Buxoro xonligi (keyinchalik amirligi) o‘zining butun mavjudligi davomida (1533-1920 yillar) jami o‘ttizga yaqin xon va amir ko‘rgan bo‘lsa, Xiva xonligida deyarli bir asrda (1695-1804 yillarda) 37 marta xon almashgan. Bu davrda Xiva xonligi taxti uchun kurashga Buxoro xonligi, Eron, turkmanlar, qozoqlar ham aralashgan edi. Natijada xonlikda shunday tartibsizlik paydo bo‘ldiki, tarix hatto yarim kunlik xonlarni ham ko‘radi. Aholi qashshoqlashadi, shaharlar vayronaga aylanadi.
Xonlikdagi vaziyat
Xiva xonligiga 1511-1512 yillarda asos solingan. Bu xonlikka ham Buxoro xonligi bilan bo‘lgani kabi Jo‘jining beshinchi o‘g‘li Shaybon avlodlari poydevor qo‘yadi. Biroq Xorazm shayboniylari va Buxoro shayboniylari o‘rtasida sulolaviy qonli nizo mavjud edi. Xivaning birinchi hukmdori Elbarsxonning otasi Berke sulton Shayboniyxon tomonidan Dashti Qipchoq taxti uchun kurashda o‘ldirilgandi.
Shu bois, bu ikki o‘zbek xonligi o‘zaro dushman bo‘lib, ko‘pincha urush holatida bo‘lgan. Dastlab Ubaydullaxon I, so‘ngra Abdullaxon II Xivani Buxoroga bo‘ysundiradi.
Ubaydullaxon 1537 yilda Xorazmga qo‘shin tortib, Elbarsxonning beshinchi o‘g‘li Avaneshxonni mag‘lub etadi va uni qatl qiladi. Ikki yildan so‘ng Avaneshxonning avlodlari ko‘chmanchi turkmanlar yordamida buxoroliklarni Xivadan haydab chiqarishga erishadi.
1593 yilda Abdullaxon II bir necha yurishlardan so‘ng Xorazmni egallab oladi. Xiva xoni Hojimxon Eronga, shoh Abbos huzuriga qochib ketadi. Abdullaxon II vafot etgach, Hojimxon Erondan qaytadi va yana Xiva xonligi mustaqilligini tiklaydi.
Xonlikning Buxoro tomonidan ikki bor zabt etilishi xonlar nufuziga ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi. Ichki kurash kuchayadi. Markaziy hokimiyat esa kuchsizlanadi.
Hojimxonning o‘g‘li Arab Muhammadxon davrida Xivada siyosiy beqarorlik boshlanadi. 1621 yilda xonning ikki o‘g‘li otasiga qarshi isyon ko‘taradi. Arab Muhammadxon yengiladi va nopok o‘g‘illar otasining ko‘ziga mil torttirib, keyinroq qatl qildiradi. Bu vaqtda xonning boshqa o‘g‘illari – Asfandiyorxon Eronga, Abulg‘ozi Bahodirxon Buxoroga qochgandi.
Otasi halok bo‘lganini eshitgach Asfandiyorxon turkmanlar yordamida Xivaga hujum boshlaydi. U muvaffaqiyatga erishadi va otasining qotili bo‘lgan ikki inisini qatl ettiradi.
Taxtni turkmanlar yordamida egallagan Asfandiyorxon davrida turkmanlarning xonlikdagi obro‘yi oshadi va o‘zbeklar bilan ziddiyat kuchayadi. Natijada o‘zbeklarning katta qismida Asfandiyorxonga qarshi kayfiyat shakllanadi. Oxir-oqibat ular xonning ukasi, Abulg‘ozi Bahodirxonni Qalmoq xonligidan chaqirib oladi va uni Asfandiyorxon vafotidan so‘ng taxtga o‘tqazadi.
Abulg‘ozi Bahodirxon va uning o‘g‘li Anushaxon davrida Buxoro bilan urushlar ko‘payadi. Abulg‘ozixon va Buxoro xoni Abdulazizxon o‘rtasida tuzilgan tinchlik shartnomasi Anushaxon tomonidan buziladi. U Buxoro xonligiga katta yurish qilib, Samarqandni egallaydi. Buxoro xonligi shaharlarini talon-toroj qiladi.
Biroq 1685 yil G‘ijduvon yaqinida jiddiy mag‘lubiyatga uchraydi. Aynan mana shu voqeadan keyin Xivada haqiqiy beqarorlik, «xonlar o‘yini» boshlanib ketadi.
«Xonlar o‘yini» yoki «xonbozi»
Anushaxon Buxorodan Xivaga qaytgach, Buxoro xoni Subhonqulixon tomonidan tuzilgan Xiva saroyidagi fitnachilar guruhi fitnasi qurboni bo‘ladi. Bu fitnada uning o‘g‘li Ernak (Arangxon) ham ishtirok etadi. Anushaxon 1686 yilda taxtdan tushirilib, ko‘ziga mil tortiladi. Uning o‘rniga o‘g‘li Xudoydodxon taxtga o‘tqaziladi. Biroq tez orada u ham o‘ldirilib, inisi Arangxon taxtga chiqadi. Lekin Arangxon ham 1688 yil o‘ldiriladi.
Shundan so‘ng yana ikki xon (Jo‘ji sulton va Valixon) taxtga o‘tqazilib, o‘ldiriladi. Va nihoyat Xiva xonligi taxtini Subhonqulixon tomonidan tayinlangan noib Shohniyoz egallaydi.
Rossiya imperatori Pyotr Iʼga Xivani o‘z vassalligiga olishni so‘rab xat yozgan Shohniyoz hukmronligi ham uzoq davom etmaydi. Subhonqulixon 1702 yilda vafot etishi bilanoq Shohniyoz ham Xiva taxtidan tushiriladi. 1702 yildan 1715 yilgacha bo‘lgan muddatda yana besh nafar xon (Shohbaxt, Sayid Ali, Muso, Yodgorxon va Eshim Sulton) almashadi.
Xonlarning tez-tez almashinuvi va o‘z kuchiga ega bo‘lmasligi viloyat hokimlari va qabila boshliqlarining markaziy hokimiyatdan mustaqilligi kuchayishiga olib keladi. Xiva xonligida bir vaqtning o‘zida bir necha kishini xon deb e’lon qilish boshlanadi. Mamlakat butunlay tartibsizlik ichida qoladi. Bir tomondan o‘zbek, boshqa tomondan turkman qabilalari ta’siri kuchayadi. Qo‘shimchasiga qozoqlar ham xonlik ishlariga aralasha boshlaydi.
Shunday bo‘lsa-da, Xiva xoni Sherg‘ozixon 1714-1717 yillarda xonlikka kirib kelgan Aleksandr Bekovich-Cherkassiy boshliq Rossiya harbiy ekspeditsiyasini tor-mor qilishga erishadi. Bu voqea Rossiyaning Markaziy Osiyoga bosqinchilik yurishlarini kechiktirishiga sabab bo‘ladi.
1728 yilda Xivadagi qullar qo‘zg‘oloni oqibatida Sherg‘ozixon va uning mulozimlari qatl qilinadi. Taxtga qozoq xoni qarindoshi bo‘lgan yosh xon o‘tqaziladi. Biroq juma kuni ertalab taxtga o‘tqazilgan xon, juma namoziga borayotib, yo‘lda otdan yiqilib halok bo‘ladi. Shu sabab ham unga Sari Ayg‘irxon deb nom berishadi.
Shubhasiz, xonning otdan yiqilishi oldindan uyushtirilgan fitna edi. Shundan so‘ng Xiva xonligi taxtiga boshqa bir qozoq sultoni Elbarsxon o‘tiradi.
Elbarsxon davrida ham o‘zbeklar va turkmanlar bilan kurash to‘xtamaydi. Elbarsxonning o‘zi 1740 yilda Eron shohi Nodirshoh bilan jangda halok bo‘ladi. Xiva taxtiga boshqa qozoq sultonlari — Tohirxon va Abulxayrxon o‘tqaziladi. Biroq Abulxayrxon Nodirshohdan qo‘rqib qochib ketadi (jami 6 kun xonlik qiladi). Xiva Eron qo‘shini tomonidan bosib olinadi.
Tez orada Orolbo‘yi o‘zbeklari Abulxayrxonning o‘g‘li Nurali boshchiligida mustaqillik uchun kurash boshlaydi va 1741 yili eronliklarni Xorazmdan haydab chiqaradi. Taxtga Nurali o‘tiradi.
Lekin Nuralixon real kuchga emas edi. Eronliklar Marvda Elbarsxonning o‘g‘li Abu Muhammadxonni Xiva xoni deb e’lon qiladi. Nodirshohning o‘g‘li Nasrullo 1741 yildayoq Xivaga yurish qiladi hamda Nurali va uning tarafdorlaridan Xivani tortib oladi. Taxtga Abulg‘ozixon II o‘tqaziladi.
1746 yil mang‘itlar urug‘i fitnasi sabab Abulg‘ozixon II ham o‘ldiriladi. Nodirshohning ruxsati bilan taxtga Abulxayrxonning ukasi G‘oyibxon o‘tiradi. G‘oyibxon davrida xonlikda qozoqlar ta’siri kuchayadi.
Natijada xonlik o‘zbeklari 1756 yilda qo‘zg‘olon ko‘taradi va G‘oyibxon qozoq dashtlariga qochib ketadi. Hokimiyatni uning ukasi Qoraboyxon egallaydi.
Endi «taxtlar o‘yini»ga Buxoro amiri aralashadi. Buxoro hukmdori Muhammad Rahimxon Xiva taxtiga o‘z odami bo‘lgan Temur G‘ozixonni chiqaradi. Temur G‘ozixon davrida xonlikda qo‘ng‘irot urug‘i ta’siri kuchayadi. Temur G‘ozixon ham 1763 yilda saroy fitnasi qurboni bo‘ladi va Xiva taxtiga yana qozoq sultoni — Tavkaxon o‘tiradi. Ammo u ham bir yildan keyin taxtdan tushiriladi.
1770 yilgacha Xiva taxti uchun Buxoro amirligi, Qozoq xonligi va qo‘ng‘irot sulolasi o‘rtasida shiddatli kurash boradi. 1764-1770 yillar oralig‘ida yana besh nafar xon (Shoh G‘ozixon, Abulg‘ozixon, Nuralixon, Bulakayxon va Jahongirxon) almashadi. 1770 yilda nihoyat qo‘ng‘irot urug‘idan bo‘lgan Muhammad Amin inoq amalda Xiva hukmdorligini qo‘lga kiritadi. Biroq u ham xuddi Buxorodagi mang‘itlar singari chingiz urug‘idan bo‘lmagani bois taxtga qo‘g‘irchoq hukmdorlarni qo‘yishda davom etadi. 1804 yilga qadar yana o‘ndan oshiq xonlar almashtiriladi.
Bu an’ana 1804 yildagina to‘xtatiladi. Muhammad Amin inoqning nevarasi Eltuzar shu yili soxta xon Abulg‘oziy V’ni taxtdan tushiradi va o‘zini xon deb e’lon qiladi. Shu bilan Xivada rasman o‘zbeklarning qo‘ng‘irot urug‘i hukmronligi o‘rnatiladi va bir asrdan oshiqroq vaqt davom etgan «xonlar o‘yini» yakun topadi.
«Xonbozi» sabablari va oqibatlari
Xivadagi «xonlar o‘yini» yoxud «xonbozi» davri shubhasiz xonlikni butunlay og‘ir ahvolga solib qo‘yadi. Xonlikdagi vaziyat shunchalik chigal, tartibsiz ediki, rus qo‘shinini yenggan Sherg‘ozixondek kuchli hukmdor ham bu o‘yinni to‘xtata olmaydi. Aksincha, uning o‘zi ham shu o‘yin qurboniga aylanadi.
«Xonbozi» davrining asosiy sababi Xivada markaziy hokimiyat avvaldan kuchli bo‘lmagani edi. Ya’ni hukmdor o‘zbeklar bir-biri bilan kurashda turkman, qozoqlar yordamidan foydalanadi va o‘z ta’sirini zaiflashtiradi. Xonlar davlatni boshqarishda asosan o‘z urug‘lariga tayanadi.
Qolaversa, Xiva xonlari juda ko‘p urush olib boradi. Ular Buxoro xonligi, ichki Xuroson, Mang‘ishloq yarimoroliga doimiy bosqin uyushtirib turadi. Ayniqsa, Buxoro bilan urushlar xonlikning tinkasini quritadi.
«Xonlar o‘yini»ning boshlanishi ham Anushaxonning Buxoroga yurishi bilan bog‘liq edi. Shu yurishdan so‘ng Subhonqulixon Xivada fitnachi guruh shakllantirdi va Xiva xoni saroyi muhitini buzib yubordi.
Shuningdek, qozoqlar, turkmanlarning doimiy bosqinlari, mang‘itlar, naymanlar va Orolbo‘yi o‘zbeklarining muntazam kurashlari xonlik mustahkamlanishiga yo‘l bermasdi. Xonlar ba’zi davrlarda faqatgina beshta shaharni boshqarar edi, xolos. Xonlikning qolgan qismi amalda mustaqil bo‘lgandi.
XIX asrda qo‘ng‘irotlar tartibni tiklagan bo‘lsa ham, xonlik allaqachon xonavayron bo‘lgandi. To‘xtovsiz urushlar sabab iqtisodiyot izdan chiqqan, savdo-sotiq keskin kamaygan, shaharlar vayronaga aylangandi. Munisning «Firdavs ul-iqbol» asarida yozilishicha, ahvol shu darajada bo‘lganki, Xivada bor-yo‘g‘i 40-50 xonadon qolgan. Tinimsiz urushlardan charchagan aholi xonlikdan ko‘chib ketgan.
Oqibatda butun dunyo jadal rivojlanayotgan vaqtda Xiva xonligi qoloqligicha qolib ketadi. Xonlikda oddiy sug‘orish inshootlari ham buzilib ketgan, aholi katta mashaqqatlar bilan hosil yetishtirardi. Yetishtirilgan hosilni esa soliqchilar olib ketardi. Xonlik uzoq vaqt davomida o‘z puliga ham ega bo‘lmagan. Buxoro yoki Eron tangalaridan foydalangan.
Shunday qilib, shafqatsiz, to‘xtovsiz taxt uchun kurashlar o‘zbek xonligini qoloqlik botqog‘iga botirdi va uning tez orada Rossiya mustamlakasi ostida qolishiga asosiy sabab bo‘ldi.
Muhammadqodir Sobirov
Manbaa: https://kun.uz/