Xorazmiy. Muhabbatnoma
Xorazmiyning «Muhabbatnoma»si o’zbek mumtoz adabiyotidagi noma janrining ilk yorqin namunasi sanaladi. Albatta «Muhabbatnoma» faqat nomalar yig’indisi emas, unda g’azal, qit’a, fard kabi kichik lirik janrlarga xos asarlar ham mavjud. Lekin asardagi o’n bir noma asar tuzilishining bosh xususiyatini belgilaydi. Shoir shundan kelib chiqib “noma» so’zini asar nomiga ham chiqazgan. Xorazmiyning nomanavislik an’anasini adabiyotimizda Xo’jandiy «Latofatnoma»si, Yusuf Amiriy «Dahnoma»si, Said Ahmad «Taashshuqnoma»si, Sayyid Qosimiy «Haqiqatnoma»si va «Sadoqatnoma»si bilan davom ettirdi.

Xorazmiy — XIV asrda yashab, turkiy va forsiy tilda ijod etgan shoir. Biroq bizga uning asosan o’zbek, qisman tojik tilida bitilgan birgina «Muhabbatnoma» asari etib kelgan. Tarjimayi holi haqida ham shu asardagi ma’lumotlardan boshqa ma’lumotga ega emasmiz. Hatto, uning asl ismini ham bilmaymiz. «Muhabbatnoma»da shoirning o’zi qayd etishicha, Oltin O’rda xoni Jonibekxonning Sirdaryo muzofotidagi hukmdorlaridan biri Muhammad Xojabek forsiy tilda she’rlar yozib, mashhur bo’lgan Xorazmiydan: «Bu qish mening yonimda yurib, bizning tilda (ya’ni turkiyda) bir kitob yozsang», — deb iltimos qiladi:

Ko’ngul bahrinda ko’p gavharlaring bor,
Ochunda porsiy daftarlaring bor.
Muhabbat nardini ko’plardin uttung,
Shakartek til bila olamni tuttung.
Tilarmenkim, bizing til birla paydo
Kitobe aylasang bu qish qotimdo, —
Kim ush eldek kechar ayyomi foniy,
Jahonda qolsa bizdin armug’one.

«Muhabbatnoma» shu tariqa milodiy 1353-yili dunyoga kelgan. Demak, shoir tojik tilidagi daftarlari, ya’ni to’plamlari, «shakartek til» bilan el orasida ma’lum-u mashhur bo’lgan. Muhammad Xojabek esa undan aynan o’zbekcha asar yozishni so’rayapti. Adabiyotimiz tarixi uchun bu muhim bir fakt. Chunki shoirlarimizning o’z tilimiz qolib, forsiyda asarlar yozishiga qarshi kurash Alisher Navoiy yashagan XV asrning ikkinchi yarmiga qadar davom etdi. Taxallusidan ham bilish mumkinki, shoir — xorazmlik. Lekin asar Sirdaryo yoqalarida bitilgan. Yana bir narsani unutmaslik kerakki, faqat Amudaryoning Orolga quyiladigan joylarigina emas, Sirdaryoning dengizga tutash bo’lgan hududlari ham Xorazm deyilgan bo’lishi mumkin. Shuning uchun «Xorazm» degan joy nomi anglatgan hozirgi tushuncha bilan XIV asrdagi hudud bir biridan keskin farq qilishi tabiiy hol.

Xorazmiy. Muhabbatnoma (yuklab olish PDF 456 Kb)

«Muhabbatnoma» haqida

«Muhabbatnoma»ning ikki nusxasi bizgacha etib kelgan: 1. Milodiy 1432-yili Yazd shahrida Mir Jaloliddin degan kishi taklifi bilan Boqi Mansur degan xattot uyg’ur yozuvida ko’chirgan nusxa. Bu matnda ayrim qisqarishlar uchraydi. 2. Milodiy 1508-1509-yillarda arab yozuvi asosidagi turkiy alifboda ko’chirilgan nusxa. Bu nisbatan to’laroq — jami 473 baytdan iborat. Asarning ikkala nusxasi ham Londondagi Britaniya muzeyida saqlanadi.

«Muhabbatnoma» mumtoz adabiyotimizdagi noma janrining Yorqin namunalaridan biri hisoblanadi. Chunki asar, tuzilishiga ko’ra, o’n bir nomadan tashkil topgan. Noma uning asosiy janriy yo’nalishini belgilab turibdi. Biroq unda, nomalardan tashqari, g’azal, soqiynoma, masnaviy, qit’a va fard janrlari namunalari ham uchraydi. Shoir nomalar orasida shu lirik janrlardan foydalanib ketavergan. Shuni esdan chiqarmaslik kerakki, nomalar ham shaklan masnaviy tarzida bitilgan. Nomalardan tashqari holda kelgan masnaviylarni shoir alohida tepasiga sarlavha tarzida yozib, bildirib o’tgan. Asarda zullisonaynlik (ikki tilda ijod qilish) qoidasiga oxirigacha amal qilingan. Ya’ni mavjud o’n bir nomadan ikkitasi — to’rtinchi, sakkizinchi nomalar, asar tuzilishiga asosan ulardan keyingi masnaviy, shuningdek, dastlabki g’azal forsiy tilda bitilgan. Shoir maxsus ravishda shunday ish tutganini qayd etib o’tadi:

Bu xon uzra saloyi oma qildim,
«Muhabbatnoma»ni o’n noma qildim.

Qiloyin ikki bobin porsiy ham,
Kim atlas to’n yaroshur bo’lsa mu’lam.

Mazmuni: «Bu dasturxon uzra umumiy da’va’t qildim,
«Muhabbatnoma»ni o’n noma qildim.

Ikki bobini forsiy tilda bitayinki,
Agar atlas (beqasam) to’n har xil rangda bo’lsa, yarashadi».

Xorazmiy g’azal, qit’a va fardning XIV asr o’zbek adabiyoti uchun dastlabki namunalarini ijod qildi. Bu asarlar ana shu jihati bilan ham alohida ahamiyatga ega. Asar Muhammad Xojabek iltimosi bilan yozilgani, «buyurtmachi» undan bir nom qolishini istagani uchun uning ta’rif-tavsifiga ko’p o’rin ajratilgan. Shaklan olib qaraganda, shoir Muhammad Xojabek madhini nomalardan oldin saranjomlab, keyin «Muhabbatnoma» bunyod etishga kirishgandek qilib yozadi. Ana shu madh qismidagi masnaviy va g’azallarda Muhammad Xojabek ochiq maqtaladi. Shoir unga bo’lgan insoniy mehr-muhabbatini izhor etadi. Asar nomi «Muhabbatnoma» deyilishi ham, asli, shundan. Shuning uchun bu asarda real shaxs timsolini yaratish asosiy maqsad qilib qo’yilgan. Bir baytda bu hukmdorning Qo’ng’irot urug’idan ekanini qayd etib o’tadi:

1 Shoir dastlab o’n nomadan iborat asar yozishni mo’ljallagan, ammo keyin yana bir noma qo’shgan (Burun o’n dedim, u o’n bir bo’ldi).

Zihi arslon yurak Qo’ng’rot urug’i,
Kichik yoshdin ulug’larning ulug’i.

Lekin nomalar boshlangandan keyingi qismlarida ham zimdan hukmdorga iliq munosabat, ishoralar bilan uni ta’rif-tavsif etish bor. Bu aksar g’azallar mazmunida ham aks etadi. Bir g’azalda bevosita lirik qahramon bilan hukmdor munosabatlari qalamga olinadi. Jumladan, unda shunday bayt bor:

Bizing bek yodig’a ishrat qiloli,
Nechakim yo’qtururbiz son ichinda.

Shoir ba’zan g’azalning matla’sidayoq bunga ochiq ishora qiladi:

Yaratqonkim, tan ichra jon yaratti,
Seni ko’rkluklar uzra xon yaratti.

Ayniqsa, maqta’larda shoir lirik qahramoni to’g’ridan-to’g’ri Muhammad Xojabekka murojaat qilib, undan himmat va karam kutadi:

Siza teb keldi, Xorazmiyni asrang,
Kim asrarlar qamuq shahlar gadoyin.

Hatto, shaklan ishqiy mavzuda bo’lgan nomalar va g’azallar mohiyatida ham ana shu hukmdor ta’rifi yotganini sezish qiyin emas. Ba’zan buni go’yo bir o’xshatishdek qilib yoxud istiora shaklida bildirib o’tadi:

Qilur o’z jonig’a qasd o’zi boyiq,
Gadoekim, bo’lur sultona oshiq.

Yoki:

Ayit mendinkim, ul miskin urur oh,
Qachon ingay gadoning evina shoh?

Nomalardagi «olam podshohi», «qamuq ko’rkluklari uzra “podshosen», «gu1chehralar molik riqobi», «shohi qaboyil», «ohu nazarlar shahriyori» kabi ifodalardan foydalanish ham biryo’la asar bag’ishlangan hukmdorni esdan chiqarmaslik ilinjida qilingan. Muallif shunday yo’l tutganki, bu parchalarni hukmdorga emas, yorga bag’ishlangan deb o’qisangiz ham, ma’no chiqaveradi, badiiyat hech narsa yo’qotmaydi. Eng muhimi, ishq bu erda hukmdorga muhabbatdan sevikli yorga, undan esa Yaratgan Egamga muhabbatga aylana borgan. Chunki tasavvuf yurtimizda keng qanot otgan bu davrlarga kelib ilohiy ishqdan xoli tarzda muhabbat mavzuini yoritishni tasavvur qilish mushkul: Buni shoir asar oxiridagi «Iltimosin aytur» faslida shunday bildirib o’tadi:

Muni kim ish birla o’qug’ay,
Haqiqat olamini munda bilg’ay.

Bu erdagi «haqiqat» tasavvufiy ma’noga ega. Ya’ni Xudoga ishqning yo’li shariat, tariqat va haqiqatdan iborat deb qaralgan. Haqiqat — Allohga etishni anglatadi. Tasavvuf ahli ishqni Xudoga muhabbat tarzida tushungan va talqin etgan. Insonga, ya’ni do’stga yoki yorga muhabbat Allohga bo’lgan ishqning bosqichlaridan deb qaralgan. «Muhabbatnoma» o’zbek adabiyoti tarixida alohida o’rin tutadi. U she’riyatning keyingi taraqqiyotiga jiddiy ta’sir o’tkazdi. Hatto, Alisher Navoiy ham bu asardan yaxshi xabardor bo’lgan. Ulug’ o’zbek shoirining forsiy va turkiy til muqoyasasi, turkiy tilning ko’p jihatlardan ustunligini isbotlashga bag’ishlangan «Muhokamat ul-lug’atayn» risolasida turkiylar kattaroq xolni «meng» deyishi, bu ifoda forsiy tilda yo’qligi haqida gapira turib, misol tariqasida:

Aningkim, ol enginda meng yaratti,
Bo’yi birla sochini teng yaratti, —

baytini keltiradi. Navoiy bu misralarni qaysi asar yoki qay bir shoirdan olganini aniq aytmagan. Aslida, bu — Xorazmiy «Muhabbatnoma»sining oltinchi bayti. Navoiy bu baytni aynan Xorazmiyning «Muhabbatnoma»sidan olganini isbotlovchi boshqa jiddiy dalillar ham bor. Xorazmiy keltirilgan baytda kecha va kunduzni bir chiroyli qiz yoki kelinchak kabi tasvirlab, Alloh uning qizil yuzida meng, ya’ni katta xol yaratdi, shuningdek, bo’yi bilan sochini teng yaratdi, deydi. Bundagi «qizil yuz» («ol eng») va «bo’y» ramzan — kunduzni, «meng» va «soch» — kechani bildiradi. Demak, Xudo kunduz bilan kechani teng qildi, deyilmoqchi. Umuman olganda, yil davomidagi jami kunduzlar bilan barcha kechalar yig’indisi teng-da. Shoir baytda aynan shuni ko’zda tutgan. «Bo’yi birla sochini teng yaratti» — turkiy she’riyatga Xorazmiy qo’shgan go’zal ifodaviy topilma. Navoiy esa adabiyot, xususan, turkiy she’riyatdagi yilt etgan biror nimarsani ko’zdan qochirmagani aniq. Axir, Sharqda shoirlar birgina chiroyli ifoda uchun ham olqish olgan, katta shuhrat topgan-da. Keyin o’sha badiiy topildiq shu she’riyatning chinakam mulkiga aylangan, boshqa shoirlar undan foydalangan. Faqat endi bunga yana nimadir yangilik qo’shib ishlatish shart bo’lgan. Navoiy g’azallaridan birida mana bu baytda kun-tun tengligi (bu eski o’zbek tilida “e’tidol” deyilgan) bo’y bilan sochning barobarligiga qiyos qilinadi.

Vasli aro ko’rdim, teng emish bo’yi-yu sochi,
Tun-kun teng ekan, zohir o’lur bo’ldi chu Navro’z.

Bu erda Xorazmiy baytidan ijodiy foydalanilgani ayon. Navoiy «Farhod va Shirin» dostonining xoqon o’g’li, ya’ni Farhod uchun yilning fasllariga moslab qurdirgan to’rt qasr ta’rifiga bag’ishlangan 17 -bobini shunday boshlaydi:

Hamal tahvili etkach Mehr gulchehr,
Ochar yuz gul zamona ko’rgach ul Mehr.

Qilur mashshotayi sun’ oshkoro
Arusi dahrning husniga oro.

Qilur tun birla zulf-u kun bila eng,
Etar lekin bo’yi birla sochin teng.

Mazmuni: «Gul yuzli Quyosh hamal burjiga kirganda zamona u Quyoshni ko’rgach, yuz gul ochadi. Yaratish pardozchisi esa zamona kelini husniga oro beradi — tundan soch, kundan chehra yasaydi. Lekin sochi bilan bo’yini teng qiladi, ya’ni bahor boshlanib, gullar ochiladi, olam go’zallashadi, kecha-kunduz barobar (Navro’z) bo’ladi». Navoiy «Muhokamat ul-lug’ atayn»da keltirilgan baytni «Muhabbatnoma»dan olgangina emas, «Farhod va Shirin»da bevosita shu asardan ta’sirlanib qalam surgan. Biroq endi mazmun o’zga muayyanlig-u tasvir o’zgacha go’zallik kasb etgan: Navoiy yil davomidagi kechalar bilan kunduzlar o’rtasidagi tenglikni emas, aynan Navro’zni — kecha bilan kunduzning bab-barobar keladigan paytini ko’zda tutgan. Uni «arusi dahr», ya’ni «dunyo kelinchagi» deb ta’riflaydi. Ilk bahor bilan (ajdodlarimiz bahorni 1-martdan emas, 21-mart, ya’ni Navro’zdan boshlanadi deb hisoblashgan) ekelinchak o’rtasida ajib bir uyg’unlik ham bor.

Xorazmiyda dunyoda kecha va kunduzning umumiy tengligi aytilgan. Lekin bu Xudoning Erda hayotni paydo qilishi haqidagi baytlar sirasida kelganligidan unda zimdan Navro’zga ham ishora yo’q emas. Chunki o’sha baytdan keyin mana bu misralarni o’qiymiz:

Qaro tuproqdin sunbul to’ratti,
Tikanlar orasinda gul to’ratti.

Qora tuproqdan sunbul unib chiqishi, tikanlar orasida gul paydo bo’lishi ham ko’klamdan darak. Endi Navoiyning «Farhod va Shirin»dan keltirilgan baytidan keyingi misralarga quloq tuting:

Rutubat etkurub har sori yog’in,
Tar aylab qatradin gullar dimog’in.

Demak, yomg’ir yog’ishi bilan gullar dimog’i ho’l bo’ladi. Bu erdagi «qatra» timsolining ham Xorazmiy «Muhabbatnoma»siga vorisiyligi bor. Chunki xorazmlik shoirning Navoiy misol keltirgan baytidan oldingi qo’shmisrasida «qatra» tilga olingan:

Havo uzra berur shunqorg’a quni,
To’lun Oydek qilur bir qatra su(v)ni.

Ko’rinib turganidek, «Farhod va Shirin»ning 17 -bobi bosh¬lanmasi bevosita «Muhabbatnoma» boshlanmasi ta’sirida bitilgan. Bundan: Navoiyning «Farhod va Shirin»i garchi, shoirning o’zi ta’kidlaganidek, Xusrav Dehlaviyning «Shirin va Xusrav»iga javobiya tarzida yozilgan bo’lsa ham, unda bevosita turkiy, ya’ni o’zbek adabiyotiga vorisiylik alomati ham kuchli, degan xulosa kelib chiqadi. Navoiy bu dostonini yaratishda uning vazni — hazaji musammani mahzuf (yoki maqsur) vaznida bitilgan forsiy va turkiy masnaviylarni izchil o’rgangan. «Muhabbatnoma»ning aynan shu vaznda ekani ko’rib o’tilgan ta’sir uchun juda qo’l kelgan. Navoiy «Xamsa»si — nafaqat forsiy, nainki turkiy, umuman, Sharq she’riyati maydonidagi mo’jiz bir cho’qqi. Bunday yuksak pog’onalar jahon so’z san’ati sahnida ham juda oz. «Xamsa»da ana shu egizak adabiyot — forsiy va turkiy so’z san’atining jamiki xislatlari ajib tarzda uyg’unlashtirilgan — sintezlashgan. Shu tariqa shoir dahosining kuch-u qudrati bilan adabiyot yangi bir pog’onaga ko’tarilgan.
«Muhabbatnoma» Navoiy ijodining turkiy ildizlarini o’rganish uchun muhim manba bo’lib xizmat qiladi.

Noma janri haqida

Noma — o’zbek mumtoz adabiyotining janriy ko’rinishlaridan biri. Lug’aviy jihatdan bu forsiy so’z «xat», «maktub» degan ma’noni anglatadi. Istilohiy ma’nosi ham shundan kelib chiqadi. Chunki shaklan noma janriga doir asarlar xat, maktub tarzida bitiladi. Biroq endi buni boshqa asarlar ichida qahramonlarning bir biriga maktub yo’llashi bilan bir narsa deb tushunmaslik kerak. Masalan, Alisher Navoiyning «Farhod va Shirin» dostonidan Farhodning Shiringa, Shirinning Farhodga, shuningdek «Layli va Majnun»dan Laylining Majnunga, Majnunning Layliga maktublari o’rin olgan. Mustaqil biror asar tamoman noma usulidan foydalanilgan holda bitilsagina, u noma janriga daxldor hisoblanadi.

Xorazmiyning «Muhabbatnoma»si o’zbek mumtoz adabiyotidagi noma janrining ilk yorqin namunasi sanaladi. Albatta «Muhabbatnoma» faqat nomalar yig’indisi emas, unda g’azal, qit’a, fard kabi kichik lirik janrlarga xos asarlar ham mavjud. Lekin asardagi o’n bir noma asar tuzilishining bosh xususiyatini belgilaydi. Shoir shundan kelib chiqib “noma» so’zini asar nomiga ham chiqazgan. Xorazmiyning nomanavislik an’anasini adabiyotimizda Xo’jandiy «Latofatnoma»si, Yusuf Amiriy «Dahnoma»si, Said Ahmad «Taashshuqnoma»si, Sayyid Qosimiy «Haqiqatnoma»si va «Sadoqatnoma»si bilan davom ettirdi. «Noma» so’zini asar nomiga tirkash bu janrga taalluqli bo’lmagan boshqa asarlarda ham uchraydi. Masalan, Salohiddin Toshkandiyning «Temurnoma», Zahiriddin Muhammad Boburning «Boburnoma», uning nevarasi Gulbadanbegimning «Humoyunnoma» asarlari nomlarida «noma» so’zi ham qo’llangani bilan ular noma emas, sarlavhada qayd etilgan shaxs hayoti bilan bog’liq tarixiy asar ma’nosini anglatadi.

Umid Bekmuhammad

KO`P O`QILGANLAR