Aloiddin Muhammad (1220 yil)
Aloiddin Muhammad ko’plab boshqa mamlakatlarni kuch ishlatmasdan, zo’rovonliksiz, vayronagarchiliklarsiz, siyosat, diplomatiya yo’li bilan qo’lga kritdi.

Tarixchilar xorazmshohlar davlatining gullab yashnashi Aloiddin Muhammad hukmdorlik qilgan davrga to’g’ri kelishini ta’kidlashadi. Zero, 1217 yilga kelib, bu davlat butun O’rta Osiyoni shuningdek Fors ko’rfazigacha bo’lgan hududlarni birlashtirib beqiyos qudrat kasb etdi. Aloiddin Muhammad ko’plab boshqa mamlakatlarni kuch ishlatmasdan, zo’rovonliksiz, vayronagarchiliklarsiz, siyosat, diplomatiya yo’li bilan qo’lga kritdi. Tarixiy manbalarda xorazmshoh 400 yaqin shaharni, o’z davlati tarkibida birlashtirganligi ta’kidlanadi.

Behad katta qudrat va davlatga ega bo’lgan Aloiddin Muhammad oddiy taxt ustida, bahosi 5 dirxam turadigan buhoriy qabo (oddiy chopon), boshida 1 dirxamli mo’yna telpak kiyib, o’ziga xos tashvishlar bilan o’tirgani tarixiy manbalarda qayd etilgan. U o’zini yaratganning bir bandasi sifatida his etib, qanoatni kasb qilgan. Ammo, zamona zayli, saltanatni ushlab turish va saqlab qolish taqozosi bilan jangu-jadallarga ham kirishgan. Ularda omadi, qariyb 20 yil davomida kulib boqqan.

Baribir xorazmshoh qandaydir bir ko’zga ko’rinmas falokat ham mavjudligini, u tabora yaqinlashib kelayotganligini, his etmay qolmagan. Bu falokatga etaklovchi kuch esa tashqi dushmandan ham ko’proq, ichki kaltabin g’animlar, ularning saltanat ildizlariga bolta uruvchi amallari edi. Aloiddin Muhammad o’zining teran aqlu idroki, ruhiyat kuchi bilan bularni bir qadar anglardi albatta. Ammo u o’zining taqdir taqozosi oldidagi ojizligidan qochib qutula olmadi.

U tom ma’noda bahodir jangchi, alamini ichiga yutib turishga o’rganmagan sarkarda, ollohdan boshqa hech kimga bo’ysunishni istamagan hukmdor edi. Shu bilan birga, o’z onasiga bir umr hurmat va izzatda bo’lgan farzand sifatida ham ibrat ko’rsatdi. Ammo shu jihatlar ayrim-ayrim holda, goho birgalikda, tarixiy vaziyat va sharoit taqozosi tufayli uning tuzatilmas hatolar qilishiga ham sabab bo’ldi va halokat jari sari etakladi.

1217 yilda u 400 ming (ba’zi manbalarda 600 ming) kishilik qo’shini bilan, Bag’dodga yurish qildi. Hali tarix ko’rmagan tanazzul xorazmshohlar davlati uchun aslida, shu yurishdan keyin boshlandi. Barcha joyni to’ldirib, dala dashtga sig’may ketgan qo’shin, Bag’dod yo’lida nagohon misli ko’rilmagan tabiiy ofatga duch keldi. Qalin qor va izg’irin sovuq, oqibatida qo’shinning katta qismi nobud bo’ldi.

Xorazmshoh qattiq pushaymon bo’ldi. Shundan keyin u o’zini o’nglab ololmadi. Har holda xorazmshohlar davlati gullab yashnashi, haqida so’z yuritgan tarixshunoslar, davlatning taraqqiyot davriga shu yurishdan so’ng yakun yasaydilar.

Ibn Al-Asir Aloiddin Muhammad haqida shunday yozadi: «U benazir inson, diniy qoidalar va aqidalarning bilimdoni edi. U donishmadlar, olimlar va din namoyandalarining asarlarini o’qib o’rganrdi. Ularga hayrixox va madadkor bo’lardi. Ko’p vaqtini ular bilan musobahada o’tkazardi. U charchash-toliqishni va uzluksiz harbiy yurishlarni qat’iyat bilan engib o’tdi. Tantanavorlikni yoqtirmasdi. O’z huzur halovati yo’lida tuban ketmasdi. Uning butun fikru hayoli o’z shohligiga, undagi barqaror tartib intizomga va mamlakat fuqarolarini himoya qilishga qaratilgan edi. U din namoyandaligiga hurmat ko’rsatdi.Ular bilan uchrashuvga imkon izladi, ularning duolarini oldi».

Tarixchilar xorazmshohning qudratli mamlakatni yovuz bosqinchilar tomonidan bosib olinishiga sabab bo’lgan qator xatolarini ham qayd etadilar. Ularni inkor etishning imkoni ham xojati ham yo’q. Ammo xorazmshohning onasi bilan munosabatlari haqidagi ba’zi biryoqlama qarashlarga nisbatan fikr bildirish maqsadga muvofiq. «Anushtagin xorazmshohlar davlati» asarida shunday ta’kidlanadi: «Sulton Aloiddin Muhammad mutlaq xukmdor hisoblansa-da, aslida o’z onasi Turkon xotunning to’la itoatida edi».
An Nasaviy esa Turkon xotin haqida shunday yozadi. «U ulug’vor oqila edi, u mamlakat uchun ko’p hayrli ishlar qildi. Uning ulug’ ishlari ichidan ko’rganlarimizni bir-bir sanayversak so’zimiz cho’zilib ketadi. U yozma shikoyatlarni adolat bilan ko’rib chiqardi».

Shunday onani, «olam ayollarining malikasi» deya shuhrat topgan volidai muhtaramani hurmat qilmay bo’ladimi? Shu sababli xorazmshohning onaga munosabatini itoat emas, hurmat va ehtirom deb tushunish to’g’riroq bo’lardi. Ohir oqibatda ham bu xorazmshohning fazilatlaridan biri sifatida xotirada saqlanib qolsa ne ajab.

Albatta ona o’g’liga ezgulikni o’ylab, yaxshilik tizginini izmidan chiqarib yuborsa, yanglishishi, hato qilishi tabiiy. Ammo davlat tanazullining asosiy sabablarini ona va o’g’il munosabatlaridan izlash, xorazmshohlarning odob ahloq, ma’rifat yuzasidan bilimlari haqidagi tasavvurlarni ancha hira torttirishi mumkin. Taqdirning taqozosi va u yo’l qo’ygan xatolar haqida esa ko’plab tarixiy asarlarda mufassal so’z yuritiladi. Ularni takrorlab o’tirishga xojat yo’q.

Xorazmshohning ruhiy jihatdan parokanda holatga tushib qolganligi va dushmanni o’rganishda, uning tezkorligi va yahlitligiga qarshi kurashda, ogohlik va hushyorlikni qo’ldan boy berganligi, xorazmshohlar davlatining tanazzuliga olib kelgan, sabablardandir. Chingizxon josuslari uning harbiy imkoniyati va holatini ipidan ignasigacha o’rganib chiqqan bir paitda, u endigina dushman kuch qudratini seza boshladi. Shu sababli, hatolarni hatolar bilan to’g’rilab boraverdi. Ohir oqibat halokat ham uning oqibatlari ham ayanchli bo’ldi.

Sotim Avaz.
O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.

KO`P O`QILGANLAR