Hokim narhlar oshib borayotganidan shikoyat qildi
Barcha viloyatlarda bo’lgani kabi Xorazm viloyatining barcha hududlarida pishiqchilik mavsumi boshlanib, meva-sabzavot, poliz va boshqa tur noz-ne’matlarni ishlab chiqarish hajmi keskin oshmoqda.

Shunday bo’lishiga qaramasdan markaziy dehqon bozori va boshqa bozorlarda asosiy turdagi qishloq xo’jaligi mahsulotlari narxlari pasayish o’rniga oshib borayotganligini ko’rish mumkin. Ayniqsa, kartoshka, piyoz, sabzi kabi mahsulotlarning narxi yuqoriligicha qolmoqda. Viloyat hokimligida o’tkazilgan yig’ilishda viloyat hokimi P.Bobojonov bozorlarni tanqid qildi.

Ta’kidlandiki, aslida joylarda dehqon va fermerlar ushbu mahsulotlarni 2-3 baravar arzon narxlarda, ya’ni kartoshkaning kilogrammini 300-400 so’mdan, sabzini 200-250 so’mdan, piyozni 150-200 so’mdan sotmoqdalar.

Viloyatda oziq-ovqat mahsulotlari mo’l, narxlarining arzon bo’lishini ta’minlash maqsadida ko’plab loyihalar o’zlashtirilmoqda. Joriy yilning o’zida qiymati 200 milliard so’mdan ortiq 745 ta loyiha ishlab chiqildi. 112 milliard so’mlik 595 ta loyiha amalga oshirildi. Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish Dasturi doirasida ko’plab qoramolchilik, parrandachilik, baliqchilik xo’jaliklari tashkil qilinmoqda. Intensiv bog’lar yaratilyapti. Shu maqsadlar uchun tijorat banklari tomonidan 30 milliard so’mga yaqin imtiyozli kreditlar ajratildi.

Tomorqa egalariga ham qishloq xo’jaligi mahsulotlari etishtirishni ko’paytirishlari uchun imtiyozli kreditlar berilyapti. Bundan tashqari mahsulotlar narxlarini arzonlashtirish uchun tumanlarda agrofirmalar tashkil etilib, ularga 15 milliard so’mdan ortiq imtiyozli kreditlar ajratildi.

Shuningdek, yig’ilishda bozorlarda haqiqiy dehqon va fermerlarning kamligi, dehqon-fermer bilan bozor o’rtasidagi munosabat buzilganligi, bozorlarda "olibsotarlar" ko’payib borayotganligi aytib o’tildi.

Bundan tashqari shaharlarda yil bo’yi doimiy faoliyat ko’rsatuvchi savdo do’koniga ega bo’lgan birorta ham fermer xo’jaligi yo’qligi, ko’p qavatli uylarning oldida shu maqsad uchun er maydonlari ajratilgan bo’lsada, to’liq qurilib faoliyat ko’rsatmayotganligi, ular o’rniga mutlaqo boshqa mahsulotlar bilan savdo qiluvchi tijorat do’konlari ishlab turganligi qayd etildi.

Ko’pchilik bozorlar antisanitariya holatida. Ularda sifatsiz mahsulotlarni sotishdek ko’rimsiz hollar barham topmayapti.

Yig’ilishda dehqon bozorlari faoliyatini tartibga solish, sanitariya holatini yaxshilash, mahsulotlar sifatini, narxlarini nazorat qilib borish masalalariga bevosita mas’ul bo’lgan bir qator idoralar, xususan soliq, DSENM, standart va veterinariya organlarining keyingi paytda bozor bilan bog’liq vazifalarini etarli darajada bajarmayotganliklari ko’rsatib o’tildi.

Urganch, Pitnak shaharlari markaziy dehqon bozorlarini asosiy turdagi qishloq xo’jaligi mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlash, narx-navoni tartibga solish, sanitariya holatini yaxshilash, mahsulotlar sifatini nazorat qilish bo’yicha ishlarni muvofiqlashtirib borish maqsadida viloyat shtabi tarkibi tasdiqlandi.

O.Rajabov telegraf.uz

KO`P O`QILGANLAR