar bosib olinganidan) so’ng uni halok bo’lganlar ichidan qanchalik axtarmasinlar topa olmadilar. Unga Allohning rahmati yog’ilsin!”.

Najmiddin Kubro 1221 yili Xorazmda mo’g’ul bosqinchilariga qarshi jangda 600 dan ziyod murid izdoshlari bilan ishtirok etadi. Bu g’azotda og’ir yaralangan Kubro o’limi oldidan tig’ tutgan mo’g’ul askariga tashlanib, shahid bo’ladi.

Hukmdorlar, ayniqsa, Xorazmshoh Otsiz olimu, shoirlar va adiblarga hurmat bilan qarar, o’zi ham iste’dodli ma’rifatparvar, adabiyotga qiziqqan shaxs edi. Uning davrida ilm-fan taraqqiyoti yo’lida bir qancha xayrli ishlar amalga oshirilgan.

Obodonchilik va madaniyat rivojiga e’tiborni so’nggi Xorazmshoh Jaloliddin Manguberdi faoliyatida ham kuzatish mumkin. U hayotining keyingi o’n yilini ona Vatanidan uzoqda, turli yurtlarda o’tkazgan va boz ustiga biror joyda uzoqroq muddat yashab qolmagan bo’lishiga qaramay, shahar va qo’rg’onlar obodonchiligi uchun hissa qo’shganligi, masjidlar barpo etganligi o’sha davr tarixiy manbalarida qayd etilgan.

Ma’lumki, O’rta Osiyoda Islom taraqqiy etib, mustahkam qaror topgach, hukmdorlar davlatning ijtimoiy-siyosiy, huquqiy boshqaruvini Islom huquqi asosida tashkil qildilar. Bunda mahalliy huquqshunoslar - faqihlar muhim o’rin tutgan. Xorazmshohlar ham o’z saltanatini shu asosda boshqardilar. Natijada bu davrda ko’pgina faqihlar etishib chiqdi. Jumladan, Muhammad az-Zamaxshariy (1075-1144), Ahmad ibn Muhammad Muvaffiq-ad-din xotib al-Xorazmiy (hij. 484-596), Dovud ibn Iso Abu Bakr ibn Ayub, Abu Muhammad Majid ad-din Sadir al-Afozil al-Xorazmiy (hij. 555-617), Muhammad ibn Muhammad ibn Ahmad al-Xorazmiy va boshqa ko’pgina yirik fuqaho va ulamolar etishib chiqqan.

Xorazmshohlar davlatida, ayniqsa, Sulton Takish va Alouddin Muhammad davrlarida madaniy hayot ravnaq topgan. Ayniqsa, qasidago’y va dostonchi shoirlar ijodi gullab-yashnagan. Xorazm she’riyat maktabining deyarli barcha vakillari saroy shoirlari edilar.

Shulardan ko’zga ko’ringani shoir va olim Rashididdin Muhammad al- Umariy (1115-1182) edi. U past bo’yli, kalbosh, ko’rimsiz bo’lgani uchun Vatvot – jajji qush laqabini olgan edi. U Balxda tug’ilgan va Xorazm madrasalarida ta’lim-tarbiya olgan. Maktublar yozishda yuksak mahoratga erishgani uchun yuqori martabalarga erishib, uch hukmdor - Otsiz, El-Arslon va Takish sultonlar saroyida kotibul-insho vazifasini bajargan. Arabiy va forsiy nomalar bitishga mohirligidan Xorazm sultonlarining arzandasi bo’lib yashadi.

Imom Rashididdin Vatvot maktublarini turli badiiy vositalar, tashbehlar, go’zal o’xshatishlar, nozik va o’tkir fikrlar bilan bezatib qofiyali nasr - saj’ usulida yozardi. U boshqa iste’dodli shoirlarga g’amxo’rlik qilar, shoirlar ham uning etakchiligi, rahnamoligini tan olar edilar. U Xoqoniy bilan yaqin do’st edi, ammo, keyinroq Hoqoniy uni xorazmshohlar xonadoniga qasidago’yligini masxara qilib, ijodini buyuk

Sulton Sanjar xonadoni qasidago’yi Adib Sobir Termiziyning ijodidan past qo’yadigan bo’lgach, ularning orasi buzildi. Sulton Sanjar o’ziga tobe Xorazmshoh Otsiz saroyiga doimiy elchi-vakil qilib yuborgan edi. Aslida Adib Sobir Xorazmshohning qaltisroq ishlaridan Sulton Sanjarni ogohlantirib, maktublar yuborib turishi kerak edi. Ammo, Otsiz shoir, Adib Sobirni Sulton Sanjarga barcha gap so’zlarni etkazib turuvchi josusdeb o’ylab, daryoga cho’ktirib yubordi. Bu gumonni xorazmshohga Rashididdin Vatvot aytgan bo’lishi ehtimoldan holi emas. Rashididdin Vatvot o’zining she’riyat nafosati haqidagi “Hadoyiq-us - sehr fi daqoyiqi ash-she’r”. (“She’r san’atining sehrli bog’lari”) kitobini Xorazmshoh Otsizga bag’ishladi. U ko’pchilik qasidalarini Tabariston ispahbodi (chegara viloyat hokimi) Nusratiddin Abul-Fath Rustamga bag’ishlar edi. Ispahbod esa shoirga har yili 500 dinor oltin pul, ipak dastor, jubba va yasatig’li ot hadya qilar edi.

Yuqorida aytib o’tilganidek, Vatvotning “Rasoil” (“Nomalar”) to’plami juda qimmatli. “Nomalar” ikki qismdan iborat: 1. Xalifalar, hukmdorlar (podshohlar), sultonlar, vazirlar, amirlar, voliylar, qozilar va muftiylarga bitilgan. 2. Ulamolar, shayxlar, mashhur kishilar, shoirlar, do’stlar va boshqalarga yozilgan maktublar. Bu esa davrning ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy, madaniy hayotini o’rganishda g’oyat muhim ahamiyatga ega. Jamoliddin Muhammad ibn Abdurazzoq va uning o’g’li Kamoliddin Ismoil Isfaxoniy - Isfahon she’riyati maktabining atoqli vakillaridan. Jamoliddin asosan qasida va g’azallar yozardi. Uning ayniqsa isfaxonlik Sa’d va Xo’jandiy xonadonlariga atalgan qasidalari mashhur. 1192 yilda vafot etgan. Jamoliddinning o’g’li - Kamoliddin Ismoil (1172-1232) atoqli qasidago’y shoir. U arab va fors tillarida g’azallar bitgan. U 20 yoshida otasining o’limiga bag’ishlangan mashhur marsiyasini yozdi va bu unga shuhrat keltiradi. Ammo, uning shuhratini ko’rolmagan hasadgo’ylar sababli hayoti og’irlashadi.

Go’zal ma’nolarni ochgani uchun Kamoliddin “Halloqi maoniy” (“Ma’nolar yaratuvchi ijodkor”) laqabini olgan. U xorazmshohlar Takishga, Alouddin Muhammadga, Jaloliddin Manguberdiga, G’iyosiddin Pirshohga, Fors otabegi Sa’d ibn Zangiy va uning o’g’li Abu Bakrga atab qasidalar yozdi. Keyinchalik Kamoliddin mashhur shayx avliyo Shihobiddin Umar ibn Muhammad Suhravardiyning ta’siriga tushib, tasavvufiy ruhida she’rlar yozadi.

Mo’g’ullar Isfaxonga bosib kelganida (1237 yil 21 dekabr) bir mo’g’ul xazina izlab, shoirni o’ldiradi. U so’nggi ruboiysini o’z qoni bilan yozdi. (Bu paytda sulton Jaloliddin vafot etgan, mo’g’ullar zulmi avjiga chiqqan edi). Molikul - kalom Hoja Zahiriddin Tohir ibn Muhammad Faryobiy (1160-1202) iste’dodli shoir, Asiriddin, Abul Fazl Muhammad ibn Tohir Ahsikatiy (vaf. 1184) - Xorazmshohlar zamonidagi atoqli shoir va ulamolardan biri “Sulton ul - fuzalo” (“Fozillar sultoni”), Farg’ona viloyatining Ahsikat shahridan edi.

Xorazmshohlardan sulton Takish va El-Arslon zamonlarida Buxoroda yashab ijod qilgan. Malik ash-shuaro va malik al-fuzalo mavlono Sayfiddin Isfarangiy ham Ahsikatiyga ergashib, g’azallar va qasidalar yozgan. Mavlono Sayfiddinning devoni 12 ming baytdan iborat. U lafzgo’ylikda Badriddin Shoshiyga ergashgan... Xorazmshohlar zamonidagi atoqli shoirlardan yana biri G’iyosiddin Abul-Majid Muhammad ibn Hasan ibn Ibrohim al-Jandiy edi. Xorazmning o’sha zamondagi mashhur shoir va adiblaridan yana Faxrul-mashoyix Abul Qosim Ali ibn Muhammad ibn Ali Adib al-Xorazmiy (vafot 1165), Faxrul-afozal Abu Hafz Umar ibn Muhammad ibn Umar Xorazmiy, Kamoliddin Abul-Faraj Yusuf ibn Mahmud ibn Ahmad Samarqandiy, Muayyanud - din Abu Sa’d Ibrohim ibn Foris ibn Rustam Xorazmiy va boshqalarning nomlarini keltiramiz.

Xorazmshohlar davlatida bundan tashqari, fan va madaniyat, ijtimoiy va siyosiy hayotda yorqin iz qoldirgan buyuk allomalar yashagani manbalardan ma’lum. Shulardan ba’zilarini eslatib o’tamiz:

1. Al-Hakim Ali ibn Muhammad al-Hijoziy al-Qo’iniy atoqli shifokor, tibbiy ilmlarning bilimdoni. Uning tib ilmi va amaliga oid nomalari bor (rasoil) eng buyuk Sulton Sanjar sharafiga u “Kitob mafoxir ul-atrok”, (“Turklarning faxrli ishlari haqida kitob”) yozgan. Hakim Ali Hijoziy “Kitob fi-l-hikmat” asarini Xorazmshoh Otsiz ibn Muhammadga bitgan. U Umar al-Xayyomiyning shogirdi bo’lgan.

2. Faylasuf olim Bahovuddin Abu Muhammad Abdul Jabbor ibn Muhammad Sobit ibn Xorogiy - Marv donishmandlaridan biri, astranomiya va mantiqqa doir asarlar muallifi. Otsiz uning ilmini qadrlab Xorazmga chaqirib olgan. Uning tarixga oid kitoblari ham bor.

3. Abul-Mafohir Muhammad ibn Muhammad ibn Abdul–Jalil Umariy kotib al-Buxoriy al-Xorazmshohiy. Laqabiga ko’ra, Muhammad Umariy Xorazmshoh Otsiz saroyida kotiblik qilgan.

4. Amir sayyid imom Zayniddin Ismoil ibn Hasan tabib. “U nodir asarlari bilan tib va boshqa ilmlarga jon kiritdi ... Xorazmshoh Otsiz uzoq yillar davomida unga izzat-hurmat ko’rsatdi. Xorazmda imom Zayniddin quyidagi asarlarini yozdi: “At-Tib al-mulukiy” (“Shohlar uchun tib kitobi”), “Kitob ul-ag’roz” (“Niyatlar kitobi”), “Kitob fi radd ul-falosifa” (“Faylasuflarga raddiya”), “Kitob tadbir yavm va layla” (“Kecha-kundiz tadbiri”), “Kitob vasfnoma” va boshqalar.

5. Abul-Hasan Ali ibn Muhammad ibn Ali ibn Ahmad Marvon al-Xorazmiy - adib, laqabi - Hujjatul-afozil sayyiddul udabo va faxrul-mashoix (fozillar hujjati, adiblar hojati va shayxlar faxri). Mahmud ibn Umar Jorilloh Zamaxshariyga adab ilmidan dars bergan. Shoir sifatida ham tanilgan (vaf. 1164)

6. Abu Muhammad ibn Mahmud ibn Muhammad ibn Abbos Arslon Xorazmiy (1099-1172) – ilohiyotchi va tarixchi olim “Kofiyul - fiqh” va “Tarixi Xorazm” kitoblarining muallifi.

7. Al-Hakim Abu Ja’far ibn Muhammad Buxoriy (vaf. 1156) - qadimgi donishmandlarning ilmlarini (Aflotun, Arastu, Batlimus asarlarini) yaxshi bilgan.

8. Abul–Vafo Muhammad ibn Muhammad ibn Qosim Ahsikentiy – adib va shoir, imom va til, tarix olimi (vaf. 1126).

9. Ahmad ibn Muhammad ibn Qosim Ahsikentiy – Muhammad Ahsikentiyning ukasi. Adib va shoir.

10. Faxriddin Muhammad ibn Umar ibn Xusayn ar-Roziy (1148-1210) - Xorazmshoh Takish sharafiga “Javome’ ul-ulum” (“Ilmlar yig’indisi”) qomusiy asarini yozgan.

11. Shamsiddin Muhammad ibn Ashraf ibn Xusayn Samarqandiy (vaf.1204) – “Risola fi adabul bahs” (“Bahs odobi haqida risola”) muallifi.

12. Muhammad ibn Umar ibn Xolid Muhammad ibn Umar al-Chag’miniy al-Xorazmiy falakiyot, astranomiya olimi “Al-Mulaxxas filhay’at” (“Astranomiyadan muxtasar kitob”) muallifi. Bu asarida Chag’miniy sayyoralarning fazo va zamondagi harakati, Quyosh va Oy tutilishi, Er qimirlashi sabablari, fasllarning almashuvi, kecha va kunduz tengligi, qutblar, ekvator, meridian chiziqlarini aniqlaydi.

13. Malikul-ulamo Abul-Muzaffar Mas’ud ibn Muhammad ibn Sadid Xo’jandiy - taniqli adib va lashkarboshi.

14. Minhojiddin Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad ibn Abu Bakr al- Marg’iloniy - fiqh olimi.

15. Minhojiddin Muhammad ibn Umar ibn Abul fatx Buxoriy - kotib va muarrix.

16. Faxrul-Xorazm al-Alloma Jorulloh Abul Qosim Mahmud ibn Umar ibn Muhammad Xorazmiy az-Zamaxshariy (1075 y. 18 mart – 1114 y. 14 aprel) nahv - grammatika va lug’at ilmlarida arabu ajam olimlariga ustozligi uchun an-Nahaviy va al-Lug’aviy laqablarini ham olgan. Al-Zamaxshariy talabalik yoshiga etgach, Buxoroda tahsil oladi va o’qishni tugatib, bir necha yil Xorazmshohlar xizmatida kotiblik bilan shug’ullanadi. Az-Zamaxshariy qolgan umrini faqat ilm-fanga bag’ishlash maqsadida Marv, Nishopur, Isfaxon, Shom, Bog’dod, Hijoz va Makkada bo’ladi. Olim bu erda ilmiy ishlarini davom ettirib, arab tili grammatikasi va lug’atini, mahalliy qabilalarning lahjalarini, maqollarini, urf-odatlarini chuqur o’rgandi. Bu mintaqalarda jug’rofiyaga oid xilma-xil ma’lumotlarni yig’di. U hayotini shogirdlariga dars berish va ilmiy asarlar yaratishga bag’ishladi. Az-Zamaxshariy Makka shahridan vatani Xorazmga qaytib kelib bir necha yil yashaydi va hijriy 538 yili Arafa kechasi (1144 y. 14 aprel)da vafot etadi.

Olim arab tili grammatikasi, lug’atshunoslik, adabiyot, aruz ilmi, jug’rofiya, tarix, tafsir, hadis va fiqxga doir 50 dan ortiq asarlar yaratgan, ularning ba’zilari bizgacha etib kelgan. Jumladan, arab tili grammatikasini o’rganishda yirik qo’llanma hisoblangan “Al-Mufassal”, “Sharh tobiat kitob Sibavayh” – “Sibavayhning (taniqli arab tilshunosi) kitobiga yozilgan mukammal sharh”, Xorazmshoh Alouddavla Abul Muzaffar Otsizga bag’ishlab yozilgan “Muqaddimat ul-adab”, jug’rofiyaga oid “Kitob al-jibal va –l- amakin va – l-miyax” (“Tog’lar, joylar va suvlar haqida kitob”), “Asos al-balog’at”, “Al- Qustos fil aruz”, musulmon olamida mashhur bo’lgan “Al-Kashshof an-haqoiq it – tanzil va uyin fi vujuh it-ta’vil” (“Qur’on haqiqatlari va ularni sharhlash orqali so’zlar ko’zini ochish”) va boshqa ko’plab asarlari mavjud.

Shuningdek, Abul – Muayyid Muvaffaq ibn Ahmad al-Makkiy shoir va adib, Abu Mador ad-Dabbiy Xorazmiy, Malik Nusratiddin Hamza ibn Muhammad ibn Umar ibn Hamza an-Nasaviy - Niso shahri hokimi, shoir, bashoratchi, Sirojiddin Ya’qub Sakkokiy - falakshunos, shoir, ilm- fanning barcha sohalarida asarlar yozgan, Abdul-Karim ibn Muhammad ibn Mansur Abu Sa’id ibn Abul - Muzaffar al-Marvoziy as-Sam’oniy (vaf.1167) - Marvning mashhur ulamosi, adib va tarixchi, Shamsiddin Muhammad ibn Qays ar-Roziy - adib va olim, Zahiriddin Muhammad ibn Umar ibn Muhammad Buxoriy-Nujobodiy - ilohiyotchi olim, Taho ibn Ibrohim ibn Ahmad ibn Ishoq shayx yoki Faqihul-a’lam imom Zayniddin Abu Bakr al-Buxoriy (vaf.1252) faqih va adabiyotchi olim, Qosim Abu Muhammad Buxoriy (1160 yilda tug’ilgan), Majiddin Nasaviy - olim va shoir, Shihobiddin Nasaviy - shoir, tarixchi, davlat arbobi. Xorazmshoh sulton Jaloliddin devonida munshiylik vazifasida xizmat qilgan. Ba’zi paytlarda elchilik ham qilgan, Muhammad ibn Najib Bakron - jug’rofiyun olim va boshqa olimu shoirlar xorazmshohlar davrida ijod qilganlar.

Madrasalarning imomlari va mudarrislari Sulton yoki uning noibi tomonidan tayinlangan va maxsus imtihonlardan o’tkazilgan ulamolardan saylangan, sulton o’z noiblariga o’zi yaxshi bilgan ulamolarni tavsiya etgan. Masalan, Xorazmshoh El-Arslon 557 yil ramazon (1167 y. sentyabr) oyida Turkiston hoqoni Abul – Muzaffar Tamg’ach Bug’roxon zimmasiga boshqa ishlar bilan birga, madrasalarga munosib mudarrislar tayinlash vazifasini ham yuklagan. Xorazmshoh Otsizning bir farmonida “Falonchining otasi uzoq yillar Marvdagi madrasaning mudarrisi edi, bizning xonadonga yaqin kishi edi. Falonchi otasining vafotidan so’ng saroyga taklif etilib, Oliy majlisga (a’zo qilib) saylangan. Endi bu kishi otasining maktabiga darslarga rahbarlik qilish (tadris) uchun tayinlanadi. Madrasaning barcha vaqflari shu kishining tasarrufiga beriladi, bu kishi vaqf daromadlaridan munosib ishlarga, imoratlar qurish, ziroat (ekin ekish) uchun sarflaydi. Madrasaning barcha ilohiyotchi, faqih, ulamolari, talabalari bu kishini izzat-hurmat qilishlari, uning yig’inlariga qatnashlari zarur”.

Xorazmshoh Takish din ulamosi Badriddin nomiga bunday farmon chiqarganlar: “Saroyda katta hurmatga sazoavor bo’lgan Badriddin yaxshi xizmatlari uchun falon yirik viloyatlardagi madrasaning mudarrisi, imom-xatibi etib tayinlandi. Badriddin o’z vazifalarini taqvodorlik bilan, Qur’oni majidga, hadisi sharifga, payg’ambar sunnatiga va imomlar ibratiga muvofiq holda bajarsin. U juma va hayit namozlarida (imomlik qilib), va’z, xutbalar o’qishni, Allohga, payg’ambarga, xalifalar va xorazmshohlarga hamdu sano aytsin, diniy binolar, inshootlarni ta’mirlash, vaqf daromadlarini ko’paytirish uchun g’amxo’rlik qilsin, odamlarga so’zda va amalda ibrat ko’rsatsin, o’ziga munosib o’rinbosarlar tayinlasin ”.

Ba’zi madrasalarga butun boshli qishloqlar vaqf qilib berilgan. Xorazmshoh Takishning vazir Nasriddin nomiga chiqargan farmonida mazkur vaqfning avvalgi mutavalliysi layoqatsiz odam bo’lib chiqqanligi, vaqf erlari daromad keltirmay, ziyon keltirayotgani ko’rsatilgan. Vazir Nasriddin ana shu madrasa vaqf erlaridan kelgan zararni qoplashi, yangi mutavalli tayinlashi, bo’lajak mudarrislarni o’qitish ishlarini nazorat qilishi zarurligi aytilgan.

Sulton Alouddin Muhammad davridagi xorazmshohlar davlatining atoqli arboblaridan Shihobiddin Abu Sa’d ibn Imron al-Xevaqiy mashhur faqih, shofi’iya mazhabining muftiysi edi.

Eng zukko va ziyrak odamlar ham unga xizmatkorlikka yarar edi. Sulton juda muhim ishlarda u bilan maslahatlashardi. Uning ostonasida podsholar, vazirlar, amirlar, navbat kutib turishar, ul zot esa o’sha paytda imomlarga ta’lim berar edi. Shihobiddin Xorazmning beshta madrasasida dars o’qir, faqat darslari tamom bo’lganidan keyin u Sultonning hojiblari bilan turli ishlar haqida gaplashar edi. U Xorazmdagi Shofi’iya masjidi qoshida shunday ajoyib kutubxona ochganki, avval ham keyin ham unga teng keladigani bo’lmagan.

Buxoroning mashhur mudarrislaridan yana biri Muhammad Umar ibn Muhammad Qutbiddin ibn Umar al-Ansoriy al-Aqliy al-Buxoriy edi (vaf. 1220). U Buxorodagi eng obro’li shayx-mudarrislardan edi. Madrasa mudarrisligi obro’li mansab bo’lib, ba’zan iste’foga chiqqan yuqori martabali amaldorlar mudarris bo’lib ishlar edilar. Sulton yangi madrasalar qurilishini odatda taniqli din arboblariga topshirar edi. Masalan, Xurosondagi bir madrasa qurilishi muftiy va imom Aziziddin Alp Balxiyga, Nishopurdagi bir madrasa qurilishi – muftiy va mudarris imom Faxriddin Abu Sobit Abdulaziz ibn Abdul- Jabbor Kufiyga topshirilgan.

Xorazmshoh Jaloliddin taniqli ma’rifatparvar olim Muqarrabiddin Muhammad ibn Ibrohim Pahlavon al-Xorazmiyga (vaf. 1228) Isfaxonda otasi Sulton Alouddin Muhammad xotirasi uchun katta madrasa qurishni topshirgan va bu ishga 30 ming dinor mablag’ ajratgan. Bu mablag’dan tashqari yana Iroqdan keladigan xirojlardan bir qismi “madrasa qurilishini tamomlash (va zarur ashyolar, darsliklar uchun) qo’shimcha mablag’lar berilgan.

(Ko’zalar va shamdonlar ham tilladan bo’lgan). Muqarrabiddin Isfaxonga borib, madrasa qurilishini boshladi. “Kamina (Shihobiddin Nasaviy) to’rt oydan keyin Isfaxonga borganimda madrasa devorlari odam bo’yi ko’tarilgan ekan”.

Xorazmshohlar davrida Buxoroning Dehqon tumanida Xizonatul-kutub Dorul-fuqaro - xalq kutubxonasi ochilgan bo’lib, bu erda nodir qo’lyozmalar saqlanar edi.

Tarixiy manbalar va olib borilgan tadqiqot ishlarining shohidlik berishicha, dashtdan kelgan ko’chmanchilar Xorazm va Xuroson mintaqalarida avvaldan yashab kelayotgan turkiy unsurni yanada kuchaytirdi. Natijada ko’chmanchilar o’troqlashib, shahar va qishloqlarda yashay boshladilar. Shuni ta’kidlash kerakki, XII asrning ikkinchi yarmida qangli-qipchoqlar harbiy kuch sifatida davlat hayotida yanada kuchliroq rol o’ynaydilar. Hukmron sulola bilan yuqori tabaqa turkiy urug’ zadogonlari o’rtasida quda- andachilik munosabatlari o’rnatildi. Buning natijasi o’laroq, ijtimoiy hayotda turkiy an’analar yanada rivojlandi. Eski turkiy unvonlarning rasmiy laqabi sifatida qo’llanishi, armiyada qadimgi an’anaviy rutbalar (xon kabi) joriy etilishi, sulola a’zolariga turkiy ismlar berilishi (Manguberdi kabi), urug’ tashkilotida mavjud an’anaga ko’ra, qo’shinning o’ng va so’l qanotga bo’linishi qo’mondonlarni urushga chorlash uchun qizil o’q yuborilishi ham ana shunday dalillardandir. Bu urug’chilik an’analarining ko’pchiligi avvalgi xorazmshohlardan avvalgi turkiy davlatlarda ham, ulardan keyingi davlatlarda ham mavjud bo’lgan. Bu hodisalar, shuningdek, turkiy til va adabiyotning XII asrdan beri islom ma’naviyati doirasida ravnaq topgani e’tiborga olinsa, bu jarayon Xorazmshohlar davrida ham davom etgani tabiiy bir holdir. Biroq, g’aznaviylar va saljuqiylar davridagi kabi, Xorazmshohlar zamonida ham turkiy til saroy va armiya tili sifatida qo’llanilgani, uning mavqei va taraqqiyot darajasi manbalarning kamligi uchun etarli darajada yoritilmagan. XII asrda Qoraxoniylar mamlakatida yaratilgan “Hibat ul- haqoyiq” asari bir qator o’ziga xos xususiyatlariga ko’ra Qashqar davriga oiddir. Bu e’tiborga olinmagan taqdirda ham, Ahmad Yassaviy va izdoshlarining XII asrda yaratgan tasavvuf adabiyoti bevosita Xorazmshohlar davrining mahsulidir. Bu adabiyot ko’chmanchi qabilalar orasida darvishlik, tasavvuf g’oyalarini targ’ib qilgan. Shu boisdan ham u ko’proq qishloq she’riyati an’analariga bog’liq edi. Bundan tashqari, Xorazm va Xuroson shaharlarida mumtoz fors she’riyati namunalari uslubiyoti asosida turkiycha she’rlar yozilgan, arabcha va forscha asarlar turkiychaga tarjima qilingan. Bu jarayon mo’g’ul istilosidan so’ng ham davom etdi. Ozarbayjon, Arron va Onado’liga ham o’z ta’sirini o’tkazdi. Xorazmshohlar zamonida turkiy til muhim rol o’ynaganiga oid boshqa bir misol ham bor. Muhammad ibn Qays ismli bir muallif “Tibyan lug’at at-turki alo lison al-qangli” nomli asar yozib, Jaloliddin Xorazmshohga tuhfa qilgan. Afsuski, bu asar bizgacha etib kelmagan. XIV asrda yashab o’tgan adiblardan Ibn Muqanna bu asar to’g’risida ma’lumot bergan. Professor Fuod Ko’prulu mazkur kitobning qangli-forscha lug’at bo’lganligini, unda grammatikadan tashqari tarixiy va etnografik ma’lumotlar ham bo’lganligini aytib o’tadi. Fuod Ko’pruluning qayd qilishicha, “Al-Mu’jam fi ma’oyir ash’or al-Ajam” nomli muhim bir asar ham o’sha muallif tomonidan bitilgan”.

Ma’mun akademiyasiga jalb etilgan al-Beruniy, ibn Sino, al- Chag’miniy, al-Jurjoniy kabi allomalar Xorazm maqomlarini “Duvazdax maqom”, ya’ni o’n iki maqom shaklida rivojlantirib, yilning har bir oyiga, har bir kunu-tuniga bag’ishlab kuy bastaladilar. Buni IX-XIII asrlarda Xorazmga kelgan arab sayyohlari Yoqut Xamaviy, Maqdisiy, ibn Rusta, ibn al- Xaysamiy va boshqalar ham qayd etganlar. “Jurjoniya eli, - deb yozadi Yoqut Hamaviy o’zining “Mu’jam al-buldon” nomli asarida, - o’z maqomlarini behad qadrlaydi, mamlakat poytaxti Gurganjda musiqa asboblari yasab tirikchilik qiladigan mahallalarni o’z ko’zim bilan ko’rdim”. Haqiqatan ham Xorazm maqomlarining ovozasi etti iqlimga tarqalgan edi, bu maqomlarni o’z yurtini tark etgan hofiz va mashshoqlar Buxoro va Samarqand, Shosh va Shirvon, Iroq va Damashq, Rum va Oltin O’rdada, Qrim va Sharqiy Turkiston o’lkalarida ijro etib yurdilar. Ulug’ shoir Alisher Navoiy “Xamsa”siga kirgan mashhur “Sab’ai sayyor” dostonida musofir sozanda tilidan Xorazm o’lkasining musiqa san’atida “ilmi advor” fani beqiyos rivojlanganligini quyidagi misralarda yanada ravshanroq ochib beradi:

Chun duo qildi, dedi farzona,
Ki dey o’z ko’rganimdin afsona:
Menki tushmish buyon guzar manga,
Mulki Xorazm erur diyor manga.
San’atim anda soz chalmoq ishi,
Bilmayin men kibi ishimni kishi.
Ilmi advoru fanni musiqiy,
Mendin ul ilm ahli tahqiqiy.
Elga ta’lim etmoq virdim,
Kimki ustodi qavm, shogirdim.
Qildi Xorazm ahli istiqbol,
Fahm qilmoqqakim, nedur ahvol.

Shoir aytganday, Xorazm maqomlari faqatgina mafkuraviy yo’sinda bo’lmay, o’z vatanidan uzoq-uzoqlarda, podshoh saroylarida, to’y va bazmlarda sayl va diralishmalarda qayta-qayta ijro etildi. Xorazm xalq musiqasi tarixidan bunga juda ko’plab misollar keltirish mumkin. Darvoqe, Xorazmning qadimiy shahri Hozaraspdan topilgan ulkan musiqa arxivi – ko’hna Xorazm notalarida bitilgan ilk manbalar fikrimizning tasdig’idir. Bu “Xorazm musiqa hayoti”, ya’ni notasi chizig’i XII asr boshlarida Xorazmshohlar mamlakatida yaratilgan ekan.

Xorazmshohlar davrida bugungi musiqamizning asosini tashkil etgan mukammal bir musiqa bo’lganligi muharrardir.

Taniqli musiqashunos marhum Xusayn Sadaddin Oral 1940 yillarda yaratgan tadqiqotlari natijasida bugungi turk musiqasining O’rta Osiyodan kelib chiqqanligini isbot etdi. Bundan tashqari, u turkiy musiqa arab, Eron va Vizantiyadan olinmaganini, balki aksincha turkiy musiqa Misr va Eron musiqasiga va boshqa xalqlar musiqasiga katta ta’sir o’tkazganini ham isbotlab berdi. U klassik va xalq musiqalarining ildizi birligi, maqomlarda farq yo’qligi to’g’risidagi fikrni o’rtaga tashlagan edi.

Garchi, XI asrdan oldin bitilgan nazariy kitoblar mavjud bo’lsa-da, turkiy musiqa haqida yozilgan va bizgacha etib kelgan bu davrlarga oid biron asar yo’q. Bu nazariy kitoblarda turkiy musiqa alohida tadqiq etilmagan, balki turkiy musiqaga asoslangan islom musiqasining tarannum xususiyatlari o’rganilgan. Sharq musiqasi haqida ilk ilmiy tadqiqot mashhur olim Forobiy tomonidan bitilgan. Faqat u ham qadimgi yunon musiqa nazariyasini Sharqqa tadbiq etgan. Turkiy musiqa nazariyasiga oid ilk asar Jaloliddin Xorazmshoh davlati barpo etilgan, Ozarbayjonda yaratildi. 1224 yilda u Tabrizni poytaxt qilib, o’z davlatini barpo etgan vaqtlarda Urmiyada tug’ilgan Safiuddin (1293 yilda vafot etgan). “Sharafiya” nomli bir kitob yozgan. 1247 yilda yozilgan bu asar turkiy musiqa haqida bugungacha yozilgan asarlar orasida eng mukammalidir. U baron D’ Erlanger tomonidan frantsuzchaga tarjima qilingan. 1975 yilda doktor Ahmad Bijan Erjilasin tomonidan Til va Tarix-geografiya fakultetining qo’lyozma kitoblar bo’limida mazkur asarning yangi bir nusxasi topildi va Murod Bardaqchi tomonidan taqdimoti o’tkazildi. “Sharafiya”da hatto bugun hal etilishi qiyin bo’lgan masalalarning bundan 700 yil oldin echib berilgani diqqatni tortadi. Shunga ko’ra, Safiuddinning asariga g’arb musiqashunoslari “Tushunishi ham tushunilmaydigan muazzam bir asar”, deb ta’rif berganlar. Kitobning birinchi sahifasidagi: “Bu erda yunon olimlari tilga olmagan ma’lumotlar haqida gap boradi”, - degan jumla diqqatni jalb qiladi. Bundan ma’lum bo’ladiki, Safiuddin Forobiyning asaridan bexabar bo’lgan. U turkiy musiqaning boshqacha bir texnikasi bo’lganligini asarining boshida ta’kidlagan. Safiuddinning asari singari nihoyatda qimmatli bir kitobning bitilgani bu sohada undan oldin ham musiqaga oid kitoblar yozilgani va ulardan foydalanilganini ko’rsatadi. Afsuski, bu kitoblar yo’qolib ketgan. Yuqorida aytilganlardan kelib chiqib, Xorazmshohlar davrida, hatto undan oldingi saljuqiylar imperiyasi vaqtlarida turkiy musiqa mukammal bir darajaga ko’tarilgan deb aytish mumkin va bu hech kanday mubolag’ali emasdir.

Xorazm ekspeditsiyasi er ustida yaxshi saqlanib qolgan mashhur obidalardan To’rabekxonim maqbarasi va unga yaqin turgan ajoyib Urganch minorasi (XI asr), hashamatli Takish va Faxriddin Roziy maqbaralari (XII-XIII asrlar)ning janubida joylashgan Toshqal’a nomli istehkom xarobalarini qazib tekshirdi. Bu istehkomlarning sharqiy qismida devorlari mayda xom g’ishtdan ishlangan Oqqal’a xarobalari saqlanib kelgan. Taxminan, Toshqal’adan 1,5 km G’arbda katta paxsa devor bilan o’ralgan Xorazmbog’ nomli obida kishi diqqatini tortadi. “Karvonsaroy darvozasi” joylashgan erda katta ko’cha bo’yida o’rnashgan shahar mahallasining xarobalari qazib tekshirilgan. Karvonsaroy oldidagi Chorsuda juda ko’p hunarmandlarning ko’cha tomon qarab turgan do’konlari, bir burchakda joylashgan choyxona, oshxona va baliqxona borligi ma’lum bo’lgan. Oshxona oldida katta qozon uchun qazilgan o’choqlarning izlari bo’lib, “Choyxona” xarobalaridan juda ko’p choynak siniqlari va kichik xaltachada mayda chaqalar topilgan. Bu erda katta tandirli nonvoyxona, temirchi do’koni, hammom va unga o’xshash qurilishlarning borligi aniqlangan.

Ilk o’rta asrga oid minora xarobalarini qazib tekshirish ham muhim ma’lumotlarni beradi. Minora xarobalari yonida 1900 yil topilgan toshga yozilgan xatga qaraganda, bu minora 1011 yili, ya’ni Ma’mun akademiyasida

Abu Ali ibn Sino va Beruniy xizmat qilayotgan davrda paydo bo’lgan. Lekin, bu yodgorlik mo’g’ul istilosi davrida shaharning boshqa yodgorliklari bilan bir vaqtda yiqilgan. Minora qaytadan XIV asrda tiklangan bo’lib, Ko’hna Urganchning hozirgacha saqlanib kelgan minorasi, To’rabekxonim va shu davrda qurilgan boshqa yodgorliklar bilan tengdosh, deb hisoblash mumkin. Minoraga qo’shilgan XI asrga oid juda katta hashamatli masjid xarobalari diqqatga sazovordir.

Umuman olganda, Anushtaginlar – Xorazmshohlar saltanatida boy madaniy meros tarkib topganligini ko’ramiz. Uning salmoqli qismini ismlari yuqorida sanab o’tilgan olimlar yozib qoldirgan yozma meros tashkil etadi. Afsuski, mo’g’ullar bosqini yillarida bu madaniy yodgorliklarning katta qismi yo’q qilindi. Lekin, uning saqlanib qolgan qismi ham keyingi asrlarda fan va madaniyat rivoji uchun muhim omil bo’lganligi ma’lum.

Chunonchi, Chag’miniy astrnomiyasi, Najib Bakron geografiyasi, Faxriddin Attorning tasavvufga oid asarlari va tazkirasining keyingi davr allomalari ijodida alohida o’rni bor.

Anushtagin – Xorazmshohlar davri madaniy yodgorliklari jumladan, yozma merosining bir qismi bizning zamonamizgacha ham etib kelgan.

KO`P O`QILGANLAR