El Arslon (vafoti 1172 yil)
El Arslon ilk bora amirlar va lashkarlardan Xorazmga va o’ziga sodiqlikka qasamyod qabul qildi.

Akademik Ziyo Bunyodovning asarida ta’kidlanganidek «Otsizning asosiy maqsadi Xorazmda o’z siyosatini mustahkamlash edi. Uning vorislari maqsadi esa Xorazm davlati erlarini kengaytirish va uning halqaro nufuzini obro’sini ko’tarish bo’ldi. Bu mushkul va hayot-mamot masalasini esa, avvalambor, El Arslon keng yo’lga qo’ydi».

U birinchi navbatda harbiy islohotlarga keng e’tibor qaratdi. Hamisha ham, har joyda ham, o’zining shijoati va sadoqati bilan g’olib bo’lishga qodir va haqli jangavor qo’shinni yaratdi. El Arslonning qo’shini 100 ming va undan ko’proq bo’lganligi tarixiy manbalarda qayd etiladi. Bu raqam borgan sari ortib, qo’shinning yaxlit tizimi mustahkamlandi.

El Arslon ilk bora amirlar va lashkarlardan Xorazmga va o’ziga sodiqlikka qasamyod qabul qildi. Bu ishni oddiy jangchilar, lashkarboshchilar va sarkardalarni bosqichma bosqich qamrab oluvchi jarayon sifatida amalga oshirishni yo’lga qo’ydi.

U o’zining birinchi farmoni bilan sipohiylar maoshi va ularga ajratilgan mulk erlarini ko’paytirdi. Bu davlat ahamiyati nuqtai nazaridan muhim tadbir o’zining samaralarini berdi. El Arslon davrida harbiy qo’shinda xizmat qilish, eng e’tiborli va sharafli, shu bilan birga iqtisodiy jihatdan katta manfaat keltiradigan ishga aylandi. Natijada harbiy qo’shin g’animlarga qarshi kurashda jon-jahdi bilan jangga kirdi.

El Arslon majburiy umumhalq harbiy ta’lim tizimini mustahkamladi. Ulkan shaharlarning, qal’alarning, xususan Gurganjning barcha aholisi askarlikni o’zining ikkinchi muhim kasbi deb bildi. Bu har qanday holatda ham xorazmshohga qisqa fursatda bir necha 10 ming kishilik qo’shin to’plash uchun imkon bergan. Qolaversa, zarur paytlarda, qal’alar va shaharlar ahli o’zini dushmandan himoya qila olgan.

Ko’pgina g’animlar, nodo’stlar El Arslonning harbiy islohotlaridan xabar topib, u bilan kurashda g’alaba qozonish umididan voz kechdilar. Oxir-oqibatda ular ham ittifoqchilarga aylandilar yoki xorazmshohning homiyligi ostida o’zlarini tinch va xotirjam sezishlarini anglab, unga tobe bo’ldilar. Ko’pgina qo’shni mamlakatlar hukmdorlari esa u bilan birlashishni ma’qul ko’rdilar. Halqlar uchun esa xorazmshoh tevaragida jipslashish tinchlik va barqarorlikka kafolat berdi.

Xorazmshohlarning oliy harbiy idorasi «Devonal arz» faoliyati ham El Arslon davrida g’oyatda takomillashtirildi. U askarlarni ro’yxatga olishdan tortib, harbiy amaldorlarning belgilangan moddiy ne’matlarni o’z qo’li ostidagilarga qanday taqsimlashlari, jangavor mahoratni qanday o’stirib borishlarigacha nazorat qilib borgan.

Xorazmshoh lashkar qo’mondonini tayinlash masalasini arkoni davlat bilan maslahatlashib hal etgan. Hatto u qaysi millatdan bo’lishi maqsadga muvofiq ekanligini ham hisobga olgan. Tarixiy manbalarda, El Arslon qo’shin qo’mondoni qilib jangchilarning ko’pchiligi mansub bo’lgan qarluqlardan tayinlagani va uni g’oyat hurmatda tutib, o’z singlisini ham shu qo’mondonga uzatgani haqida ma’lumotlar bor.

Bir qarashda bir-biriga bog’liq bo’lmagan bu ikki ish o’rtasida, bir biriga bog’liq bo’lgan ikki maqsad yotibdi. Xorazmshoh shu davrda kuch-qudrati ortgan, hatto sulton Sanjarning dodini berib, mavqe-e’tiborini oshirishga muvaffaq bo’lgan, qarluqlarga ishonib, ularni o’z panohiga oldi. Qolaversa, ular bilan qarindoshlik rishtalarini bog’lab ko’p vaqtlargacha buzilmaydigan do’stlikni o’rnatdi. El Arslon o’z maqsadini amalga oshirishda, yanglishmadi va qarluqlar ancha vaqt o’z so’zlarida turdilar.

Xorazmshohning harbiy islohotlari saljuqiy sultonlaru Bag’dod halifasini xushyor tortdirdi. Ularning Xorazm davlatiga va xorazmshohga dushmanchilik kayfiyatlari kuchaydi.
Har tamonlama qudratli qo’shinga ega bo’lgan va ko’plab mamlakatlar hukmdorlarining do’stona munosabatlari va hayrihohliklari kafolatini olgan El Arslon sulton bilan halifaga munosabatda keskin burilish yasadi. U sultonga «xizmatkoringiz» yoki «qulingiz» deb imzo chekib noma yo’llashga butkul barham berdi. Buning o’rniga nomaga «samimiy do’stingiz El Arslon» deb imzo cheka boshladi. Bu «do’stlik» ham muvaqqat ekanligini sulton ham, halifa ham his etishardi. Vaqt esa El Arslonga xizmat qila boshladi.

Kuchi ketib borayotgan saljuqiy sultonlar xorazmshohning tole quyoshi bolqib borayotganligiga befarq qarab tura olmasdilar. Shu sababli ular Xorazmga tutash hududlarga hujum qilib, xorazmshohni sinab ko’ra boshlashdi. Ammo El Arslon qo’shini o’zining shijoatkorligi va fidokorligi bilan ularni orqaga uloqtirib tashladi. Ular endi xorazmshohni to’xtatib bo’lmasligini o’z davru-davronlari tugab borayotganligini angladilar. Ayniqsa El Arslon Xurosonni zabt etgandan so’ng, bu haqiqat barchaga ayyon bo’lib qoldi.
Nishopur uchun bo’lgan janlardagi g’alaba, xorazmshox davlatining shonu-shavkatini yuksaltirishda g’oyat muhim ahamiyatga ega bo’ldi. El Arslon Nishopurdan «Ajam va turklar podshohi» degan unvon bilan qaytdi.

1165 yilda El Arslon o’zaro ittifoq tuzgan ikki saljuq xukmdori bilan janga kirishdi va uzil kesil g’alaba qozondi. Natijada saljuqiylar saltanatining Iroq xududidagi erlari ham uning ixtiyoriga o’tdi.

Albatta hamma g’alabalar va muvaffaqiyatlar xorazshoh nomi bilan bog’lansa-da, uning saroyida ko’plab ma’rifatparvar olimlar va oriflar, muarrixlar va shoirlar hizmat qilganligini ham unutmaslik kerak. Davlat yuksalishida ularning hissalari ham katta bo’lgan.

Shu o’rinda Otsizga hizmat qilgan Rashididdin Votvotni yana bir bor tilga olish maqsadga muvofiq. U El Arslonning ko’pgina mushkullarini oson qilgan. Allomaning asarlarida ko’pgina ezgu ishlar tafsilotlari saqlanib qolgan. Shuningdek turli davlatlar rahbarlari bilan, yozishmalar haqida ma’lumotlar beriladi.

Xorazmshoh El Arslon o’z davrida ta’lim-tarbiya masalarariga katta e’tibor qaratib talabchanlik ko’rsatgan. Madrasalarni bir necha bor shaxsan o’zi kuzatib, imomlar va mudarrislar adolatli tanlov asosida tanlab olinishiga katta ahamiyat bergan.

El Arslon faoliyatida harbiy islohotlar ustuvorlik qilishi, uning boshqa sohalarga xususan ma’naviyat va ma’rifatga ilmu ijodga, kam e’tibor berganini anglatmaydi. Aksincha u ma’naviy ma’rifiy kuch qudratni ham davlat uchun juda muhim deb hisoblagan. Shu sababli, o’z davrida ilm fan va din namoyandalarini o’ziga yaqin tutib, ularning hurmatini joyiga qo’ygan.

El Arslon xorazmshohlar davlatining barqaror yuksalish davrini namoyon qildi. U erishgan g’alabalar juda katta bo’ldi. Ammo uning farzandi yana ham kattaroq martaba masnadiga ko’tarildi.

El Arslondan keyin uni o’g’li Aloiddin Takish taxtga o’tirdi.

Sotim Avaz.
O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.

KO`P O`QILGANLAR