Ruslanbek Davletov Prezident Davlat maslahatchisining birinchi o’rinbosari etib tayinlandi
Adliya vazirining sobiq birinchi o’rinbosari Ruslanbek Davletov O’zbekiston Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi o’rinbosari etib tayinlandi.

2016 yil sentyabrdan adliya vazirining birinchi o’rinbosari lavozimida faoliyat ko’rsatib kelayotgan Ruslanbek Davletov O’zbekiston Prezidenti Davlat maslahatchisining jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish bo’yicha birinchi o’rinbosari etib tayinlandi. Mazkur o’zgarish Prezident Shavkat Mirziyoevning 4 yanvardagi qarorida o’z aksini topdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar qildi.

Davletov to’rtta oliy ta’lim muassasasi, xususan, Buyuk Britaniyadagi Varvik universitetini tamomlagan. Mehnat faoliyatini 2001 yilda Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo’mitasida etakchi mutaxassis sifatida boshlagan. Keyinroq mazkur qo’mitada bosh mutaxassis, bo’lim boshlig’i vazifasini bajaruvchi bo’lib ishlagan.

2004−2012 yillarda Vazirlar Mahkamasi Huquqiy ekspertiza va xalqaro shartnomalar boshqarmasi bosh mutaxassisi, 2012−2014 yillarda Oliy sud huzuridagi Sud qonunchiligini demokratlashtirish va liberallashtirish, sud tizimi mustaqilligini ta’minlash tadqiqot markazi direktori o’rinbosari va direktor v.b, 2014−2016 yillarda — Prezident Devonida sektor mudiri lavozimlarida faoliyat olib borgan.

Biografiya

Davletov Ruslanbek Quroltayevich 1980 yil 1 iyunda Xorazm viloyati Shovot tumanida tug’ilgan. Ma’lumoti — oliy, huquqshunos, iqtisodchi. 2001 yil Buyuk Britaniyaning Varvik universiteti, 2003 yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (magistratura), 2007 yil Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va 2010 yil O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 2001 yilda O’zbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo’mitasining etakchi mutaxassisi lavozimidan boshlagan. Keyinchalik mazkur qo’mitaning bosh mutaxassisi, bo’lim boshlig’i vazifasini bajaruvchisi lavozimida faoliyat yuritgan.

2004−2012 yillarda O’zbekiston Vazirlar Mahkamasi Huquqiy ekspertiza va xalqaro shartnomalar boshqarmasining etakchi mutaxassisi, bosh mutaxassisi, 2012−2014 yillarda O’zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sud qonunchiligini demokratlashtirish va liberallashtirish hamda sud tizimi mustaqilligini ta’minlash bo’yicha Tadqiqot markazi direktori o’rinbosari, direktor vazifasini bajaruvchisi, 2014−2016 yillarda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni Oliy Majlis, siyosiy va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik qilish xizmati O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi tuzilmalari bilan faoliyatni muvofiqlashtirish shu’basining mudiri lavozimlarida faoliyat ko’rsatgan.

2016 yil 21 sentyabr O’zbekiston Respublikasi adliya vazirining birinchi o’rinbosari.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 4 yanvardagi Farmoni bilan Davletov Ruslanbek Quroltaevich O’zbekiston Respublikasi Prezidentining jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni muvofiqlashtirish bo’yicha Davlat maslahatchisining birinchi o’rinbosari lavozimiga tayinlandi.