Xivaning tabarruk nomini dunyoning barcha burchaklarida chop etilgan qomusiy lug’atlarda, xaritalarda, globuslarda, tarixiy va jo’g’rofiy risolalarda uchratish mumkin.
Xo’sh, Xiva shahrining bunchalik ma’lum va mashxur bo’lib ketishiga sabab nimada?
Avvalo shuni ta’kidlash joizki, kadimiy shaharlarning bunyod bo’lishi turli xil afsona va rivoyatlar bilan bog’likdir. Xiva shahri haqida biz bilgan afsona va rivoyatlar qadimiy Bobil, Rim, Hazorasp, Rum (Istambul) shaharlari haqidagi afsonalar Sulaymon, Dovud payg’ambar, uchar otlar, muqaddas olov yoki tabarruk quduq haqidagi rivoyatlar bilan bog’liq. Ular “Tavrot” (Injil), “Qur’oni Karim” yoki “Avesto” kabi muqaddas kitoblarda ham tilga olingan. Ushbu afsona va rivoyatlar ko’pchilikka ma’lum bo’lgani uchun ham bizning galdagi suhbatimiz Xiva shahri nomining kelib chiqishi va uning Er yuziga tarqalishi xususida boradi.
Ma’lumki, so’nggi ming yillar davomida Xivaga tashrif buyurgan yoki uni sirtdan tadqiq etgan arab, fors, xitoy, uyg’ur, rus, venger, nemis olim va sayyohlari: Ibn Xavkal, Yokut, Ibn Batuta, M. Qoshg’ariy, V.H. Vamberi, S.P. Tolstov kabilar bu haqda fikr-mulohazalarini yozib qoldirganlar. Shuning uchun xam tarixiy manbalarda shaharning nomi “Qal’ai Ram-Ramul”, “Qal’ai Sardoba” yoxud “Xevaq qal’asi” ertaknamo shahar deb yuritiladi.
Masalan, O’zbekiston Fanlar Akademiyasining H.Sulaymonov nomidagi qo’lyozmalar institutida saqlanayotgan “Dili g’aroyib”nomli kitobda quyidagi so’zlar bitilgan, “Xevak- Xivaning qadimiy nomi Ramul, Muni bino qilg’on Som bilan Nug’kim, otasining kemasiga o’xshatib solg’on va kemaning andozasiga barobar va xollo Xevaqg’a nisbat berurlar”.
Jaxon xalqlari tarixida shaharlarning paydo bo’lishi yoki yo’q bo’lib ketishi xususida bir- biriga o’xshash afsona va rivoyatlar ko’p. Masalan, Rim shahrining nomi ham Ram-Ramul afsonasi bilan bog’liq. Amudaryoning hozirgi nomi ko’hna Amul (Chorjo’y) shahridan olinganlgi ma’lum. Amul va Ramullarning og’a-ini bo’lganligi haqidagi afsonaga quloq tutsak. Xiva va Rim shaharlarining avvalgi ismlari Ram va Ramul ekanligiga ajablanmasak ham bo’laveradi. Negaki, shaharlar bir-biridan qanchalik uzoq masofada joylashgan bo’lmasin, ularning paydo bo’lishi bir davrga to’g’ri kelishi mumkin: Afsona va tarixning bunchalik yaqinligi xalqlar o’rtasida savdo va madaniy aloqalar naqadar qadimiy ekanligidan darak beradi.
Er kurrasining turli burchaklarida “Xe-be”, “Xevak”, Nuku-Xiva, Xitoyda “Xi-bo" degan orol, shimoliy Osetiyadagi “Xiavu” arig’i, Eronda Xivakobod qishlog’i borligi ma’lum.
Xiva toponimining etimologiyasi to’g’risida turli manbalarda turlicha fikrlar bayon qilinadi. Ba’zi olimlar Xiva qal’asining nomi “Xevaq” qudug’i nomi bilan bog’liq, “Xey-vax” esa mamnuniyat, qoniqish, xitob belgisi degan fikrni bildiradilar. Yana birovlar uni “Xevak” xoli, quruq, bo’sh yoki g’ovak joy degan ma’noni bildiradi, deb taxmin qiladilar. Sharqshunos I.Beryozin Xeva toponimini “Hayva” va “Xavi” so’zlari bilan bog’laydi va quruq, bo’shliq qo’rg’on deb izohlaydi.
Professor Z. Do’simovning fikricha, Xeva toponimiga izohni qadimgi Xorazmiylar tilidan izlash kerak. Xorazm tili bilan qarindosh deb hisoblanayotgan osetin tilida ko’pgina xorazmcha so’zlar saqlangan. Muallif osetin olimi A.D. Tsigaev Xiauv qishloq so’zini misol tariqasida keltiradi va “Pirno’xos”, “Darxos”, “Sadrxos” toponimlari Osetiyada ham uchraydi. “Xevaq so’zidagi” “aq” kichiklik ma’nosini bildiruvchi qo’shimchadir. Qal’ajiq, kichik kal’a, Indavak, Pitnak kabi Xevak ham kichik qal’a ma’nosini bildirishi ehtimoldan xoli emas,- deb yozadi. (“Joy ismlari” T.. 1977, 141-bet ). Darhakiqat, so’nggi yillarda olib borilayotgan ilmiy-tadqiqotlar shuni ko’rsatmoqdaki, Er yuzining 25 nuqtasida “Xi” yoki “Xe” o’zagi bilan boshlanuvchi joy, daryo, orol, shaharcha, tog’ va suv manbalarining nomlari qayd etilgan. “Xiv”, Xiva, Xiua, niku -Xiva, Xila Xibingork kabi o’nlab nomlar Tinch okean havzalaridan to AQShgacha bo’lgan xududlarga tarqalgani bunga misoldir. Ushbu geografik va tarixiy nomlarning tahlili shuni ko’rsatadiki, “Xi”, “Xe”, “Xa” so’z yasalish asosi o’zakdan 12 tasining ma’nosi suv, 6 holatda tog’-tosh, tepalik 4 tasi qal’a , qo’rg’on, qishloq yoki joy ma’nosini bildiradi. Atigi bir holatda baliq va yaka birida muqaddas juftlilik, mutanosiblik ma’nolarini anglatadi.
Qadimgi Xorazmiy tilidagi “Xa”, “Xi-suv”, “Kang”-daryo, anhor, xa-o’z (suv saqlash joyi) -hovuz Xa, Xi, Xoy, Chu, Su, (suv) kabi lingivistik jarayonni bosib o’tgan va asta-sekin turkiylashgan bo’lishi ehtimoldan holi emasdir.
Shuningdek, turkiy tillardagi qiya, hiya, xiv,(qoya, tepalik tog’ cho’qqisi) ma’nolaridagi so’zning isboti sifatida "Xiv”atamasiga bir necha misol keltirish mumkin.
Dog’iston respublikasidagi yirik bir tog’li rayon markazi “Xiv” deya ataladi. Boltiq dengizidagi tog’li orol “Xiyuman”, Tinch okeanidagi 140-XIYu parallelda joylashgan orollar tizimiga Xiva Markiza oroli deb ataladi.
Gruzin, mojar, (venger) osetin tillarida ham Xi-suv, quv-ovul, qishloq, qo’rg’on, qal’a ma’nolarini anglatadi.
Ko’rinib turibdiki, Xiva atamasi Hind-Ovro’po tillari oilasiga mansub xorazmiylar tili bilan ko’chmanchi turkiy xalqlar tilining qorishmasidan paydo bo’lgan va u qadimiy qum tepaligida joylashgan quduqli qo’rg’on, suvli maskan, odamlar yashaydigan obod qishloq- qal’a shaklida iste’molga kirgan. “Xeva” esa arabcha, forscha, talaffuz mahsulidir.
Zero, qal’aning “Xeva” tarzida iste’molga kirishi siyosiy- ijtimoiy muhitning mahsuli, to’g’rirog’i, XIX asrning so’nggi choragidan keyin ruslar tomonidan kiritildi. Mahalliy xalq uni Xiyvo shaklida talaffuz etadi.
Agar ta’bir joiz bo’lsa, shahar nomining asl ma’nosi Xiy-vo bo’lib qadimgi xorazmiylar tilidagi Xi (Xiy) -suv, vo esa bo-bor (ya’ni suvi bor) kuduq, tepalikdagi ko’rg’on, qal’acha deganidir.
Yuqoridagi fikr va mulohazalardan kelib chiqadigan ilmiy xulosa shuki, -Xiyvo dunyoning eng qadimgi ko’rg’on-qal’alaridan biri bo’lib, u “Qal’ai Ramul”, “Xevaq”, “Xiva”, “Xiyvo” shaklida atalib kelingan va ajdodlarimizning 2-3 ming yillik tarixidan guvohlik beruvchi tabarruk shaharlardan biridir.
Uning 1969 yilda xalqaro YuNESKO tashkiloti tomonidan dunyo xalqlari moddiy va madaniy merosi ro’yxatiga olinganligi, har yili minglab xorijlik sayyoxlar tashrif buyurayotganligi, Markaziy Osiyodagi eng go’zal va baland yodgorliklardan biri-bu Islom Xo’ja minorasi, Pahlavon Mahmud maqbarasi, Tosh hovli majmuasi, Xivoq qudug’i kal’aning naqadar mo’’jizakor shahar ekanligiga shubha qoldirmaydi.
K. Nurjonov. "Xorazm maqol, matal, naql va iboralarning tarixiy ildizlari"