Farzandlar Allohning rayhonidir
Hohlagan bandasiga qiz farzand bergan va hohlagan bandasiga o’g’il in’om etgan yoki ularni o’g’il va qiz qilib aralashtirib bergan va hohlagan bandasini bepusht qilib yaratgan Alloh taologa hamdu sanolar bo’lsin!

Bizning Sayyidimiz “Bolalaringizga odob bering va odobini chiroyli qiling” deb nasihat qilgan Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga, u kishining oila a’zolariga va ergashishlik va hidoyat topishlik yulduzlari bo’lgan ashobi kiromlarga durudu salovotlar bo’lsin.

Alloh subhanahu va taolo barcha mavjudotlari kabi insonni ham juft qilib yaratgan.

Shuning uchun ham odamzod ilk Payg’ambar Odam alayhissalom va uning jufti haloli Momo Havvodan boshlab Allohning amri ila juft-juft bo’lib yashaydilar, naslining davom etishi haqida bosh qotiradilar. Keyinchalik oila degan aziz bir qasr paydo bo’ldiki, u odamlarning farog’at va xotirjamlik, sadoqat va farovonlik makoniga aylandi.

Oila – har bir jamiyatning boshlang’ich hujayrasi hisoblanadi. Oila mustahkam, tinch, halol va pok bo’lsa, jamiyat ham osoyishta, mustahkam va farovon bo’ladi. Aksincha, oilalarda parokandalik, notinchlik bo’lsa, halol va haromning farqi qolmasa, o’sha jamiyat buziladi, tinchi yo’qoladi, oqibatda tanazzulga yuz tutadi.

Shu boisdan eng mukammal din bo’lmish Islom oilaning pokligi, kamoloti, osoyishtaligiga hamisha katta e’tibor bilan qarab keladi. Oilaning bosh hujjati sanalmish nikohni inson munosabatlari ichida eng muqaddas aloqa, deb hisoblaydi. Nikohsiz aslo oila bo’la olmasligini qayta-qayta ta’kidlaydi. Nikoh – Allohning amri bilan, Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari bilan, mo’min-musulmonlarning guvohligida bog’lanadigan aqd bo’lgani uchun muqaddas sanalgan.

Nikoh aqdi bog’langach, ikki yosh birga yangi hayotga qadam qo’yib birga yashay boshlaydilar. Tangri taolo nasib qilib farzand ko’rsalar uni aqlli, fahmu farosatli, komil inson bo’lishini har ikki yosh xohlaydilar.

Farzand inson qalbidagi eng oliy maqsadlaridan biri bo’lib, ota-onalar o’z hayotlarini shular orqali davom ettiradilar. Arab shoirlaridan biri Ahnaf ibn Qays: “Farzandlar qalblarimiz mevasi, bellarimiz tayanchidir. Biz ularga yurishlari uchun zamin va soyabon osmondirmiz”,- deydi.

Haq taolo o’zining muqaddas kalomida:

“Mol-mulk, bola-chaqa shu hayoti dunyo ziynatidir. Parvardigoringiz nazdida esa (abadiy) qolguvchi yaxshi amallar savobliroqdir va orzuliroqdir (orzu qilishga arzirliroqdir), deb marhamat qiladi. (Kahf surasi, 46-oyat)

Bu borada payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadisi shariflarida farzand qadrini ko’tarib: “Go’daklar Allohning rayhonidir” - deganlar. Hazrati Fotima onamiz tug’ilganlarida Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu rayhonni Alloh hidlab turishim uchun rizq qilib berdi”,-deganlar.

Darhaqiqat, farzand hayot quvonchi hisoblanadi. Uni jajjiligida ko’rib ko’zlar quvonadi, ulg’aygach uning ko’magidan bahramand bo’linadi, bizlar olamdan o’tgach, ortimizdan qolib duoi hayrlar qilishadi.

Albatta, bu orzu istaklarimizni amalga oshirish uchun esa farzand tarbiyasi muhim o’rin tutadi. Shariati Islomiyada bunga alohida e’tibor beriladi.

Olamlarning boshqaruvchisi Alloh taolo o’zining kalomida bu borada tegishli pandu nasihatlar qilib oyatlar nozil qilgan bo’lsa, u zotning elchisi Payg’ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam o’z hadisi shariflarida marhamat qilib, uni hayotga ijro etib berdilar.

Ularning chiroyli tarbiya ko’rishlari ortidan ota-onalariga rahmatlar kelib turadi. Oxirat kunida ham ota-onasi farzandining javobgarligidan xalos bo’ladi.

Farzandga tarbiya berish eng avvalo oiladan boshlanadi. Ma’nan yuksak, go’zal xulqqa ega ota-onalarning farzandlari ham go’zal tarbiyali bo’ladi.

Abdug’ani TOShPO’LATOV, «Yunusobod» jome masjidi imom-xatibi
Mehrob.uz

KO`P O`QILGANLAR