Muhammad Rahimxon II "Feruz"
Muhammad Rahimxon II Sayid Muhammadxonning to’ng’ich o’g’li, 1844 yilda tug’ilgan. Shahzoda yoshligida saroydagi muallimlardan saboq olib, madrasa yoshiga yetganda madrasada o’qigan, turkiy, forsiyda o’qib, yozib, gapirib bilgan. O’smirlik paytlarida mirob, shoir va saroy tarixchisi Muhammad Rizo Erniyozbek o’g’li Ogahiydan saboq olib komil inson bo’lib yetishgan.

Muhammad Rahim to’ra 1864 yil 22 sentyabrda 19 yoshida taxtga o’tirgan.

Xorazm san'atining sayqal topishi, abadiylikka yuz tutishi, bugungi avlodlarga boy va tuganmas xazina sifatida yetib kelishi bevosita Muhammad Rahimxon Feruz nomi bilan chambarchas bog’liq. 1870 yilda Xiva shahrida taxminan 700 dan ortiq mayda hunarmand kosiblarning ustaxonasi bo’lgan. Shu jumladan, shahardagi 54 bo’yoqchilik, 37 ta etikdo’zlik, 33 mahsi-kavushdo’zlik, 16 ta ko’nchilik ustaxonalari xon buyurtmasi va aholining kundalik zaruratini qondirish uchun ishlardi. Shaharda do’konlari bor 200 dan ortiq savdogarlarning 56 nafari baqqollik, 38 tasi bazzozlik, 32 tasi choy va tamakifurushlik, 15 tasi choponfurushlik qilishgan.

Qo’qon xonligi va Buxoro amirligini bosib olgan Rossiya imperiyasi 1873 yilda Xiva xonligini ham bosib oldi. 1873 yildan Amudaryoning o’ng sohillaridagi yerlar Rossiya tasarrufiga o’tkazildi.

Muhammad Rahimxon II ning 37 yillik hukmdorlik davri Rossiyaga qaramlikda o’tdi. Bu davrda Rossiya butun Markaziy Osiyo xonliklarini bosib olgan edi. Shundan keyin xonliklar o’rtasidagi o’zaro urishlar to’xtadi, qullik tizimi tugatildi. Tinchlik bilan davlat ishlarini boshqarish va bunyodkorlik ishlari boshlandi. Xon saroyidan va Xiva shahridan talab olib ketilgan kitoblarning o’rnini to’ldirish maqsadida xon 1874 yilda Xiva shahrida Markaziy Osiyoda birinchilardan bo’lib tosh bosmani ishga tushirdi, Xudoybergan Devonov suratkashlikni mashq qilib, Xivada Markaziy Osiyoda birinchilardan bo’lib foto-kino san'atiga asos soldi, uni Muhammad Rahimxon o’z himoyasiga olib homiylik qildi.
Muhammad Rahimxon davrida qurilgan imoratlardan 30 tadan ziyodi xozirgacha saqlangan. Xon Ko’hna Ark qarshisida 76 hujrali qilib, katta madrasa qurdirdi.

Muhammad Rahimxonning 1898 yil 12 apreldagi farmoni bilan xonlik xududlarida qadimdan qolgan muzeybop buyumlar to’plandi. Xorazm asori-atiqalari 1890 yilda Toshkentda, 1895 yilda Nijniy Novgorodda, butunrossiya ko’rgazmasida, 1900 yilda Parijda, 1904 yilda AQShning Missuriy shtatida o’tgan xalqaro ko’rgazmalarda namoyish qilindi.

1910 yil 16 avgustda xon 66 yoshida dunyodan o’tdi.

KO`P O`QILGANLAR