Dunyo binokori tuzar qasr- ayvon,
Tuzib bo’ladi-yu, qiladi vayron.
Falakka etkazib bugun toqini,
Ertaga etadi er bilan yakson.
Pahlovon Mahmud
Pahlovon Mahmud haqida ko’plab rivoyatlar saqlanib qolgan. Shulardan biri: “Xorazmshohlar poytaxti Gurganch mo’g’ullar tomonidan vayron qilinganidan keyin, uning aholisi har tomonga tarqalib ketgan. Shu jumladan, Pahlavon Mahmudning onasi ham homilador holida Xiva atrofiga etib kelib, hozirgi Qiyot qishlog’ida o’g’il tuqqan. Bu bola 15 yoshga etgach mard kurashchi, mashhur pahlavon bo’lib nom chiqargan. U uzoq mamlakatdagi bir podshoni zo’r pahlavonlarini enggan. Podsho xivalik pahlavonning kuchiga qoyil qolib unga “Senga nima kerak bo’lsa so’ragin” – debdi. Pahlavon Mahmud podshoga: – “Menga bir ho’kizni xomi (terisi)ga siqqan vatandoshlarimni ozod qilib bering”, deb javob qilibdi. Podsho rozi bo’libdi va ho’kiz terisini keltirishni buyuribdi. Pahlavon Mahmud teridan ingichka tasmalar qirqib olgan va ularni bir-biriga ulab uzun kamar (qo’ra) qilib shunga siqquncha odamlarni olib Xivaga jo’nagan, u bilan kelgan odamlarni shahar tashqarisidagi Shixlar qishlog’iga joylashtirgan, hozirgi vaqtgacha qishloq aholisini ko’pchiligi bu rivoyat haqiqat, 1920 yilgacha bo’lgan davrda qishloq aholisi Pahlavon Mahmud maqbarasida xizmatda bo’lishgan deb aytishadi. Mazkur afsona Pahlavon Mahmudning naqadar donishmand, buyuk xalqparvar inson bo’lganini namoyish etadi. Uni zamonasining ilg’or va hur fikrli faylasuf olimi, katta iste’dod va zakovat egasi, shoirlik mushohadasi jihatidan “Xorazm Xayyomi” deb atashgan. Bu bejiz emas albatta. Tadqiqotchi olimlarning fikricha, Pahlavon Mahmud she’rda ham, falsafa ham Umar Xayyomning zakovatli davomchisigina bo’lib qolmay balki forsiy, turkiy xalqlar adabiyotida ham Xayyomdan so’ng ruboiy yozishda unga teng keladigan shoir bo’lgan emas. Hatto Abdurahmon Jomiy, Navoiy, Fuzuliy, Bobur kabi buyuk shoirlar ham o’z kuchlarini ruboiyda sinab ko’rsada, bu janr ular ijodida ikkinchi o’rinda turgan. Falsafiy va badiiy g’oyalar rivojlantirilib Xayyomshunoslikni yuksak daraga ko’targan. Pahlavon Mahmud sharq adabiyotida alohida o’rin egallaydi. Pahlavon Mahmudni shu davrda “Xorazm Xayyomi”, “Mozandoran yo’lbarsi” deb ulug’lashgan. U “Qitoli” –“jangchi” taxallusi bilan g’azallar bitgan, “Kanz ul-haqoyiq” (“Haqiqatlar xazinasi”, 1303-04) nomli asar yozgan, lekin asar hali topilmagan. Uning teran mazmunli nafis va o’ynaqi, zo’r san’atkorona ruboiylari “xayyomnoma” ruhda ekanligini qarang:
Dunyo bamisoli bir zarrin ko’za,
Suvi goh shirinu, goh achchiq bo’za.
E g’ofil, umringga bino qo’yma ko’p,
Qazoi mualliq turar bosh uzra.
Bunday satrlarni o’qigan kishi shoirning dunyoqarashining qudratini uning insonparvarlik tuyg’ularini ham sezadi. Asli tasavvuf tariqatini panteizm (vahdat ul mavjud) oqimiga mansub Pahlavon Mahmud insonning aqliy va ijodiy imkoniyatlariga yuksak baho beradi. Pahlavon Mahmudning tarixiy tarjimai holini tiklashda ko’p xizmatlar qilgan, uning noyob ruboiylarini nashrga tayyorlangan To’xtasin Jalolov shunday yozadi: –“Shuni alohida qayd qilish lozimki, shoirning tug’ilib yashagan davri Xorazm tarixidagi eng og’ir musibatlar keltirilgan Chingizxonning qonli yurishlaridan keyingi 10 yilliklarga to’g’ri kelgan shunday dahshatli balolarni boshidan kechirgan vatanda, unga etkazilgan katta jarohatlar hali bitib ulgurmagan bir davrda dunyoga kelgan buyuk zabardast shoirning qalbi dengiz to’lqinlaridek qaynab quyulganligi kishini hayratda qoldiradi”.
Shoirning vasiyatiga ko’ra, jasadi o’zining po’stindo’zlik ustaxonasiga dafn qilingan. Uni ko’p qirrali amaliy va ijodiy faoliyati shuncha zo’r bo’lganki, shoir vafotidan keyin uzoq vaqt o’tmay katta avliyolar qatoriga kiritilgan, qabri esa ziyoratgohga aylangan. Pahlovon Mahmud juvonmardlik oqimiga mansud bo’lgan. Juvonmard – Ollohning nomini tilidan qo’ymaydigan, hamisha toat-ibodat bilan shug’ulanadigan kishi bo’lishi kerakligi “Futuvvatnomai Sultoniy” kitobida qayta–qayta takidlanadi. Asar muallifi Husayn Voiz Koshifiy pir-muridlik odobi, hirqa va kuloh kiyish tartiblari, belbog’ bog’lash, qasamyod etish udumi va marosimlari haqida, futuvvatchilarning turli burchlari, vazifalari, kasb-kori xususida gapiradi. Asar savol-javob tariqasida ommaviy kitobxonlarga mo’ljallab tuzilgan.
Kitobning “Uchinchi fasl”ida tomosho ko’rsatuvchi pahlavonlar haqida shunday deyiladi. Ular sakkiz toifadirlar: – “ya’ni kurash tushuvchilar, tosh o’ynovchilar, loy tashuvchilar, zanbil ko’taruvchilar, darbozlar, gurzi ko’taruvchilar va zo’rlar”.
Kurash tushuvchilar haqida. Bilginki, kurash odamlar ko’p qiziqadigan hamda sultonlar, shohlarga maqbul bo’lgan hunarlardandir, bu ish bilan shug’ullanuvchi kishilar har qanday vaziyatda to’g’rilik va komillikning qonuniyati bilan yashaydilar. Agar kurash tushish ilmmi yoki amalmi, deb so’rasalar, javob berib aytgilki, amal bilan zich bog’liq ilmdir. Har kim hayotdan nimanidir o’rganadi, biroq unga amal qilmasligi mumkin. Ammo kurash san’atida ilmga amal qilmaslikning iloji yo’q. Bas, shunday ekan, bunda ilm va amal bir-birini bezaydi, to’ldiradi, bir-biriga madad beradi.
Agar kurash ustalarining odobi nechta deb so’rasalar, o’n ikkita deb aytgil:
1. Ustozining o’zi pok ziynat va nuqson, illatsiz odam bo’lsin.
2. Shogirdlarini poklikka da’vat etsin.
3. Shogirdlaridan hech narsani qizg’onmasin.
4. Shogirdlariga mexribon bo’lsin.
5. Shogirdlar mol-mulkiga ta’magar bo’lmasin.
6. Har bir odamni qobiliyatiga qarab ta’til bersin.
7. Firib-nayrang, riyo bilan shug’ullanmasin.
8. O’z shogirdlariga yomonlikni ravo ko’rmasin
9. Shogirdlaridan birontasi yomon kurash tushsa, jerkib tashlamasin, balki muloyimlik bilan tushuntirsin.
10. Shogirdlariga ma’rakada ta’lim bermoqchi bo’lsa, buni yashirin holatda qilsin, toki dushman xabardor bo’lmasin.
11. Dastur bo’ladigan kurash ilmining barcha nozinlarini mufassal bilishi kerak.
12. Hech bir ma’rakada piri va ustozlarini duo bilan xotirga olishni esdan chiqarmasin.
Xuddi shunday shogirdlar odobi ham 12 tadir. Agar kimniki pahlavon deyish mumkin, deb so’rasalar, javob berib, aytki: Baquvvat, jussa – gavdali, shirin tilli, qo’rqmas yurakli, etuk aqlli, sabrli, barkamol ilmli, Doimiy juddu jahd qiluvchi, ya’ni harakatchan, xush ahloq, haromdan hazar qiluvchi, saxiy, noz-ne’mat dasturxoni ochiq odam pahlavonlik nomiga sazovor kishidir.
O’z davrida shoir shunday inson bo’lganki, uning ezgu ishlari haqida eshitgan qardosh xalqlar orasida shunday rivoyatlar saqlanib qolgan, masalan turk shoiri Ziyo Ko’k alp qalamiga mansub “Polvon Valiy” rivoyatini keltiramiz:
Hind sultoni yig’in to’plab saroyida bir zamon,
Vazirlardan so’rdi: – “Bormi Devpanjadan zo’r polvon?
Teng kurashchi ham yo’qmikan? Bo’sh qoldi ku maydon”.
Bir javob yo’q. So’ng bosh vazir turib, dedi Sultonga:
– “Podshohim! Xorazmda Polvon Valiy degan bor,
U yig’itni Turkistonda ko’z tangrisi atashar…”
Sulton dedi: – “Balki turklar bu fikrda adashar,
Devpanjani yuboraylik, zo’ri tushsin maydonga”.
U xat Devpanjani Xorazmga yubordim,
Yozdi “Dunyo pahlovoni bugungacha bu erdi,
Bor polvonlar kuragini bu alp erga teyizdi,
Navbat keldi, Xorazmshox, biling, Valiy polvonga”
Devpanjaning onasi ham borar erdi yonida,
Valiylarga inonchi bor musulmoniy jonida
Polvon Valiy oti qo’rquv tug’dirgandi qonida,
Ona o’ynal: – “Borayinda yolvorayin Rahmonga!”
Hind karvoni uch oy so’ngra keldi Xorazm eliga,
Maktub ila armug’onlar tegdi, Xonning aliga.
Pahlovonlar kurashuvi tushdi xalqining tiliga,
Butun Xiva aholisi jam bo’ldi saroyga.
Xon bungacha islomlashgan emas, g’ayridin edi,
“Qaysi biri engilsa-da, osilar!” deb buyurdi.
Vazirlari “Polvon Valiy chin butparast bu xonni
Isloma chaqirmoqda… demishlari qoonga.
Polvon Valiy duo uchun yashirin bir masjidga,
Borib ko’rdi qari kampir yolvoradi Xudoga.
Yo-rab, o’g’lim engilmasin achin bizga va Hindga!
Devpanja gar osilsa, men qaytolmam Hindistonga.
Bittaginamdir u: – achingin menga, Ollohim!
Udir mening ko’nglim, jonim, muhabbatim, panohim!
Na uning bir aybi bordir, na mening gunohim,
O’zing rahm et, ming yilda bir etishgan u arslonga.
Asra, Islom yigiti u, achin Muhammadning asrloni,
Sendan kelur bu quvvati, bu gavdasi, bu joni,
Sening Arshing emasdirmi, uning toza vijdoni?
Asra u bir mujohiddir, topshirganman o’zingga.
Bu yolvorish yuragida uyg’otib zo’r titroq,
Polvon Valiy ko’zlaridan inja yoshi oqaran,
Dedi: – “Tangrim, bu momodan yordaming tutma yiroq,
Mayliga, men ming roziman engilishga, Xursonga!”
Kurash kuni jarchi elni Ko’kdalaga chaqirdi,
So’nggi o’lim bu kurashdan har kim ruhan og’rirdi.
Polvon Valiy chiqdi: – “Olloh! Olloh!” deya hayqirdi,
Ko’ngillarda bir ma’naviy hislar keldi tuyg’onga.
Devpanja ham onasining qo’llarin o’pajak,
Maydon kezdi, kuchli iymon egasi, metin yurak,
Botir dedi: – “Qani, kim bor menla kuch sinajak?”
Salom berdi qarshisiga chiqqan unli dushmonga.
Polvon Valiy avval qaynab, ul va’dani unitib,
Devpajani o’ynatvordi temir qo’li-la tutib,
So’ng yo’l berdi, bu hind uni osongina yiqitib,
Yutib chiqsin bu dindoshi uchramasin ziyonga.
Yiqilganni o’ldiringiz! deyishi bilan qoon,
Oti sakrab, sura ketdi yonidagi jar tomon.
Polvon Valiy bir imtinib, otni tutdi shu zamon,
Jilovchiday olib kedi uni oltin ayvonga.
Yig’ilganlar jim qotmishlar, ko’ngillarda bir hayrat,
Nima bo’ldi, mo’’jizami, yo’qsa bu bir karomat?
Qoon dedi: – “Etar endi, inoninglar, ey millat,
Men islomni qabul etdim, siz ham keling iymonga.
Polvon Valiy sevinarkan bu ilohiy irshodga,
Yurtga ketdi to ojizlar etishsinlar imdodga,
Ul zamongi butun turklar bu panjasi po’ladga,
Burchlidirlar, chunki Xizr bo’lmish ul zot Turonga.
Pahlavon Mahmud maqbarasi vaqt o’tishi bilan ko’pgina hukmdorlar tomonidan aziz sanalib obod qilingan. Tarixiy manbalarda maqbaraga Amir Temur tomonidan eshik o’rnatilgani yoziladi. Maqbara ichida Abulg’ozixon, Anushaxon va Arangxonlarning qabri borligi, ular hukmdorlik qilgan davrlarida ham shoir qabri obod bo’lganligidan dalolat beradi. 1701-1702 yillarda Xiva xoni Shoniyozxon maqbarani yangidan quradi, bu davrdan bizga maqbaraga kiraverishdagi eshik yodgor qolgan. Eshikdagi yozuvlardan shu narsa ma’lum bo’ladiki, maqbara 1702 yilda qurilgan va quduq ham qazilgan, eshikda qur’on oyati, hadis va she’riy tarixlar bitilgan, turunch, madohil va boshqa islimiy gullar bilan bezatilgan. Hozirgi maqbara Muhammad Rahimxon I (1806-1825) tomonidan 1810 yilda Qo’ng’irot shahriga qilingan muvaffaqiyatli yurishdan so’ng qurila boshlagan va uning o’g’li Ollaqulixon davrida qurib bitkazilgan. Maqbara 3 qismdan iborat. Qabrxona, xonaqo va yo’lak. Maqbaraning g’arbiy qismida joylashgan xonaga Pahlavon Mahmud dafn qilingan. Xonaqoni shimoliy devori yonida Muhammad Rahimxon qabri joylashgan, uning yaqiniga esa Xiva xonlari Abulg’ozixon va Anushaxonlarning qabr toshlari o’rnatilgan. Yo’lakda esa Ollaqulixon dafn etilgan. Pahlavon Mahmud maqbarasi atrofi XIX asr oxiriga kelib Xiva xonlari va ularning yaqinlari dafn qilinadigan xilxonaga aylantirilgan. Bino qurilishini hazorasplik usta Odinamuhammad Murod boshqargan, usta katta-kichik jismlarni (sirli koshin) yagona me’morchilik inshootiga mohirlik bilan birlashtira olgan, sirkor bezaklar sag’anani, tashqi gumbaz va peshtoq qismini bezab turardi, shu vaqtda xonalarning ichi ganch suvoq qilingan edi. 1825 yilga kelib Olloqulixon (1825-1842) buyrug’i bilan qabrxona, ya’ni ziyoratxonaga va xonaqoga sirkor bezak berildi. Xuddi shu davrda ziyoratxona va qabrxona gumbazlari tashqi tomondan zangori-yashil sirkor g’ishtchalar bilan qoplandi. Maqbara peshtoqining ba’zi ko’chib ketgan koshinlari o’rniga o’ziga o’xshatib yangi koshinlar o’rnatildi. Gumbazli dalondagi bir xonaning old tomoni besh qirrali shaklga keltirilib, Olloqulixon sag’anasi shu erga qo’yilgan. Xona devorlari bezakdor sirli koshinlar bilan qoplandi va mis panjara o’rnatilgan. Qurilish ishlarida xivalik ustalardan Mulla Nurmuhammad usta Qalandar o’g’li, So’fimuhammad Niyoz usta Abdujabbor o’g’li va usta Abdulla “jin”lar o’zlarining nodir san’atlarini ko’rsatib bera olishgan. Katta xonaqoni (balandligi 25 metrlik) tepasiga ustalar islimiy naqshlar bilan birga, bezaklar orasidagi kitobalarga Pahlavon Mahmudning 22 ta ruboiylarini, ustalarning ismlarini, hadislar, tarixlarni o’zi ijod qilgan fors tilida bitganlar. Bundan tashqari qabrxonaga kiraverishdagi eshik tepasiga shoirning ushbu ruboiysi fors tilida bitilgan.
Uch yuz Ko’hi Qofni kelida tuymoq,
Dil qonidan bermoq falakka bo’yoq.
Yoinki bir asr zindonda yotmoq,
Nodon suhbatidan ko’ra yaxshiroq.
1910-1913 yillarda maqbaraning g’arbiy qismida Xiva xoni Isfandiyorxon (1910-1918) onasi, o’zi va o’g’li uchun qabrxona va to’rtta hujradan iborat ikki oshyonli qorixona bunyod qildirgan. Qurilish ishlariga usta Qurbonniyoz boshchilik qilib, qorixona qarshisiga o’ymakori ustunli ayvon qurilgan. Pahlavon Mahmud majmuasi 1960 yilda usta Ro’zmat Masharipov “Ro’zmat arbob” ishtirokida katta gumbazning usti, qorixona va ayvon ta’mirlanib, maqbaraga qayta jon bag’ishlangan. Hozirgi vaqtda binoda O’zbekiston Musulmonlar diniy idorasi, “Pahlavon Mahmud jamg’armasi” faoliyat ko’rsatmoqda. Inshootning ayrim joylari ta’mirtalab bo’lganligi uchun 2007 yilda, ayvon ustunlari, yo’laklar, quduq atrofi va uning tepasidagi chiroyli oshyonli yog’och gumbaz, peshtoqning ba’zi tushib ketgan sirli koshinlari qayta ta’mirlandi.
© D.Bobojonov, M.Abdurasulov “Abadiyat farzandlari” 2009.
© Xorazm Ma’mun akademiyasi nashriyoti, 2009.