Erniyozbek mirob 1812 yilda vafot qilgandan keyin Olloqulixon Shermuhammad ibn Avazbey mirob o’g’li Munisni mamlakatning bosh mirobi qilib tayinlaydi. Munis Ogahiyning amakisi bo’lib, otasi o’rnida Ogahiyga 1829 yilgacha g’amxo’rlik qilgan. Uning bolalik va yoshlik yillari Qiyot qishlog’ida o’tdi va ulg’aygach Xivadagi madrasalardan birida tahsil ko’rdi. Arab, fors, turkiy xalqlar adabiyoti, shuningdek klassik musiqa hamda tarix fanini qunt bilan o’rgandi. She’riyat olamida uning taxallusi Ogahiy bo’lib, lug’aviy ma’nosi - ogohman-sergakman demakdir. U mohir hattot bo’lib kufiy, rayhoniy, xatti shikasta kabi xatlarni yaxshi bilgan. Xiva xoni Olloqulixonning Xurosonga qilgan safarida vabo kasali tarqalib (1829) amakisi Munis vafot etdi. Olloqulixon Ogahiyni Munisni o’rniga miroblik vazifasiga tayinlaydi.
Ogahiy jahon adabiyoti, madaniyatining nodir durdonalari sanalgan 20 dan ortiq asarlarni o’zbek tiliga o’girib tarjimashunoslik maktabini yaratdi.
Ogahiy o’z hayoti davomida Xiva xonlari Muhammad Rahimxon I (1806-1825), Olloqulixon (1825-1843), Rahimqulixon (1843-1845), Muhammad Aminxon (1845-1855), Abdullaxon (1855-1855), Qutlug’murodxon (1855-1855), Sayid Muhammadxon (1855-1864), Muhammad Rahimxon II (1864-1874) davrlarida yashab ijod qilgan. Ogahiyning o’zbek tilida yozilgan “Ta’viz ul-oshiqin” (“Oshiqlar tumori”) devoni mavjud bo’lib, unda shoir yashagan muhitning amaldorlaridan qattiq shikoyat qilib yozgan she’rlarini ko’proq uchratamiz. Ogahiy she’rlari orasida hukmdorlarga aytilgan qasidalar ham bor. Bu devondan g’azallar, mustazod, muxammas, musaddaslar o’rin olgan. Devonda 18 ming misra she’r va 83 muxammas jam qilingan bo’lib, uning kirish qismida berilgan ma’lumotlarga ko’ra, Ogahiy quyidagi tarixiy kitoblarning muallifi bo’lgan:
“Riyoz ud-davla” (“Davlat ishlari”, 1825-1842), “Zubdat ut-tavorix” (“Tarixlar qaymog’i”, 1846-1855), “Jom’e ul-voqeoti Sultoniy” (“Sultonlar voqealari to’plami”, 1856-1865), “Gulshani davlat” (“Davlat gulshani”, 1865-1872), “Shohidi iqbol” (1872).
Mohir tarjimon sifatida Munis tugallay olmay ketgan Mirxondning “Ravzat us-safo” asarining 2-3 jildlarini, Muhammad Mahdixonning “Nodirnoma” (5 jild), Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”, Muhammad Yusuf Munshiyning “Tazkirai Muqimxoniy”, Nizomiddin Ahmad Haraviyning “Taboqati Akbarshohiy”, Rizoqulixon Hidoyatning “Ravzat us-safoi Nosiriy” nomli asarlari, Nizomiy Ganjaviyning “Haft paykar”, Sa’diy Sheroziyning “Guliston”, Husrav Dehlaviyning “Haft Bihisht”, Muhammad Vorisning “Zubdat ul-hikoyat”, Abdurahmon Jomiyning “Yusuf va Zulayho”, “Salomon va Ibsol”, “Bahoriston”, “Xaft avrang” asarlarlari, Badriddin Hiloliyning “Shohu gado”, Vosifiyning “Bado’e ul-voqoe” kitoblarini, Kaykovusning falsafa va ahloq masalalariga bag’ishlangan “Qobusnoma” asarini, Husayn Voiz Koshifiyning “Ahloqi Muhsiniy”, Imomiddin Fijduvoniyning “Mifot ut tolibin” kitoblarini fors tilidan o’zbekchaga mahorat bilan tarjima qilgan. Quyida biz ularni ayrimlari to’g’risida ma’lumot berib o’tamiz.
“Guliston” Muslihiddin Sa’diyning 8 bobli asari, ushbu asarda umumbashariy orzular, ta’limiy-tarbiyaviy hikoyatlar bayon qilingan, asar adib tomonidan 1862-1863 yillarda tarjima qilingan.
“Haft paykar” (“Etti go’zal”) - buyuk ozarbayjon shoiri Nizomiy Ganjaviy “Xamsa”sining to’rtinchi dostoni bo’lib, dastonda mardlik, rostgo’ylik, muhabbat, xalq taqdiri, umuman shaxs va jamiyat masalalari Bahrom Go’r timsolida o’z aksini topadi. Asar 1865 yilda nasrda tarjima qilingan.
“Ahloqi Muhsiniy” XV asrda Hirotda yashab ijod qilgan allomalardan biri, Alisher Navoiyning do’sti Kamoliddin Husayn Voiz Koshifiyning ma’rifiy asari. Bu asarda ta’lim-tarbiya, bola tarbiyasida ota-ona, muallimning o’rni kabi masalalar keng yoritiladi. Asar 1873-1874 yillarda, ya’ni shoir umrining oxirgi yillarida tarjima qilingan.
“Yusuf va Zulayho” - buyuk fors-tojik shoiri va mutafakkiri Abdurahmon Jomiy “Xamsa”sining ikkinchi dostonidir. Bu doston insonni kuylashga bag’ishlangan go’zal badiiy obidadir. Ogahiy bu asarni 1869 yilda tarjima qilgan.
“Shoh va Gado” - fors-tojik shoiri, Alisher Navoiyning zamondoshi Badriddin Hiloliy dostoni. Ushbu daston fors-tojik adabiyotida “Shoh va Darvesh” nomi ila mashhur. Unda odil podshoh timsoli, insondagi samimiy, chin sevgi tuyg’ulari tarannum etiladi. Ogahiy bu asarni 1870 yilda nasrda tarjima qilgan.
“Zubdat ul – hikoyat” (“Hikoyalar sarasi”) - Boburiyzoda Avrangzeb hukmronligi davrida Hindistonda yashagan tarixchi olim Muhammad Vorisning tarixiy - badiiy asari. Ahloqiy-ta’limiy hikoyalar podshoh Avrangzeb faoliyatiga bog’liq holda tasvirlanadi.
Kaykovusning “Qobusnoma” (1082 yilda yozilgan) asari sharq xalqlari orasida ma’lum va mashhur asar bo’lib, bu asarni Ogahiy 1860 yilda tarjima qilgan. Asarda otani o’g’ilga o’gitlari, xalq maqollari va hikoyatlari, asosan tarixiy voqealar va tarixiy shaxslar to’g’risidagi rivoyatlarga aniq yondashib, Haq Taoloning yagonaligi payg’ambarlar xilxatiga to’g’ri yondashishga undaydigan bebaho asardir.
Ogahiy tarixga oid asarlar yaratib Munisning bu sohadagi an’analarini ham yanada rivojlantirdi va yuksaklikka ko’tardi. Munis va Ogahiy hamkorlikda yozgan “Firdavs-ul iqbol” asari va o’zining Xorazm tarixiga oid beshta asari faqat o’zbek xalqining tarixini o’rganish jihatdan ahamiyatli bo’lib qolmasdan, balki qardosh tojik, qozoq, turkman, qoraqalpoq, rus, eron, afg’on xalqlarining tarixi, madaniyati, san’ati, urf-odatlari, psixologiyasi, shu xalqlarning kelib chiqishi, tirikchiligining manbai, qabilalarning tarixini o’rganishda boy manba bo’lib xizmat qiladi. Shunisi xarakterliki, bu asarlar iste’dodli shoir, taraqqiyparvar adiblar Munis, Ogahiylar tomonidan yozilganligi sababli ularda xalqlarning tarixi, hayoti, kundalik mashg’uloti, masjid, madrasalarning qurilishi, turli hil hodisalar bayoni, xalq qo’zg’olonlari, urushlar tarixi, buyuk kishilar, olimlar, shoir-yozuvchilar va shu kabi ma’lumotlar proza, poeziyada realistik asosda, to’g’ri, aniq ifodalab berilgan.
Ogahiy Olloqulixonga bag’ishlab “Riyoz ud-davla” (“Davlat riyozatlari”, 1844) asarini yozgan. Bu asarda Ogahiy o’zi to’g’risida shunday yozadi. “Yoshlik chog’larimda, har tarafdan boshimga balo toshi yog’di, hamisha ko’nglimda tinchsizlik va ta’bimda xon hukmi surar edi. Lekin jahondan etgan har xil alamlarni olimlar va shoirlarning suhbatida bo’lish bilan bir oz tarqatar edim”.
“Zubdat ut-tavorix” 1846 yilda yozilgan bo’lib, Rahimqulixon davriga bag’ishlangan.
“Jome’ - ul voqeoti Sultoniy” 1856 yilda yozilgan bo’lib, Muhammad Aminxon davriga bag’ishlangan.
“Gulshani davlat” 1865 yilda yozilgan bo’lib, Sayid Muhammadxon davriga bag’ishlangan.
“Shohidi iqbol” (“Iqbol shohidi”) asar Muhammad Rahimxon soniy davriga bag’ishlangan bo’lib, 1865-1873 yillar voqealarni yozish bilan uzilib qolgan, ayrim sahifalarida suv dog’lari bor, Qo’qon qog’oziga, sarlavhalari qizil siyoh bilan yozilgan, qizil charm muqovada, ko’chiruvchining ismi va yili ko’rsatilmagan, 227 varaq, 14-25 sm o’lchamda. Asarda faqat Xorazm tarixi emas, Buxoro amirligi va Qo’qon xonlarini Rossiya bilan olib borgan urushlari, bitimlari va uning oqibatlari mukammal ravishda yoritilgan.
1845 yilda Ogahiy miroblik vazifasi bilan safarda yurganda otdan yiqilib oyog’i sinadi. Oradan ko’p vaqt o’tgach, u butunlay yura olmay qoladi. Uzoq vaqt xasatalikni boshdan kechirishi, yolg’izlik va muhtojlikda yashash shoirning hayotdan erta ko’z yumishiga olib keldi. Ogahiy xonlikda ulkan o’zgarishlar bo’layotgan bir vaqtda, 1874 yilda 65 yoshida vafot etdi.
Akademik G’.G’ulom “Mamlakatimizning boshqa xalqlari kabi, o’zbek xalqi ham o’zining asrlar davomida yaratilgan boy, o’ziga xos madaniyatiga ega. Bu erdan fan, adabiyot va san’atning qator ulug’ arboblari etishib chiqqanlar. Shuni aytib o’tish kerakki, keyingi yillarda hech qanday asossiz Lutfiy, Otoyi, Sakkokiy, Bobur, Mashrab, Turdi, Munis, Ogahiy, Feruzlarning ijodi o’rganilmayotir, biz faqat Navoiy, Muqumiy, Furqat, Zavqiy, Avaz kabi shoirlar ijodini o’rganish bilan cheklanib qolganmiz” – degan edi. Shundan keyin “Ogahiyshunoslik” fani vujudga keldi, 1958 yilda Xivaga Toshkentdan Subutoy Dolimov (1907-1991) kelgan, u zo’rg’a Ogahiy va Munisning qabrini topgan. 1959 yilda G’.G’ulom, Ibrohim Mo’minov, Qori Niyoziy, Zulfiya, Uyg’un, Ayyomiy, Subutoy Dolimov, Egam Rahim, Quvomiddin Munirov kelgan. Shundan keyin Ogahiy bog’i, qabri tiklandi va uning 150, 180, 190 yillik to’ylari bo’lib o’tdi, yaqin kunlarda shoirning 200 yillik to’yi davlatimiz miqyosida keng nishonlanadi.
Adib qalamiga mansub 26 asardan hozirgi kunda 4 tasi topilganicha yo’q, uning asarlarining 22 tasidan 16 tasi saqlngan. Jumladan, 6 asari (11 nusxada) Beruniy nomidagi Respublika Sharqshunoslik institutida saqlanmoqda. Sank Peterburgda 10 ta va Dushanba shahrida 8 ta asari mavjud.
Hozirgi kunda adib asarlarining 22 tasi, 72 ta qo’lyozma nusxada dunyo fondlarida saqlanmoqda. Uning asarlarini birinchi bo’lib Armeni Vamberi Sayid Muhammadxon davrida Xivaga kelgan vaqtida olib ketgan, 1873 yilda A. Kun xon xazinasidan 300 ta nodir kitoblarni olib ketganda Munis va Ogahiylarni asarlarini ham olib ketgan.
Undan keyin V.V.Bartold juda ko’p Markaziy osiyolik tarixchilarni asarlari bilan birga Munis va Ogahiy asarlarini ham o’rganib o’zining “Turkiston sug’orilish tarixi” (S.P. 1914) va “Turkman xalqi tarixidan lavhalar” (L. 1929. kitoblarini yozgan. Undan keyin P.P.Ivanov va A.K.Borokovlar ham o’zlarining “O’rta Osiyo xalqlari tarixidan lavhalar” (1958) va “XIV - XIX asrlarda turkmanlar tarixi” degan asar yozgan.
M.Yo’ldoshev. 1956 yilda “Xiva xonligida feodal er egaligi va davlat tuzilishi” asarini yozgan.
Ya.G’ulomov 1976 yilda Ogahiy asarlariga suyanib o’zining “Xorazm sug’orilish tarixi” asarini yozgan.
Subutoy Dolimov 1962 yilda “Ogahiyning hayoti va ijodiy faoliyati” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi va ijodining mahsuldorligi hamda asarlarining badiiy go’zalligi nuqtai nazaridan Ogahiy o’zbek adabiyotining buyuk vakili Alisher Navoiydan keyingi eng zabardast vakili, degan ilmiy xulosaga keldi.
1970 yilda filologiya fanlari doktori Subutoy (Usmonbek) Dolimov va professor G’ulom Karimov hamkorlikda Ogahiyning 6 jildlik asarlar majmuasini nashrga tayyorlashga kirishib, bu ishni 1980 yilda muvaffaqiyatli tugatdilar. Majmuaning 1-2 jildlari Ogahiyning lirik devoni “Ta’viz ul oshiqin”ni, 3-4 jildlari shoirning tarjima asarlarini, 5-6 jildlari esa Ogahiyning tarixiy asarlarini o’z ichiga oladi. 1991 yilda Subutoy Dolimov Ogahiy tomonidan tarjima qilingan Kaykovusning “Qobusnoma” asarini tabdil qilib, nashrga tayyorlagan.
Adibning qabri hozirgi kunda amakisi Shermuhammad Munis qabri bilan birgalikda Shayx Mavlon bobo qabristonida joylashgan bo’lib, ushbu joy Xiva yaqinidagi Eski Qiyot qishlog’ida joylashgan.
Ogahiy ijodini xalqimiz o’rtasida keng tarqalishida shoir va dramaturg Komil Avazning xizmatlari katta bo’lib, 1999 yilda shoirning 190 yillik to’yi respublikmizda ko’tarinki ruhda nishonlandi va Ogahiyning hayoti, ijodiga bag’ishlangan ko’plab risolalar nashr qilindi hamda o’zi tug’ilgan qishloqda “Ogahiy uy muzeyi” ochildi. Yaqin kelajakda ulug’ bobomizning 200 yillik to’ylari dunyo miqyosida nishonlanadi.