Xiva xonligida er-suv solig’i
To’lanadigan soliqning miqdori erning sifatiga va er egasining ijtimoiy-siyosiy mavqeiga qarab belgilangan.

Ma’lumki, Xiva xonligi tipik feodal davlat bo’lib aholining 95 foizi qishloq xo’jaligi bilan mashg’ul bo’lgan. Ekiladigan er maydonlarining aksariyati xon va beklar machit va madrasalar, katta er egalarining mulki hisoblanadi. Ekin maydonlari asosan 3 turga bo’lingan.

To’lanadigan soliqning miqdori erning sifatiga va er egasining ijtimoiy-siyosiy mavqeiga qarab belgilangan.

XIX asrning birinchi va ikkinchi choragiga aloqador hujjatlar nafaqat Juryon yoki Go’ja qishlog’i, balki butun xonlikning arxivi Sankt-Peterburg shahridagi Saltikov-Shedrin nomli xalq kutubxonasi fondlarida saqlanmoqda. Ular 1873 yil yoz oylarida rus askarlari Xivaning zabt etgan chog’da ataylab olib ketilgan va 1940 yilgacha hech kimga ko’rsatilmay saqlangan. Sharqshunos olimlar V.V.Bartold, P.P.Ivanov, M.Yo’ldoshev, Ya.G’ulomov, A.Boltaev, A.Abdurasulov va boshqalar ushbu arxiv hujjatlarining bir qismini o’rganib chiqdilar. Lekin bu erda saqlanayotgan qo’lyozma kitoblar, toshbosma asarlar va XIX asr o’rtalariga doir hujjatlarning 3 ming jildligini hisobga olsak, hozirgacha e’lon qilingan kitoblar 10 foizni ham tashkil qilmaydi. Ushbu qo’lyozma hujjatlarni kitob va vaqtli matbuot asarlarini varaqlab Juryon, Go’ja, Indavak, Xistiyon, Arvuk, Jindiyon kabi qishloqlarda yashagan ota-bobolarimizning XIX asr o’rtalarida va XX asr boshlarida er, suv mulki, soliq yoki navkar berish kabi ijtimoiy munosabatlarni biroz bo’lsada aniqlashga yordam beradi.

Masalan: 1843-1867 yillarga doir tarixiy hujjatlarda Juryon qishlog’i o’z atrofidagi barcha machitqo’mlar orasida eng salmoqlisi hisoblangan va yiliga 109 tillo soliq to’lagan, 36 navkar, 133 qazuvchi bergan, xo’jalik-xonadonlar soni 70 dan ortiq bo’lgan.

Ma’lum bo’ladiki, qishloqdagi Ashir, Sho’rqal’a, Jo’jiqlar va Oyoq Juryon elatlari ham yagona Juryon nomi bilan atalgan. To’lanadigan soliqlar miqdori bo’yicha Go’ja ikkinchi, Arvuk uchinchi va Xistiyon qishloqlari to’rtinchi o’rinlarni egallagan. Kelib chiqishi arab yoki forslardan bo’lgan xo’jalar, xon amaldorlari, eshonlar hamda etim-esirlar er solig’idan ozod etilganlar. 1843-1867 yillarda Juryon aholisi 234 xonadonda istiqomat qilganlar. Har bir oilada o’rtacha 10 jondan yashagan deb hisoblasak qishloqda taxminan 2300-2400 kishi yashagan. 25 oila xon tomonidan turli soliq va to’lovlardan ozod etilgan.

“Soliq to’lash tartibi” – deb yozadi XX asr boshlarida vohaga kelgan agronom O.Shkapskiy “Amudaryo ocherklari” kitobining 105-betida, “foydalanayotgan erning miqdoridan qat’iy nazar uch toifaga bo’linadi. Masalan: 10 tanob va undan ziyod a’lo erli xo’jaliklar, 5-10 tanob avsot (o’rta) erli va 1-5 tanob adno – sho’rxok yomon erli dehqonlarga ajratilgan.

50-100 tanobdan ziyod erlilar soliqlardan butunlay ozod etilganlar. Ular uchun soliq ijrochidan undirib olinavergan. Akademik M. Yo’ldoshevning “Xiva xonligida feodal er egaligi va davlat tuzilishi” nomli monografiyasida ko’rsatilishicha (T. “Fan”,1959 yil, 64-bet), 1870 yilda Xorazm qishloqlarida 23 011 xonadon bo’lgan va ular har yili 40 993 tillo pul er solig’i to’lab kelganlar. Dehqonchilikda qullar mehnatidan keng foydalanilgan. Masalan: Hijriy 1266 yilda (1849-1850) Qizil Taqir qishlog’ida ishlatilgan qullar dehqonchiligidan 6 ming botmon (har botmon – 20kg. teng) don olingan. Hammasi bo’lib o’sha joyda 18 310 botmon g’alla yig’ib olingan. Demak, etishtirilgan hosilning uchdan bir qismi qul mehnatini ekspluatatsiya qilish evaziga olingandir.

Toshkent Sharq qo’lyozmalari institutining 33-fondida saqlanayotgan bir vaqfnomada Xiva yaqinidagi Indavak qishlog’ida machitlarga qarashli 15, Sadirxos qishlog’ida 17 tanob a’lo er bo’lganligi va ular qullar hamda xudojuylar tomonidan ko’mak (hashar) yo’li bilan ishlab hosil olinayotganligi qayd etiladi. O’sha joydagi ikki elatning soliq daftarlarini chog’ishtirib ko’rilganda quyidagi manzara namoyon bo’ladi.

Jindiyon qishlog’ida 1843 yilda yaxshi erli 22 xonadon bo’lib 37 tillo soliq to’laganlar. 1867 yilga kelib Jindiyonda yaxshi erlilar 3 oila bo’lib 23 tillo, Indavakda esa yaxshi erlilar 14-ga tushib qolganlar va 38 tillo soliq to’laganlar.

Ko’rinib turibdiki, soliq undiruvchilar erlarning yomonlashuvini inobatga olmaganlar, natijada yig’ilgan soliq miqdori 23 yil davomida kamaytirilmagan. XIX asr o’rtalarida Xiva xonligida quyidagi soliqlar rasm bo’lgan:

1. Begor – ishlab berish solig’i. “hashar”
2. Qazuv – 12 kunlik majburiy xizmat.
3. Olgut – bir yo’la olinadigan soliq.
4. Solg’ut solig’i
5. Miltiq solig’i – qurol solig’i
6. Uloq tutuv – ot-uloq sayil puli.
7. Qo’nolg’a-qo’noq solg’uti (mehmon)
8. So’ysun solig’i – jonlig’ so’yib osh berish
9. Chopar puli – xabar solig’i (pochta)
10. Tarozi puli – tag-joy solig’i
11. Mirobona – mirob solig’i
12. Darbozabon puli – bozorga kirish puli
13. Otlanuv puli – Shikor yoki safar puli
14. Ipak puli – 40G’1 qism zakot
15. Mir tuman – hoqim to’ra solig’i
16. Shigovul puli – yo’l puli
17. Qorovul puli – soqchilik haqi
18. Pul solig’i – hazinachi puli
19. Qurubon puli – to’qay puli
20. Mushribona – hosil nazoratchisi haqi
21. Afanak puli – erni bo’sh qoldirgani jarimasi
22. Chuvik puli – (aniqlab bo’madi)
23. Olomon puli – jarima
24. Tutun puli – yong’in havfsizligi

Xonlikning barcha aholisi kabi juryonliklar ham yuqorida ko’rsatilgan soliqlarni to’lashga majbur edilar.

KO`P O`QILGANLAR