Prezidentlar Xivadagi tarixiy obidalarni tomosha qildi
O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov “Ichan qal’a”ni tomosha qildi.

Ma’lumki, “Ichan qal’a”da xalqimizning me’morchilik an’analari o’z holicha saqlanib qolgan. Ajdodlarimizning turmush tarzi, hunarmandligi, san’ati va madaniyati o’z ifodasini topgan. Ochiq osmon ostidagi muzey deya e’tirof etiladigan bu qadimiy qal’a YuNESKOning Jahon madaniy merosi ro’yxatiga kiritilgan.

Oliy martabali mehmonga ushbu qadamjolar tarixi, bu erda sayyohlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so’zlab berildi.

Davlat rahbarlari Pahlavon Mahmud maqbarasini ziyorat qildi. Qur’on tilovat qilindi.

Prezidentlar buyuk turkman shoiri Maxtumquli tahsil olgan Sherg’ozixon madrasasini ham kirib ko’rdi.

Shavkat Mirziyoev va Gurbanguli Berdimuhamedov “Ichan qal’a” yaqinidagi Nurillaboy tarixiy majmuasini tomosha qildi.

Ushbu qadimiy saroy O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 19 maydagi qaroriga muvofiq rekonstruktsiya va restavratsiya qilingan. Badiiy galereya, qabullar uyi, amfiteatr, hunarmandlar markazi, milliy oshxona barpo etilgan.

Turkmaniston Prezidenti ajdodlarimizning bunyodkorlik zakosi, ularni asrab-avaylash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berdi.

manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti