Kraftlar fojiasi (qisqacha tarixiy ma’lumot)
XIX asr oxiri va XX boshlarida Evropada dong taratgan “paxta qiroli” aka-uka Kraftlar sulolasining behisob boyliklari, O’rta Osiyo, Rossiya va Germaniyadagi zavodlari, savdo uylari “Oktyabr to’ntarishi” natijasida qo’ldan ketadi deb hech kim o’ylamagan edi.

XIX asr boshlarida sobiq Revele (hozirgi Tallin) shahridan Moskvaga ko’chib kelgan aka-uka Iogann va Genrix Kraftlar qariyb bir asr Rossiyani poligrafiya, sanoat, tekstil va paxta tozalash korxonalari mahsulotlari bilan ta’minlab turardi. 1885 yildan e’tiboran ular ko’tara paxta savdosi bilan shug’ullanib, O’rta Osiyo hududlarida (Qo’qon, Xiva) bank xizmati, savdo-sanoat kapitalini kiritish orqali paxta va yog’ zavodlaridan katta daromad oldilar.

Tadbirkorlik va ishbilarmonlik otadan bolaga meros tarzida o’tib, ularning savdo bozorlari geografiyasi Turkiya, AQSh, Frantsiya, Germaniya, Kipr va boshqa respublikalarga keng quloch yoygan. Taomilga ko’ra Kraftlar yoz oylarida Germaniya, Belgiya kurortlarida xordiq chiqarar, yo’l-yo’lakay turli shaharlarda paxta, qog’oz, to’qimachilik korxonalari narx-navosi haqida ma’lumot to’plardilar. Ana shunday sayohat va tijorat kunlarining birida Aleksandr Kraft katta boy Bernes ismli tadbirkorning qizi Emma bilan tanishadi. Ularning nikox to’yi 1901 yiling 20 yanvar kuni bo’lib o’tadi. Aleksandr bilan Emma asal oyini Italiyaning Rim, Florentsiya shaharlarida nishonlaydilar. Keksayib qolgan Genrix kelin-kuyovlarga Moskva yaqinidagi “Kastino” bog’-hovlisini hadya etadi. Shundan so’ng aka-uka Kraftlar oltin bank tizimi, “Bolshaya Yaroslavskaya manufaktura” fabrikasi, Nijniy Novgorod va Moskva savdo yarmarkalarida qizg’in faoliyat bilan shug’ullanadilar. So’ngra Farg’ona vodiysining gavjum savdo shahri Qo’qonda otasi va amakisi ochgan “Bratya Kraft” savdo uyida boshliq o’rinbosari, prikazchik vazifasida bilim va ko’nikmalarini oshirib mustaqil ishlashga o’rganadilar.

1903 yilda Russko-Aziatskiy bankining yangi Urganch filialini ochadilar. 1910 yilda “Bolshaya Yaroslavskaya manufaktura”siga qarashli paxta zavodini sotib oladilar va uni Germaniya va AQShdan olib kelingan zamonaviy dastgohlar bilan jihozlaydilar. Baxtga qarshi 1914 yil 1 avgustda boshlangan 1-jahon urushi yaxshilikka olib bormasligini oldindan payqagan Kraftlar zavodlarini Manuylovga sotib Moskvaga ko’chib ketadilar.

Ular oz narsani deb ko’p boylikdan Reutovo, Voskresenskiy, Bogorodenko hamda “Kaspiyskoe tovarihestvo” shirkatidagi mol-mulkidan ajralishni istamasdilar. O’ylaganlaridek, 1917 yilda sho’rolar hukumati ularning mol-mulki, zavod-fabrikalarini musodara etdi.

Katta Kraft Moskva paxtachilik deportamenti boshlig’ining o’rinbosari vazifasiga ishga joylashadi. Bexavotir yashash uchun “Kastino” dala-hovli saroyiga ko’chib kelganlarida VChK xodimlari Aleksandrni hibsga oladi. Sal vaqt o’tmasdan Kraftlarga tegishli ushbu manzil bolsheviklar yo’lboshchisi V.Ulyanov (Lenin) davolanadigan oromgohga aylantiriladi. Aybsiz aybdorga aylangan Kraftlar tergov qilinadi. Yaxshiyamki, ota-bobolaridan qolgan tarixiy hujjatlar tufayli Kraftlar muqarrar o’lim jazosidan qutiladilar. Endi ularga Rossiyani tark etishdan boshqa imkon qolmagandi.

Yo’ldagi tekshiruv-tintuvlar, sarson-sargardonliklarga bardosh berolmagan ukasi Konstantin vafot etadi. Aleksandr Kraft Berlin yaqinidagi Freyburg shahridan uy sotib oladi. Baxtiyor kunlar uzoqqa cho’zilmaydi. 1927 yili xotini Emma 3 o’g’il-qizni etim qoldirib olamdan o’tadi. Shu zaylda nafaqat Rossiyada, balki butun Evropada ham eng boy kishilardan biri hisoblangan Aleksandr Kraft yolg’izlik, g’am-g’ussaga to’la keksalik, ayriliq azob-uqubatlarini boshidan kechiradi.

Unga endi hayotning qizig’i qolmagandi, asabiy holatda 1935 yili avtomobil halokatiga uchrab vafot etadi. O’limi oldidan do’st-birodar, yaqinlari bilan vidolasharkan qo’ldan ketgan behisob boyliklar, uy-joy, zavod-fabrikalarini tilga olmay, jasadini ota va onasining xoki qo’yilgan rus tuprog’iga ko’mishlarini iltimos qiladi. Chunki u butun hayoti ilg’or rus madaniyati, L.N.Tolstoy, N.V.Gogol, A.S.Pushkin, A.Glinka, Dostoevskiy qahramonlari ruhida tarbiyalangan zamonaviy nemis farzandi edi.

Shu tariqa Rossiya, Kavkaz, O’rta Osiyoning go’zal Farg’ona vodiysi va Xorazmning turli joylarida yuzlab savdo shoxobchalari, zavod va fabrikalar ochib dunyoga tanilgan milliarder Kraftlar sulolasi barham topdi.

Shu narsa ma’lumki, ibratli va savob ishlar hech qachon izsiz yo’qolib ketmaydi. Moskva shahri yaqinidagi “Kostino” oromgohida Kraftlar qurgan tarixiy bino o’lkashunoslik muzeyiga aylantirilgan, Qo’qon shahrining “Istiqlol” prospektidagi (sobiq Rozenbax) muhtasham saroy hamon savlat to’kib turibdi. Xivadagi Nurullaboy saroyi, 1913 yilda qurib foydalanishga topshirilgan pochta, telegraf, kasalxona va yaqin-yaqinlargacha Urganchda saqlanib kelgan Rus-Osiyo banki binosi, paxta tozalash va yog’-moy zavodi binolari aka-uka Kraftlardan qolgan o’ziga xos yodgorlik edi.

1903 yil 8 sentyabrda Yangi Urganchdan “Qo’qon” shahridagi savdo uyi rahbari aka-uka Kraftlarga yo’llangan hujjatning foto nusxasi.

© K.Nurjonov. “Xorazm sanoatining to’ng’ichi”

KO`P O`QILGANLAR