Turkmanistonlik mehmonlar Xorazmda bo’ldi
Turkmaniston Respublikasining Dashoguz viloyati delegatsiyasi Xorazmga tashrif buyurdi.

Dashoguz viloyati hokimi M.Bayramguliev boshchiligidagi mehmonlar dastlab Shovot tumanidagi "Katqal’aTeks” korxonasi faoliyati bilan tanishdilar. Korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar, bu erdagi ishlab chiqarish jarayonlari ularda katta qiziish uyg’otdi.

Shundan so’ng, Dashoguz va Xorazm viloyatlari hokimlari boshchiligida har ikkala viloyatning xalq xo’jaligi, madaniyat va san’at namoyandalarining uchrashuvi tashkil etildi. Yig’ilishda ikki viloyat o’rtasidagi savdo-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy sohalardagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Xorazm viloyat iqtisodiyot boshqarmasi boshlig’i J.Avezov viloyat iqtisodiyot tarmoqlarining bugungi holati, kelgusi taraqqiyot rejalari haqida mehmonlarga atroflicha ma’lumot berdi va turkmanistonlik tadbirkorlarni hamkorlikka chorladi.

Shuningdek, Urganch shahridagi «Yoshlik» sport majmuasida sport bilan shug’ullanish uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar. Keyin Xonqa tumanida joylashgan qoramol va parrandalar uchun ozuqa ishlab chiqarishga mo’ljallangan «Feedgran» korxonasini borib ko’rildi. Delegatsiya a’zolari Hazorasp tumanidagi "GM Uzbekistan” aktsiyadorlik jamiyatining Xorazm filiali faoliyati bilan ham tanishdilar.

Kunning ikkinchi yarmida mehmonlar qadim va navqiron Xiva shahrini, jumladan, «Nurullaboy» va «Ichonkal’a» yodgorlik majmualarini ham ziyorat qilishdi. Shu bilan Dashoguz viloyati delegatsiyasining Xorazm viloyatiga tashrifi nihoyasiga etdi.

Ma’ruf Mangliev xorazm.uz