Chingizxonning xos kotiblari tomonidan bitilib, iskandarmonand yurishlar ta’rifu tavsif qilingan kitoblarning bari Shaxobiddin An Nasaviyning «Jaloliddin Manguberdi hayotining tasviri» asari oldida xira tortadi. Binobarin, yog’iy xos kotiblarining o’zlari ham, o’rni kelganda, noilojlikdan Jaloliddin Manguberdining mardligi va jasorati haqida hayrat bilan yozishadi:
Chingizxon daryodan oti bilan sakrab o’tgan Jaloliddinga qarab aytgan «Ota o’g’li mana shunday bo’lishi kerak» degan gap ham aslida mo’g’ullarga xizmat qilgan muarrix tomonidan tarixga muhrlangan.
Keyingi davr tarixchilari esa Jaloliddin Maguberdini mo’g’ul bochqinchilari zulmidan yarim jahonni saqlab qolgan xaloskor sifatida e’tirof etishadi. Axir u butun 11 yil davomida bosqinchilarni o’t halqasi orasida saqlab, ularning butun kuch-qudratini o’ziga qaratdi. Oxir-oqibat Chingizxon Iskandardan ham o’zib ketish orzusidan voz kechib, armon bilan vafot etdi. U Vatan mudofaasi uchun jonini tikkan mardlarning shonu-shavkati o’zining shonu-shavkatidan ko’p ustun ekanligini o’limi oldidan anglab etdi.
1221 yilning boshida Jaloliddinning xorazmlik jangchilar va qo’shni halqlar askarlaridan iborat qo’shini mo’g’ullar ustidan qozongan beqiyos g’alabalar dushmanni behad sarosimaga solganligi tarixiy asarlarda aniq ravshan ifoda etilgan. Mo’g’ullar istilosiga qarshi juda ko’p sarkardalar va davlat arboblari kurashishgan. Ularning nomlari ham o’z davrining fidokorlari sifatida tarixdan joy olgan. Ammo, ko’xna tarix bu borada birinchi navbatda Jaloliddin Manguberdini o’z xotirasida avaylab asraydi. U faqat bosqinchilarga qarshi fidoiy kurashchigina emas, balki turli halqlar ustiga mo’ru malaxday yoprilgan baloyu qazolarga o’zini tutib, mo’g’ullarning dodini bera olgan yagona lashkarboshi hamda davlat rahnamosi sifatida mangulik mulkidan o’rin egallagan. U dushman ustidan uzil-kesil g’alabaga erishib, davlatni qayta tiklash orzusi ushalishiga juda yaqin keldi. Ammo, bunga g’animning kuch-qudrati emas, o’zining itifoqchilari hamda yaqinlari sanalgan ko’plab hukmdor va lashkarboshchilarning munofiqliklari va xiyonatkorliklari yo’l qo’ymadi. Eng qaltis vaziyatlarda ular o’zlarining arzimas manfaatlarini ko’zlab, qo’shinlari bilan xorazmshohni tark etdilar. U esa yonib kulga aylangan va kuldan qayta tug’ilib, olov tarata boshlagan Qaqnus kabi o’zini ko’rsataverdi.
Jaloliddin Manguberdi charxi kajraftorning ters amallarini puchga chiqarishga muvaffaq bo’ldi. Ya’ni Chingizxonning bor shonu-shavkati, qudrati asrlar o’tib uning tillarda, dillarda doston bo’lgan dovrug’i soyasiga aylandi.
Ulug’ muarrixlar tarix haqiqatlarini bitishda har qanday tarafkashlik hamda milliy ehtiros singari to’g’ri yo’ldan ozdiruvchi hato va qusurlardan holi bo’lishgan. Shu sababli ularning asarlari ishtibohga o’rin qoldirmaydi.
Ammo ayrim taniqli olimlar, ham ularning tarixni o’rganishdagi katta xizmatlariga tan bergan holda, aytish mumkinki o’zlariga yaqin mintaqalar bilan bog’liq voqealar tafsilotlarini bayon etishda va sharhlashda noholislikkacha borib etishgan. Ular bitgan asarlarning bir qator joylarida Jaloliddin Manguberdining harakatlariga nisbatan muallifning norozilik alomatlari yaqqol sezilib turadi. Bu esa xorazmshohning boshqa hududlardagi jasorati va himmati haqidagi o’zlari maroq bilan bitgan voqealar haqidagi hikoyalarga bog’lanmay qoladi. Bu haqda «Anushtagin - xorazmshohlar davlati(1097-1231)» asarini o’zbekchaga tarjima qilgan taniqli olimlarimiz Ashraf Ahmedov hamda Mahkam Maxmudovlar juda o’rinli va maqsadga muvofiq munosabat bildirishgan.
Shu o’rinda xalq qahramoni to’g’risida yaratilgan badiiy asarlar haqida ham to’xtalib o’tish maqsadga muvofiq. Bu borada ham bugungi kun talablariga javob bermaslik, noholislik hamda biryoqlamalik holatlari uchraydi. Jumladan o’zbek kitobxonlarining bir nechta avlodi o’qigan va o’rgangan Vasiliy Yanning «Chingizxon» romani haqida shunday fikr bildirish mumkin. Unda Jaloliddin Manguberdiningg shaxsini, avlodlarini, umuman olganda milliy qiyofasini aniq-ravshan tasavvur qilolmaslik holati ko’zga tashlanadi. Uzuq-yuluq voqealar davomida uning siymosi to’laqonli aks etmasdan qolgan. Jaloliddin Manguberdining Sind daryosini kechib o’tgandan so’nggi hayoti va jasorati haqida muallif sukut saqlashni afzal bilgan.
Buni tushunsa bo’ladi. Chunki «Chingizxon» romani o’tgan asrning dahshatli 30- yillari oxirlarida yaratilgan. Shu sababli yozuvchi «xalqlar otasining» qaxru g’azabiga uchrashdan cho’chigan. Umrining so’ngida ham tovba tazarru qilmagan, ammo bu dunyodan behad armon bilan ketgan Chingizxonni o’zi yashirin ixlos qo’ygan shu «otaga» ibrat qilib ko’rsatishga intilgan bo’lsa ne ajab.? V.Yan shu davrda Jaloliddin Manguberdini asarning asosiy qahramoni qilib ko’rsata bilmasdi. Binobarin, asarini uning nomi bilan atay olmasdi. Balki buni uning o’zi istamagandir ham. Har xolda «Chingizxon» asari bugungi o’quvchini hech bir jihatdan qanoatlantirmay qolgan deyish mumkin.
Bu hol olimlarimiz va adiblarimiz qadimiy va undan keyingi manbalar asosida Jaloliddin Manguberdi hayotini qayta o’rganib, voqea xodisalarni holis va chuqur taxlil qilib, yangi davr nuqtai nazaridan munosabatlar bildirib, yangi asarlar yaratishlari lozimigini taqozo etadi.
Jaloliddin Maguberdining shaxsiy kotibi Shaxobiddin An Nasaviy shunday yozadi «U sherlarning sheri va otliq yigitlar ichida eng dovyuragi edi. U yumshoq edi, jahli chiqmas edi, so’kinmasdi ham, u jiddiy edi, hech qachon kulmasdi, faqat jilmayardi va kamgap edi. U adolatni sevardi, biroq u duch kelgan suronli yillar uning ustidan g’alaba qildi va uning fe’lini o’zgartirdi. U fuqarolarning hayotini osonlashtirishni yoqtirardi, lekin tanazzul paytida boshqargani uchun jabr qilishgacha bordi».
Sotim Avaz.
O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.