Abulgʻoziy Bahodirxon
Abulgʻoziy Bahodirxon bir necha yil taxt uchun kurash olib borib, nihoyat 1644 yil Xiva taxtiga o‘tirdi. Abulgʻoziy Bahodirxon markaziy hokimiyatni mustahkamlash uchun kurash olib bordi.

Abulgʻoziy Bahodirxon - shayboniylar sulolasidan, tarixchi va tabib. Abulgʻoziy Bahodirxonning og‘alari Habash sulton va Elbars sulton otalari Arab Muhammadxonni yengib, uni Qum qal’asiga qamadilar. Otasining tarafdorlari bo‘lgan katta og‘asi Asfandiyor Eronga, Abulgʻoziy Bahodirxon esa Buxoroga Imomqulixon huzuriga qochdi. 1623 yilda akasi Asfandiyorxon Xiva taxtini egallagach, Abulgʻoziy Bahodirxon Urganchga hokim qilib tayinlandi.

Lekin Asfandiyorxon bilan o‘rtalarida nizo chiqib, Abulgʻoziy Bahodirxon 1627 yilda qozoq xoni Eshimxon huzuriga qochdi; keyin ikki yil Toshkent hokimi Tursunxon bilan birga bo‘ldi. Ko‘p o‘tmay, turkmanlarning taklifiga binoan u yana Xorazmga qaytdi. Asfandiyor uni Xiva hokimi qilib tayinlashga majbur bo‘ldi.

1629 yilda turkmanlar Eronga tobe bo‘lgan Niso va Durunni bosib oldilar. Asfandiyorxon Eron bilan munosabatlarning tamoman jiddiylashib ketishidan cho‘chib, aybni Abulgʻoziy Bahodirxonga to‘nkadi va uni 1630 yil qishida Eron podshohi huzuriga garov tariqasida yubordi. Abulgʻoziy Bahodirxon shu tariqa 10 yil Eronda, Isfahon yaqinidagi Taborak qal’asida qamoqda yashadi.

1639 yilning yozida u tutqunlikdan qochishga muvaffaq bo‘ldi. Abulgʻoziy Bahodirxon bir necha yil taxt uchun kurash olib borib, nihoyat 1644 yil Xiva taxtiga o‘tirdi. Abulgʻoziy Bahodirxon markaziy hokimiyatni mustahkamlash uchun kurash olib bordi. U 1663 yilda hokimiyatni o‘g‘li Anushaxonga topshirdi. Abulgʻoziy Bahodirxon yirik tarixchi olim sifatida ham e’tiborga sazovor.

Uning "Shajarayi tarokima" va "Shajarayi turk" asarlari O‘zbekiston, umuman O‘rta Osiyo tarixiga oid qimmatli manbalardan hisoblanadi. Abulgʻoziy Bahodirxon tibbiyot ilmiga oid "Manofi’ul inson" ("Insonga foydali narsalar") nomli asar ham yozgan.

KO`P O`QILGANLAR