Repertuaridan mumtoz ashulalar («Feruz I—II», «Xorazm Segohi», «Bozurgoniy», «Qo’shchinor», «Guluzorim», «Kurd Eshvoyi», «Samarqand ushshog’i», «Toshkent Irog’i» va b.), Xorazm doston noma (qo’shiq)lari («Najab o’g’lon» dostonidan «Kimni sevar yorisan», «Bahrom va Gulandom»dan «Ayriliq», «Avazxon»dan «Qalandarim»), kompozitor va bastakorlar asarlari («Ko’zlaring sening», «O’zbekistonim», «Ra’no bo’layin deb», «Sog’inib keldim» va b.), shuningdek, turkman, ozarbayjon, qoraqalpoq, qozoq va qirg’iz xalq qo’shiqlari o’rin olgan. O. Xudoyshukurov sozanda (torchi) va o’zi aytadigan («Mujgonlaring», «Olamda bir», «Birinchi muhabbatim» kabi 300 dan ortiq) qo’shiqlarning bastakori sifatida ham tanilgan. O. Xudoyshukurov jozibali, chiroyli tembrli, keng, barcha pardalarda ravon va jarangdor ovoz sohibi. Uning qo’shiqlaridagi ehtiros, shijoat va jo’shqinlik, mazmuniy teranlik kabi xislatlar tinglovchilar qalbidan chuqur joy olgan. Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1974). 1999 yildan Otajon Xudoyshukurov nomida yosh xonandalarning Respublika tanlovi o’tkazilmoqda. Ellikqal’a va To’rtko’ldagi ko’cha, xiyobon va bog’larga hofiz nomi berilgan.
Bu sahifaga o’tib o’z iste’dodi bilan xalk xurmatini qozongan Xorazm san’atining buyuk xofizi Otajon Xudoyshukurov qushiqlarini tinglashingiz mumkin.