Ushbu iborani ba’zi bir ilmiy-ommabop risolalarda, san’at asarlari yoki zargarlik san’ati namunalari foto-almanaxlarida uchratgan bo’lishingiz mumkin. Agarda siz qadimiy madaniyatlar tarixiga, arxeologiya va numizmatikaga qiziqadigan bo’lsangiz, bu ibora sizga yaxshi tanish bo’lishi kerak. Evropada bu ibora – «Oks xazinasi» deb yuritilgan, negaki Amudaryo yunon manbaalarida «Oks» deb yuritilgan. Amudaryo sohillaridan topilgan, tilla va kumushdan ishlangan zargarlik buyumlari, idish-tovoq, qurol bezaklari, odam va turli hayvonlar shaklidagi haykalchalar majmuasi va tilla tangalardan iborat xazina to’g’risida so’z yuritmoqchimiz. Xorazmning qadimiy tarixi va hozirgi kuni bevosita Amudaryo bilan bog’liq. Ushbu xazina Amudaryoning yuqori oqimi sohillarida topilgan bo’lsa-da, bu mavzu bizlarni qiziqtirmay qolmaydi. Amudaryo xazinasi to’g’risidagi ilmiy-ommabop adabiyotlarda va internet tarmog’ida joylashtirilgan ma’lumotlarni o’rganib chiqdik va quyidagilarni e’tibringizga havola qilamiz.
Turli manbaalarning ma’lumot berishicha ushbu xazina 177, 182 va 185 dona oltin va kumish buyumlardan iborat, ba’zan ularning soni 200 donaga etadi degan manbaalar ham bor. Tilla tangalarga kelsak, ularning soni barcha manbaalarda 1 ming 300 dona deb qayd etilgan.
Aksariyat entsiklopedik lug’atlarda va ularning elektron nusxalarida quyidagicha qisqagina ma’lumot berilgan:
«Amudaryo xazinasi – 177 oltin va kumush buyumlari va 1300 dona tilla tangadan iborat, e.o. 4 – 2 asrlarga doir. 1877 yili Amudaryo soxilida (Tojikistonda) topilgan».
BSE lug’atida bu mavzu biroz keng yorutilgan, masalan slovari.yandex.ru saytida quyidagi ma’lumot berilgan:
Amudaryo xazinasi – e.o. 4-2 asrlarga doir oltin va kumushdan yasalgan buyumlar kollektsiyasi. 1877 yili, hozirgi Tojikiston (qadimiy Baktriya) hududida topilgan. Britaniya muzeyida saqlanmoqda. Xazina 1300 tilla tanga (e.o. 200 y. va undan oldingi asrlarga doir), idishlar, haykalchalar, bilak uzuklari, taqinchoqlar, oltin plastinalar va boshqa buyumlardan iborat. Amudaryo xazinasiga tegishli buyumlarda Axomoniylar davriga doir san’at an’analari va uslublari o’z ifodasini topgan, va shu qatorda yunon-baktriya madaniyati, skiflarning «hayvon shakllarini berish uslubi», shimoliy hududlarning qo’chmanchi xalqlari va shu jumladan O’rta Osiyo xalqlarining uslublari namoyon etilgan.Lit.: Dalton O. M., The treasure of the Oxus, 3 ed., L., 1964.V. N. Sarianidi.
Ayrim saytlarda bu xazinaning qanday topilgani va qaerdan kelib chiqishi to’g’risida batafsil ma’lumotlar berilgan. Bundan 130 yil oldin Hindiston bozorlari va antikvar buyumlar sotiladigan do’konlarda g’ayrioddiy, bu erlarda uchramaydigan tilla buyumlar paydo bo’lgan. Aytishlaricha, bu buyumlarni uchta buxorolik savdogar (Vazi ad-Din, G’ulom Muhammad va Shukur Ali), olib kelib Ravalpindi va Peshovar (hozirgi Pokiston) bozorlarida sotib ketishgan ekan.
Undan oldin, juda ajabtovur, «1001 kecha» ertaklariga xos voqealar sodir bo’lgan. Savdogarlarning aytishicha, bu xazinani ular oddiy dehqonlardan sotib olishgan ekan. Amudaryoning yuqori oqimida, Kafirnigon va Vaxsh daryolari Amudaryoga qo’shilgan joylarda, shimoliy sohilda bir eski qal’a harobalari bor ekan. Shu xarobalarni goh daryo suvlari bosib gohida yana qaytib ketar eqan. Dehqonlar bu xazinani o’sha erdan, suv qaytgan mavsumda topishgan ekan. Savdogarlar oltinlarni sotib olib Peshovar tomon yo’l olishgan.
Kabul shahridan Peshovarga boradigan yo’lda qaroqchilar qo’liga tushib barcha mol-davlatlaridan ayrilganlar. Nima qilishlarini bilmay shu joylarda joylashgan Britaniya harbiylariga murojaat qiladilar. Ularning arzlarini kapitan F.Barton qabul qiladi va darhol qaroqchilarning iziga tushishni buyuradi. Qaroqchilar yarim tunda, qatta g’or ichida tillalarni talashib turgan paytlarida qo’lga tushiriladi. Ular xazina oltinlarini qaytarib berishadi. Xazina o’z egalarining qo’liga qaytadi, faqat bitta bilak uzukni kapitan Bartonga minnatdorchilik tarzida hadya qilinadi. Qolgan tillalar Peshovar va Ravalpindi bozorlarida sotiladi.
Xazina to’g’risida kapitan Bartonning raportidan habar topgan general-mayor A. Kenningem va noyob topilmalarga qiziqadigan do’sti E.U.Frenk bu xazina buyumlarini izlay boshlaydilar va deyarli barchasini yig’ib olishga erishadilar. Shu tariqa Amudaryo xazinasi Britaniya muzeyiga junatiladi.
Xazina buyumlari arxeolog-olimlar tomonidan bir necha bor o’rganib chiqilgan, ularning kelib chiqishlari, qaysi davrga va qaysi madaniyatga doir ekanligi aniqlangan. O.Dalton tomonidan “Amudaryo xazinasi” deb nomlangan katalog ro’yxati tuzilgan. E.V. Zeymal, E.E. Kuzmina, P.M. Girshman va M I. Artamonov kabi olimlar ilmiy ishlarida o’z fikrlarini bildirganlar. Ularning taxmin qilishicha, bu buyumlar uzoq muddat davomida yig’ilgan bo’lib qaysidir diniy ehrom – ziyoratgohda, boy-badavlat odamlarning xayriya-ehsonlari evaziga paydo bo’lgan. Bu buyumlarning ayrimlari Axomoniylar davri va madaniyatiga tegishli bo’lsa, boshqalari Yunon-Baktriya madaniyati, Skiflar madaniyati, Markaziy Osiyo va Sibir xalqlari madaniyatiga tegishli deb topilgan.
Ammo ilmiy tomondan puxta o’rganilganligiga qaramay bu xazinaning manbasi, ya’ni topilgan joyi rasmiy ravishda tan olingan emas, negaki hech qanday isbotlovchi rasmiy hujjatlar yo’q. Shuning uchun xazinaning asl manbasi noaniq hisoblanib, uning o’z madaniy merosi deb da’vo qiluvchi Afg’oniston, Tojikiston va O’zbekiston davlatlarining qay biriga tegishli eqanligi aniqlanmagan. Qanday bo’lganda ham Amudaryo xazinasi umuminsoniy qdriyatga ega dunyo xalqlari va shu jumladan Markaziy Osiyo xalqlarining bebaho merosi xisoblanadi.
Ayni kunlarda ushbu xazina Londondagi Britaniya muzeyida saqlanmoqda. Uni tomosha qilish uchun yiliga 5 mln. odam, dunyoning turli burchaklaridan kelib ketadilar.
Albatta internet tarmog’ida joylashtirilgan bu ma’lumotlar juda qiziqarli, ammo zebu-ziynatlarning suratlari juda kam berilgan ekan, deyarli yo’q desa ham bo’ladi. Biz bunday suratlarni faqat vikipediyaning ingliz tilidagi sahifalaridan va Britaniya muzeyining saytidan topdik. Ulardan bir nechasini namoyish etamiz va ularga ilova qilingan matnlarning tarjimasini keltirib o’tamiz.
Grifon boshli tilla halqa.
Tilla xalqa grifon boshlari bilan bezatilgan, uning ishlanish uslubi e.o. 5-4 asrlarining Axomoniylar davridagi Eron madaniyatiga mansub.
Grifon – yunon nomlanishi bo’lib, afsonaviy mavjudod, burgut tumshuqli va qanotli, shoxdor arslon shaklida. Shunday bezak berilgan xalqa va bilak uzuklar qadimiy Eron poytaxti Persepolis shahrining qazilmalaridan ham topilgan. Yunon tarixchisi Ksenofon (e.o. 430 y.) yozishicha, bunday xalqalar bilan eron shohlari ajirim ishlari bilan shug’ullanidagan amaldorlarni mukofotlar ekanlar va bu mukofotga sazovor bo’lganlarning martabasi yanada ulug’ bo’lar ekan. Xalqaning naqshinkor yuzasida chuqurchalar bor, bu chuqurchalar shisha va qimmatbaxo toshlar bilan bezatilgan bo’lishi mumkin.
O’lkashunos-tadqiqotchi K.Nurjonovning fikriga ko’ra “Amudaryo xazinasi” buyumlarida qadimiy “Avesto” personajlari, ilohiylashtirilgan hayvonlar, ot, qo’y, baliq, it va boshqa jonivorlar shakli aks ettirilgan. Ushbu xalqa suratini o’zbek milliy so’mida ham qo’rishingiz mumkin.
Grifon shaklidagi naqshinkor relef.
Bu naqshinkor relefda ham grifon siymosi namoyon etilgan. Uning yuzasida ham bo’shlik chuqurchalar bor, taxmin qilinishicha ular shisha va qimmatbaxo toshlar bilan bezatilgan. Naqshning orqa tarafida uni mahkamlash uchun mo’ljallangan ikkita ignasi bor. Ammo, bu ajabtovur bezakni aynan nimani bezatib turishi va qay maqsadda ishlatilishi aniqlangan emas.
Bu bezakning shaklida skiflarga xos bo’lgan «hayvonlar shakli berish uslubi» ham namoyon bo’lib turibdi. Bu esa qadimiy Eron madaniyatiga Shimoliy hududlarda istiqomat qiluvchi ko’chmanchi xalqlar, Markaziy Osiyo va Sibir xalqlari madaniyatining ta’siri o’tganligini isbotlaydi.
Ot-aravasining modeli.
Ot-aravasining modeli ham juda ajoyib, ustalik bilan ishlangan. Aravaga to’rtta ot qo’shilgan, ustida ikita odam haykalchasi, tikka turgan aravakash va uning xo’jayini o’tirgan holatda. Aravachaga mohirlik bilan bezak berilgan, odamlarning ust-bosh kiyimlarigacha aniq ishlangan.
Kiyimlar qadimiy Eronning Mediana viloyati kiyimlariga o’xshash deb topilgan. “Avesto” kitobida ma’buda Anaxita to’rtta ot qo’shilgan aravani xaydab kelayotgani madx etilgan.
Shunga o’xshash arava modeli, Amudaryo xazinasi topilgan yili, graf Litton tomonidan Hindistonda sotib olingan. U ham Amudaryo xazinasiga tegishli deb taxmin qilinmoqda. Hozirgi kunda Britaniya muzeyida saqlanmoqda.
Tilla plastina.
Erkak kishi surati chizilgan tilla plastina, Amudaryo xazinasi tarkibidagi tilla plastinalardan eng kattasi. Bu plastina uzunligi 3 sm.-dan 20 sm.-gacha keladigan 50 tilla plastinalardan biri. Uning yuzasida, o’ng qo’lida bir dasta tayoqchalar tutib turgan odam surati chizilgan. Bu tayoqchalarni biron-bir dorivor o’t, yoki diniy marosimlarda tutatadigan o’t deb va suratdagi odamni qaysidir diniy ehrom qohini deb taxmin qilinmoqda. Ammo suratdagi kishining belida qilich osig’lik turibdi, bunday kaltaroq shakldagi qilichlar skiflarning qilichi – «akinak»ga o’xshaydi. Kishining boshidagi qalpoq ham skiflarning bosh kiyimlariga o’xshash deb topilgan. Shularni hisobga olib suratdagi odam – skif askari deb tahmin qilish mumkin ekan.
Suratning chiziqlari unchalik aniq emas, ayrim joylarida oddiy va qo’pol ishlangan. Bu suratni mahalliy ustalar, yoki usta shogirdi ishlagan deb hulosa chiqarish mumkin. Shunday bo’lsa da bu surat qadimiy san’at an’analaridan darak beruvchi bir noyob asar hisoblanadi.
K.N. Nurjonov