Ibn Al Asirning «Al-Kamil fit tarix» asarida xorazmshoh Qutbaddin Muhammad haqida jumladan shunday so’zlar bitilgan:
«Xorazmshoh umrini o’zi barcha joyda keng yoygan adolatga va hayrli ishlarga bag’ishladi. U doim ilm va din namoyandalarini o’ziga yaqin tutdi. Shu bois shon-shavkati ortib, martabasi yuksalaverdi. Uning hukmdor sifatidagi iqdidori va shijoati namoyon bo’laverdi.»
Akademik Z. Buniyodov Anushtagin xorazmshohlar davlati (1097 - 1231 ) kitobida turli davrlarda yashagan arab va fors muarrixlarining asarlaridagi ma’lumotlarga tayangan holda shunday ta’kidlaydi:
«Qutbaddin Muhammad otasi Anushtagin davrida Xuroson poytaxti Marvda yaxshi ma’rifat olgan, adab va din ilmlarini o’rgangan edi. U Xorazm hukmdori bo’lgach, ulamolarga va din arboblariga homiylik qildi. U har tomonlama iqtidorli odam edi. Olimlar va oriflar uni yaxshi ko’rishar, u ham ularni izzat-hurmat qilar edi. Qutbaddin Muhammad fuqarolarga adolat ko’rgizar, ular ham unga ehtirom, ko’rsatib uni aziz tutar edilar. Aslida anushtaginiy xorazmshohlar sulolasi Qutbaddin Muhammaddan boshlangan».
Xorazmshox Qutbaddin Muhammadning maqsad-muddosi tangri taolo muyassar qilgan Vatanda qudratli davlat, dinu diyonat ustuvor kuchli jamiyat tuzish edi. Uning bu maqsadi esa Xorazmga yaqin xududlarni birlashtirishni, turli halqlarning birgalikda ahil hayot kechirishlarini, buning uchun esa bosqinchilar istibdodidan halos bo’lishni taqozo etardi. U bunga o’zi hukmdorlik qilgan 30 yilga yaqin vaqt davomida turli yo’l va vositalar bilan astoydil intildi. Hatto tangrisini ham unutib (sulton Alp-Arslon kabi) mustamlakachilikka zo’r bergan saljuqiy hukmdorlardan farqli ravishda Qutbaddin Muhammad xaloskorlik va najotkorlik yo’lidan bordi.
Xorazmshoh elu yurt, qo’shni mamlakatlar va halqlar, fuqarolar taqdiriga, kelajagiga bog’liq masalalarni davlat arboblari din, ilm namoyandalari bilan maslahatlashib hal etgani haqida tarixiy manbalarda ma’lumotlar bor. Ayniqsa u ulug’ mutaffakkirlar, avliyolar hamda pirlar madadidan barhamand bo’lgan.
Alisher Navoiyning «Nasoyimul muhabbat» asarida «Imom, olim, orifi rabboniy» deya sharaflangan Xoja Yusuf Xamadoniy, «Barcha foruqning maqbulidurlar» deya zyinatlangan Abduholiq G’ijduvoniy hazratlari shu davrda Samarqandda elning duogo’yi bo’lishgan. Ba’zi manbalarda Xoja hazratlari Xorazmga ham tashrif buyurganligi tilga olinadi.
Xorazmshoh Qutbaddin Muhammad bu Olloh yaqinlarining diydoriga intilgani va ulardan mushkul muammolarni hal etishda madad olganligini tarixiy haqiqatlar tadriji namoyon etadi. Demak, xorazmshoh Yusuf Hamadoniy hazrati bilan uchrashgan va uning duosini olgan bo’lishi tabiiy. Bunga xususan quyidagi voqea ham asos bo’lishi mumkin.
Sulton Sanjar Samarqandga katta qo’shin bilan yurish qilmoqchi bo’lib turganida, Mavoraunnaxr ulamolari va din arboblari Qutbaddin Muhammaddan sultonni bu ra’yidan qaytarishda yordam berishini so’rashgan. Sulton bilan shox o’rtasida qanday muloqot bo’lganligi, xorazmshoh sultonga qanday ta’sirchan so’z aytganligi yolg’iz yaratganning o’ziga ayon. Ammo, u sultonni Samarqandga yurish fikridan qaytara olgan.
Ehtimol, xorazmshoh sultonga ro’yi zamin sayqali bo’lgan, necha-necha avliyolar, jumladan Yusuf Hamadoniy hamda Abduholiq G’ijduvoniy hazratlari qutlug’ nazarlari ila yanada nurafshon va purziyo qilgan Samarqandga yurish qilishning oxir-oqibati umru davlatga ziyon ekanligini anglatgandir.
Xoja Abduholiq G’ijduvoniyning «Maqomoti Yusuf Hamadoniy» asarida Sanjar Ibn Malikshohning Samarqand ulamolariga yuborgan maktubida Shayx Yusuf Hamadoniyning ilmu iqdidoriga tan beriladi. Demak, sulton xorazmshohning da’vati bilan o’z rejasini o’zgartirgan bo’lishi ham haqiqatga yaqin. Har holda, xorazmshoh vositachiligida muqarrar urush havfi bartaraf etilganligi ayni haqiqat.
Qutbaddin Muhammad ko’p jangu jadallarda sulton Sanjarga uning madadisiz ham Xorazmni dushmandan himoya qila olishi mumkinligini ko’rsatgan. Bu bilan u sultonni taxlikaga ham solgan. Qolaversa, o’zi bilan munosabatda adolatsizlik qilish havfli ekanligini ham ko’rsata olgan.
Xorazmga yaqin hududlardagi turli halqlar umumiy g’anim-saljuqiy sultonlarga qarshi kurashda yagona hukmdor va lashkarboshi turishini orzu qilardilar, Qutbaddin Muhammad siymosida ular ana shunday xaloskorga ega bo’ldilar.
Qutbaddin Muhammaddan so’ng Xorazmshoh taxtiga uning o’g’li Aloiddin Muhammad Otsiz o’tirdi. Bu 1056 yilda yuz berdi.
Sotim Avaz.
O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.