15 yoshga ham etmasdan Ashxobod shahri yaqinidagi serjantlar tayyorlash bilim yurtida Qoraqum-Nebit dog’ yaqinidagi harbiy poligonlarda tajriba orttirdi. 3-Belorussiya fronti tarkibidagi 43-armiya-ning 51-batalonida dushmanga qarshi jang qildi. Kenigsberg eng mustahkam qalqon sifatida 1945 yilning aprel oyigacha taslim bo’lmagan edi. Sotim Nurmatov boshliq otryadga tunda muzdek daryo suvini kechib o’tib qarshi tomonning DZOT ini portlatishdek sharafli vazifa topshirildi. U bu vazifani sharaf bilan bajarib qahramonlik unvoniga musharraf bo’ldi.
Xorazmning urushga ketgan yigitlaridan chiqqan birinchi qahramonini kutib olish katta bayramga aylandi.
1945 yil 24 iyunda Moskvada bo’lib o’tgan G’alaba paradida qatnashish baxtiga muyassar bo’lgan urush qahramoni Sotimboy Nurmatovning Xorazmda kutib olinishi va uning oilaviy hayoti, o’qishi hamda turli mas’uliyatli vazifalarda ishlaganligi haqida “To’maris avlodi” (Toshkent, “Istiqlol” nashriyoti, 2008-yil 496-497-betlar) to’plamida chop etilgan maqolada quyidagi satrlar berilgan:
“Qahramon alp yigitlarni kimlar orzu qilmaydi, deysiz. Yon qo’shni qizning ota-ona, qarindoshlari Sotimboydek yigit kuyov bo’lishini istab turgan ekanmi, tez orada to’y ham bo’lib o’tdi. Zamonaning zayliga qarab, ikki yoshni o’qishga jo’natishdi. Sotimboy oliy firqa maktabiga, Xolidaxon esa O’rta Osiyo Dav-latuniversitetining til va adabiyot fakultetiga o’qishga kirdilar. Ha demay talabalik yillari ham ortda qoldi. 1950 yil yosh oila uchun qo’sha-qo’sha quvonchlar yili bo’ldi. Shu yili to’ng’ich farzand Dilorom dunyoga keldi. Sotim akani Hazorasp tuman ijroiya qo’mitasi raisi vazifasiga, Xolidaxonni A.S.Pushkin nomli maktabga ishga tayinlashdi.
Yillar ketidan yillar o’tdi. Sotimboy Nurmatov Qashqadaryo viloyatining Kitob tuman partiya komitetining birinchi kotibi vazifasiga tavsiya etildi. Yosh, tirishqoq rahbar bu erda ko’plab xayrli ishlarga qo’l urdi. Tuman iqtisodini rivojlantirish, madaniyati va san’atini yuksaltirishga munosib hissa qo’shdi.
Notanish odamlar orasida, uzoq yurtlarda ishlash va yashashning o’zi bo’lmaydi. Buning ustiga Kitob tog’oldi chorvadorlar, paxtakorlar tumani emasmi, sarkotibning ishi boshidan oshib yotardi. Goh u erda, goh bu erda kutilmagan toshqin muammolarini echishga to’g’ri kelardi. Ba’zan Sotimboy akani 3-4 kunlab dasht-toqqa chorvadorlar oldiga chiqib ketar, goh Qarshi, goh Toshkentga majlislarga chaqirtirishardi.
Xolidaxon oilasi va farzandlarining baxtli kelajagi uchun mas’uliyatni o’z zimmasiga olib bolalarning o’qishlariga katta e’tibor qaratdi. Natijada farzandlarining hammasi aqlli, oliy ma’lumotli bo’lib voyaga etishdi. Dilorom, Gavhar, Sayyora va Rustamlar ona kasbini egallab pedagog bo’lishdi. Qahramon tajribali huquq xodimi – prokuror, Shuhrat viloyat xalq ta’limi boshqarmasi xodimi vazifasida faoliyat ko’rsatishdi. Kelinlari va kuyovlari ham oliy ma’lumotli, obro’-e’tiborli kishilar bo’lib etishishdi.
Sotim Nurmatov 1960 yilda Xorazm sanoat korxonalarining ilk qaldirg’ochi Urganch yog’-moy zavodiga rahbar etib tayinlandi. Sotim aka gardanida korxonani butunlay ta’mirlashdek og’ir va mas’uliyatli vazifa turar edi. U bunday og’ir ishning uddasidan chiqdi. Yangidan 4 ta korpus qurildi. Dastgohlar yangilandi, ishchilar soni 480 nafarga etkazildi.
Eng avvalo sobiq askar-qo’mondon emasmi, korxonada temirdek mustahkam intizom o’rnatdi. Turdosh tashkilotlar tajribasini o’rgandi, yuqori tashkilotlar hamda vazirliklar bilan samimiy aloqalarni o’rnatdi.
Xalqimizda yaxshidan bog’ qoladi degan hikmatli maqol bor. Kezi kelganda zavod direktori S.Nurmatov bilan O’zbekiston partiya tashkilotining bosh rahbari Sharof Rashidovning quroldosh do’st, maslakdosh ekanligini eslatib o’tish zarur. Bunday do’stona munosabat o’zining ajoyib samarasini berishi tabiiy.
Ma’lumki, 1963 yilda Buxoro gazi Xorazmga etib keldi. O’sha yili zavod uzluksiz tabiiy gazga ulandi. Shu munosabat bilan zavod binosi oldida O’zbekiston rahbari Sharof Rashidov ishtirokida miting bo’lib o’tdi.
Udumga ko’ra o’sha kuni mehmonlarga dasturxon yozildi. Sotim og’a Sharof Rashidovga katta minnatdorchilik so’zlarini aytib xon zamonidan qolgan zavodni yangilash, imkon topilsa uni shahar chekkasiga ko’chirish, yangi dastgohlar bilan jihozlash taklifini o’rtaga qo’ydi. Sharof Rashidov ushbu masalani albatta hal etishga va’da berdi.
Sotim Nurmatov urush ko’rgan, dunyo tanigan rahbar emasmi ishni korxonada uzoq yillardan buyon ishlab kelayotgan faxriylar bilan maslahatlashish va respublikadagi peshqadam Andijon, Kattaqo’rg’on va Qo’qon yog’-moy kombinatlari bilan yaqindan aloqalar o’rnatilib ular bilan tajriba almashishdan boshladi. Tashkil qilingan o’zaro musobaqalarda ishchilardan 6 nafari M.Ro’zmetov, I.Ubodullaev, R.Sigbatullina, smena muhandisi Amit Umarovlar g’olib deb topildi va rag’batlantirildi. Bundan tashqari ishlab chiqarish ilg’orlaridan Matrasul Yoqubov, Egam Quryozov, Rajab Davlatov, Raisa Sigbatullina, Said Tojiboev va boshqa ishchi va xizmatchilar o’z ishining ustalari bo’lgan fidoyilarga moddiy yordam uyushtirildi. Shu davrda ilg’or brigadalarda ishlab kelgan Valentina Gagamova va Egam Isoqov kabi ish ustalari qoloq bo’lgan brigadalarga o’tib ishlab, ish unumdorligini oshirdilar. Natijada zavodda 1961 yilda yalpi mahsulot ishlab chiqarish ko’rsatkichlari muddatidan oldin bajarilib, plandan tashqari 542 ming so’mlik mahsulot etkazib berildi.
Bundan tashqari kelgusida xo’jalikda ekish uchun mo’ljallangan chigit urug’ini alohida saralash choralari ko’rildi. Yumshoq filtrlovchi dastgohlar o’rnatildi. Ishlab chiqarishga yangi texnikani joriy qilish uchun davlat bankidan 77 ming so’m kredit olindi. Ana shu tadbir sababli 1962 yilda yalpi mahsulot ishlab chiqarish hajmi 103,5 foizga bajarilgan. Natijada plandan tashqari 128 tonna qora moy, 18,3 tonna oq yog’, 394 tonna xo’jalik sovuni, 566 tonna kunjara va boshqa turdagi mahsulotlar ishlab chiqarildi.
Zavod ishlab chiqarishida fidokorona mehnat qilgan va musobaqa g’oliblari deb topilgan smena muhandisi Kuragina Taisiya Ivanovna, slesar Sa’dulla Ibodullaev, elektr payvandchi Utkina, jarovshik T.Madaminov, shtamplovchi Maryam Qo’chqorova, slesar Churilkin, presslovchi Said Arzimurodov va boshqa fidoyilar faxr bilan tilga olindi.
1962 yilda zavod jamoasi Gurlan tumanidagi qoloq xo’jaliklardan uchtasiga otaliq yordami uyushtirib 50 tonna mineral o’g’it, 50 tonna sheluxa va kunjara, “GAZ-51” mashinasi uchun ehtiyot qismlar etkazib berdi.
Urganch yog’ zavodining sovun pishirish tsexida sovunni presslab sovutish sohasidagi og’ir qo’l mehnatini engillashtirish, oq yog’ ishlab chiqarishning sifatini tubdan yaxshilashni tashkil qilish uchun zavodning sovun pishirish tsexi qayta jihozlab ta’mirlandi. O’zbekiston hukumatining 18 dekabr 1960 yildagi 22-sonli qaroriga asosan zavodni ta’mirlab quyidagi natijalarga erishish ko’zda tutildi:
1. Mehnat unumdorligini 312 foizga ko’tarib, 4820 tonna yog’ ishlab chiqish, har bir tonna sovunning narxini 20 foizga kamaytirish.
2. Og’ir qo’l mehnatiga ketadigan xarajatlarni kamida 2 barobar kamaytirish.
3. Tsexlarda ishlab chiqarish madaniyatini oshirib ishchilarga ishlash uchun qulay sharoitlar yaratib berish.
4. Korxonadagi barcha bevosita va bilvosita xarajatlarni kamida 12-20 foizga kamaytirish imkoniyatlarini yaratish ko’zda tutilgan edi.
Toshkent shahridagi “Gidrojir” loyihalash instituti tuzgan smeta-moliyaviy hisoblari asosida Urganch yog’ zavodining sovun pishirish tsexini yangidan rekonstruktsiya qilish uchun kerak bo’lgan mablag’ jami 75390 so’mni tashkil qilardi. Shu asosda sovun pishirish tsexini rekonstruktsiya qilish boshlab yuborildi. Og’ir qo’l kuchi asosida bajariladigan, ma’naviy eskirgan barcha texnika va mexanizmlar unumdorligi yuqori bo’lgan zamonaviy, “Masomi” markali texnologiya asosida mexanizmlar o’rnatildi.
1963 yilning kuzida zavod uzluksiz tabiiy gaz va elektr energiyasi bilan ta’minlangandan keyin tsex va bo’limlarda ishlab chiqarish avj olib ketdi. Natijada plan 106,6 foizga bajarilib, qo’shimcha 584 tonna qora yog’, 420 tonna oqlangan yog’ va 138 tonna xo’jalik sovuni ishlab chiqarildi.
Jamoada fan va texnika rivojlanishi asosida ishlab chiqarish kuchlaridan samarali foydalanish, ma’naviy eskirgan texnika va mexanizmlar o’rnini yangi, unumdorligi yuqori bo’lgan uskunalar bilan jihozlash muntazm olib borildi. 1965 yilda sovun pishirish tsexidagi kam quvvatli 2 ta bug’ qozonlari yangisiga almashtirildi. Natijada sovun tsexida ishlab chiqarish hajmi oldiniga nisbatan 26 tonnaga ko’paydi.
O’z kasbini sevib, ixtirochilik takliflari kiritgan N. Fedishev, S. Otajonov, M. Mahmudov, X. Ibrohimov, M. Peregudov, Y. Mazikov, A. Peteshkina, V. Karimov, A. G. Sorokin kabi iqtidorli ishchi-xizmatchilarning nomlari zavodning faxriy kitobiga yozildi.
1. Ismoilov X. – qozon tozalovchi
2. Urmanov Toir – slesar
3. Masharipov M. – brigada boshlig’i
4. Ro’zmetov M. – presslovchi
5. Rojkova Varvara – filtrlovchi
6. Masharipov Matrasul – elektr montyor
7. Buruxina Aleksandra – laboratoriya xodimi
8. Bobojonova B. – sovun tsexi ishchisi
9. Reshetiyak Pelageya – tozalovchi
10. Jumaniyozov Yo’ldosh – oddiy ishchi
11. Lakareva S.G. – plan bo’limi boshlig’i
12. Ponamarenko N.V. – bog’cha tarbiyachisi
Ularning fidokorona mehnatlari evaziga 1958-1965 yillar davomida jami 86198 tonna qora yog’, 66218 tonna oqlangan yog’, 17148 tonna xo’jalik sovuni ishlab chiqarildi. 1965 yilda har ishlovchi hisobiga 36727 so’mlik mahsulot to’g’ri keldi. O’rtacha ish haqi 946 so’mni tashkil qilib, bu ko’rsatkich 1960 yilga nisbatan 129 so’mga yoki 11 foizga ko’p edi.
Zavod rahbari Sotim aka uzoqni ko’zlovchi tadbirkor kishi emasmi, korxonadagi mayda-chuyda holatlarni, yig’ilib qolgan yaroqsiz temir-tersaklarni qayta ishlov bazasiga jo’natib turardi. Natijada korxona temir-tersak topshirish davlat rejasini 2 hissa etib bajardi. Natijada yig’ilgan temir-tersakdan Murmansk kemasozlik zavodida katta kema yasalgan. Ushbu yasalgan teploxod kemasiga “Urganch” nomi berilgan. Dunyo dengizlarida suzib yuruvchi “Urganch” teploxod kemasining jamoasi bilan ikki yoqlama do’stlik aloqalari o’rnatilgan.
1963 yilda Urganch yog’ zavodining yog’ oqlash tsexi boshlig’i Ilhom Abdurahimov va smena boshlig’i Ozod Alimovlar “Urganch” teploxod jamoasining mehmoni bo’lishdi. Ular “Urganch” teploxodi jamoasiga Urganch yog’ zavodi jamoasining ishlab chiqarishda qo’lga kiritgan yutuqlari, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda, jamoatchilik ishlarida aktiv ishtirok qilib kelayotganliklari haqida gapirib berdilar.
O’z navbatida teploxod kema jamoasi vakillari Urganch yog’ zavodiga mehmonga kelib ketdilar. Ular orasida “Urganch” teploxod kapitani Yu.Dmitriev o’z rafiqasi bilan, kema botsmani V.Zelenovlar bor edi. Ularni zavod direktori S. Nurmatov katta ehtirom va hurmat bilan kutib oldi.
Shunday qilib, Urganch yog’ zavodi va “Urganch” teploxod kemasi jamoalari o’rtasidagi do’stlik aloqalari ko’p yillar davom etib keldi.
1965-1970 yillarda korxona ma’muriyati ishlab chiqarish quvvatlaridan, ichki rezervlardan unumli foydalanish, xom ashyo materiallarini tejab-tergash yuzasidan imkoniyatlarni ko’rib chiqdi. Ishlab chiqarish ilg’orlari, tsexlar, brigadalar o’rtasida musobaqalar tashkil qilindi. Natijada zavod jamoasi shu davrga belgilangan ishlab chiqarish rejalarini 1970 yilning 1 dekabrida bajarib, plandan tashqari 1184 mln. so’mlik mahsulot ishlab chiqarishga erishdi.
Zavod ma’muriyati ishchilar o’rtasida iqtisodiy o’qish tashkil qilib, ishlab chiqarishga fan va texnika yutuqlaridan 58 ta ratsionalizatorlik takliflarini kiritib, xom ashyo materiallaridan oqilona foydalanish evaziga 1966-1970 yillarda mehnatni ilmiy asosda tashkil qildilar.
Ilg’or ishchi-mutaxassislar Ch. Y. Krinitsin, O.Y. Yoqubov, X. Matjonov, Y. Mazitov, V. Alimov, A. Abdurahmonov va boshqalar o’z ishining ustalari sifatida hurmat bilan tilga olinadilar.
1967 yilda iqtisodiy samaradorlikni oshirish yuzasidan aniq tadbirlar tuzildi. Ishlab chiqarish fondlarini tashkil qilish, xom ashyoni tejash, ishlab chiqarishda tannarxni kamaytirish, tayyor mahsulotlar sifatini yaxshilash choralari belgilandi. Ko’rilgan choralar natijasida ishlab oqlangan yog’ning birinchi va oliy navlarining hajmi 30-40 foizga oshdi, kunjaraning sifati yaxshilanib, u chet davlatlarga eksport qilindi.
Birgina 1968 yilda zavodda 8 ta ratsionalizatorlik takliflari ishlab chiqarishga joriy etildi. Ratsionalizatorlardan I. E. Chapligin, X. Y. Otajonov, I. B. Abdurahmonov va boshqalarning mavjud texnika-mexanizmlardan va uskunalardan foydalanishni yaxshilashga urinishlari natijasida beshta pishirish, sovutish sistemalari ta’mirlandi, sovunni, kunjara, sheluxa va boshqa mahsulotlarni avtomashinalarga yuklash mexanizatsiyalashtirildi, kunjara omborxonasi yangidan rekonstruktsiya qilindi.
Zavod tarixida mahalliy kadrlarni tayyorlashdagi ko’p yillik mehnatlari uchun quyidagi qo’li gul ustalardan Yakov Semenovich Lonkin (1924 yildan), Aleksandr Morozov (1928 yildan), Sergey Ivanovich Chulkov (1926 y.), Vasiliy Lavochkin (1931 y.), Aleksandr Petrovich Gladilin (1940 y.), Ivan Yakovlevich Krinisim (1946 y.) Ziminskiy, Pridannikov va boshqa ustalarning nomlari zavod “Hurmat kitobi”ga oltin harflar bilan bitildi.
Urganch yog’ zavodi ma’muriyati kasaba uyushmasi bilan hamjihatlikda ishlab chiqarish hajmini rivojlantirib, ishchi-xizmatchilarga qulay ish sharoiti yaratish, transport xizmati ko’rsatish, dam olish, sog’lomlashtirish, tibbiy xizmatlar ko’rsatish talab darajasida yo’lga qo’yilib, umumiy ovqatlanish joylari tashkil qilindi. Ishchi-xizmatchilarning farzandlari uchun bolalar bog’chasi, dam olish oromgohlari qurish, zavod ishchi-xizmatchilarini arzon go’sht, sut, guruch, pomidor, limon, bodring va boshqa qishloq xo’jaligi mahsulotlari bilan ta’minlashga katta e’tibor berib kelindi.
Jumladan, 1968 yilda 100 nafar bola dam oladigan oromgoh ishga tushirildi, yangi bog’cha qurildi. 150 o’rinli oshxona va savdo xizmati ko’rsatish tarmoqlari tashkil qilindi. Shuningdek, zavod ishchi-xizmatchilarining madaniy dam olish klubi qurilib ishga tushirildi. Klubda gazeta va jurnallar, badiiy kitoblar o’qib dam olish, shaxmat-shashka o’ynash, kino ko’rsatish xonalari tashkil qilindi.
O’tgan asrning 70-yillarida korxona sutkasiga 319-330 tonna, yiliga 80-85 ming tonnagacha paxta chigitini qayta ishlab 13,4 ming tonna o’simlik yog’i, 12,7 tonna oqlangan yog’, 36,4 ming tonnagacha kunjara, 30 ming tonnadan ko’proq sheluxa, 5 ming tonnadan ko’proq xo’jalik sovuni ishlab chiqardi.
Sotim Nurmatov Urganch yog’-moy zavodidagi 20 yillik faoliyatida katta-yu kichik yangiliklar yaratdi, yuzlab shogirdlarga ustozlik qildi.
Urush asorati va yugur-yugurlar sababli Sotimboy akaning sog’ligi og’irlashdi. Kenigsberg mudofaasidagi jangdan tanasida qolgan oskolka parchasi uning samarali ishlashiga monelik qilardi. Ana shunday damlarda Xolida ayaning tashvishi va iztiroblari yanada oshar, erining tezda sog’ayib ketishini Yaratgandan tilar, o’zi hamshiralik qilar, kerak bo’lib qolganida tuni bilan mijja qoqmay o’tirardi.
Sotimboy aka nafaqaga chiqqanidan so’ng ham yoshlar bilan uchrashib, o’zi ishlagan zavod va kombinat ishchi-xizmatchilari huzurida tez-tez bo’lib dildan suhbatlashardi.
1994 yil 4 avgust kuni Xorazmning mard o’g’loni Jaloliddin Manguberdi, Temur Malik, Nurjon Botir, Matmurot Devonbegilar jasoratining davomchisi, qahramon Sotim Nurmatov olamdan o’tdi. El-yurt uni so’nggi yo’lga uzatish uchun to’plandi. Vidolashuv mitinggi bo’lib o’tdi. Oradan ko’p o’tmay uning xotirasi abadiylashtirilib Xivadagi “Ichon qal’a” muzeyida maxsus bo’lim tashkil etildi, korxonada yodgorlik o’rnatishga qaror qilindi.
Sharof Rashidov, Madiyor Xudoyberganov yangi korxona qurilishini ko’zdan kechirdilar. (1977 yil)
Asosiy yuklar kirib-chiqishi uchun mo’ljallangan darvoza. (1980 yil)
© K.Nurjonov. “Xorazm sanoatining to’ng’ichi”