Katqal’a qishlog’ida kishilarga qo’yilgan laqablar
Qishloq kishilariga qo’yilgan laqablar ham bir-biridan qiziq va achinarli. Birini eshitib ichagingiz uzulgancha kulasiz, birini tinglab inson zotiga ham shuncha tavqi la’nat taqish insofdanmi? -deb achinasiz.

Piyonlar. Xon zamonida uning soliq yig’uvchilari elaro aylanib Hayitboy ota Polvon o’g’lining keng kungurador imorati oldiga kelib qoladilar. Imorat darvozasi berk, yaqin atrofda esa odam ko’rinmaydi. Bog’da bedanalarning bit-bildig’i quloqni jaranglatadi. O’rta supada bir mo’ysafid chol bedanalarning charx urib sayrashiga shu daraja mahliyo bo’lganki, – u tashqi olamdan butkul uzilib qolganday edi, go’yo.

Soliq undiruvchilardan biri noiloj devor oshib, mo’ysafid qoshiga borib, uni asta turtadi. Shunda Hayitboy ota Polvon o’g’li o’rnidan dast ko’tarilib, yigitga ta’zim bajo aylaydi va hamma yigitlarni ichkariga – dasturxonga taklif etadi.

Yigit boboga yuzlanib:

–Bizlarning qichqirganimizni eshitmadingiz, yoki mastmisiz,- deydi.

Katqal’alik bedanavoz Hayitboy otaning kayfdorligi, qator tizilgan qafaslardagi bedanalarning bir – birlariga gal bermay jarang sayrashini soliq yig’uvchilar borib xonga hikoya qilib beradilar. Xon Hayitboy otani bedanalari bilan Xivaga oldirishga amr etadi. Chunki o’zga elatdan ham bir bedanavoz kelgan ekan, xon ular ikkalasining bedana sayratishini eshitmoqchi bo’ladi.

Mehmon bedanavoz bedanasini katta chinni xum ichiga solib, ustidan metal qopqoq bilan bostirib qo’yadi.

Hayitboy ota bunga rozi bo’lmaydi.

– Bedana jonli jonivor, uni xum ichida emas, daraxt shoxlarida sayratish kerak. Bahs xalol va adolatli bo’lsin.

Xon ham Hayitboy otaning taklifini ma’qul topadi. Bedanalar ochiq joy daraxt shoxlarida bit bildiq ota boshlaydilar. Bahs bellashuvda Hayitboy otaning bedanalari mastona sayrab birinchi o’rinni egallaydi. Bedanalar sasiga Hayitboy ota mast odamday chayqalib o’tirishini ko’rib, xon unga qarab,− Boltapiyon sharob lazzatidan mast bo’lganiday siz bedanalar mastona ovozidan piyon bo’lib qoldingiz – ku, – deydi va unga boshdan oyoq sarpo sovg’a qilib, bedanalarni yana ko’paytirishni buyuradi. Shu–shu Hayitboy otaning ismi sharifiga “piyon” so’zi qo’shib aytiladigan bo’lgan va bu ular avlodiga bir umrlik laqab bo’lib qolgan.

Jaqaylar. Bu qavmga laqab qaydan va qachon qo’yilgani unchalik aniq emas, ammo shu qavm kishilarida aqli donolik, jo’raboshilik hislatlari borligini anglab olish unchalik qiyin emas. Ular ayrim yig’in, maslahatlarda hal etilayotgan masalaga bir gap bilan shunday oydinlik kiritib qo’yadilarki, ular fikri uzukka qosh qo’yganday yarashib tushadi. Shunday paytlarda keksalar sening avlodingni behuda «jaqay» deb atamaganlar deya sevinadilar.

Poyakilar. Laqabni qishloqning uzoq yillar qishloq soveti raisi bo’lib ishlagan Beyjon ota Xudoyberganov orttirib olgan edi. Beyjon 1896 yilda Kat xokimligida batrak oilasida tug’ilgan. Xivaning katta boylaridan biri Polvon qoridan qarzini to’lash uchun otasi uni 13 yoshida 350 tangaga uch yilga ishlash uchun xonning saisi (otboqar) Abdusattorga berib yuboradi. Beyjon Xudoybergan o’g’lida na kechasi na kunduzi tinim bor. Kunduzi ot boqsa, kechasi boyning chaqalog’i ham uning elkasida edi. Qanday bo’ldi-yu chaqaloq bilan yuz tuban erga quladi. Boy ham shu erda ekan, qamchi bilan Beyjonni savalay ketdi. Qamchi zarbidan bir kun bexush yotgan Beyjon arang xushiga kelgach qochdi. Qochganda ham tinmay, Katqal’aga qarab qochdi. O’g’lining elkasida mamotaloq qamchi izlarini ko’rgan ota Abdusattorni er urib qarg’adi. Echkiga jon qassobga moy qayg’i. Otboqar uni qarab zir chopadi, qul ham ketdi, pul ham ketdi.

Bola o’lsa o’lgandirov xech bo’lmasa bolang qochib ketdi deb pulni undirib olay deb, – armon qilardi Abdusattor sais va bolani izlab yo’lga tushdi. Qarasa, Beyjon jo’ralari bilan o’yinni gullatib yuribdi.

– O’g’ling uchun to’lagan pullarimni chiqar buyoqqa,-dag’dag’a qildi boy.

Noiloj qolgan ota o’g’lini ikkinchi bor yana Xivaga 350 tanga hisobiga Iskandar boy xizmatiga olti yilga yo’lladi. Shu erda poyakilikni o’rganib oldi.

– Chilim keltir Beyjon!.
– Beyjon poyimni obkel!.
– Beyjon poy oke!.

U bo’ldi, bu bo’ldi o’smir yoshinda, Beyjon payaki bo’ldi.

Beyjon do’ppini boshdan olib o’ylab qarasa hammasidan bo’sh qolayotir. Qurumsoqlariga kamroq, sahiyroqlariga tezroq chilim eltadi. Bangilar maromidan oshganda esa Beyjon ish boshlaydi. Chilim ostiga oq saqich yopishtirib, bangilar tangalarini ustiga bosibroq qo’yadi, shu yo’sinda nasibasini terib yurdi.

O’g’irlikning umri o’n kun ekan – hiylani boyning katta o’g’li sezib qoladi.

– Bu ne amal, – so’raydi Beyjondan. Jildir jup, og’zing gup. Xaftada tushsa besh tanga, yorisi sanga yorisi manga.

Xivada qizil inqilob alangalanib yigit ona qishloq Katqal’aga qaytadi. Qishloqda tashkil topgan o’nliklar, erni birgalikda ishlash shirkati “qo’shchi uyushmasi”da ishlay boshladi. 1925 yilda qishloq sovetlari tashkil qilingach shahar ko’rgan yigit, katta yig’inlarda qatnashgan deb Beyjonni qishloq soveti raisi qilib saylaydilar. Poyaki laqabi o’tmishning qora kunlaridan uning avlodlariga bir umr meros bo’lib qoldi.

Poyaki laqabi poyim (haqqim)ni keltir ma’nosida aytilgan.

O’lilar. Sho’ro davrida odamlar qanday azob-uqubat, tavqi la’natlarga qolmagan deysiz.

Toshsoqa to’g’onining avj qurilish pallasi. Qadim Xorazmning kattadan-kichigi shu erda jam. Katqal’a qishlog’i kishilariga ham ma’lum maydonni loyqadan tozalash norma qilib belgilab berilgan. – Erta tongda muz o’yib, suvga tushib sovuqqotib yuramizmi? Yaxshisi hozir chekimizdagi loyqani tozalab, ertalab uxlaymiz, –maslahat soldi Matsafo ota Rahimov yigitlarga. Ular ham maslahatga rozi bo’lishadi.

Ular o’lchab berilgan maydonni loyqadan tozalab kelib ovqatlanib tungi orom uyqusiga yotganlarida naq yarim oqshom edi. Ertalabki sho’ro tekshiruvi boshlanadi. Ko’rpa ostida uch yigit miriqib uxlab yotardi.

–Yotgan bu na o’lilar?, -o’shqiradi tekshiruvchi qishloq mirobiga qarab. Tekshiruvchining shu bir og’iz haqorati Matsafo Rahimov avlodiga bir umrlik laqab bo’lib qoladi.

Cho’qindiqlar. Xivai shahri azimda Islomxo’ja rus tuzem maktabi qurdirgach, u viloyatning hamma tumanlaridan ilm toliblarini o’qishga taklif qiladi. Shu taklifga binoan katqal’alik Qurbonboy ham rus tuzem maktabiga yuboriladi.

Yillar o’tishi bilan Xiva xonligi emirilib, ish yuritish sho’ro faollari qo’liga o’tadi. 1922 yilda Rossiya Federatsiyasi bilan Xorazm xalq Respublikasi o’rtasida tuzilgan o’zaro shartnomaga ko’ra Xorazmning hamma qishloqlari kabi Katqal’aga ham rus mutaxassislari quyilib kela boshlaydi. Ular muallimlar, hisobchilar, vrach, vetvrachlar, agronomlar, mexanizator haydovchilar, ta’mirchilar, muhandislar edilar.

Qishloqda rus tilini biladigan birgina Qurbonboy bor. U hamma rus mutaxassislari bilan o’z og’aynilariday muomala qilib ketaverar edi. Ba’zan esa ularning yig’ilish, ziyofat, bazmlarida ham ishtirok etardi.

Bu paytda oddiy xalq rus millatiga mansub erkak, ayollarning nima maqsadda kelganligini unchalar yaxshi tushunmas, eski dindorlarning «ruslar kofir» deya o’rgatgan aqidalaridan qutila olmagan edilar. Shu bois qishloqda bo’lib o’tgan o’tirishmada dindorlardan biri ruslar ko’kragi, boshi, elkalariga cho’qinish odatlariga sha’ma qilib Qurbonboyga deydi.

– O’tir, sen musulmon emas, cho’qindiqsan.

Shu-shu Qurbonboy rus tilini bilgani sharofatidan «cho’qindiq» laqabiga ega bo’ladi.

Yo’ldosh soldat. Yigitlarning askarlik xizmatini o’tab kelishi qishloqdagilar uchun hamisha bayram. Uzoq ko’rishmagan ota-ona, qarindosh urug’lar bilan diydor ko’rishadilar, to’y tantana boshlanadi. Bugun Ibodulla otaning o’g’li Yo’ldosh vatan oldidagi yigitlik burchini o’tab qaytgan, shu bois hamma to’y, hashamda edi. Kolxoz raisi Raimbergan Quryozovga hazil mutoyiba, askiya kerak. Shunday paytlarda rais niyatida qani, yana bir ziyofat una qolsa edi, degan maqsad yashirin bo’lardi. Rais gap boshladi,–Abdurahmonning qo’chqori sorinikini qochiribdi.

Bu gapga to’yboshi Ibodulla ota iyib ketdi.

– Abdurahmonning qo’chqori bizni qo’yning qo’chqori. Agar bizning qo’chqorni sorinikiga yuborganda bir kallada unikini bo’kirtirar edi.
– Qo’chqorni qo’chqorga yubormagan ham nomard, –dedi Xudargan sori.
– Qochgan qo’chqorni so’yg’oli, –ilmoqli gap tashladi rais.
– Men rozi.
– Men ham rozi.

Qo’l olishilib shart tasdiqlandi.

To’y oxirida rais yana dedi –Yo’ldoshboy armiyada shofyor bo’lgan ekan. Garajga yuboring, ish beraman.

Ertasiga ertalab Yo’ldosh garajda hozir–u nozir bo’ldi.

– Yo’ldoshni chaqiring, – dedi rais qorovul Jo’mmi otaga. Jo’mmi ota esa hayron. Ustaxonada temirchi ikki Yo’ldosh bor ularni qaysi birini chaqirsam ekan? U o’ylana–o’ylana yo’lga chiqdi, shu onda Yo’ldosh shofyor mashinada uchrab qoldi.
– To’xta bolam , to’xta
– Ha Jo’mmi ota, – eshagingizni mashinamga ortib ketaymi, – deydi shofyor hazillashib…
– Buni emas, Jo’mmi ota, kechagi Yo’ldoshni. Jo’mmi ota yana raisga yuzlandi..
– Yoshulli qaysi Yo’ldoshni chaqiray?
– Soldat Yo’ldoshni.

Yo’ldosh Ibodullaev shu kuni eski “gazik” mashinasining egasi bo’ldi va laqabi “Soldat” qoldi.

KO`P O`QILGANLAR