Katqal’a qishloq'i hayotiga doir haqiqatga yaqin rivoyat va afsonalar
OQ MASJID. Hozirgi Shovot –Urganch asfalt yo’lining ikki tomoni avval g’uj–g’uj aholi istiqomat qilayotgan joylar edi. El ulamolari qaylardandir ohak topib kelib elat markazidagi masjidni suvab oqladilaru elat nomi Oq masjid bo’lib qoldi. U hozirgi Qiyot qishlog’i kunchiqar burjidan tortib, toki Yusuf Hamadoniy qo’yimgoh sajdagohigacha davom etar edi. 1926 yilda Sobir G’afuriy Ibrohim oqsoqolning ko’pqatli kungirador uyida boshlang’ich sho’ro maktabi tashkil etdi–ki, u qishloq nomi bilan bog’lanib, Oq maktab deb atala boshlandi.

Katqal’a qishloqdagi elat, mahallalarining tarixi va nomlanishi.

KATQAL’A― nomidan ayonki, bu qishloq markazi bo’lib, aholi avval asosan Anushaxon davrida ikkinchi bor bunyod etilgan katta paxsa devor bilan o’rab olingan shaharcha ichida istiqomat qilishgan.

Davr, zamonlar o’tdi. G’ir atrofini katta paxsa devor bilan o’rab olingan qal’a – shaharcha ichida yashab oila tebratish mushkullashadi. Shundan keyin aholi birin – ketin shaharni tashlab chiqib, dehqonchilik qilishga qulay joylardan o’zlariga makon tuta boshlaganlar.

1963 yil yozida aholi qal’ani butkul tark etgan. Shundan buyon qal’a ichi bo’m-bo’sh yotadi.

OLTINQAL’A. Rivoyat qilishlaricha yozning issiq saraton kunlarining birida erta subhidam pari qiz ariqning tiniq zilol suvida cho’milishga chiqadi. Yo’ldan o’tib borayotgan yo’lovchi yigitning nogahon nigohi qizga tushib qoladi va u qizning kiyim kechaklarini yashiradi, o’ziga qalliq bo’lishni so’raydi. Pari qiz deydi:

―Xo’sh, g’o’ch yigit. Men sizga qalliq bo’laman, ammo bir shartim bor.
― Qanday shart ekan?
―Siz mening nozik, yalang’och xalol badanimga xarom nigohingiz bilan ko’z yugurtirmaysiz.
―Xo’p bo’ladi. Kiyimlaringni ham qaytarib o’z joyiga qo’yaman.

Tomirlarida qoni jo’sh urib turgan yigit bir nozanin jussasiga ishtiyoqmand navqiron o’t olov qalb egasi emasmi, nogahon pari qizning nav-nihol jussasiga nigoh yugurtiradi. Shu zahotiyoq pari qizning yigit nigohi qadalgan bir oyog’i, belining bir qismi kemtilib o’rim-o’rim sunbul sochi to’kiladi va pari qiz qushga aylanib samoga parvoz qilib uchib ketadi.

Yillarni quvlab yillar o’tadi. Pari qiz o’zga yurt podshohi bilan turmush qurib to’qliday o’g’il ko’radi. O’g’il o’sib unib voyaga etadi.

Pari qiz o’zi uchib kelgan makon maskanni unutmagandi. Podshohi a’lam bilan maslahatlashib, yigitni behad oltin, kumushlar bilan o’zi uchib ketgan maskanga qaytaradi. Yigit kelib, oltindan qal’a bunyod etadi. Elat nomi shu – shu Oltinqal’a. U sho’ro hukumati ilk faoliyati davrida o’z muhriga ega qishloq bo’lib ham turgan. Oltinqal’a Buyuk ipak yo’li ustida joylashib Nukus, Xiva, Qo’ng’irot bilan bog’lagani uchun tez rivojlanadi.

KO’RAKLAR. Bu elat tarixini bizga 81 bahorga qadam qo’ygan Hayitmamat ota Sobirov shunday ta’rif qilib berdi:

– Sho’ro inqilobi amal olgan dastlabki yillarda aholi Amriqo navli urug’lik chigit ekib, «Paxtasoyuz» shirkatiga hosil topshirib kun kechirar edi. Bir yili bobom Bobojon va dadam shu nav urug’lik chigit ekkan edilar. Shu yili kuz barvaqt kelib, sovuq erta tushgan, paxta ochilmay shirdon ko’rak holida qolgan. Shundan buyon elat nomi Ko’raklar deb ataladi. Ko’raklar qishlog’i XX asrning elliginchi yillari o’rtalariga qadar mavjud bo’lib, hozirgi Hunarmand, Idaliqal’a mahalla elati ham uning qaromog’ida edi.

BOTIRLAR. Xonlik davri va o’tgan asrning qirqinchi yillarigacha ayrim millatchi yovmut qabilalarining tumanimiz qishloq elatlariga bosqinchiliklari davom etib turgan. Ular xalqning yilqi, mol qo’ylari, boyliklari, suluv qiz –kelinlarini zo’ravonlik bilan oldlariga solib haydab ketishavergan. Qarshilik ko’rsatganlarni otib o’ldirganlar.

Elatning mard yigitlaridan ikki nafari miltiq sotib olib, ularga qarshi chiqadi. Millatchi yovmutlar to’dasi yana ko’rinishi bilan miltiqdan o’q otadilar. Yovmutlar bu elatning botiri, mardi bor ekan deb orqalariga qaytib ketadilar va qaytib bu elatni oralamaydilar. Shundan buyon elat Botirlar elati deb atalib kelinadi.

BEKLAR. Bu elatda asosan qishloqning boy, badavlat kishilari ko’proq istiqomat qilganlar. Otajonbek, Tangriberganbeklar shu elatning etakchi vakillaridan edilar.

TO’QMOQLI ELATI. Elat Yormish kanalining o’ng tomonida bo’lib, – el oqsoqolining qo’lida hamisha to’qmoqli yo’g’on xassasi bo’lgan. Qahr g’azabi qaynab-toshgan paytlarda u to’qmog’i bilan erni qattiq to’qqillatib qo’yar ekan. Ulardan sal kunchiqar tarafda so’zma xo’jalar yashab istiqomat qilganlar.

Qadimda To’qmoqli erlari qo’shni Yangibozor tumanining Bo’zqal’a elatigacha cho’zilib yotgan.

XO’JALAR elati qishloqning kunchiqar cheti bo’lib, bu erda asosan dini islomga nihoyat mehrli shix Sharafiddin bobo avlodlari yashaganlar. Ularning yana bir etuk vakili Ollayor oxun edi. Kunda besh vaqt namoz, o’z ro’za qarzini hech yanglishmagan bu ulamo haqida qishloqda hozir ham bir–biridan iliq xotiralar og’izma–og’iz o’tib yuradi.

* * *

Qishloq hayotiga doir haqiqatga yaqin rivoyat, afsonalar ham anchagina.

Ma’lumki, inson rizq–nasibasi ona tuproqni ishlash, e’zozlashdan unadi. Aqlli inson bir qarich erini birovga bermaydi. Xonlik davrida Katqal’aning orqa taraf chegarasida Bo’zqal’a, Shirinqo’ng’irot qishloqlari aholisi o’rtasida er talashib, kelishmovchilik kelib chiqadi. Ular hozirgi katta zahkashning qibla tarafidagi erlarni bizning ota-bobolarimizning erlari deb davo qilishadi. Kelishmovchilik, janjal xon devoni qozikalongacha borib etadi.

– Shu arzimas masalaga ham xonlik devonini aralashtirib o’tirsizlarmi. Boringlar, o’zlaringiz kelishib hal qilinglar. Bir oydan keyin kelib natijasini ayon qilasizlar, –shart qo’yadi devonboshi.

Erni o’ziniki qilish haqida ikki tomon ham qattiq o’ylanadi.

– Qanday qilsak er o’zimizniki bo’ladi, –asosiy jumboq shu edi.

Katqal’aliklar shumlik qilib muhlatning oxirgi kuni qishloqlar chegarasiga yaqin joydan odam bo’yi chuqur qazib, uning ichkarisiga odam kirgizib ustini bostirib tashlaydilar. Er haqidagi tortishuv, bahslashuvlar ancha davom qilib, ular yana bir echimga kelolmaydilar. Shunda bir mo’ysafid oqsoqol o’rnidan turib deydi: – Yaxshilar, bu haqda kelinglar erning o’zidan so’rab ko’ramiz, –deb taklif kiritadi.

Qo’shnilar ham bu fikrga rozi–rizolik bildirishadi. Qibla tomonga qarab so’raydilar:

–Er kimniki?

Er tagidan sado chiqadi: –Er Katlilarniki.

Kunchiqar, kun botar tomonlarga ham yuzlanib shu savolni takrorlaydilar, yana o’sha javob eshitiladi. Orqa taraf qo’shni Bo’zqal’a, Shirinqo’ng’irot qishloqlarga qarab ham shu savol takrorlanadi. Erdan sas sado chiqmaydi. Shunday qilib er Katqal’a hududida qoladi. Katqal’a qishlog’i o’zga qo’shna qishloqlardan o’zining uch hislati bilan ajralib turadi.

Birinchidan, xalq Katqal’a sarhadini bobokalonimiz Anushaxon ikkinchi bora ochtirib ekinzor, bog’–rog’larga aylantirgani bois bu erni nihoyat tabarruk tuproq bilib bandalikni bajo etgan avlod ajdodlarini shu tuproqqa topshirishni farzu qarz, sharaf biladilar. Qishloqda jami o’n olti sajdagoh qo’yimgoh borligi buning yaqqol isbotidir.

Ikkinchidan, qishloqning aksariyat ko’pchilik maydoni unumdor so’g’o tuproqdan iborat. Ekin, nav–nihol zamin bag’riga ildiz otib oldimi, zavol bilmay o’sib unaveradi. Jamoa xo’jalik, aholi tomorqa erlarining nihoyat unumdorligi ham tuproq saxovatliligidandir. Qishloqda zamin bag’ridan kovlab olingan tuproq hech qachon kovlab olingan joyiga siqqan emas. U qaymoqday ko’pirib oltinday tovlanib ko’pchib turaveradi. Bu ham unumdorlikdan nishonadir.

Uchinchidan, hamyurtimiz joyi jannatdan joy olgan bo’lsin Komiljon Davlatov bundan bir necha yillar avval qishloqning To’qmoqli elatida pishiq g’isht ishlab chiqarish g’oyasi bilan maydonga chiqqan edi. Bu g’oya o’sha vaqtda «Xorezmsovxozvodstroy» tresti boshlig’i Yo’ldosh Xudoyberganov hamda rayon partiya qo’mitasining birinchi sekretari Rahim Tohirovlarga ham nihoyat ma’qul tushgan edi. Ular tuproq tarkibini Butun ittifoq laboratoriyasigacha tavsiya etib, oxir oqibat pishiq g’isht ishlab chiqarish zavodi barpo etildi. Gigant korxonaning uzoq o’lkalarga hozir ham g’isht etkazib berayotganini hisobga olsak, Katqal’a sha’niga uzukka qosh qo’yganday yarashib tushadi. Ona zaminimiz ko’zlarimizga to’tiyo tabarruk tuproq, shunday emasmi?! Ota–bobolar ham Katqal’a erlariga behuda panja urmaganlar. Uning tuprog’i guldor g’isht bo’lib qanchadan–qancha binolar masjid, madrasa bunyod etilgan, quling o’rgilsin jarang chinni idishlar xon va amirlar saroylariga fayzu tarovat baxsh qilgan ekan.

KO`P O`QILGANLAR