Yo’l kira haqini kim belgilaydi?
Bugungi kunda Xorazm viloyatida yo’lovchi tashish bilan shug’ullanayotgan engil mashinalar maxsus davlat raqam belgilari bilan ta’minlanib, ular uchun to’xtash joylari qurilib, foydalanishga topshirilgan. Taksilarning ichki jihozlarida haydovchi haqida, yo’lovchi tashish uchun mas’ul bo’lgan tashkilot to’g’risida, avtoulovning davlat raqam belgilari xususida ma’lumotlar aks ettirilgan.

Yo’lovchi tashuvchi mazkur taksilar esa yo’lkira haqi miqdorini o’zlarining manfaatlaridan kelib chiqqan holda belgilamoqda. Shahar ichida taksida yurishning eng kam miqdordagi qiymati (1 kilometrdan 3 kilometrgacha bo’lgan masofa uchun) 2500 - 3000 so’mni tashkil etmoqda. Undan uzoqroq masofalarga borish uchun esa taksi haydovchisi bilan kelishiladi. Bir so’z bilan aytganda ushbu taksilar o’z faoliyatini eskirib qolgan qoidalarga muvofiq amalga oshirmoqda.

Doimiy nazorat o’tkazilayotganiga qaramasdan yo’lovchi tashish bilan noqonuniy tarzda shug’ullanayotgan kimsalar faoliyatiga hamon chek qo’yilmadi. Bu kamchilik esa nazarimizda nazoratning nomigagina o’tkazilayotganligi oqibatida kelib chiqmoqda.

Tumanlararo qatnovchi yo’nalish taksilari bilan bog’liq vaziyat bundan ham achinarli. Bu taksichilar amaldagi qonun - qoidalarga mutlaqo rioya etmagan holda o’z faoliyatlarini davom ettirmoqda. "Urganch - Hazorasp" yo’nalishi bo’yicha qatnovchi taksi haydovchilari hech qanday xujjatga asoslanmagan holda yo’l-kira olmoqda. Bunday marshrut taksilarida Urganchdan Hazoraspga borish uchun 5-6 ming so’m to’lanadi. Qaytishda esa 7 - 8 ming so’m talab qilishadi. Kechki soat 18.00 dan keyin esa Hazoraspdan Urganchga kelish uchun 8-10 ming so’mdan to’lashga to’g’ri keladi. Vaziyatdan kelib chiqqan holda "Urganch - Xiva" yo’nalishi bo’yicha qatnovchi taksilarda ham yuqoridagi holat kuzatiladi.

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "Yo’nalishsiz taksilar faoliyatini tartibga solish chora - tadbirlari to’g’risida"gi Qarori qabul qilinganiga mana 4 yil bo’lishiga qaramasdan bu sohada to’la tartib o’rnatishga erishilgani yo’qdek ko’rinmoqda. O’ylaymizki holat bo’yicha nazorat qiluvchi organlar jamiyat oldidagi o’z ijtimoiy mas’uliyatlarini xis etgan xolda sohadagi mavjud kamchiliklarni bartaraf qilish uchun keskin chora-tadbirlarni kechiktirmasdan belgilaydilar.

L.Sailxonova. telegraf.uz

KO`P O`QILGANLAR