Jahon banki Xorazmda 15 ta yo’nalish bo’yicha loyihalarni amalga oshiradi
Xorazm viloyatida Jahon banki delegatsiyasi ishtirokida «2016-2020 yillarida Jahon banki guruhi va O’zbekiston hamkorligi Kontseptsiyasi» masalalariga bag’ishlangan yig’ilish bo’lib o’tdi.

Joriy yilning o’zida 1,6 mlrd. AQSh dollaridan ortiq loyiha bo’yicha ishlar amalga oshirildi. Jahon banki tomonidan ko’rsatilgan amaliy ko’mak tufayli viloyatda birlamchi tibbiy sanitariya yordamini yaxshilashning ishonchli tizimi yaratildi. Shu bilan birga bank tomonidan tibbiyot xodimlarini o’qitish, ularning malakasini oshirish masalalari bo’yicha o’quv va seminar-treninglar tashkil qilinmoqda. Fermer xo’jaliklariga taqdim etilayotgan kredit liniyasi 95500 gektar maydondagi irrigatsiya va drenaj tizimini yaxshilashga imkon berdi. 600 ta fermer xo’jaligi hamda oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlashga ixtisoslashgan kichik va o’rta biznes korxonalarga parrandachilik va baliqchilikni rivojlantirish yuzasidan zamonaviy texnologiyalarni sotib olish uchun hamda qishloq xo’jaligini talablar darajasida taraqqiy toptirish bo’yicha pul mablag’lari bilan amaliy yordam berib kelinmoqda.

Xorazm viloyati bo’yicha Jahon banki tomonidan 1,973 mlrd. AQSh dollari qiymatida 15 ta yo’nalish bo’yicha faol loyihalar amalga oshirilishi ko’zda tutilmoqda.

Bu mablag’ viloyatda qishloq xo’jaligini rivojlantirish moliyaviy hamda ekologik barqarorlikni yaxshilash, suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish, energiya samaradorligiga erishish kabi maqsadlarga sarflanadi.

S.Ro’zmetova telegraf.uz

KO`P O`QILGANLAR