Juma kunining sunnat va odoblari
Allox taoloning yaratgan kunlarning eng afzali juma kunidur. U kuning ulug’ fazilatlari bor bo’lib, quydagicha sunnat va odoblarga taqsimlanadi.

1) G’usl qilish: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar: “Juma kuni g’usl qilish har bir balog’atga etgan kishining burchidir”

(Imom Buxoriy (879) rivoyati)

2) Poklanish: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar: “Kim juma kuni g’usl qilsa, qo’lidan kelganicha poklansa, sochini yog’lasa, uyidagi atirdan sepsa, so’ng masjidaga borib, odamlar orasidan hatlab o’tmasa, so’ng istaganicha nafl o’qisa, so’ng imom xutba qilayotganida jim turib tinglasa, albatta Alloh taolo uning kelasi jumagacha bo’lgan gunohlarini kechiradi”

(Imom Buxoriy (883) rivoyati).

Bu muborak hadisda juma kuni g’usl qilish bilan birga poklanish ham zikr qilindi. Mazkur xadisda shunday ta’lim olishlik kelib chiqadiki, hadisda zikr qilingan poklanishdan maqsad faqat g’usl qilish emas, balki boshqa ruxiy va ma’naviy jixatdan kelib chiqadigan ishlarni ham qilish ekan. Shunga binoan, juma kuni avrat va qo’ltiq tuklarini tozalash, tirnoqlarni olish hamda mo’ylabni qisqartirish juma kunining odoblaridan sanaladi.

Ba’zilar poklanish niyatida juma kuni soqolini ham qirtichlab oladi. Lekin bu juda ham katta xato.

Shuningdek, Ayrim oyog’i hidlanadigan kishilar doimo, xususan, juma kuni imkon qadar shu ishning oldini olishga harakat qilishlari maqsadga muvofiq bo’ladi; Chunki namozgox masjidga borganda namozxondan noqulay xidlar chiqmasligi kerak va boshqa namozxonlarga ham oyoq xididan ozorlanlirmasliklari kerak

3) Atir sepish: jumaga borganda odamlarga turli xil yoqimsiz hidlar bilan ozor bermaslik uchun atir sepish shu kunning sunnatlaridan sanaladi;

4) Eng chiroyli kiyimlarni kiyish va sochni yog’lash: musulmon kishi juma namoziga borganda faqat qalbi emas, balki tashqi ko’rinishlari ham go’zal bo’lishi lozim. Shuning uchun juma namoziga borishdan oldin eng chiroyli kiyimlaringizni kiyishingiz va agar sochingiz uzun bo’lsa, soch uchun ishlatiladigan maxsus yog’lar yordamida sochingizni tartibga keltirib olishingiz ham sunnatdir;

5) Misvok ishlatish yoxud tishni yuvish: Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisdaRasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Agar ummatimga mashaqqat bo’lmaganida, men ularni har namozdan oldin misvok ishlatishga buyurgan bo’lardim” – deganlar

(Imom Buxoriy (887) rivoyati);

6) Yuqoridagi hadisda aytilgan savobga erishish uchun masjidga borgandan so’ng odamlar orasidan hatlab o’tmaslik kerakligi aytib o’tildi. Chunki bu ish o’tirganlarda sizga nisbatan nafrat uyg’otadi;

7) Kahf surasini o’qish: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar: “Kim juma kuni Kahf surasini o’qisa kelasi jumagacha undan nur taralib turadi”

(Bayhaqiy “Sunanul kubro”da (5996) rivoyat qilgan, bu hadisni shayx Alboniy rohimahulloh sahih degan);

8) Ko’p duo qilish: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Juma kuni shunday bir vaqt borki, musulmon kishi shu vaqtda namoz o’qib, Allohdan so’rab duo qilib tursa, albatta Alloh unga so’ragan narsasini beradi” – deganlar va qo’llari bilan bu vaqtning juda ham qisqaligiga ishora qilganlar (Muslim (1926) rivoyati).

Biroq hadisda bu vaqt qachon ekani aniq aytilmagan. Shu vaqtga to’g’ri kelib qolish niyatida juma kuni vaqtingizni hech ham bekorchi narsalarga sarflamay, doim duoda bo’lishingiz maqsadga muvofiq bo’ladi;

9) Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga imkon qadar ko’p salovat aytish: bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Menga juma kuni ko’p salavot aytinglar. Chunki menga har juma ummatimning menga aytgan salavoti ko’rsatiladi. Kim menga ko’p salavot aytgan bo’lsa, (qiyomatda) menga eng yaqinlardan bo’ladi” – deganlar

(Bayhaqiy “Sunanul kubro”da (5791) rivoyat qilgan);

10) Boshqa kunlar qolib, juma kuni ro’za tutmaslik: bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar: “Hech kim juma kuni ro’za tutmasin. Biroq undan bir kun oldin ham yoki bir kun keyin ham ro’za tutsa unda mustasnodir” (Buxoriy (1985)

O. Rasulov, Marxamat tumani faoliyatidagi “Bozor boshi” jome’ masjidi imom-xatibi
Mehrob.uz