Xorazmshoxlar sulolasi asoschisi Anushtagin haqida tarixiy manbalarda qayd etilgan ma’lumotlar juda muxtasar. Muarrixlar Anushtagin diniy va dunyoviy ilmlardan yaxshi xabardor komil inson, mohir rahbar – tashkilotchi, uzoqni ko’zlovchi diplomat bo’lgani haqda ko’plab qadimiy manbalar asosida shahodat beradilar.
Noyob va mo’’tabar tarixiy asar sanalgan Ibn Al Asrning «Al kamil fit tarix» asarida shunday ta’kidlanadi:
«U xush ahloqli, ko’p fazilatlar sohibi bo’lgan tengi yo’q inson edi. Unga ko’plar maslahat so’rab, o’z ishlari bilan murojaat qilishardi. Shu sababli u yuksalgandan yuksalaverdi va mavqe-martabasi ortib boraverdi»
Anushtagin yoshligida jasur bo’lganligiga tarixiy manbalarda ishoratlar etarli. Ammo u taqdir taqozosi tufayli qilich emas, ilmu iqdidor sabru bardosh bilan Xorazmni mustaqil va ozod ko’rish istagi yo’lida jang olib bordi.
Fidoiy jangchi Yusuf Xorazmiy qismati uning qalbiga uzoqqa cho’ziladigan mashaqqatli kurash rejasini solgan bo’lsa ne ajab?!.
Yusuf Xorazmiy airlikda, o’lim arafasida turgan bir paytda ham yurtini oyoqosti qilmoqqa shaylangan saljuqiy sulton Alp Arslonning ko’kragiga pichoq sanchish imkonini topdi. Ammo Anushaginning maqsadi birgina sultondan qasos olish emas, balki mustamlakachilarning barchasini Xorazm tuprog’idan supurib tashlash edi. Uning bu maqsadi qalbining tub tubiga yashirilganidan deyarli o’zidan darak bermasdi. Shu sababli ham tarixchilar uning bu orzu - umidlariga katta ahamiyat berishmagan.
Alp Arslon vafotidan so’ng otasining o’rniga o’tirgan Malikshoh sulton hovuzlari va hammomlarining xazinachisi ( tashtdori) bo’lgan Anushtaginni qatl etishi yoki o’zidan butkul uzoqda saqlashi uchun, uning faqat xorazmlik bo’lgani etarli edi. Ammo yangi sulton juda nozik va o’zi uchun ishonchli sanalgan katta o’yinlaridan birini boshladi. U yuksak salohiyat soxibi bo’lgan Anushtaginni saroyga, boshqalar o’zini sahovat sohibi deb hisoblaydigan darajada, yaqinlashtirdi. Uni Xorazm shixnasi (raisi) martabasigacha ko’tardi. Albatta xokimiyat ishlariga u aralashtirilmadi.
Shu o’rinda aksariyat muarrixlar va tarixchi olimlar saljukiy sultonlarning xorazmshohlarga nisbatan marhamatli va kechirimli bo’lganligini bevosita va bilvosita ta’kidlashlashga mayl bildrishlarini aytib o’tish maqsadga muvofiq. Ammo, bu yuzaki saxovatning ostida shaxsiy manfaat yotganligiga ular kam e’tibor qaratishadi. Axir hukmdorning marxamati asosan o’z manfaatlari uchun qurilgan bir tuzoq ekanligini tarix qancha ko’rsatgan.
Aslida Malikshoh bir o’q bilan bir emas bir nechta quyonni urmoqchi bo’ldi. Eng iqtidorli dushmanni qo’li bilan boshqa ko’plab g’animlarni tinchitish, unga bobokaloni saljuqdan qolgan meros, eski idora usuli edi. Bu tadbir natijasida Xorazm xazinasi o’z-o’zidan oqib kelaveradi. Halqning g’alayon ko’tarishga imkoni bo’lmaydi, deya ishonchda edi u
Ammo kulidan cho’g’ ketmaydigan Xorazmni, qalbidagi nafrat o’ti so’nmaydigan Anushtaginni bunday amallar bilan yo’ldan ozdirib bo’lmasdi. U hammasiga chidadi. Dinu iymon bu yo’lda unga madadkor bo’ldi. Iymonning yarmi sabr, yarmi shukur, degan oyati karima uning yo’llarini yoritdi. Shu sababli ham ko’zining oqu qorasi Qutbiddin Muhammadni sulton talabiga ko’nib Marvga tutqunlikka kuzatar ekan u o’g’liga astagina shipshidi:
-Unutma qaerda bo’lsang ham xorazmiysan, kim bo’lsang ham xorazmiysan, seni Xorazm anushtaginiy xaloskor sifatida kutadi.
Muarrixlar bunday manzarani tasvirlashgan joyi yo’q. Uni menga xivalik keksa tarixshunos ehtiros bilan hikoya qilib bergan va shunga ishontirgan. Ehtimol, ota va o’g’ilning hayrlashuv holati va gap - so’zlari boshqacharoq bo’lgandir. Ammo oxir - oqibat Qutbiddin Muhammad qaerda bo’lsa ham, kim bo’lsa ham xorazmiyligicha qoldi. U anushtaginiy birinchi xorazmshoh sifatida tarixdan o’z o’rnini egalladi.
Xivalik keksa tarixshunos yana bir voqeani aytib bergan edi. Malikshoh sharobga bo’kib, ko’pchilik oldida beadablik qilgan bir jangchini Amudaryoda cho’ktirmoqchi bo’lgan. Shuda Anushtagin bir mutoyiba bilan uni o’limdan saqlab qolgan ekan.
-Bu badbaht bir daryo sharob ichmagandir. Ichsa bir hovuzcha sharob ichgandir. Shu sababli uni hozircha daryoga cho’ktirmay turaylik, olampanoh, yaxshisi, uni hovuzlarimizdan birida bo’ktiraylik.
Bu gapdan sulton beihtiyor kulib yuborgan va mast kimsaga adab o’rgatishni Anushtaginga topshirgan. Anushtagin oqilona va uzoqni ko’zlab chora-dadbirlar ko’rib, o’zini va halqini ko’p marta halokatdan, judolikdan saqlab qola oldi. Eng muhimi u o’zi uchun ajratilgan tarixiy davrda yurt mustaqilligi uchun puxta zamin hozirladi. U ekkan orzu - umid va ishonch urug’lari xorazmliklar qalbida vatanparvarlik va ihlos niholi bo’lib unib chiqdi. Bu nihollarni uning o’g’li Qutbiddin Muhammad sadoqat daraxtiga aylantirdi.
Ulug’ maqsadlarning ro’yobi uchun to’lanadigan tovon qimmat turadi. Anushtagin o’g’lining xorazmshoh bo’lganligini ko’rishga juda oz qolganda bu dunyoni tark etdi. Ammo xorazmshohlar sulolasining, eng yorqin sulolaning asoschisi sifatida tarixda qoldi.
Sotim Avaz.
O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi