Asfandiyorxon (Isfandiyorxon) (? - 1643) - Xiva xoni (1623-43), Arab Muhammadxonning o‘g‘li. Eron shohi Abbos I homiyligida, turkmanlar yordami bilan ukasi Elbars (Ilbars) Sultonni taxtdan ag‘darib, 1623 yildan Xivada xonlik taxtiga o‘tirdi.
U turkman zodagonlariga tayanib ish yuritdi. Eron davlati qo‘liga o‘tib qolgan Janubiy Turkmanistonni Xiva xonligiga qo‘shib olishga intildi, ammo 1628 yilda safaviylar qo‘shinidan yengildi. 17 asrning 30-40 yillarida Buxoro va Rossiya savdo karvonlariga zarar yetkazayotgan qalmoqlarga qarshi qattiq kurash olib bordi, qalmoqlarga qarshi ittifoq tuzish maqsadida Moskva bilan muzoqaralar yuritdi.
Arab Muhammadxonni o‘ldirishgani uchun ukalari Habash Sulton bilan Elbars Sultonni qatl etib, ularga yordam bergan Xorazmdagi uyg‘ur va nayman qabilalarining chorva mollarini tortib oldi va ularga qarshi qirg‘in uyushtirdi. Asfandiyorxon davrida tarqoqlik va zulm kuchaydi. Bundan foydalangan yirik mulkdorlar o‘z vakillaridan biri Abulg‘oziyni Asfandiyorxonga qarshi qo‘ydilar.
Natijada 1643 yil Abulg‘oziy xon qilib ko‘tarildi. Xuddi shu yili Asfandiyorxon vafot etdi. Oradan 2 yil o‘tgach, Abulg‘oziy Bahodirxon Xivada taxtga o‘tirdi.