Qo’sh sohil bulbuli
“Amudaryoning nariyog’ida tengdoshlaridan o’zining xudo bergan iste’dodi, shirali ovozi bilan ajralib turadigan, talantda tengi yo’q bir yigit bor. San’at bo’stonining ertangi bulbuliyam, faxriyam o’sha yigit bo’ladi. Uning ovozida imkoniyat cheksiz-chegarasiz”. Bu e’tirof mashhur san’atkor Komiljon Otaniyozov tomonidan 1970 yilda aytilgan. Komiljon aka Amudaryoning narigi tomonida deganida, to’rtko’llik Otajon Xudoyshukurovni aytgan ekanlar.

Ustozining bashorati o’ngidan keldi. Otajon Xudoyshukurov 50 yilgina (1944-1994) hayot kechirgan bo’lsa-da, tirikligidayoq afsonaga aylangan san’atkor edi. U O’zbekiston, Turkmaniston, Qoraqalpog’iston, Tatariston xalq artisti kabi unvonlarga sazovor bo’ldi. Bir umr tug’ilgan go’shasi To’rtko’lda ijod qilib, qishloqda yashab ham dunyoga dovruq taratmoq mumkinligini isbotlay oldi. Ya’ni g’arbda keng tarqalgan “iste’dodlar qishloqda tug’ilib Parijda vafot etishadi”, degan aqidaning noto’g’riligini o’z hayoti misolida isbotlab berdi.

Xorazmning Hazorasp tumanida Os ovuli (hozirda Bog’ot tumanining Dehqonobod qishlog’iga qarashli) mavjud. Ma’lumki, Os Xorazmda milodning boshlarida yashab, keyinchalik hozirgi Osetiyaga ko’chgan urug’ nomidir. Os elatida “taqir” laqabli kishilar yashashgan. Otajon Xudoyshukurovning bobosini “os” laqabi bilan atashgan. Tog’asi Yo’ldosh akani esa Yo’ldosh “taqir” laqabi bilan atashgan.

XX asrning birinchi choragida taqdir sabab ular daryoning narigi sohili-To’rtko’lga ko’chishgan. Otajon aka shu tariqa 1944 yilning 4 oktyabrida To’rtko’lda tavallud topgandi. Bolaligida maktabida, keyin esa tuman va Qoraqalpog’iston bo’yicha o’tkazilgan turli tadbirlarda ishtirok etib, hali yoshligidayoq elga tanilgan hofiz bo’lib yetishdi. Shu boisdan uni 19 yoshidayoq Berdaq nomli Qoraqalpog’iston davlat filarmoniyasiga ishga qabul qilishdi. 1972-90 yillarda filarmoniyaga qarashli “Amu to’lqinlari” ansamblini tashkil etib, unga badiiy rahbarlik qildi.

1960 yillarda Otajonning tog’asi Yo’ldosh aka unga ilk ustozlik qilib, to’ylarda yonida olib yurdi. San’atga ixlosi katta bo’lgan o’spirin dastlab doira, so’ngra rubob chalib o’ziyam qo’shiqlar ayta boshladi. Tog’asi Yo’ldosh Ollashukurovning do’sti ,mashhur hofiz Komiljon Otaniyozovning Otajondagi san’atdagi bo’lgan ixlosini payqab, uni shogirdlikka olishi esa To’rtko’llik yigitcha uchun parvoz maydoni vazifasini o’tadi.

14 yoshidan To’rtko’l,Nukus va Toshkentda o’tkazilgan turli tadbirlar, el-yurtdagi to’y, hosil bayramlarida qatnashib yurgan Otajonni TV orqali Quyi Amudaryo bo’ylariga tanitgan inson esa, shoir Oshiq Erkin bo’ldi. 1964 yilning kuz kunlaridan birida Urganchlik teleoperator G’anijon Do’stjonovning uyida paxmoq qoshli, istarasi issiq Otajon bilan tanishib, uning qo’shiqlari g’oyatda zavqlanadi. Shundan so’ng Oshiq Erkin 1965 yilning kuzida “Qo’sh sohil bulbuli” nomli ko’rsatuv tayyorlab namoyish etganidan so’ng Otajon Xudoyshukurov nomi nafaqat To’rtko’l va Xorazm, balki Xorazm TVsini ko’radigan Turkmanistonga ham ma’lum-u mashhur bo’ldi. Otajonni mashhur qilgan faqat yuksak ijrochilik mahorati,san’atga baxshiyda qalbi emas, balki odamgarchilik deya atalmish insoniyligi, el dardiga befarq emasligi, do’stlikka sadoqati edi.
1992-96 yillarda Xorazm viloyatiga hokimlik qilgan, tarix, fan va madaniyat, san’atga ixlos qo’ygan Marks Jumaniyozov (1938-2012) hofiz bilan bog’liq yoshligida ro’y bergan bir voqeani gapirib bergandi:

-Otajon Xudoyshukurov bilan qay tariqa do’stlashib qolganimiz, o’rtamizdagi jonga tutashib ketgan og’a-inilik tuyg’usi nima sababdan bunchalik yuksak maqomga ko’tarilganini tushuntirib berish uchun gapni bir oz uzoqroqdan…naq ota-bobolarimiz hayotidan boshlashim kerak shekilli. Keling, mana shu uzun tarixni qisqacha izohlab o’tay.

Menim tug’ilib o’sgan maskanim –Yangibozor tumanining eng chekka bir qishlog’i-Shovot kanalining bergi qirg’og’ida,Eshonlar deb nomlanadigan tabarruk tuproqda joylashgan. Bu tuproqda ko’p ulug’ insonlar tug’ilib voyaga yetgan, yashab o’tgan, mehnatlari, iste’dodlari, aql-tafakkurlari ila xalqqa xizmat qilganlar. Bu bejiz emas, albatta. Chunki Eshonlar qishlog’idan sal nariroqda ulug’ mutasavvuf alloma, ulkan din arbobi Xo’ja Yusuf Hamadoniy bobomizning muqaddas maqbaralari bor. Ana endi, qishlog’imizdan oqib o’tgan Shovot kanalining narigi qirg’og’ida-mashhur hofizimiz Komiljon Otaniyozov tug’ilgan Bo’yrachi qishlog’i bor. Agar mana shu o’rtadagi kanalni hisobga olmaganda Komiljon og’a bilan bir qishloqda tug’ilganmiz desam ham bo’laveradi. Xullas, mana shu tabarruk tuproqda ne-ne otashnafas hofizlaru, ne-ne otashin shoirlar, ne-ne aql-zakovat egalari, ulamoyu kiboro, oxundu otinoyilar yetishib chiqmagan deysiz.

1965 yil bo’lsa kerak, bir kuni G’anijon aka Do’stjonovning uyiga borib qoldim. Olti-yetti mehmoni bor, shular oldida yoshgina yigitni qo’shiq aytdirib qo’ygan ekan. Men ham davraga qo’shilib, qo’shiq eshita boshladim. Qarasam, haligi yigit shunday bir shirin, jarangdor ovozda qo’shiq aytayapti ekan, qo’yaverasiz, bunaqasini eshitib ko’rmaganman. Haligi yigit maqomdan maqomga, qo’shiqdan qo’shiqqa o’taverdi. Nazarimda ovozi ham borgan sari ochilib borayotganday edi. Men shu yerda bu beqiyos ovoz sohibiga maftun bo’lib qoldim. Bir tanaffus chog’i G’anijon akadan shivirlab so’radim:

-Bu qo’shiqchi yigit kim bo’ldi? G’anijon aka hayron bo’lib qoldi:
-Hov, sizni Toshkentda shuncha yil o’qib, shuncha artist-ashulachilarni tinglab yurgan yigitmi desam, rostdan tanimaysizmi?
-Rostdan tanimayman, ko’rgan ham emasman, bunaqa ovozni eshitgan ham emasman!…
-Hov..hov..ibi-iy..-battar hayron bo’ldi G’anijon aka,-Oshiq Erkin “Qo’sh sohil bulbuli” degan ko’rsatuv tayyorlagan bu haqda, endi yodingizga tushdimi?
-Yo’q,-dedim o’zim hayron bo’lib,-o’sha ko’rsatuvni ham ko’rmaganman.aytayapman-ku birinchi marta eshitishim deb.
-Hech bo’lmasa, nomini eshitgandirsiz Otajon Xudoyshukurov deb..
-Nominiyam birinchi marta, mana sizdan eshitib turishim!
-Ola-a!..

Xullas, Otajon bilan birinchi ko’rishuvimiz ham, tanishuvimiz ham shu tariqa boshlandi. Men shuncha san’atga qiziqib, shuncha mashhur-nomashhur hofizlarni tinglab, o’zimni san’at va adabiyotning bilimdoni deb yuraveribman-u,(Mark aka Toshkent qishloq xo’jaligini irriatsiyalash va mexanizatsiyalash injenerlari institutini tugatgan, muhandis bo’lib, voqea ro’y bergan vaqtlari Gurlan tuman mashina traktor parkida boshliq bo’lib ishlab yurgandi-U.B.) shundoqqina daryoning narigi qirg’og’ida bir ulug’ xazina-Otajon Xudoyshukurov nomli hofiz borligidan mutlaqo bexabar yurgan ekanman. Eng qizig’i, hali yigirmadan endi oshgan bu yosh hofiz o’n yillardan buyon Amudaryoning qo’sh sohilida qo’shiq aytib yurib, xalq o’rtasida ancha-muncha shuhrat ham qozongan ekan…

Otajon bilan birinchi ko’rishuvimiz shu tariqa bo’lib o’tgan edi. Shundan keyin bordi-keldilar boshlandi, to’y bo’lsa, ziyofat bo’lsa chaqiramiz-keladi. To’yi, ziyofati bo’lsa, chaqiradi-boramiz. Shunday kunlarning birida hayotimda bir unitilmas voqea bo’ldi-yu, Otajon bilan bordi-keldimiz mustahkam do’stlikka, o’rtadagi mehr-oqibat esa qiyomatli qondosh-jondoshlikka aylanib ketdi. Buning tafsiloti quyidagicha. 1967 yil bo’lsa kerak, qish oylari edi, men qattiq kasallanib qoldim. Shunday qattiq og’ridimki, xullas o’ladigan bo’lib, ko’rpa yostiq tortib, qarindosh urug’lar bilan rozi-rizolik aytishib yotibman endi. Xayolimda bugun-oxirgi kun men uchun, ertasi kuni-tamom, yo’qman, o’laman. Mana shu lahzalarda neni ko’rsang-ko’rib qolganing,kimning so’zini tinglasang-eshitib qolganing. Aytayapman-ku, oxirgi kun, oxirgi kunim…Bir payt qarasam, birov kulib turibdi tepamda. Otajon!

-Assalomu alaykum, yoshulli!-doydi tirjayib. -Bir ko’rib, ziyoratlab ketaylik deb kelgan edik, bu…na yotish?
-Shunday-shunday-shunday,-dedim yotgan joyimda ovozim sinib. Qo’lini uzatdi. Men ham ko’rpadan mana shunchagina qilib, bilagimgacha chiqarib, ko’rishganimiz yodimda bor.
-Ketayapmiz, jo’ra…
-Nera getasiz-ay, yoshulli, man galdim, sizni hech yoqqa yubormayman!
-Yo’q, Otajon, bugun-oxirgi kunim. Hamma bilan vidolashib chiqdim. Sening kelganing yaxshi bo’ldi, jo’ra, rozi bo’l…
-Yo’q,-deydi Otajon battar o’chakishib. -Rozi emasman. Sizni olib qolaman.Getmiysiz!
-Axir ahvolimni o’zim bilaman. O’rnimdan turolmayman. Hamma bilan xayr-xo’shlashganman…
-Yo’q, Getmiysiz! O’rningizdan turasiz! Siz o’rningizdan turmaguncha, men ina shu bu yerda o’tiraveraman…
-O’tirsang o’tir!—dedim man ham.
Otajon ham o’tiraverdi. Men ham yotaverdim. Bir paytlari Otajon o’tirib-o’tirib zerikdi. Uyda bolalarning ting’irlatib yuradigan rubobi bor edi, shuni topib keldi bu. O’zi bilan o’zi ting’irlatdi, ashula aytdi.Orasida mendan:
-Turasizmi, yoshulli?-deb so’rab qo’yadi.
-Yo’q,-deyman ming’irlab, -Men bugun narigi dunyoga ketaman…
-Getmiysiz!Yubormayman!
Yana ting’ir-ting’ir, yana ashula.

Bir vaqt Otajon uydagi telefonni topib olib allaqaylarga telefon qilaboshladi, torini olib kelishni iltimos qildimi, ko’p o’tmay uyga mashina kelib ketgani, allakimlar endi ansambl bo’lib qo’shiq boshlayotgani eshitildi. Men yotaverdim, aytayapman-ku, o’limni kutib yotardim deb.
Alqissa,Otajon shu kuni ketmadi. Ertasiga ham ketmadi-qo’shiq aytib o’tiraverdi. Men yotgan joyimda o’ylanaman: buni menga xudo yubordi, oxirgi kunlarini qo’shiq ohanglari ostida o’tkazsin degan, yo’qsa bu holni qanaqa izohlash mumkin, axir, vidolashib yotgan bir odam bo’lsam, axir, mana, yotibman-ku…
Otajon qo’shiq aytaverdi, men ana ketdim-mana ketdim bo’lib yotibman.

-Turing endi og’a!-deydi qo’shiq orasida.
-Turolmayman, Ota..
-Bo’lmasa, qo’shiq aytaveramiz-dang..

Shunday qilib, kelgan kuni, kechasi, ertasiga ham Otajon uyda qo’shiq aytdi! Ketmadi! Men ham ketmadim… narigi dunyoga! Yaratgandan bir karomat hosil bo’ldimi-ertasi kuni men o’rnimdan turdim! Turib o’tirdim, mehmonlarning oldiga chiqdim, qo’yingki, men ajalning og’zidan qaytib keldim! Mana shu odamlar, ana shu qo’shiqlar, ularning sehrli navolari bois, men yorug’ olamga qayta keldim” Mo»jiza ro’y berdi, deyvering…

Ana shu voqeadan keyin oramizdagi mehr-oqibat o’chmas –yitmas tuyg’ularga, bordi-keldilarimiz esa jonajon do’stlikka aylanib ketdi. Endi Otajonning shaxsiy fazilatlari haqida aytadigan bo’lsam, u inson sifatida nihoyatda ajoyib, mag’rur, o’ta iste’dodli bir odam edi. Bu yigit Omon Matjonni yaxshi ko’rardi, Omon ham buning iste’dodini qadrlar, ikkovi nihoyatda qalin do’st edilar. Xalqimizning bu ikki ulug’ farzandini birga, yonma-yon ko’rganda, biz ham quvonardik.

Hayot shunday ekanki, payti bo’ldi-Otajondan qo’shiqlar tinglab zavqlandik, shunday iste’dodni berganiga quvonib, Ollohga shukronalar aytdik. Payti bo’ldi-Otajonni ardoqladik, uning iste’dodini yuzaga chiqarish uchun, kamolga yetkazish uchun kurashdik ham. Payti bo’ldi-uni urishib-koyidik ham.

Bir kuni uni yengil-yelpi qo’shiqlarni ko’p aytishda ayblab, quyidagi bir rivoyatga o’xshash gapni hazil-huzul bilan aytib berganim yodimda:

-Xudo taolo o’zi vaqti-vaqti bilan Jabroil farishtasini zaminga yuborib, noyob in’omini -iste’dod uchqunlarini xalqlarga,el-elatlarga sochib-sochib turar ekan. Shuning uchun ham har ellik yildami, yuz yildami xalqlarning ichidan turli xil iste’dodli odamlar paydo bo’ladilar… Shunday bir in’om kechalarining birida Jabroyil farishta Xorazm zaminiga kelib aylanib yurganida, sening ota-onang uxlamay, shivirlashib o’tirgan bo’lsa kerakki, shu ulug’ ne’mat ularga nasib qilgan, natijada sen tug’ilgansan,-dedim Otajonga. U menim gaplarimni diqqat bilan tinglab o’tirardi.Men davom etdim. -Endi sen shu oliy-ilohiy ne’matga ega ekansan, iste’dodingni asrab-avaylab, kamolga yetkazishing kerak… Yengil-yelpi qo’shiqlarni aytaverma, xalqingning ma’naviyatiga xizmat qiladigan, yuz yillardan keyin ham nomingni yodga solib, nomingni porlatib turadigan qo’shiqlar ayt. Axir bu iste’dod, bu qudratli ovoz senga berilgani bilan, u seniki emas,u-xalqniki. Xalqing uchun kuylamasang, xalqing uchun xizmat qilmasang, xalqing uchun yashamasang, iste’dodingni yengil-yelpi narsalarga, hoyu-havaslarga sarflab yuborsang-buning uvoli tutadi, javobi bor hali, “senga shuncha iste’dodni nima uchun bergan edim?” degan savol bo’ladi hali oldda.

Otajon bu gaplarni hayajonlanib tinglab o’tirdi. Xudoga shukur, u o’zidagi nodir iste’dodni to’la kamolga yetkazdi, ellik yillik shiddatli hayoti mobaynida xalqiga beminnat xizmat qildi, o’zining bor qobiliyatini, qudratli ovozini xalqiga baxshida qilib o’tdi.Mana biz bugun: “Otajon yo’q, komiljon aka yo’q, yosh ketishdi bechoralar” deb qiynalib yuramiz.Holbuki, Otajon ham, Komiljon aka ham yosh ketgani yo’q-ular o’zining ellik-oltmish yillik umri mobaynida Go’ro’g’lining yoshini (120 yoshni) yashab ketishdi.
Ha, Marks aka aytganlaridek Otajon Xudoyshukurov 50 yillik umri davomida, Xorazm qo’shiqlarining mohir ijrochisi sifatida elga tanilib, 1000dan ziyod qo’shiq ijro qildi.”Feruz” turkumidagi ashulalarga o’zgacha jilo baxsh etdi. ‘Kajhang”, “Yakparda”, “Qo’shparda”, ”Chapandozi” va “Ona suvora”larni qoyilmaqom ijro qilib, shuhrat qozondi.

Albatta, bunday mavqega erishishning o’zi bo’lmadi. Ijodga mehri, san’atga yuksak ixlosi, va’daga vafosi bilangina u Otajon Xudoyshukurov bo’lib yetishdi. Shoir Oshiq Erkin do’sti bilan bog’liq sarguzashtli voqeani eslab, shularni hikoya qiladi: “O’zbekiston radiosida ishlardim. Otajonning qo’shiqlarini yozib olish uchun vaqtni belgilab, studiyani taxt qilib qo’ydik.Aksiga olib hofiz To’rtko’ldan Toshkentga yetib keladigan kuni havo yomonligidan samolyot ucha olmay qoldi.Ammo Otajon To’rtko’ldan taksi bilan Nukusga, undan Gur`evga,Gur`evdan Qarag’andaga, Qarag’andadan Chimkentga, Chimkentdan Toshkentga-studiyaga belgilangan soatda yetib keldi”.

Bu voqea ko’pchilik bugungi san’atga kirib kelayotgan yoshlarga ibrat bo’lsa arziydi, albatta. Hayot yo’llarida san’atkorlar uchun ana shunday ibratona ijod qilgan hofiz to’g’risida marhum shoir Matnazar Abdulhakim shunday degandilar:

—Otajon og’aning vafotidan ancha ilgari uning avtoavariyaga tushib, halok bo’lganligi to’g’risida mish-mish tarqaldi. Buyuk odamlardan pastkashlik ana shunday tarzda o’ch olib yuradi, o’zi. O’zining qabihligi, buyukning buyukligi uchun. Aslida suyukli hofizimiz yengilgina jarohat olib, bir necha kunga kasalxonaga joylashgan ekan. Ham jarohat olgan muhtaram Hofizning holidan xabar olish, ham bir televizion lavha tayyorlab, shov-shuvlarga chek qo’yish uchun, yozuvchi va jurnalist do’stim Shuhrat Matkarim bilan kasalxonaga, Otajon og’aning palatasiga kirib bordik. Dovruqli hofiz bir necha kun oldin o’lgan “o’limi”dan mutlaqo xabarsiz, maza qilib yangi bir qo’shig’ini xirgoyi qilib o’tirar edi. Hol-ahvol so’rashdik, hazil-mutoyiba qildik,hech gapdan xabarsiz kishilardek, ixcham bir ko’rsatuv tayyorlab, efirga uzatdik…

Baribir, odam osmonga ustun bo’la olmas ekan.Biroq Otajon Xudoyshukurovdan osmonga ustun bo’lgulik qo’shiqlar qoldi. Shu boisdanmi, uni o’ylasam, ana shu qalbaki o’lim yodimga tushaveradi… Hozir ham Norinjon Bobo tomonlarda , o’z o’limlaridan xabarsiz, o’zining buyuk qo’shiqlarini astoydil va bamaylixotir kuylayotgandek…Matnazar aka o’zining “Avtobus haqida ballada”si aynan Otajon Xudoyshukurov san’ati, ashulalarining umriboqiyligi, shundan kelib chiqib olam va odam to’g’risida fikr yuritgandilar:

…Kelayotir edi Xazoraspdan jim,
Tirband avtobusda horg’in, asabiy.
Xuddi bu tirbandlik, to’palon uchun,
Boshqalar oldimda gunohkor kabi.

Kimdir so’kinardi, no’noq kissavur,
Cho’ntagiga qo’shib tanin kesgandek.
Har bir yangi bekat biz uchun javr,
Har yangi hamrohdan rosa bezgandik.

Avtobus oynasi diqqinafasdan,
Botgandi ko’zyoshdek-ko’zyoshdek terga.
Ayovsiz bir qarg’ish lahza tinmasdan,
Kimnidir toptardi teng qilib yerga.

Bilmadim, gunohi ne edi uning,
Hech kim ham hech kimning aybin bilmasdi.
Shu payt bitta yigit magnitofonning,
“Chirq” etkizib nogoh tugmasin bosdi.

Qorong’u dillarni yoritib birdan,
Jaranglay boshladi nurafshon so’zlar.
Alanglab turdi-da bunday sehrdan,
Mo’ltirab qoldilar o’qraygan ko’zlar.

Xonanda chekardi kassetada oh,
Kimningdir kimgadir zorligi uchun.
Yurakdan hayqirib quvonardi goh,
Birovning dunyoda borligi uchun.

Ilg’ab har bir so’zdan qutlug’ ziyoni,
Ko’zlarini ochdi bir parcha voha.
Har yurakda pinhon ming bir dunyoni,
Yoritib yubordi Otajon og’a.

Sarob yo’qolgandek shu bir nafasda,
Ketdi anduhlarni yangroq kuy olib.
Boya maymunlardek edik qafasda,
Endi-chi, turardik mulzam, uyalib.

Yigitni indamay tushundik bizlar,
Bildik g’amimizni yeganligini.
Angladik, dunyoda musaffo hislar,
Abadiy barqaror ekanligini.

Yigit bir bekatda tushib qolgan so’ng,
Bir-birovga boqib jim o’yga toldik.
Eng baxtli tush birdan kelgan kabi o’ng,
Mashina keng ekan-biz payqab qoldik.

Esladik6hamisha shodlanganmiz-ku,
Kimningdir bizlarga zorligi uchun.
Hozir ham safarga otlanganmiz-ku,
Kimningdir dunyoda borligi uchun.

Shundan beri meni qiynar o’zga hol,
O’zga uqubatdan yuragim g’am yer.
Ba’zan havolanib gar sursam xayol,
O’sha avtobusga mengzab ketar Yer.

To’g’ri, sayyoramiz hududsiz, lekin,
Ko’ngillar torlikdan unda motamlar.
Oftob bepul, havo bo’lmasa tekin,
Qirilib ketgudek sho’rlik odamlar.

Bir chimdim tuproqqa ko’zi to’yguvchi,
Yuhofe’llar hamon yashar qalashib.
O’z o’rnin eplashga yetmas-ku kuchi,
Chang solar o’zganing yerin talashib.

G’addor rejalardan turmasak ogoh,
Yer ham bir tugmaga bog’liq taqdir-ku.
Tugmani men bossam…yangrasa nogoh,
Bombalar o’rniga mehrbaxsh bir kuy.

Anglasalar hamma beizoh,besharh,
Mening ko’nglimdagi orzuni ham jim..
Axir, ona zamin yashar, urib charx,
Odamning odamga zorligi uchun.

..O’z ijrosi bilan minglab, millionlab ko’ngillarga malham bergan, berayotgan hofiz 1994 yilning 23 dekabrida vafot etdi. Ammo Otajon Xudoyshukrov ma’nan barhayot. Buyuk san’atkor vafotidan so’ng, Qoraqalpog’istondagi Ellikqa’la tumani hokimligi tashabbusi bilan milliy qadriyatlarni tiklash, xalqlar o’rtasida madaniy do’stlik aloqalarini mustahkamlash, qo’shiqchilikni san’atini yanada rivojlantirish maqsadida 1999 yili Xalqaro Otajon Xudoyshukurov jamg’armasi tashkil etilgandi.

Jamg’arma o’tgan vaqt mobaynida, har ikki yilda bir marta Otajon Xudoyshukurov xotirasiga bag’ishlab, “Qambarning oltin sozi” nomli xonandalar ko’rik-tanlovi o’tkazilmoqda.Shuningdek, respublikamizning yetuk shoirlari va iqtidorli yoshlar ishtirokida an’anaviy ravishda tumanda “Aqchako’l ilhomlari” ijodkorlar anjumani o’tkazilib kelinmoqda.Jamg’arma shu kabi Ellikqa’la tarixi va bugungi kuniga bag’ishlab uchta rangli al`bom, “Ellikqa’la navolari”, “Qo’sh sohil bulbuli” kitoblarini nashr etdi.Jamg’arma yana marhum hofiz tabiatiga mos tarzda savobli ishlarniyam davom etdirib, oliy o’quv yurtlari va kollejlarda o’qiyotgan ortiq kam ta’minlangan talabalarga shartnoma to’lovlarini to’lashda yordam berib, o’nlab yordamga muhtoj oilalarga xayr-saxovat ko’rsatdi.

Eng asosiysi Otajon Xudoyshukurov yaratgan qo’shiqlar barhayot, shogirdlari, izdoshlari uning san’atini davom etdirmoqda.

OMON MATJON. Otajon Xudoyshukurovga bag’ishlovlar

UCHINCHI DARYO
Otajon Xudoyshukrovga

Gohi men Sirdaryo sayliga borsam,
Ko’nglimga keladi qiziq bir tuyg’u:
Go’yo shu yaqin bir joydan o’tganday
Sirdaryodan ko’ra kattaroq bir suv!

Shu holga tushaman Xorazmda ham,
Buyuk Amudaryo bo’yida turib.
Go’yo Jayhundan ham bahaybat nahr
Yaqingina joyda oqar o’kirib.

Bu nima?
Ko’rinmas qanday oqim bu?
Yerdanmi, ko’kdanmi kelar bu sado?!
Nahot tuprog’imda ko’zga tashlanmay
Oqib yotar ulug’ uchinchi daryo?!

Bilmadim,
Meni ko’p ta’qib etadi
Shu sirli aks-sado,shu ilohiy un!
Juda yuksak bo’lar Ruhim shu kezlar,
Vujudim zaminga judayam yaqin…

OTAJONNI ESLAB…

Oqqan daryo tindimi,
Oltin toring sindimi,
Otga boshqa mindimi,
O’rtadagi do’st qani?!

Qayiq qumga urildi,
Asr zumga urildi,
Yurak simga urildi,
O’rtadagi do’st qani?!

Fano,baqo ne ishdir,
Bir-birovni yeyishdir,
Izindan voh deyishdir,
O’rtadagi do’st qani?

Ikki daryo orasi,
Uch yuz oltmish qa’lasi,
Izlar hofiz nolasin,
O’rtadagi do’st qani?!

Umid Bekmuhammad

KO`P O`QILGANLAR