Nafs va ma’siyat (gunoh) botqog’iga botganlarni, isrofgarlarni ko’rdim, lekin o’zimdan ko’ra ochko’zroq, gunohkorroq, isrofgarroqni uchratmadim.
Bildimki, umr va dunyodan ko’ra tezlik ila ketadiganroq, o’lim va oxiratdan ko’ra yaqinroq, orzu xayoldan ko’ra yiroqroq, xotirjamlikdan ko’ra go’zalroq narsa yo’qdir.
Alloh qay kimsani dunyo qulligidan ozod etgan bo’lsa, o’sha haqiqiy hur, erkin insondir.
Kim maxluq xizmatida bo’lsa, ul xoru zor, kim Xoliq xizmatini qilsa, ul azizu mukarram bo’lg’ay.
Ogoh bo’l hamisha, bu jahokdir bor-yo’q,
Hech narsa yo’q unda, kemtigi zinhor yo’q.
Yo’q desalar, bor deb uni qil isbot,
Bor desalar, ayla dadil inkor «Yo’q»!
Ey go’zali qoshi kamon, yoy elning,
Orzu, umid, azobisan, oy, elning.
Holima voy el kabi sevsam gar men,
Gar men kabi sevsa, holiga voy elning.
Dil shu qadar maftunu farzona bizim,
Tark etmas ani dilbari jonona bizim.
Oh, hammaga ishq mayi quyulgan vaqtda
Dil qoniga botqizildi paymona bizim.
Band bo’lsa agar yil bo’yi bir zindong’a
Och yotsa mudom to’ygunicha to jong’a,
Nonga bitib ibodatimni bersam,
Jirkanib it tish urmagay ul nong’a.
Yurmak uchun haq yo’liga etmak shart,
Boshqasidan ko’zni yumib ketmak shart.
Elga shifo baxsh etu, och ko’zlarini,
Olam hama - Ul... Unga nazar etmak shart.
Matnazar Abdulhakim tarjimalari.