Urganch yog’ zavodi urushdan oldingi va keyingi yillarda
Ikkinchi jahon urushigacha o’tgan besh yilliklar davrida zavod nafaqat Urganch shahrida, balki viloyatdagi barcha sanoat korxonalari orasida birinchilikni qo’ldan bermay keldi

U Toshkent va hozirgi Sankt-Peterburgdagi mashinasozlik zavodlari bilan hamkorlikda yangi ishlab chiqarish liniyalarini ishga soldi, yosh ishchi-kadrlar o’quv-seminarini tashkil etdi, ilg’orlarni rag’batlantirdi. Eng muhimi ikki tsilindrli “Pompud” tipidagi 250 ot kuchiga ega bo’lgan bug’ bilan ishlaydigan qozon o’rnatildi. Natijada bir sutkada 3820 kg. oqlanmagan yog’, 3334 kg. rafinatsiyalangan yog’, 500 kg. sovun ishlab chiqarishga erishildi. Bu 1930 yildagiga nisbatan deyarlik ikki barobar ziyod degani.

1935-1936 yillar zavod jamoasi uchun katta ko’tarinkilik yillari bo’ldi. Shu yil korxonada staxanovchilik harakati keng quloch yoydi. Ishchilar bir smenada ikki norma bajarish musobaqasiga qo’shildilar. Rahim Xudoyberganov boshliq yog’-moy (juvoz) tsexidan 30 kishi staxanovchilik harakatiga qo’shilib mehnat unumdorligini 20 foiz oshirishga muvaffiq bo’ldilar. Korxona ishchilari boshlagan staxanovchilik harakatiga birinchi bo’lib Urganch tikuvchilik fabrikasi jamoasi ham qo’shildi.

1936 yil 8 fevral kuni zavod jamoasi sobiq mamlakat oziq-ovqat xalq komissarlar kengashining raisi I.Mikoyan imzo chekkan tabrik telegrammasini oldi. Telegramma “Xorazm haqiqati” gazetasida chop etildi va u viloyatdagi barcha ishchi-xizmatchilar, paxtakor dehqonlar o’rtasida o’qib eshittirildi.

Viloyat dehqonlari paxta hosildorligini yanada oshirish, paxta tozalash sanoati xodimlari uning bir grammini ham nobud etmay Toshkent, Ivanovo, Moskvadagi tikuvchilik, to’quvchilik fabrikalariga jo’natish, “Krasniy Oktyabr” zavodi jamoasi esa qabul qilib olingan chigitni tayyor mahsulotga aylantirib, mamlakat iste’molchilariga muntazam etkazib turish majburiyatini oldilar.

O’tkazilayotgan siyosiy-tarbiyaviy tadbirlar o’z samarasini berdi. Zavod har sutkada 146,5 tonna o’rniga 160,4 tonna chigitni qayta ishladi.

Shuningdek, Bobojon Odamov, Qo’shoq Otajonov boshliq smena normasini 280-290 foizga etkazib bajardilar.

1937 yilda staxanovchilik harakatiga qo’shilganlar soni 60 kishiga etdi. Ortiq Bekchonov, Qurbonboy Hasanov, Husayin Avazmetov, Nurumboy Otajonovlarning fotosuratlari “Hurmat taxtasi”dan joy oldi.

1938-1940 yillarda zavodning ishlab chiqarish quvvatlari yanada oshdi. “Shuxov” tipidagi 400 ot kuchiga ega bo’lgan dastgohlar o’rnatildi. Natijada mehnat unumdorligi 125 % ko’tarilib ishchi-xizmatchilarning oylik maoshlari o’stirildi.

1939 yil 1 sentyabrda boshlangan Ikkinchi jahon urushi 1941 yil 22 iyundan haqiqiy tus oldi. Shu bilan tinch ijodiy mehnat va turmush tarzi buzildi. Mamlakatning hamma joylarida bo’lgani kabi 26 iyun kuni urushni qoralab miting o’tkazildi. Miting: “Hamma narsa front uchun, biz g’alaba qilamiz” shiori ostida o’tdi. Korxona jamoasi bir jon, bir tan bo’lib front uchun yanada yaxshiroq ishlashga qasamyod etdilar. Ko’ngilli bo’lib frontga jo’namoqchi bo’lganlarga oq yo’l tilandi. Shu kundan boshlab korxonada 10 soatlik majburiy ish kuni, zarur paytda 2-3 smena ishlashga o’tish mumkinligi e’lon etildi.

Shu tariqa Urganch yog’ zavodi jamoasi urush davridagi barcha qiyinchiliklarni hushyorlik bilan engib, ishda temir intizom o’rnatib, yuksak fidoyilik ko’rsatib ishlay boshladi. Barcha uchastka va tsexlarda urushga ketgan erkaklar o’rnini xotin-qizlar egalladilar.

Urushning birinchi va ikkinchi yilida ishlab chiqarish ko’rsatkichlari 25-30 foizga kamaysa ham Vatan himoyachilari va qamalda qolgan jabrdiydalarga o’n ming tonnadan ziyod turli mahsulotlar jo’natildi.

Urush yillarida zavod jamoasi ishlab chiqarish brigadalari o’rtasida musobaqalarni qizitib yubordi. 1943 yilda zavodning birinchi brigada ishchilari g’olib bo’lib, planni 103,8 foizga bajardilar. Eng yuqori muvaffaqiyatlarga yog’ juvoz va sovun pishirish tsexlari ishchilari erishdilar.

Urushga ketganlarning bir qismi zavodga qaytib keldilar. Ular orasida orden va medallarga sazovor bo’lganlar Sodiq Ibodullaev, Safo Jumaniyozov, Aleksey Churlikin, Semyon Kuznetsov, Yakfar Mazitov, Viktor Kuznetsov, Viktor Salumin, Sotim Nurmatov, Abdulla Abdurahmonov, I.Popolitov, M.I. Kravtsov, Qodir Annamuratov va boshqalar bor edi.

Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari

1948 yilda yalpi mahsulot ishlab chiqarish hajmi 1924 yilga nisbatan 6 martaga ko’paydi. Shuningdek, 1948 yilda sovun ishlab chiqarish ham 1928 yilga nisbatan 3 barobar ko’paygan edi.

Urganch yog’ zavodi jamoasiga o’z ishini biladigan kadrlar rahbarlik qilganligi va ishlab chiqarish kuchlaridan oqilona foydalanish uchun ishchi-texnik mutaxassislari etarlicha jalb etilganligi natijasida yuksak yutuqlar ko’lga kiritildi.

Urushdan keyingi yillarda yog’ zavodi tsexlaridagi eski texnikalar yuqori unumli, zamonaviy uskunalar bilan almashtirilib mehnat unumdorligi yanada oshirildi.

1952 yilda quvvati 900 ot kuchiga ega bo’lgan, isitish maydoni 117 m2 bo’lgan Chexiyaning “Grass” rusumli ikkita lokomobili qurilib foydalanishga topshirildi.

1954 yilda zavodning tayyorlov tsexida ta’mirlash ishlari boshlandi. Tsexni ta’mirlash 2 bosqichda olib borildi. Birinchi bosqicha quvvati 1000 kVt bo’lgan bug’ turbinasi bug’ qozoni bilan o’rnatildi. Ikkinchi bosqichda “Litner” va “Gartman” tipidagi beshta bug’ qozonlari o’rnatildi. Ushbu tadbirlarni amalga oshirishda zavod direktori E.F.Demakov, bosh muhandis V.I. Devyatkin, bosh mexanik N.M.Sanjarovskiylarning xizmatlari katta bo’ldi.

Issiqlik manbai tsexining bo’shagan qismida qo’shimcha moy-juvoz tsexi tashkil qilindi va u 1956 yilda ishga tushirildi. Natijada zavodda mehnat unumdorligi ko’tarildi, ishlash sharoiti yaxshilandi, yog’ ishlab chiqarish uzliksiz ravishda tashkil qilindi, mashina va texnikalarning bekor turib qolishiga aslo yo’l qo’yilmadi.

Zavodning urug’lik xo’jaligida qo’l mehnati hajmini kamaytirish, ishlarni mexanizatsiyalashtirish maqsadida 1956 yilda jami beshta, uzunligi 45 metrlik transporterlar o’rnatildi. Natijada yiliga 2376 so’m tejab qolinadigan bo’ldi.

Korxona injener-texnik xodimlari, ishchilari olib borgan fidokorona mehnat va tsexlarni qayta jihozlash hamda ta’mirlash ishlari evaziga 1955 yili rejalar muddatidan oldin 103,2 foizga bajarilib, qo’shimcha 252 tonna qora yog’, 1067 tonna rafinatsiya yog’i, 43 tonna xo’jalik sovuni ko’p ishlab chiqarilgan. Bundan tashqari, tabiiy yo’qolish hisobiga 41 tonna yog’ tejab qolingan, mehnat unumdorligi 6,5 foizga oshgan. 1956 yilgi yalpi mahsulot ishlab chiqarish hajmi 102,6 foizga bajarildi.

Korxonada 18 ta ratsionalizatorlik takliflari ishlab chiqarishga tadbiq qilinganligi sababli 69 ming so’m iqtisodiy samara ko’rildi va yalpi mahsulot ishlab chiqarish plani 107 foizga bajarildi. Bu davrda zavodga I.T.Sorokin direktor etib tayinlandi. Uning rahbarligida injener-texnik xodimlar, ishchi brigadalar, tsexlar o’rtasida musobaqa tashkil qilinib, g’oliblar mukofotlandi.

Ishlab chiqarish planlarini oshirib bajargan va ratsionalizatorlik taklifi bilan chiqqan ishchilar moddiy rag’batlantirilib borildi. Natijada 1958 yilning yalpi mahsulot ishlab chiqarish hajmi 434 ming so’mga oshdi va plandan tashqari 283 tonna qora yog’, 123 tonna xo’jalik sovuni va 273 tonna sheluxa ko’p ishlab chiqarildi.

Ishlab chiqarishga yangi texnikalarning joriy qilinganligi evaziga mehnat unumdorligi 123,3 foizga oshdi va zavodda planlashtirilgan tashkiliy-texnikaviy tadbirdagi ishlarning amalda bajarilganligi sababli 64 ishchining qo’l mehnatini mexanizatsiyalashtirishga erishildi.

1957 yilda zavodda rejadagi 40 ishchi o’rniga 56 nafar ishchining malakasi oshirildi. Yakka tartibda o’qitib olish bo’yicha 12 yosh oliy va o’rta maxsus bilim yurtlariga jo’natilib, stipendiya bilan ta’minlanadigan bo’ldi.

1957 yilda moyjuvoz tsexi qayta rekonstruktsiya etilib 14 moyjuvoz uskunalari o’rnatilib ishga tushirildi. Natijada zavod 11 092 tonna qora yog’, 9228 tonna oqlangan iste’mol yog’i va 1507 tonna xo’jalik sovuni ishlab chiqarishga muvaffaq bo’ldi.

Respublika hukumati 1960 yil dekabrida Urganch yog’ zavodida oqlangan iste’mol yog’i (rafmaslo) ishlab chiqarishni keskin ko’paytirish yuzasidan maxsus qaror qabul qildi. Natijada yog’ni oqlash (rafinatsiya) tsexi 1962 yilda ishga tushirildi.

Urganch yog’ zavodining sovun pishirish tsexi bo’limida sutkasida 33 tonna qora yog’ni ishlab chiqaradigan sig’imi 10 m3 bo’lgan ikkita neytralizatsiya qiladigan yuqori unumli uskuna o’rnatilib, yog’ oqlash tsexi 1962 yilning oxirida ishga tushirildi. Tsexning quvvati sutkasiga 60 tonna o’simlik yog’ini qayta ishlab, yog’ni filtrlash, quritish va yuvish ishlari amalga oshirila boshlandi. Natijada 1963 yilda korxonada qo’shimcha 30 tonna yog’ iqtisod qilinib mehnat unumdorligi 8,5 foizga o’sganligi hujjatlarda qayd etildi.

Zavodda ish 3 smenada tashkil qilinib yillik ishlab chiqarish plani muddatidan oldin bajarildi. Plandan tashqari 100 tonna o’simlik yog’i va o’nlab tonna sheluxa, kunjara, sovun kabi mahsulotlar ishlab chiqarildi.

1959 yilda yalpi ishlab chiqarish plani oshirib bajarilib, 84319 tonna chigit qayta ishlandi, plandan tashqari 1276 tonna qora yog’, 430 tonna oqlangan yog’, 3710 tonna sheluxa, 2 tonna xo’jalik sovuni ishlab chiqarildi. Moyjuvoz tsexidagi quvvatlardan foydalanish 5,8 foizga, zavodda mehnat unumdorligi 6,8 foizga oshgan. Kadrlarni tayyorlashga katta e’tibor berilgan. Zavod ishchi-xodimlaridan 92 ishchining texnik malakasi oshirildi, 6 xodim yakka tartibda o’qitilib, 27 odamning malakasi oshirildi.

Zavodda 1959 yilda yog’ni oqlash tsexidagi soapstok sig’imli maxsus idish o’rniga 2 marta katta bo’lgan shunday bak o’rnatildi. Sovun tsexidagi shtamplash uskunasini 2 kanalda avtomatik ravishda ishlashi tashkil qilindi. Yog’ni oqlash tsexida emulsion ustanovka ishga tushirilishi natijasida oqlangan yog’ ishlab chiqarish 0,5 foizga oshgan. Zavod tsexlarida xom ashyo materiallari ishlab chiqarish, tovarlarni yuklash-tushirish ishlari mexanizatsiyalashtirildi. Moyjuvoz tsexiga qimmatbaho nasos o’rnatilib yig’iluvchi bakni yog’dan tozalash mexanizatsiyalashtirildi. Natijada ishchilarning ish sharoitlari ancha yaxshilandi.

© K.Nurjonov. “Xorazm sanoatining to’ng’ichi”