Xiva xonlari haqida tarixiy hangomalar
Davlat hukmdorlari tevaragidagi yoki unga qarshi bo’lgan guruhdagilar tomonidan amalga oshiriladigan to’ntarishlar nafaqat quvg’inga uchragan arbob hayotini, balki butun boshli xalq hayotiniyam izdan chiqarishi, millatni halokat yoqasiga olib borishi tarixda o’z isbotini topgan….



Yarim kunlik hukmdor

Davlat hukmdorlari tevaragidagi yoki unga qarshi bo’lgan guruhdagilar tomonidan amalga oshiriladigan to’ntarishlar nafaqat quvg’inga uchragan arbob hayotini, balki butun boshli xalq hayotiniyam izdan chiqarishi, millatni halokat yoqasiga olib borishi tarixda o’z isbotini topgan….

Xiva xonligida 1695 yildagi Jo’jixon hukmdorligi zamonidan toki Abulg’ozixon 5 hukmronligi davri-1806 yilgacha bo’lgan vaqt ichida saroy o’yinlari shu darajada avj oldiki, bu muddat oralig’ida Xiva xonlari taxtida 37 nafar xon hukm yuritdi. Ularning ba’zilari 5-6 yil, ayrimlari 1-2 yil, boshqa birovlari esa 2-3 oy taxtda o’tirgan. Masalan, bir xonning hukmronligi bazo’r yarim kunga etgan, xolos. Ana shu boisdan 17 asr oxirlaridan 19 asr boshigacha bo’lgan davr tarixda “xonlar o’yini” nomi bilan ataladi.

Dastlab 1557 yilda Do’stxon Bo’g’chaxon Xivada ilk bor taxtga o’tirib, Xiva xonligi hukmronligini boshladi. U poytaxtni muqim Xiva deb belgilagan bo’lsa-da, “xonlar o’yini” davriga kelib, ikki, hatto, uch hokimiyatchilik avj oldi. Ya’ni rasmiy xon Xivada ko’tarilgan bo’lsa ham unga qarshi Gurlan, Xazorasp bekliklarida, Orolbo’yida ham amaldagi xonga muxolif bo’lganlar o’zlarini xon deb e’lon qilaverganlar.

Ma’lumki, xon(qaon) qadimgi turkiy hukmdor, podsho ma’nosini anglatgan xon saylash marosimi haqida 1846 yilda Xivaga kelgan rus sayyohi G.Danilevskiy xotiralar yozib qoldirgan.

Unga ko’ra, “xon saylash” marosimi oddiy xalqdan pinhona, kechasi bir hovuch saroy amaldorlari va xonning qarindoshlari tomonidan amalga oshirilgan.

Tabiiyki, xon o’zini saylagan amaldor va qavmlardan minnatdor bo’lib yurishi va ularga katta moddiy va siyosiy erkinlik berib qo’ygan. Uni saylash marosimiga sanoqli odamlar qatnashgan va bunday amaldorlarning “oliy kengash”ida shayxulislom, devonbegi, naqib, qozi, mutavalli, parvonachi kabilar bo’lgan. Eng avvalo xon qilib saylanadigan kishini echintirib, boshdan oyoq yangi libos kiygizganlar. Keyin esa kiygizlarga o’tirg’izib, uch marta havoga irg’itib, “xon, xon, xon” deb nido qilganlar”.

Xiva xonligi tarixida Muhammad Oqatayxon 47 yil, Arab Muhammadxon 19 yil, (1602-1621), Isfandiyor ibn Arabxon 19 (1623-1642), Abulg’ozi 20(1643-1663), Anushaxon (1663-1689), Muhammad Rahimxon 1 yigirma yil, Olloqulixon 18 (1825-1842) va Muhammad Rahimxon 2 –Feruz 47 yil (1863-1910) hukmronlik qilib, taxtda eng ko’p o’tirganlar.

Qolgan xonlar esa.. aslzodalardan bo’lgani uchun xon qilib ko’tarilib, layoqati bo’lmagani sabab, ba’zilari o’zlari iste’fo bergan. Ayrimlari hatto qochib ketgan. Ba’zi hukmdorlar esa nomigagina xon bo’lib, amalda davlatni boshqalar boshqargan.

Masalan, shular orasida Musoxon, Bahodirxonlar qochib ketishga majbur bo’lganlar. Boisi, saroydagi vaziyat shuni talab qilar, aks holda ularni o’lim kutardi. Qochgan xonlardan ushlangan, o’ldirilganlari ham bor. Misol uchun, Musoxon 1797 yilda taxtni tashlab qochib ketgan edi. Uni Avaz Mehtar Marvda tutib boshini tanasidan judo etadi va Xivaga olib keladi.

1740 yil taxtga o’tirgan Abuxayrxon ismli hukmdor bo’lsa 6 kungina zo’rg’a xon bo’lishga chidab berdi. Keyin Eron shohi nodir yoniga ktdim deya, asli o’zi qozoq bo’lgani bois dashtga qarab qochadi.

Arangxon Anushashoh o’g’li davrida (1691-1695) mang’itlar va Amir Sayyid Inokning o’g’li Odina Muhammad boshchiligidagi Orol qo’ng’irotlari Xivadan ajralib chiqadilar. Garchi Odina Muhammad xon bilan murosaga kelgan bo’lsada, keyingi davrlarda Orol o’zbeklari tez-tez Xiva xonlariga qarshi chiqib turganlar. Jumladan Sherg’ozixon davrida (1714-1726) xon bilan kelishmagan Orol o’zbeklari Buxorodan Musoxonning o’g’li Shoh Temurni keltirib, xon qiladilar. Natijada Xiva xoniga qarshi bo’lgan janglarda Vazir, Gurlan, Shohobod, Bog’olon, Uyg’ur, Xonqa, Xazoraspni bosib oladilar.

Shundan keyingi davrlarda o’zaro ichki nizolar natijasida xonlarning almashinishlari natijasida davlat ichida va tashqarisida urushlar bo’lib turdi. Ba’zan xonlikning goh-u — goh bu hududlarida bo’lgan ba’zi voqealar ham davlat darajasiga chiqib, xonlar taqdiriga ta’sir qilib turgan. Jumladan, 1725 yilda G’oyibxon Bahodir o’g’li xonlik qilgan paytida Ko’chak bin Muhammad Inoq mast bo’lib, Gurlanda bir beva xotinning nomusiga qo’l cho’zadi. Beva xotin esa Shayx Jalil tog’i atroflarida shikorda yurgan xonga arz qiladi. Xon shaharga qaytib kelgach, Ko’chakni xodimlari bilan zindonga tashlaydi. Bu paytda mang’it o’zbeklaridan bo’lgan Xo’rozbek (u Abulg’oziy soniyni o’ldirgach G’oyibxonni xon qilib ko’targan, amalda o’zi xon, G’oyibxon esa qo’g’irchoq hukmdor edi. — U. B.) Mang’itning egasiz erlarini obod qilish maqsadida ariq qazdirib yurgandi. Ko’chakxon voqeasini eshitgach u qal’aga kelib, zindondagilarni ozod qiladi. G’oyibxonni esa noloyiq so’zlar bilan so’kadi. Ertasi kuni G’oyibxon arqda ko’rinishxonaga kelgan Xo’rozbekni o’ldirtiradi.

Ana shu voqeani o’z asari — “Tavorixi al Xoniy”da yozgan Ahmadjon Tabibiy (1871-1912) keyingi davrlarda Gurlanda yuz bergan xon ko’tarilishlarini ham qalamga oladi. Ma’lumki, xon qilib ko’tarish uchun oq kiygiz keltirilgan. Kiygizga bo’lg’usi xonni o’tqazgan amaldorlar kiygizni to’rt burchagidan ushlab ko’targanlaricha “xon, xon” deb qichqirganlar.

Biroq davlat poytaxti Xivada ko’tarilgan, ko’pchilik nazaridan yashirincha o’tkazilgan bu marosimda faqatgina maxsus shu vazifani bajaruvchi naqib, inoq kabi amaldorlar ishtirok etishgan. Ahmadjon Tabibiyning yuqoridagi asarini o’qish orqali shunga iqror bo’lamiz-ki, Gurlanda ham xon ko’tarilgan kishilar tarixda bo’lgan. Jumladan, 1756 yilda Xivada to’rt oy xonlik qilgan Qoraboyxon taxtdan ag’darilib, qozoqlar ichiga yuborilgan. Uning Qoraqalpoq xoni bo’lgan Bobur ismli og’asini Qoraboyxon davrida Qoraqalpoqlar Gurlan o’zbeklariga keltirib berganlar. Gurlan umarolari uni qatl etadilar.

Shundan keyin xonlik taxtiga o’z odamini chiqarish uchun Xivaliklar bir taraf, Orol, Gurlan, Urganch va Amu sohili xalqlari ikkinchi taraf bo’ladi. Nihoyat har ikkala tomon Buxoro xoni Rahimxon Hakim otaliq o’g’li yoniga o’z vakillarini jo’natadilar. Xon ularni yarashtirib, o’rtada Temurg’ozixonni xon etib yuboradi. Har ikkala taraf ittifoq bo’lib, uni Xivada xon qilib ko’taradilar. Biroq xon yonidan muhim o’rin tutuvchi mansablarni taqsimlashda nizo chiqib, qo’zg’olon ro’y beradi. Temurg’ozixon qo’zg’olonni bostirgach, nizo etakchilari Buxoroga qochib ketadilar. Bir yildan keyin esa ular Xorazmga yangi qo’shin bilan kelib Uyg’ur va Gurlanni bosib oladilar.

Shu tarzda yana yillar davomida urushlar va tabiyki xon almashish davri bo’lib turadi. 1770 yilda Xivada Oqimxon xon qilib ko’tariladi. Biroq saroy ichkarisidagi nizolar natijasida bir yildan keyin taxtdan ag’dariladi. Ortiqg’ozixon davrida esa (1771-1771) Ko’chak inoq Ibn Muhammad Qoraqalpoq to’ralaridan Abdulla Sultonni Gurlanda xon qilib ko’taradi. Xivada davlat rahbari bo’lishiga qaramay Gurlanda xon ko’targan muholiflari bilan urushda engilgan Ortiqg’ozixon taxtdan tushirilib Buxoroga yuboriladi. Davlat rahbari esa Gurlanda ko’tarilgan xon Abdullaxon bo’ladi. Biroq nizolar avj oladi. Umarolar Oqimxonni Gurlanda besh oy xon qilib ko’taradilar. Vazir hokimlari esa inoqqa bo’ysunib Fozilbek va Rahim otaliqni bir bo’lak yig’in bilan chaqirib Vazirni topshiradilar. Muhammad Amin inoq esa lashkari bilan Gurlanni qamal qiladi. Qamaldagilar noiloj holda yarashadilar. Gurlanda besh oy xon bo’lgan Oqimxon Xivada xon bo’ladi. Bu paytda Gurlanda Bobobek qolgan edi. Vaisquli Devon o’zini inoq deb e’lon qilgach Gurlanga kelib, Bobobek bilan ittifoqdosh bo’ladi. Urushlar natijasida bir yildan keyin Oqimxon taxtdan tushiriladi.

Taxtga 1733 yili Qoraqalpoq to’ralaridan bo’lgan Yodgorxon chiqadi. U taxtga mingandan keyin Bobobek Gurlandan Pitnakga qochib ketadi. Bu bilan taxt talashishlar va o’zaro urushlar to’xtab qolmadi. Balki yana ko’p yillar mobaynida siyosiy nizolar avj olib turdi.

1769-70 yillardagi Jahongirxon davrida vohada xonlar o’yini bois ocharchilik bo’lib, ba’zi urug’larda, hatto poytaxtda, Tabibiyning “Tavorix-i-xoniy” asarida yozilishi bo’yicha it va mushuklar ham eyilgan.Farzandlarini ochlikdan saqlab qolish uchun qozoqlarga qo’y-molga almashgan fuqarolar ham bo’lgan.

Buning ustiga, vabo tarqalib, aholi har tarafga ko’chib keta boshlashgan. Munisning yozishicha, Xivada 40 uylik fuqaro qolgan bo’lib, juma namozi o’qish uchun ko’pi bilan 3-4 kishi kelgan ekan.

Eng e’tiborlisi shundaki, 1726 yil yozida Sherg’ozixon vafotidan so’ng qozoq podshohi Abulxayrxonning inisini keltirib,xon qilib ko’taradilar. O’sha kuni juma bo’lib, ertalab taxtga chiqqan hukmdor peshin nomoziga borishda otdan yiqilib o’ladi. Ya’ni yosh xonni o’rgatilmagan asov otga mindirib, “yiqilishi” ni maxsus uyushtirishadi. Onning sariq ayg’ir oti oldindan ba’zi fitnachi amaldorlar tomonidan shunga rejalashtirilgan. Shu boisdan tarixchilar yarim kunlik hukmdorni “Sari Ayg’ir xon” deb tarixga kiritganlar.

Umuman, Xiva xonligi taxtida o’tirgan xonlar saroy o’yinlari, fisqu fasodlari tufayli taxtdan quvilgan, ag’darilgan. Boshqacha aytganda, taxtga o’tirish nasib etgan har uch xonning ikkitasi o’z ajali bilan o’lmay, balki taxt uchun kurashlar qurboni bo’ldi, fitnachilar tomonidan o’ldirilgan yoki janglarda halok bo’lgan.

Bunday saroy o’yinlari oqibatida esa barcha jabru jafo xalq boshiga tushib, millat istiqboldan, vatan taraqqiyotdan ortda qolib ketgan. Bular moziyning eng kir, qora kunlaridir.

Taxtdan voz kechgan xon

U necha bor qirg’inbarotlarda qatnashib, ajal bilan yuzma-yuz keldi va hattoki 10 yil hijratda zindonband qilinib, u erdan ming mashaqqatlar bilan qochdi. So’ngra atrofiga tarafdorlar to’plab, keyingina toju taxtga erishdi. Shundan so’ng yigirma yil davomida taxtni qo’ldan bermay, davlatni o’z imkoniyati darajasidan kelib chiqib boshqardi. Biroq sog’lig’i yomonlashgach, ayovsiz kurashlar bilan qo’lga kiritgan taxtidan voz kechishga qaror qildi…

Abulg’ozi 1603 yilning 23 avgustida sohibi toj-Arab Muhammadxon oilasida to’rtinchi farzand bo’lib dunyoga keldi. Ammo hayoti shahzodalanikidek rohatu farog’atda kechmadi. Dastlab, 6 yoshida onasidan etim qoldi. 13 yoshidan boshlab, og’ainilar o’rtasidagi toju-taxt uchun kechgan kurashlar girdobiga tushib qoldi. O’shanda abash va Elbars ismli og’alari onalari nayman urug’idan bo’lgani bois, urug’ oqsoqollarining gij-gijlashiga tayanib, otasiga qarshi qo’zg’olon ko’tardilar. Shunda Arab Muhammadxon bolalarining g’alayonini yoshlik havasi bilan hokimiyatga intilish, deb tushunib, Vazir shahrini har ikki o’g’liga in’om qildi.

Bu in’om bilan qanoatlangan shahzodalar faqat besh yilgina tinch yashadilar. Ular 1621 yilda yana otasiga qarshi isyon ko’tarishdi. Bu gal Arab Muhammadxonning boshqa ikki o’g’li Isfandiyor va Abulg’ozi otasi tarafda turib, isyonkor habash va Elbarslarga qarshi kurashdi. Ammo bu jangda isyonkorlarning qo’li ustun kelib, mag’lubiyatga uchragan Isfandiyor va Abulg’ozi har tarafga qarab qochdi. Avval Kat, so’ngra Buxorodan panoh topgan Abulg’ozi Imomqulixon huzurida ikki yil hayot kechirdi. 1623 yili maslakdosh inisi Isfandiyor Eron shohi Abbos 1 yordamida Xiva taxtini egallagach, ota yurtiga keldi. Hukmdor Abulg’ozini siylab, unga Urganch hokimligini topshirdi.

Ammo oradan 4 yil o’tib, xon va hokim orasida kelishmovchilik kelib chiqqach, Abulg’ozi oldin Turkiston, keyin Toshkent va Buxoroda hijratda yashashga majbur bo’ldi. 1630 yili Isfandiyorxondan norozi bo’lgan yovmudlar uni orazmga kelib, xonga qarshi kurashishga chorladilar. Shu taxlit Abulg’ozi yana eliga qaytib, Isfandiyor bilan jangga kirdi. Ana shundan keyin og’a-inilar o’rtasidagi muzokaralardan so’ng poytaxt azoraspda hukm surayotgan Isfandiyor Abulg’oziga iva hokimligini berishga qaror qildi. Biroq xon Abulg’ozining orazmda turishi o’ziga zarar ekanligini, qachondir bo’lmasin, taxtni tortib olishi mumkinligini o’ylab, Eronga qarashli niso shahriga bosqinchilik qilishda ayblab, uni hibsga oldirdi. Eron shohi Safi’ 1 ga niso bosqinchisini qo’lga olganligini aytib, Abulg’ozini unga topshirishdi.

Shu tarzda Abulg’ozi 1630-39 yillarda Eronning Taborak qa’lasida maxsus nazorat ostida hibsda o’tirdi. U ana shu tutqunlik davrida qanday xato va kamchiliklarga yo’l qo’yganligini anglab, kelajakdagi maqsad va niyatlarini belgilab oldi. So’ngra u qariyib 10 yillik tutqunlikka chek qo’yib, hiyla ishlatganicha qa’ladan qochdi. Ming mashaqqatlar evaziga Orol o’zbeklari huzuriga etib kela oldi. Orolliklar xonzoda Abulg’ozini yaxshi kutib olib, Isfandiyor bilan muxolifligi bois, yovmudlar bilan birlashib, xonga qarshi kurashga otlandilar va natijada qo’zg’olonchilarning qo’li ustun kelib, Abulg’ozi 1644 yili taxtga chiqdi.

Ana shu sanadan so’ng Abulg’ozixonning 20 yillik hukmronlik davri boshlandi. Bu vaqtda u davlat ichkarisida islohot o’tkazish uchun bosqinchiliklarga chek qo’yish maqadida chegarani mustahkamladi. Ayni paytda 1646-53 yillarda Eron, Atrov va Jurjonliklar, 1655-62 yillarda xonlikka bostirib kelgan Ural kazaklari va Buxoro amirligi bilan urushlar olib bordi.

Shu bilan birga, u Amudaryo o’zanini o’zgartirib, suv bermay qo’yganligi bois xarobaga aylanayozgan Urganch va Vazir shaharlarini onqaning g’arbiy tomonidagi hozirgi Urganchga va Gurlan bekligiga ko’chirib, yangi shaharlarga asos soldi. Endi oldingi shaharlar-Ko’hna Urganch va Ko’hna Vazir, Abulg’ozi barpo etdirgan shaharlar Yangi Urganch hamda Yangi Vazir nomi bilan ataladigan bo’ldi. Abulg’ozi, shuningdek o’zbek urug’larini-uyg’ur va nayman, qo’ng’irot va qiyot, jaloyir hamda qiyot, mang’it va nukus, qangli-qipchoq urug’larini birlashtirib, ular uchun daryo bo’ylaridan er taqsimlab berdi. Shu taxlit, xonlik ichidagi er va suv uchun bo’ladigan urug’lararo nizolar bartaraf etildi. Ayni paytda har bir urug’ ichidan obro’li bir kishini o’z yoniga olib, ularga yuqori lavozimlarni topshirdi.

Ana shu tarzda ham davlatga qilinadigan bosqinchiliklarning oldini oldi, ham xonlik ichida nizolarga chek qo’yib, barqarorlik o’rnatdi. Bundan unumli foydalanib, tarix va tabobatga qiziqqani bois, tajribalarini umumlashtirib, uchta asar yozdi.

“Shajarai turk” asarida Odam Ato zamonidan o’zigacha bo’lgan davrdagi turk va mo’g’ul urug’larini, “Shajari Tarokima” da turkman urug’lari hayotini batafsil tasvirlaydi. “Manofe’ ul-inson” asarida esa Abulg’ozining tabiblik tajribasi, qo’llagan amallari keng yoritiladi. Shuningdek, orazmda uchraydigan dorivor giyohlar va o’simliklar, ularning foydasi, qanday kasalliklarni davolashda ularni qay tarzda qo’llash kerakligini Abulg’ozi tabib sifatida o’z asarida mukammal yoritadi.

Tabiiyki, 1616 yildan 1644 yilgacha kechgan toju-taxtlar uchun kurashlar, qolaversa , 10 yillik hibsdagi azoblar, 20 yillik davlat boshqaruvidagi asabbuzarliklar bois, u o’z sog’lig’ini yo’qotdi. Tarixda ne bir hukmdorlar kasal, hattoki, o’lar holatdayam taxtni topshirmagan. Abulg’ozi esa xasta xon sifatida davlat boshqaruvini, xalqni emas, sog’lig’ini o’ylar, shu bois o’g’li Anusha foydasiga 1664 yilda o’z ixtiyori bilan taxtdan voz kechdi. Bu Xivada hukmronlik qilgan 57 nafar xon davridagi, ehtimol, dunyo tarixidagi ana shunday yagona hodisa edi.

Oltinni olmagan xon

“Qarg’ishga qolmayin desang, uyimni buzma”, deya dadil gapirdi xonga beva ayol. Bu gapdan so’ng xon beva ayol ozor ko’rmasin, qarg’ishga qolmayin, deb uning uyini buzdirmadi. Shu tariqa qa’la devori aynan shu joydan o’z yo’nalishini o’zgartirib davom etgan…

Qa’la devorini qurdirgan o’sha xon Olloqulixon edi. U Xiva taxtiga o’tirgan hukmdorlarning qirq to’qqizinchisi bo’lib, qo’ng’irotlar sulolasiga mansub otasi Muhammad Rahimxonning vafotidan so’ng 1825 yilda boshiga toj, barmog’iga saltanat uzugini taqqan. O’shanda Olloqulixon endi o’ttiz yoshga to’lgan edi.

Bu paytlarda saroy o’yinlari tez-tez bo’lib turadigan odatiy hol sanalgan. Shu bois Olloqulixon atrofiga o’zidek insofu diyonatli kishilarni to’pladi. Uning xalq o’rtasida insofli hukmdor, deya dovruq taralishiga sabab, 1831 yili Xivalik savdogar Said Niyoz Sholikorboyga nasib etgan bir qor oltinni xonlik xazinasiga qo’shmaganida edi. O’shanda Said Niyoz Orenburgdan qirq qop mahsulot olib qaytib, ichidan chiqqan bir qop oltinni nima qilarini bilmay qoldi. So’ng oxiratim kuymasin, deya Olloqulixonning huzuriga borgandi.

—Bu oltinlar qanday yo’l bilan topilgani noma’lum. Shu bois bir qop oltinni deb xonlik xazinasini bulg’amaylik,—dedi xon boyga. Keyin masjid, minora solishni maslahat berdi.

O’zi ham a’yonlarining maslahatiga ko’ra, Eron va Buxoro bilan kechadigan nizoli voqealarga chek qo’ydi. Hatto, urushda asirga olingan xurosonlik forsiylarga Oqdarband qishlog’ini ajratib berib, ularga dehqonchilik bilan shug’ullanib, harbiy xizmat qilishlari uchun sharoit yaratib berdi. Ayni paytda Xorazmda yangi etnik ulus—forsiylarni ko’paytirdi. Chor imperiyasi bilan to’xtab qolgan diplomatik aloqalarni yo’lga qo’ydi. Ko’p yillardan beri Xivada saqlanayotgan 29 nafar rus kishisini sovg’a va in’omlar bilan ozod qilib, vataniga jo’natdi. Eng hayratlanarlisi, Olloqulixon sharq musulmonlariga xos nafaqat arab va fors tillarini, balki rus tiliniyam o’rganib, yozib gapira oladigan darajaga etgan edi. Rusiyalik savdogarlardan ruscha kitoblar sotib olib o’qirdi. Hatto, Xorazmda, O’rta Osiyoda birinchilardan bo’lib, zamondoshi Pushkin she’rlarini mutoaala qilgan. Vaholanki, keyinchalik, chorizm istilosidan so’nggi qaramlik davridayam Buxoro amirlari va Xiva xonlari ruslar bilan tilmoch orqali muomila qilishgan.

1830 yillarda, tag’in diniy bid’at avj olgan zamonlarda ovro’pa tilini, mutaassiblar ta’biri bilan aytganda, “kofircha”ni o’rganish, kitoblar o’qish ham xon uchun jasorat edi. Shuningdek, Fedka Grushin degan rus asirini eshik og’asi lavozimiga, Andrey Ivanovni esa Xivada ruhoniylik qilishiga, rus asirlarining to’planib, ulug’ ro’za, pasxa, troitsa—nasroniylik diniy bayramlarini o’tkazishiga ruxsat berdi.

Biroq, nima bo’lganida ham u Xorazm hukmdori sifatida o’z milliy manfaatlarini o’ylar edi. Shu bois 1839 yilda Xivaga kelgan Angliya elchisi Abbat va 1841 yili vohaga tashrif buyurgan chor imperiyasi elchisi Nikifirovlarning o’z davlatlari manffatini ko’zlovchi talablarini rad etdi. Savdonigina rivojlantirish uchun o’z elchilarini ularga qo’shib yubordi. Bulardan tashqari Olloqulixon xonlikda ko’plab kanallar qazdirdi, suv yo’llarini tozalatdirdi. Poytaxt Xivada ko’plab masjid, madrasa, xonaqoh barpo etdirdi.

Olloqulixonning boshqa amaldorlarga, oltinni nafsiga ishlatib, qo’sha-qo’sha uy, xotin ustiga xotin olayotgan boylarga ibrat sifatida 99 hujradan iborat ikki qavatli madrasa bunyod qildirgani ham ma’lum. O’z xalqiga nisbatan rahm-shafqatli bo’lgan xon Ichan qa’ladan tashqarida yashayotgan fuqarolarni himoya etish niyatida yana bir istehkom—Dishon qa’lani barpo etdirdi. Vaholanki, Olloqulixon paytida Xivaga hujum tahlikalari bo’lgan emas. U xalqi, davlati manfaati himoyasini o’ylab, shunday mudoffa inshoaatini bunyod etdirgan edi. Mazkur qa’la devorining uzunligi 6250 metr bo’lib, paxsa devorlar loydan olti haftalik muddat ichida tiklangan. E’tiborni tortadigan jihati, Dishon qa’la janubidagi devor paxsa avval ichkariga kirib, keyin burilib, yana o’z yo’nalishida davom etgan.

Yuqorida aytganimizdek, Olloqulixon qa’la devorini tiklayotganida, bir beva ayolning uyi yo’nalishiga to’g’ri kelgandi.Bevaning, xalq qarg’ishidan qo’rqqan xon devorning yo’nalishini o’zgartiradi.

Olloqulixon kasalligi tufayli, 1842 yili, o’n sakkiz yillik hukmdorligidan so’ng vafot etgan. Undan etti o’g’il va xonlik davrida barpo etdirgan inshoaatlar yodgor bo’lib qoldi.

KO`P O`QILGANLAR