1916 yilda 4 may kuni Katqal’a hokimligida Ko’raklar qishlog’ida diniy ulamo, elning mulla imomi Matjon aka va Jamila opalar oilasida tavallud topgan to’rtinchi farzandiga Matrasul deb ism berganlar.
Padari buzrukvori 1918 yilda qazo qilgach otasidan qolgan kattagina er-u, suv chiqirlari, ot chiqirlari, mol-mulk meroslari inqilob bo’lgandan keyin barchasi qo’ldan ketib, bir parchagina erda dehqonchilik qilganlar.
1925 yilda To’ra Niyoziy tomonidan ochilgan Oq masjid maktabida qishloq yoshlari bilan saboq olgan.
1934 yili tuman markazidagi Strelkov nomli etti yillik maktabni tamomlagach qishloqdagi maktabida muallimlik qilgan. Shu davrda Xiva pedagogika texnikumida sirtdan o’qigan, undan keyin Urganch shahridagi muallimlar tayyorlash oliy ilmgohini muvaffaqiyatli tugatgach yana ona qishlog’iga ishga kelib 1935 yildan 1939 yilgacha 28 - sonli A.S. Pushkin nomli to’liqsiz o’rta maktabga direktorlik qilgan.
1941-1942-yillarda Yangiariqdagi M. Gorkiy maktabda o’qituvchilik va direktorlik qilgan. Bemavrid, xoinlarcha, fashistlar Germaniyasining boshlagan urushi qancha-qancha tinch oilalarning oromini buzdi. Kim ham buni hoxdardi, deysiz. Lekin Vatan himoyasi degan Ulug’ tuyg’u yigitlarni allaqachon frontga tomon yo’l oldirgandi. Jamila onaning ikkinchi o’g’li ham front chizig’ida qo’lda qurol bilan gazandalarga qarshi jang olib bordi.
1942-1943 yillarda Kursk ostonalaridagi qonli front chizig’ida fashizmga qarshi qaqshatgich janglarda ishtirok etdi, bir necha bor yaralandi. Harbiy dala gospitalida uzoq vaqt davolangan. Harbiy tibbiyot komissiyasi tomonidan harbiy xizmatga yaroqsiz deb topilgach Ona qishlog’iga qaytarilgan. 1943-1944 -yillarda qishlokdagi Pushkin nomli 28 TO’Mga direktorlik qilgan. 1944 yilning yanvar oyidan tuman markazidagi Strelkov nomli 1-son o’rta maktabida direktorlik qila boshlagan. Viloyat xalq ta’limi bo’limi mudiri Ayupovning 25 oktyabr 1945 yil buyrug’i bilan Shovot tuman xalq ta’limi bo’limi mudiri lavozimiga tayinlangan.
1948 yil mart oyidan Xalq deputatlari Xorazm viloyat ijroqo’mi kotibi, 1953 yildan viloyat “Xorazm haqiqati” ro’znomasi muharrir o’rinbosari, 1959 yildan 1980 yilgacha viloyat xalq ma’orifi bo’limining mudiri, 1980-1981 yillarda “Xorazm xaqiqati” gazetasiga bosh muharrir o’rinbosari, 1981-1983 yillarda viloyatdagi o’qituvchilar malakasini oshirish instituti direktori lavozimlarida ishlagan...
Ilm-fan bog’ida peshtoqlari baland,
Shohona bir qasr quribsiz.
Shu qasrga keldik biz, oshig’ich bilan.
O’zingiz qaylarda yuribsiz, ustoz.
Jonkuyar muallim, salohiyotli rahbar, qalami o’tkir jurnalist, kamtarin, jamiki ezgu hislatlarni qalbiga jo aylagan, butun umrini ilm-fan yo’liga baxshida aylagan ulug’ inson Matrasul og’a Xudoyberganov el nazariga tushgan aziz inson edi.
Voha ilm-fanini yuksalishida cheksiz mehnati singgan na faqat Xorazm vohasida, balki O’zbekiston maorifini yuksalishiga butun hayotini, kuch g’ayratini sarflagan. Ustoz o’zining umr yo’liga nigoh tashlar ekan, hayotidan mamnun bo’lib, shunday deydi: “Mening farzandlarim maorif bilan birga qo’shib sanaganda o’ntadir.”! Haqiqatan ham ustozning bosib o’tgan nurli izlari xayrlidir.
Ustoz xotirasini abadiylashtirish maqsadida tumandagi 37- umumiy o’rta ta’lim maktabiga rahmatlik Matrasul aka Xudoyberganovning nomi berilgan. Har yili 4-may kuni ustozning ruhini shod etish niyatida, barcha shogirdlari, o’g’il qizlari, qarindosh-urug’lari, yoru do’stlari jamlanib “Xotira kechasi”ga to’planishadi. Tadbirda ishtirok etgan mehmonlar ustozning o’rgansa arziydigan hayot yo’lini bir-bir xotirlaydilar.
Tug’ilsang baxt bilan kamol o’shadir,
Tark etsang, dunyoni zavol o’shadir.
Oxir chog tuprog’ing ustiga kelib,
Kimdir yod aylasa, iqbol o’shadir.
Bugungi kunda avlodlar ishining davomchisi bo’layotgan, xayr-saxovatga qo’l cho’zayotgan, o’qituvchilikdek nihoyatda ma’suliyatli va lekin sharafli kasbning fidoyisiga aylangan, elu yurt nazariga tushgan, yosh avlodni tarbiyalashdek mashaqqatli vazifani elkasida ko’tarayotgan aziz insonlardir.
Ezgulik urug’ini sochadigan insonning barcha xususiyatlari go’zal bo’lar ekan.
* * *
Rahmatlik Rustam og’am Xudoyberganov xotiralaridan.
1941 yilning yanvarida biz oilamiz bilan Yangiariqqa yo’l oldik. Meni o’rab-chirmab ot aravaga, zarur narsalarning yoniga o’tirgizib qo’ydilar. Akam bilan opam piyoda, Zafarni yaxshilab o’rab olganlar, goho akam, goho opam ko’taradi. Yangiariqqa borgach akam M. Gorkiy maktabida direktor bo’lib ishlay boshladi. 1942 yilning o’rik pishar kunlari frontga chaqiruv xati keldi.
Shovot voenkomatiga borish uchun yana arava topib ko’chimizni yukladik, Katqal’aga qarab yo’l oldik. Zafar ikki yoshida, men besh yoshdaman, ko’p narsalarni farqlay olaman. Qishloqqa kelsak Jamila onam rahmatlik bir xalta nonni qotirib qoq qilib qo’ygan ekan, o’g’lim frontga olib ketadi, deb. Men xaltani ko’tarib-surib yuribman, - u nima, bu kimniki, ichida nimasi bor deb.
Qarindoshlar to’planib bir ot aravada va bitta eshak aravaga minib Gurlanga, daryo bo’yiga ketdik. Toshxovuzdan, Monoqdan, Gurlandan va Katqal’adan borganlar shu erdan barjada Chorjavga tomon ketar ekanlar. Yo’lda to’xtab bir odamnikida suv ichib, o’rik ham eb olganimiz yodimda. Daryo bo’yiga borsak odam-olomon juda ko’p, 5-6 ta barjaga minmoqdalar.
Akam hamma bilan quchoqlashib, xayrlashdi va barjaga minib ketdi. Ko’p vaqtgacha orqalaridan qarab qoldik, xayrlashuv qichqiriqlari, qo’l siltab xo’shlashishlar Amudaryoda barja ko’rinmay ketguncha davom etib turdi.
Daryo bo’yidan uyga kelguncha Jamila onam yig’lab keldi, o’g’li Sobirjon 1939 yil armiyaga ketib, shu yoqdan to’gri frontga kirib ketgan, Matrasul o’g’li ham bugun Ulug’ jangga ketib bormoqda. Ularga Olloxdan umr tilab kelayotgan onaizorning ahvolini tushunsa bo’ladi.
Oradan biroz vaqt o’tib sog’ omon etib keldik degan mazmundagi xat keldi. Kursk yoyi (Kurskiy duga) front chizig’iga jangga tashlangan bo’lib, bu frontni Ulug’ Vatan urushining myasorobkasi deyilar ekan. Biz tomondan ham, fashistlar tomonidan ham armiya-armiya jangchilar frontda yo’q bo’lib ketishgan, shundan bu jang maydoniga “go’sht qiymalagich” nomi berilgan deyishadi.
Shunday kunlarda pochtachi xat keltirar, goho Ulli akam bo’lsa o’zi o’qirdi, uyda bo’lmasa pochtachining o’zi o’qib berar, biz hammamiz atroflarida o’tirib xatda yozilgan xabarni tinglar edik. Aka ukalardan xat kelgan kunlarda hammamizning diqqatimiz xatda yozilgan xabarga qaratilgan bo’lardi. Ayrim so’zlari haligacha esimda turibdi.
“Bir hafta bo’ldi okop ichida yotibmiz, tizzamizdan suv, har ikki soatdan qishloqni yo biznikilar olishadi, yo fashistlar qaytarib olishadi, kuniga 4-5 marta almashinadi. Ba’zida suvdan chiqishga madorimiz yo’q, murdalarni ustimizga olib yotamiz. Biznikilarning “ura” sadolari eshitilsa ularga ko’shilib jangga kirib ketamiz.Ona, pishirgan nonlaringizni judayam sogindim, Xudo umr berib urushdan omon eson uyga borsam talakda o’tirib bir hafta non eyman", -degan so’zlari bor edi.
Jamila onam rahmatlik bolalarim och holda, sovuqda suvda qiynalib qanday kunlar ko’rayapdi ekan deb yig’lagani yig’lagan edi. Shu orada 1943 yilning bahori ham kelib qoldi. Mart oyida uzoqdan qichqiriq bilan xabarchi keldi,
- Jamila opa suyunchi bering, o’g’lingiz Matrasul og’a kelmoqda, idoraning yoniga keldi hozir, -deb.
Suyunchini olgani-olgan, boshdagi lechakniyam olib qochdi-ya nomard.
Bolasi tomon yuguray desa, lechak ketyapdi ichida “boylik” bilan, lechakka yuguray desa urushdan bolasi kelayotir sog’liq bilan.
Lechak ketsa ketsin tangasi bilan, bolaginamni boshu ko’ziga sadaqa bo’lsin -shu,- deb qal’a tomonga yugura ketdi. Robiya va Saodat mendan oldin yugurib borayotirlar, oyog’imdagi xom teridan tikilgan etik suv tegib kengayib ketganidan yugurish-u yurishimga malol qilayotir, uni shu erga echdimu yo’l chekkasidagi tutning ostiga qo’yib, yugura ketdim.
Qal’adan sal o’tib Yoqub xo’ja bobo qabristoni yaqinida ot aravaga suyanib kelayotgan ekan, Robiya bilan Saodat akamning bag’riga o’zlarini otdilar, yugurib borayotganimizda bizlarga qo’l siltab nimalarnidir qichqirmoqdalar. Men etib borganimda Robiyajon akamni o’ng qo’lidan ushlab kelayotgan ekan, akamni quchog’iga otilganimda tanimga qandaydir mehr iliqligi yugurganday bo’ldi.
Chap yoniga o’tib qo’lidan tutganimda sal ozor chekkandek bo’ldi. Keyinroq bilsam chap qo’liga o’q tegib yarador bo’lgan ekan.
Jamila onam va opam etib kelganida akam bizni qo’limizni yuborib, munis onasi tomonga yugurdi, ona bolasini bag’riga olar ekan uzoq quchog’lab turdi, sira qo’yib yuborgisi kelmasdi, sevinchidan yig’lardi.
Kelishda etikni qaraymiz qani topilsa, Robiya bilan yur ketdik topilmasa akam tozasini olib beradi,- deb quvonishib borayotgan qadrdonlarimizga qo’shildik.
Bir payt qarasam, hamma qarindosh urug’lar bor, akam yo’q, uyning hamma xonalarini birma-bir qarab chikdim, topaolmadim. Ha akam xatida yozgan ediyov, shu urushdan sog’ borsam talakda o’tirib to’yib non eyman deb, - shu erdadir-ov deb talakka asta chiqsam, akam non eb o’tiribdi, yonida Jamila onam. Ona bechora patirni qo’lida bo’lib beradi, akam eb boshlaydi, borib astagina yoniga o’tirdim.
Jamila onamni yonida gapirishga yurak bormi deysiz, lekin bugun mumkin, barcha qatori onamizning ham ko’ngillarida sevinch va quvonch. Tikilib havas qilib o’tirganimni sezgan akam kulimsiraganicha:
-Eysanmi?-dedi.
-Eyman dedim, menga akamning o’zi nondan bo’lib berdi. Orasiga et solingan patir ekan, bu davrlarda go’sht topishning o’zi katta gap edi. Ulli akam tezda kelib, katta qo’chqorni, omon kelgan ukamning sadaqasi,- deb teridan chiqara boshladi.
Bu bayram quvonchlari bir necha kungacha davom etdi, qo’shni ovalar, qarindoshlar kelib habar olishar, kimdir o’g’lini, yana kimdir erini, kimdir inisini uchratmadingmi deb so’rashadi.
Akam frontda Ayritomlik Qarriboy doyimlar bilan bir safda jang qilgan ekanlar. Front davrlaridan gap ochilsa, Qarriboy otaning ularga ko’p yordami tekkanligini aytib berardi.
1944 yilning bahorida biz Shovot rayon markaziga ko’chdik, akamni 1-sonli Strelkov nomli maktabga direktor qilib tayinlashgandilar.
I. Pirov «Bobolarim, momolarim vorislariga…»