Shayx Najmiddin Kubaro (1145-1221)
Shayx shahid bo’layotgan paytda yov qo’lidan bayrog’ini tortib oldi va shu darajada mahkam ushladiki, hatto o’n kishilashib ham bayroqni Shayx qo’lidan ola bilmagach, axiyri bayroqni kesishdi.

Naql qilurlarki, bir tujjor sayr etib yurardi, shunchaki, qiziquvchanlik yuzasidan Hazrat Najmiddin Kubaro (Kubro) xonaqosiga kirdi. Hazratda kaviy holat erdi, nazarlari tushgan on tujjor valoyat (avlnyolik) darajasiga etdi. Hazrat unga irshod (ijozat) xati berib, o’z yurtingga borib, elni Tangri taolo yo’liga boshlagaysen, deb tayinladi. Naql eturlarki, bir kun xonaqohda Qur’oni karimdagi «Kahf» (18-sura) surasi sharh etilardi. Suhbatda Najmiddin Kubaroning shogirdi shayx Sa’diddin Xamaviy ham bor edi. Shayx Sa’diddin ko’nglidan, hozirgi zamonda nazari itga ta’sir eta oluvchi ulug’lar bormikan, degan fikr o’tdi.

Hazrat Najmiddinga uning bu xayoli ma’lum bo’ldi va hazrat barcha ashobni ergashtirib, xonaqoh, eshigiga bordi. Nogoh bir it kelib, dumini likillatib turdi. Hazrat Najmiddiniing muborak nazari ul itga tushdi-yu, filhol itning ahvoli o’zgardi. Va, shaharni tark etib, mozoristonni makon etib, boshini erga surtar erdi. U qayon borsa, ellik-oltmish it unga ergashar, ul o’tirsa, boshqalari ham atrofdan joy olib, oldingi oyoqlarini tavoze bilan tutishar, tovush chiqarmay, hurmatini bajo keltirardilar. Oqibat, ul it o’lgach, shayx uni dafn qilib, qabri ustiga maqbara qurishni buyurgan. Bir nazari bilan itga valoyat darajasini bag’ishlagan ulug’ alloma, Sharqning etuk faylasufi, shoir, avliyo, tariqat murshidi Ahmad ibn Umar Xevaqiy al Xorazmiy edi. Bu zoti sharif Shayx Najmiddin Kubaro nomi bilan olamga tanilgan. Zero, Najmiddin - dinning yulduzi, Kubaro - ulug’lar (birlikda Kabir), buyuklar degan ma’noni anglatadi. Hazrat Ahmad ibn Umar dinning yorqin yulduzi bo’lgan Kubaro (Kubaro, Kabir) deyilishiga bois shuki, Hazrat yigitlikda kim bilan ilm yuzasidan bahsu munozara qilsa, albatta engarkan.

Shu sabab Kabir, Kubaro, ya’ni - buyuk, degan nom olgan. Shayxning yana bir laqabi Shayx Valiytaroshdir. Yuqoridagi ikki rivoyatdan ma’lum bo’ldiki, nazari kimga tushsa, ul zot valiylik darajasiga etarkan. Shu bois Valiytarosh nomini ham olgan. Naql qilurlarki, hazrat Najmiddin tushida Muhammad sallollohu alayhi vassallam hazratlarini ko’rdi va menga kuniya (laqab) bag’ishlang, deb iltimos qildi. Hazrat Muhammad alayhissalom unga Abduljannob nomini berdilar. Tushdan uyg’onib dunyodan ijtinob (ya’ni, chekinish, tark etish) kerakligini bildi. Shayx Najmiddin Kubaro 1145 yilda tug’ilib, 1221 (22) yilda shahid bo’lgan.

Ma’lumki, butun dunyoda naqshbandiya, yassaviya, kubroviya tariqatlari keng tarqalgan. Shayx Najmiddin kubroviya tariqatining asoschisidir. Naql eturlarki, Najmiddin Kubaro «Sharhus - sunna»ni bir ustoz yonida o’qirdi. Xonaqohga notanish darvish kirdi-yu, Najmiddinda kitob o’qish majoli qolmadi. Darvish chiqib ketganidan so’ng, uning kimligini so’radilar. Ul zoti muborak hazrat Bobo Faraj Tabriziy ekan. Ertasiga Najmiddin ustozi bilan Boboni ziyorat qilmoqqa bordi. Hazrat Bobo Faraj Tabriziy suhbat asnosida mutag’ayyirlanib vajoxatida ulug’lik zohir bo’ldi va yuzlari oftobdek porladi, tanidagi libos chok-chokidan so’tildi. Ancha fursatdan so’ng Hazrat Bobo avvalgi holatiga keldi va libosini echib, Najmiddin Kubroga berdi va dediki, endi daftar (kitob) o’qimoqni bas ayla, insholloh, butun olam sardaftari bo’lg’aysen! Najmiddin Kubaro deydiki, holim o’zgardi, vujudimda Haqdin o’zga barcha narsa yo’qoldi. Ertasiga ustoz dediki, «Sharhus-sunna»dan bir necha varaq qoldi. Shuni o’qib tugat. So’ng ixtiyor o’zingdadir. Najmiddin kitob o’qimoqqa boshladi.

Shunda, birdan Hazrat Bobo namoyon bo’lib, dedi: «Kecha ilmul yaqinda ming manzilni zabt etding, bugun yana ilm boshiga keldingmi?» Shayx Najmiddin o’qishni tark etdi. Riyozatu xilvatga mashg’ul bo’ldi. Laduniy ilm,- Alloh taollo xohlagan bandasiga beriladigan ilm,- g’ayb ilmi Najmiddinga ayon bo’la boshladi. Najmiddin aytganki: «Bu ilmlar yozulmasa, o’z-o’zidan o’lib ketadi, deb o’yladim. Shu bois Laduniy ilm sirini yoza boshladim. Yana hazrat Bobo ko’rinib, dediki, Shayton senga vasvasa etmoqda. Bu ilm-sirni oshkora etma! Qo’limdagi qalamni tashladim». Shayx Najmiddin Bag’dod, Misr, Iskandariya va boshqa shaharlarda bo’lib, ta’lim olgan. «Qomusul a’lom»da yozilishicha, Shayx Ismoil ham Najmiddinga saboq bergan. Shayx Ammor Yosir ham Najmiddinning ustozlaridandir. Hazrat Najmiddin Shayx Ro’zbexoni Kabir Misriydan ta’lim olgan va Shayx Ro’zbexon qiziga uylangan. Shayx Najmiddinning ikki o’g’li bo’lgani haqida xabar mavjud. Shayx Najmiddin Kubaro o’nlab asarlar muallifi. Jumladan, uning «Fi odobi solikin» («Soliklar odobi haqida»), «Risolatul hoif ul-hoim an lavmat il-loim» («Qo’rquvchi ovoralar va malomat etuvchi malomatiylar haqida»), «Favoteh-ul-jamol» («Go’zallikni egallash»), «Ruboiylar» kitoblari mashhur.

Mo’g’ul bosqinchilari Xorazmga kirishlaridan oldinroq, Shayx Najmiddin o’zining oltmishdan ortiq muridini yig’ib: «Sizlar Xorazmni tark aylab, o’z yurtlaringizga jo’nang. Mashriqdan otash kelmoqda, Mag’rib qo’yishi muqarrardur. Bu azim fitnadurki, bunga o’xshashi hali bo’lmagan», dedi. Ashoblaridan ba’zilari dedilarki, ne bo’lg’ayki, Shayx duo qilsalar, zora bu baloyu ofat mo’’minlar boshidin daf bo’lsa. Shayx dedi: «Bu qazoyu kadardir, aning daf’i duo bila bo’lmas». Ashob dedi: «Ne bo’lg’ayki, Shayx bizga hamrohlik qilib Xuroson sori borsalar, toki biz mulozamatda davom etsak». Shayx: «Menga ruxsat yo’q. Men jangda shahid bo’lurmen!», deb javob berdi. Ashobning bir qismi Xorazmni tark etdi. Xorazmshoh mo’g’ul bosqinchilaridan qo’rqib qochdi. Shayx xorazmliklarni dushmanga qarshi jangga boshladi. Shayx shahid bo’layotgan paytda yov qo’lidan bayrog’ini tortib oldi va shu darajada mahkam ushladiki, hatto o’n kishilashib ham bayroqni Shayx qo’lidan ola bilmagach, axiyri bayroqni kesishdi. Mavlono Jaloliddin Rumiyning quyidagi baytlari o’sha holatga ishoradur: «Biz qo’lga sog’ar oluvchi ulug’lardanmiz, biz muflis (past nazarli)lardan emasmizki, oriq echkini qo’lga olsak. Bir qo’limizda iymon mayi to’la sog’ar, ikkinchisida esa kofir bayrog’ini tutgaymiz». Urganch halokatini Ibn Asir quyidagicha tasvirlaydi: «Mo’g’ullar to’g’onni ochib yubordilar, butun shaharni suv bosdi, hamma imoratlar buzildi... Shaharda yashovchilardan hech kim omon qolmadi».

Hazrat Najmiddin Kubaroning murid-shogirdlari ko’p bo’lgan. Ammo ulardan nechasi jahonda yagona va zamonda muqtado (rahbar) va farzona (dono) edilar: Shayx Majiddin Bag’dodiy, Shayx Sa’diddin Hamaviy, Bobo Kamol Jandiy, Shayx Raziddin Ali Lolo, Shayx Sayfiddin Boxarziy (Shayxul olam), Shayx Najmiddin Roziy, Shayx Jamoliddin Geliy, Mavlono Valad... Mavlolo Bahouddin Valad Jaloliddin Rumiyning otasidir (A. Navoiy). Kubraviya tariqati ham Qur’oni karim va Hadisi sharifdagi ta’limot asosida shakllangan. Komil insonni tarbiyalash bu tariqatning asosiy vazifasi bo’lgan. Shayx Najmiddii Kubaroning hayoti katta saboq, ulkan maktabdir.

Tariqat pirlarining tarbiyasi bois o’tmish ajdodlarimiz xush xislat, ulug’ fazilat egasi edi. Arab sayyohi ibn Vatuta «Safarnoma» kitobida shunday yozgan: «Men dunyoni kezib, bunday mardlardan ko’ra ezgu niyatli va ezgu xulqli kishilarni ko’rmadim. Sheroz va Isfahon aholisi garchi o’zlarini javonmardlarga o’xshatsalarda, ammo Xorazm va Movarounnahr javonmardlari musofirlarni siylash va mehmondorchilikda ulardan baland turadilar. Ularni Iroqda shotlar, Xurosonda sarbadorlar, Mag’rib (Andalusiya)da sukra deydilar. Ularga tobe’ joylarda adolat rasmi rivojlangan».

Sadriddin Salim Buxoriy. "Buyuk xorazmiylar".

KO`P O`QILGANLAR