Najmiddin Kubro va Kubroviylik (videofilm)
KUBRO, Najmiddin Kubro (taxallusi; asl ism-sharifi Ahmad ibn Umar ibn Muhammad Xivaqiy al-Xorazmiy) (1145—Xiva—1221) — ulug’ shayx, tasavvufning taniqli vakillaridan biri, kubroviylik tariqatining asoschisi (uning taxallusi «dinning ulug’ yulduzi» ma’nosini beradi).

Kubroning karomat ko’rsatish, voqealarni oldindan bilish, o’tkir nazari bilan ta’sir eta olish xislatiga ega inson bo’lganligi haqida rivoyatlar tarqalgan. Kubro yoshligidan ilmga qiziqqan, qobiliyatli bo’lgan. Islom asoslari, shariat, hadis va tafsirni juda tez o’zlashtirib oladi. 16—17 yoshlarida tahsilni chuqurlashtirish maqsadida Xorazmdan chiqib, Eron, Misr, Shomu Iroq mamlakatlarini kezadi. Tariqatdan xabardor bo’lishga intilib, bir necha shayx, darvishlar suhbatida bo’ladi. Ilk daf’a Misrda shayx Ro’zbixon Vazzon Misriy (1189 y.v.e.)ga murid tushadi, undan tariqat odobini o’rgavadi, shayxning qiziga uylanadi. Keyinchalik Hamadonda shayx Ammor Yosir (1187 y.v.e.), Dizfulda shayx Ismoil Qasriy (1193 y.v.e.) kabi ustozlardan saboq oldi. 25 y.dan ortiq umrini ilm tahsiliga bag’ishlagan Kubro 1185 y. Xorazmga kaytib keladi. Bu erda katta xonaqoh qurdirib, o’z diniy maktabini yaratadi. Kubro kishilarni ezgulikka, ilmga, saxonat va mardlikka da’vat etdi. Uning tarbiyasini olgan yuzlab odamlar irfoniy ma’rifatdan bahramand bo’ldilar. Kubroning muridlari Majdiddin Bag’dodiy (1209G’1219 y.v.e.), Sa’diddin Humaviy (1252 y.v.e.), Najmiddin Doya (1256 y. v.e.) tasavvuf tarixida nom qozongan shayxlardir.

Kubro o’z qarashlarini arab tilida yozgan bir necha risolalarida bayon etgan. Ulardan asosiylari: «Favoih al- jamol va favotih al-jalol» («Jamol xushbo’yliklari va jalolning kashfi», «Al-usul al-ashara» («O’nta usul»), «Risola at-turuq» («Tariqatlar risolasi»), «Risolat al-xoif al-hoim min lavm al-loim» («Malomatchining malomatidan hazar qiluvchi haqida risola») va b. Kubroning fors tilida yozgan «Fi odobus solikin» («Soliklar odobi haqida») risolasi ham bor. Kubro Qur’onga mutasavviflar nuqtai nazaridan sharh berishni oxirigacha etkaza olmadi, bu ishni uning shogirdlari tugalladi. Forscha ruboiylarida javonmardlik, pok axloq g’oyalari ifodalangan.

Kubro mo’g’ul bosqinchilariga qarshi jangda shahid bo’lgan. Qabri Ko’hna Urganchda. Keksa shayx va donishmand insonning bu jangdagi qahramonligi, jasorati avlodlarga ibrat bo’lib qoldi. Kubro shaxsi va uning merosi O’zbekistonda mustaqillik tufayli o’rganila boshlandi. 1995 yilda O’zbekistonda Kubro tavalludining 850 yilligi nishonlandi.

KUBROVIYLIK — tasavvuf tariqati. 13 asr boshida Xorazmda Najmiddin Kubro asos solgan. Uning asarlarida tariqatning mohiyati, o’ziga xos talab va qoidalari bayon qilib berilgan. Kubroning tasavvufiy ta’limotiga ko’ra, inson o’z mohiyati bilan kichik olamdir, u katta olam bo’lgan koinotdagi barcha narsalarni va sifatlarni o’zida mujassamlashtiradi. Ammo ilohiy sifatlar yuqori samoviy doiralarda birin-ketin o’ziga xos maqomlarda joylashganligidan, haqiqat yo’lini qidiruvchilar bunday kamoga erishish uchun ma’lum riyozatli yo’llarni o’tishlari zarur. Bu yo’lda unga piri komil rahnamolik qilishi kerak.

Kubro kamolotga erishish asoslarini quyidagi o’nta talab («O’nta usul») da ifodalab bergan: tavba — barcha amallarning boshi bo’lib, Alloh oldida tavba qilish, bundan keyingi hayotni ilohiy ezgulik va xayrga bag’ishlashga ahd qilish; zuhd — taqvo, parhez, haromdan hazar qilib, halollikka yuz tutish, Alloh man etgan ishlarni qilmaslik; tanakkul (tanakkal) — barcha ishlarni qilishda Allohning mehribonligi va qudratiga tayanish; qanoat — hayot kechirishda oz narsa bilan qanoatlanish, mo’’tadillik, tuban mayllardan ozod bo’lish; o’zlat — tanholikda bo’lish, xilvatda ruhni poklash; tanajjuh (yuzlanish) — butun vujud bilan Allohga yuzlanib, undan madad so’rash, u sari qalban intilish; sabr — solikning o’z e’tiqodi, niyatini sivashi. Haq yo’lining azobu iztirobiga chidagan kishilargina maqsadga erishadi; muroqaba (tafakkurga g’arq bo’lish) — qalb poklangani va tuban ehtiroslardan holiligini tuyib, xotirjam bo’linganini eslab xayolga cho’mish, Haq taolo rahm-shafqatini ko’tib turish; zikr — Allohning ismini tildan qo’ymaslik, kalimayu duolarni muntazam takrorlab turish; rizo — Alloh qudratini chuqur his qilgan holda, o’zini butkul uning irodasiga topshirish va bundan huzurlanish. Bu maqom solikni Haqqa, Haqning unga yaqinlashganligini bildiradi.

Kubro ilohiy ma’rifatni sufiy faqat foniylik holatida, ya’ni butkul o’zligini yo’qotib idrok eta oladi, degan fikrga e’tiroz bildiradi va Juvayd Bag’dodiyning «sahv» (hushyorlik) yo’lini tutib, tafakkuriy-aqliy bilimga e’tiborni qaratadi. Bunday yo’lni Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband ham ma’qullagan.

Kubro inson ruhiy kechinmalari, nozik holatlarini puxta bilgan. Shunga muvofiq «latoif» («nozik ta’blilik») nazariyasini ishlab chiqqan. Bu nazariyaga ko’ra, inson ruhi ko’zga ko’rinmas latif markazlardan iborat. Bu ong va tuyg’u, ruh va jism orasidagi bir narsa. Uni ilg’ab olish mushkul. Ammo inson hayotida bu markazlarning ahamiyati muhim. Sufiy ayni shu markazlarni ilg’ab olishi lozim. Ana shu «latoif» insonning ilohiy xislatidir. Sufiy riyozatlar, mashqlar davomida bu latoifni turli holatlarning o’zgarishi, ranglar va shakllarning almashinishi tarzida tasavvur qiladi.

Kubro nazarida nuqta, dog’ va doira murid ruhiy qolatlari o’zgarishida muhim xizmat qiladi. Doira — falak doiralarining aylanishi, dog’ — dunyo timsoli, nuqta — vaxdatdir. Doira doimiy aylanishda, u dog’ni ham o’z ichiga oladi. Ammo bo’lar markaz tomon, ya’ni nuqta sari intiladi. Nuqta mohiyatini anglash orqali Alloh olamini idrok etsa bo’ladi.

Kubroviylikda ranglar muhim rol o’yvaydi, ular sufiyning ruhiy holatlarini, Alloh tomon qo’ygan qadamining bosqichlarini bildirib turadi. Zangori rang solikning tavba qilib tariqatga qadam qo’yganida ko’rinadi. Sariq rangda solikning Alloh yodi bilan yashashi tushuniladi. Qizil rang solikning ruhi vujudidan ajrala boshlaganini, ma’rifatga yaqinlashganini bildiradi. Oq rang yurakning poklanishiga ishora va haqiqatni anglashning boshlanishidir. Yashil rang vahiylikdan nishova. U sirlarning siriga, g’aybga oshnolikni bildiradi va solikning asl mohiyatlarga etishaetganligini ham anglatishi mumkin. Mazkur ranglar solikning Alloh tomon ruhiy safarini anglatsa, qora rang Alloxdan xalq sari safarini bildiradi, sirlar xazinasini eg’allashni va hayratga g’arq bo’lishini ifodalaydi. Hayratdagi ruh shariatning mag’zi — hikmatini boshqatdan idrok etib, qorong’i bir dog’ rangiga o’raladi. Nihoyat solik ruhi yana Alloh huzurida paydo bo’ladi. U qora rangdan qutulib, rangsizlik holatiga kiradi. Zoti kull (barcha haqiqatga etishish) darajasini egallagan solik yakranglik holatida maqsadiga erishadi.

Najmiddin Kubrodagi ranglar va ularning ma’nolari ba’zi mutassaviflar ta’riflagan ranglarning sharhidan farq qiladi. Kubro etti rang xislatini etti tushunchaga moslab tushuntirgan. Uningcha, oq rang — islomni, sariq rang — imonni, zangori rang — ehsonni, yashil rang — itminon (ishonch)ni, ko’k rang — iqon (to’liq ishonch)ni, qizil rang — irfonni, qora rang — hayajon (hayrat)ni anglatadi. Solik ruhi holatlarini, qaysi rang ko’z oldida namoyon bo’layotganini piriga aytib turishi kerak. Pir shunga qarab, muridning qaysi bosqichda turganini bilib, unga yangi vazifalar yuklaydi. Keyingi sufiylar ham Kubro singari qora rangni hayrat belgisi hisoblab, uni ruhning fanoga g’arq holati ramzi sifatida ta’kidlashgan.

Kubroviylikda tariqat a’zolarining yagona tashqiliy tizimi bo’lmagan. Ularni ta’limotning ruhi va maqsadi birlashtirgan. Kubroning shogirdi Sayfiddin Boxarziy (1261 y.v.e.) Buxoro yaqinidagi Soktariy qishlog’ida Vajmiddin Kubro nomi bilan atalgan xonaqoh tashqil qilgan. Bu erda Kubroviylik tariqati 18 asr oxirlarigacha keng tarqalgan edi. Uning a’zolari Kubro g’oyalarini Movarounnahr shaharlarigagina emas, balki Eron, Misr, Iroq va Afg’onistonga ham yoydilar.

Ayniqsa, Kubroviylik Hindistonda chuqur ildiz otdi. Keyinchalik Kubroviylikning bir qancha mustaqil shoxobchalari vujudga keldi. Bo’lar — firdavsiya, nuriya, rukniya, hamadoniya, ig’tishoshiya, zahabiya, nurbaxshiya.

Kubroviylik tufayli irfoniy hikmat va insoniy poklik, ilohiy ma’rifat g’oyalari butun Sharqqa tarqaldi, bu tariqat islomning shuhratiga shuhrat qo’shdi.

Najmiddin Komilov

KO`P O`QILGANLAR