Muhammad Yusuf Bayoniy hayoti va ijodi (1840-1923)
Shoir va tarixchi olim, tarjimon va xattot, tibbiyot ilmining bilimdoni, qomusiy bilim egasi Muhammad Yusuf Bayoniy XIX asrning II yarmida Xorazm adabiy, ijtimoiy-madaniy muhitida shakllangan va kamol topgan siymodir.

Shoir ijodini o’rganishda asosiy birlamchi manbalari uning asarlari, bir she’riy devoni, «Shajarai Xorazmshohiy» va «Xorazm tarixi» kitoblaridir. Ijod namunalari kitobat qilingan bayoz-majmualarda, 1905-1923 yillardagi ijodiy namunalari esa o’sha davr vaqtli matbuotlarida ham uchraydi. Shuningdek, Xiva adabiy muhitiga oid manbalar - Muhammmad Rizo Ogahiyning «Shohid-ul iqbol», Ahmad Tabibiyning «Majmuat-ush shuaro Feruzshohiy», Hasanmurod Laffasiyning «Xiva shoir va adabiyotchilarining tarjimai holi» kabi asarlarida u haqida ma’lumotlar uchraydi. Ogahiy, Tabibiy va Laffasiylar shoir haqida ma’lumotlar berar ekan, uni shaxs va shoir sifatida yuksak baholaydilar.

XIX asrning II yarmi XX asr boshlari Xorazm adabiy muhiti, uning namoyandalari ijodi haqida yaratilgan deyarli barcha ilmiy tadqiqotlarda hamda bu davrdagi Xorazm tarixini yorituvchi tarixiy-ilmiy asarlarda shoirning hayoti va ijodi bilan bog’liq fikr va mulohazalar bor. Shuningdek, akademik Y.M. Yo’ldoshevning 1960 yilda «Fan» nashriyotida chop etilgan «Xeva davlat hujjatlari» nomli kitobida Bayoniyning saroydagi xizmati va musiqagago’yligiga oid ma’lumotlar berilgan. O’tgan asrning 60- yillarida Bayoniy ijodiga bo’lgan e’tibor yanada jonlandi. 1960 tarixnavis olim Q.Munirovning «Munis, Ogahiy va Bayoniylarning tarixiy asarlari» risolasi e’lon qilindi. Mazkur risolada «Shajarai Xorazmshohiy»ning O’rta Osiyo tarixini o’rganishdagi ahamiyati ma’lum darajada yoritiladi. 1962 yilda esa S. G’anieva va H. Muxtorova Bayoniy ijodini ommalashtirish ishlarini yo’lga qo’yadilar, uning she’rlarini yig’ib, kitob shakliga keltirib, «G’azallar» nomi bilan e’lon qiladilar. 1967 yildagi Yu. Yusupovning “Xorazm shoirlari” kitobi, 1976 yil adabiyotshunos J. Jumaboevaning “O’zbek tili va adabiyoti” jurnalida chop etilgan “Bayoniy ijodining ayrim xususiyatlari” maqolasi ham shoirning hayoti va ijodi haqida ma’lum tasavvurlarni beradi. Ammo shoir ijodini jiddiy va keng ko’lamda o’rganish 90-yillardan boshlandi. Bu davrda Bayoniy hayoti va ijodini o’rganish, nashr etish qizg’in va samarali olib borildi. Bu xayrli ishning boshida adabiyotshunos Iqboloy Adizova turdi. I. Adizova 1990 yili Bayoniyning hayoti va ijodiy faoliyati haqida nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi. 1994 yilda Iqboloy Adizova say’i-harakatlari bilan «Shajarai Xorazmshohiy»ning qisqartirilgan ixcham nashri e’lon qilindi. 1995 yilda ea ushbu muallifning N. Jumaxo’ja bilan hammualliflikdagi «So’zdin baqoliroq yodgor yo’qdir» risolasi bosilib chiqdi.

Ko’rinadiki, Bayoniy hayoti va ijodini tadqiq qilish mustaqillik yillari yangi bosqichga ko’tarildi.

Shoirning hayot yo’li. Muhammad Yusufbek Xeva qal’asining orqa tarafidagi Qiyot qishlog’ida 1840 yilda dunyoga keldi. Uning otasi Bobojonbek Olloberdi to’ra 1804-1806 yillarda xonlik qilgan Eltuzar xonning nevarasidir. Demak, Bayoniy Eltuzarxonning chevarasi bo’lgan. U xonlar avlodidan bo’lishiga qaramay, xonlik saroyida biron-bir baland martabada bo’lmagan.

Muhammad Yusuf yoshligida yuksak tarbiya va yuqori tahsil oldi. Arab, fors, usmonli turk, ozarbayjon tillarini chuqur o’rgandi, she’rga, ilmga va musiqaga ayricha muhabbat qo’ydi. Albatta, bunda oilaviy muhitning ta’siri katta edi. Uning otasi Bobojonbek she’riyat, tarix, musiqa ilmlaridan yaxshigina xabardor bo’lgan, hatto o’z zamonining mashhur shoir va tarixchilaridan Munis, Ogahiylar nazariga tushgan edi. Ular bilan qadrdonlashib, bordi-keldi qilishgan. Bunday shoirlarning tashrifi va suhbati yosh Muhammad Yusufga ayricha ta’sir qilishi tabiiy edi. Bunday uchrashuvlar uning she’riyatga havasini yolqinlantirdi, ishtiyoqini oshirdi. Muhammad Yusufbek eski maktabni bitirgach, tabiblik ilmiga havasmand bo’lib, bu sohada ham muayyan ma’lumotga ega bo’ldi. Bayoniy yaxshi tabib, yaxshi xattot va yaxshi musiqashunos maqomini oladi. U olti yarim maqom sozini to’liq bilgan. Hatto Xeva shoir va ulamolari Yusufbekning uyiga borib «soz qildirayli» deb tong otguncha mushoira qilib, soz chalib o’tirganlar. Bayoniy xonadonida tanbur, g’ijjak, doira, bulomon, dutor kabi musiqa asboblari to’liq bo’lib, ularni o’zi yaxshi chertgan, lekin qo’shiq ayta olmagan. Uyi doimo mehmonlar bilan gavjum bo’lgan. Manbalarda keltirilishicha, Bayoniy uzun bo’yli, chiroyli, sariq soqolli kambag’al odam bo’lgan. Kiyimlari ozoda bo’lib, so’zlagan vaqtda ovozi goho yo’g’on, goho nozik chiqqan. Xalq orasida hozirgacha «Ovozi Yusufbek ovoziga o’xshar ekan» degan ibora yuradi. Bobojon Tarroh- Xodimning xotirlashicha, Bayoniy xushovoz, saxiy odam bo’lgan ekan. U haqida Tabibiy mana bunday yozgan edi:

Bayoniyki bor shoiri xush bayon,
So’z ichra qilur, duru gavhar ayon...
Bayoniyki, mashhur shoir edi,
Dema shoir oni, sohir edi.

Ta’riflanganidek, Bayoniy “sohir” ijodkor bo’lib etishdi va bu bilan xalqning, ijodkor zamondoshlarining, hatto Xiva xonining e’tiboriga tushdi. Bu vaqtda Xiva hukmfarmosi Muhammad Rahim II Feruz edi. Shoh va shoir Feruzning istagi va taklifi bilan Bayoniy umrining katta qismi saroyda o’tdi. Ammo saroyda u biror yuqori lavozimda bo’lmagan. M.Yo’ldoshev uni “Xeva xoni saroyida devon bo’lib ishlagan” ligini e’tirof etadi. Shoir 1915-1916 yillarda saroyni tark etib, qolgan umrini ijodga bag’ishlaydi. Feruzdan keyin taxtga o’tirgan Asfandiyorxon va uning a’yonlari qurshab olgan chirkin muhit shoirning g’azab va nafratini qo’zg’adi. Bunday iqlimda Bayoniy e uzoq yashay olmaydi va saroydan chiqib ketadi.

Bayoniy umrining oxirgi yillarida ilm-ma’rifat va maorif yo’lida anchayin katta ishlar qiladi. Shogirdlariga arab, fors tillaridan, mantiq, tarix, she’riyat qonun-qoidalaridan saboq beradi. 1920-21 yillarda esa Xiva maorif bo’limida sho’’ba mudiri vazifasida xizmat qiladi.

Bayoniy 1923 yilda 83 yoshida o’zi tug’ilib o’sgan Xiva shahrida vafot etdi.

Shoirning adabiy merosi. Muhammad Yusuf Bayoniy iste’dodli shoir, muarrix, mutarjim, mug’anniy, musiqa va tib ilmining bilimdoni sifatida o’zidan katta adabiy meros qoldirdi.

Shoir sifatida bir she’riy devoni bizgacha etib kelgan. Mazkur devon 1860-1905 yillar oralig’idagi she’rlarni o’z ichiga oladi.

Bayoniyning qo’lyozma devonining bir necha nusxalari mavjud bo’lib, devondan uning g’azallari, muxammaslari, ruboiy, qasidalari o’rin olgan.

Shoir ijodiyotida lirika asosiy o’rinni egallaydi. Shu bilan bir qatorda o’z zamonasining ilg’or kishisi sifatida, hayotda ro’y berayotgan voqea-hodisalarga bee’tibor bo’la olmaydi, adl-insofni targ’ib qilish, xalqparvarlik motivi uning she’riyatida yaqqol seziladi. Shoir she’rlarida falakdan norozi bo’lish kayfiyati ustuvor. Shu jihatdan shoir xon va uning laganbardor, insofsiz amaldorlarining qilmishlarini o’ziga xos uslubda kinoya va satirik yo’nalishda keskin ochib beradi. Jumladan, «Qarg’a» radifli g’azalida quyidagicha msiralar bor:

Qushlardan o’zini go’yo aylab shumor qarg’a,
Parvoz urar havoni aylab favvor qarg’a,
Andinkim, o’zga qushlar bosmoqg’a or eturlar,
Zavqu surur ila er benanggu or qarg’a.

Ko’rinadiki, shoir ichidagi gaplarni, kesatiqni, kinoyali fikrlarni ko’chma ma’noda qarg’a tilida ifodalab bergan. Qarg’a obrazi orqali surati odam, siyrati tubanlikka yo’g’rilgan kimsalarni qattiq qoralaydi. Hayotda eng suyumsiz, ko’ngil xushlamas jonivor – bu qarg’a. Bayoniy hayotda uchraydigan qarg’asifat kimsalarning surati va siyratini qush timsoli orqali chizib beradi. E’tibor qilinsa, boshqa qushlar yaqin bormaydigan, ta’bi tortmaydigan joylarda qarg’a «viqor» bilan yuradi, boshqalar iste’mol qilmaydigan narsalarni ular «zavq» va «surur» bilan, beorlarcha eydi. Dehqonlar ekinlarini payhon qiluvchi, ishlariga zarar etkazuvchi ham qarg’a. Demak, u shuning uchun ham hech kimga yoqmaydi. Shoir bu sifatlarni ro’yi-rost ifodalashi orqali o’z davrining tekinxo’r, o’g’risifat, badnafs kishilarini ayovsiz tanqid qilgan. Shoir ustalik bilan yozilgan bu kesatiq va kinoyalar kimga tegishli ekanini xalq bemalol bilib olgan. Shoirning so’z qo’llashidagi ustamonligi she’r ta’sirchanligini oshirgan. O’zining g’oyaviy maqsadini oshirishda shumor, favor, zavqu surur, benangu or, xiromon, hazar, beviqor, humor, qofiyadosh so’zlarni qo’llash orqali aniq bir shaxsni, atrofdoshlarining basharalarini oshkora ochib tashlaydi.

Razolat va yovuzlik hukmron bo’lgan davrda shoir hech bir ro’shnolik ko’rmadi. Adolatsiz, tengsiz va ziddiyatga to’la bu hayotning jabrlaridan iztirob chekdi shoir:

Qaysi g’am bahrini qa’rig’a Bayoniy tushmadi?!
Qaysi mehnat bori oni zoru giryon etmadi?!

Shoirning g’azallarida ishq va ishqiy kechinmalar ham o’ziga xos usulda ifodalangan. Shoir she’riyatida oshiq iztiroblari, quvonchi va ba’zan yordan shikoyati o’z tajassumini topadi. Quyidagi misralarga e’tibor bering. G’azal vaslga zor o’rtangan oshiqning ishqiy kechinma izhoridan boshlanadi:

Ey, pari, gulistonni sayr etib, tomosha qil,
Pardani olib yuzdin husning olam aro qil.
Yuzlaringga bulbulni aylab oshiqi nolon,
Qomatingni sarviga qumrilarni shaydo qil.

yoki tubandagi baytda mahbuba timsolini quyma satrlarda quyidagicha e’tirof etadi:

Yuzing gul, sochlaring sunbul, qadding sarvi xiromondek,
Ko’zing fatton, qoshingdur, yo bu yoyning o’qi mujgondir.

Shoir yorni ta’riflashda an’anaviy tasviriy ibora va ifodalarga keng o’rin beradi hamda badiiy tasviriy vositalardan ustalik bilan foydalanib, yor xusnini, uning shaklu shamoyilini o’ziga xos chizgilarda chizib beradi.

Bayoniy she’riyatining etakchi obrazlaridan biri mahbuba bo’lib, u turli lavhalarda namoyon bo’ladi. Ba’zan, u “ma’shuqasiz dunyo ko’ziga qorong’u bo’lgan” oshiqqa hijron azobini solsa,

Sensiz manga qorong’u ravshan jahon emasmu,
Bu olami anosir zindoni jon emasmu..?
ba’zan, yoriga “lutf” aylab, uning ko’nglini shod qiladi:
Hajr aro bemoringiz holi xarobin so’rgali
Lutf ila kelgan mening bandanavozim sizmusiz?

Ma’lumki, Feruz tashabbusi va rahnamoligida Xorazmda tarjima maktabi maydonga keldi. Bu borada Ogahiy, Komil Xorazmiy, Tabibiy kabi salaflar qatoridan Bayoniy ham munosib o’rin. Jumladan, u Mavlono Darvesh Ahmad tomonidan hijriy 1092 (melodiy 1681) yil arab tilida yozilgan umumiy tarixga oid «Sahoiful axbor» («Xabarlardan sahifalar, 1-2 jildlar) kitobini, Ali Muhammad al Xiraviy Kamoliddin Binoiyning masnaviyda yozilgan tarixiy-badiiy xarakterdagi «Shayboniynoma»sini, Abu Ja’far Jarir at-Taboriyning arab tilida yozilgan umumiy tarixga oid nasriy asari «Tarixi Taboriy»ni yuksak mahorat bilan o’zbek tiliga tarjima qiladi. Shuningdek, Atoulloh ibn Fazlulloh Husayniyning «Ravzatul-ahbob» asarining o’zbekcha tarjimasini tahrir qildi.

Mana bunday to’rtta yirik tarjima asarlarini paydo bo’lishida Xiva xoni Feruzning roli katta, chunki ularning aksari xonning amri va rahnamoligida dunyoga kelgan. Shu bilan bog’liq bir voqea. Xiva xoni Feruz Hiloliy, Oqupa va ko’hna Urganch safarlaridan poytaxtga qaytishi «Xevaq aholilari» uchun bayramday bo’ldi, butun xivaliklar «xon istiqboliga» chiqdilar va ular qatorida Bayoniy ham bor edi. Bayoniy xon uchun ikkita sovg’a tayyorlaydi, biri podshoh Feruz buyrug’ini ado etib, «Tarixi Taboriy» tarjimasini tamomlaydi, ikkinchisi safardan qaytish sharafiga g’azal bitadi. Bu haqda shoirning o’zi shunday deydi: «Faqirg’a kitobi «Tarixi Taboriy»ni forsiy tilidin turk tiliga tarjima etmak xizmatin buyurib erdilar. Bu sababdin rikobi humoyunda keta olmay amri oliylari bila qolib erdim. Man ham istiqbollarig’a chiqib duo qildim. Chun g’oyat shon-shavkatu shikvayi hashmat bila kelib shaharga kirib kelib taxti davlatda qaror tutdilar, muning so’ngg’i kuni bir g’azalnikim tahniyati (qutlash) qudumlari uchun bitib erdim, hazratlariga ul g’azalni berildi. Ul g’azal budur:

Safardin qaytibon nusrat bila shohi jahon keldi.
Hamono elni jonsiz tanlarga toza jon keldi...
Adolatni shior aylab, fasod ahlini xor aylab,
Karamlar oshkor aylab shahi getisiton keldi...»

Ertasiga Bayoniy «qayu shohkim , shohlar shohi» bo’lgan Feruz hazratlariga qasida bitadi va unga topshiradi. Qasidada shunday satrlar bor:

Erur ismi shohi Muhammad Rahim,
Bahodir abulfathi sohibqiron.
Raiyat zamonida emin bo’lub,
Erur barcha el lutfidin shodmon.

Bayoniy – serqirra va sermahsul ijodkor. U Xorazm shajaraviy tarixnavisligi davomchisi, yanada aniqrog’i, Xorazm tarixi va adabiyotchiligiga oid voqealiklarning xotiranavisi. Tarjima asarlari bilan birga Abulg’ozi Bahodirxon, Munis, Ogahiylar an’anasini davom ettirdi. «Xorazm tarixi», «Shajarai Xorazmshohiy» kabi asarlari orqali voha tarixi to’g’risida qimmatli ma’lumotlar yozib qoldirdi. «Shajarai Xorazmshohiy»ning ikki nusxasi mavjud bo’lib, ularning biri 1913 yilda ko’chirilgan, hajmi 517 varaq, ikkinchisi, 1914 yilda ko’chirilgan bo’lib, 508 varaqdan tashkil togan. Mazkur asarda Abdulg’ozixon qalamga olgan davrdan tortib Munis va Ogahiylar bitgan davr, shuningdek, 1873 yildan 1914 yilgacha bo’lgan davrning tarixiy voqealari atroflicha yoritilgan. U xonlar tarixini bitdi. Asar tarixiy jihatdangina emas, balki badiiy jihatdan ham ahamiyatlidir. Chunki asar juda sodda, xalqona tilda bitilgan, yozishda muallif tushunilishi qiyin bo’lgan so’zlardan qochadi.

Mazkur asar tarixiy jihatdan juda qimmatlidir, u Xorazm xonligi tarixini, umuman, O’zbekiston tarixining bir bo’lagini o’rganishda katta ahamiyatga ega bo’lgan manba bo’lib xizmat qiladi. Muallif bu asarda Xorazm xonligini Chor Rossiyasi tomonidan bosib olinishi voqealariga mufassal to’xtalgan edi. Shaharlardagi talon-tarojliklar, aholining qirg’inga uchraganligi, xalqning moddiy va ma’naviy jihatdan toptalganligi, Chor generallarining vahshiyona siyosati – bularning hammasi Bayoniy tomonidan chuqur taassuf bilan tasvirlanadi. Bulardan tashqari, asarda erga bo’lgan egalik va soliq bilan bog’liq masalalar ham keng bayon etilgan.

Ma’lumki, Xeva xonligida Muhammad Rahimxon Feruz davrida mamlakat ravnaqi, ilm-fan, maorif va madaniyat ishlariga katta e’tibor berilgan. Xonning o’zi tez-tez Xevadagi “Arab Muhammadxon”, “Muhammadaminxon” kabi madrasalarda bo’lib, bu erdagi o’qish-o’qitish ishlarini nazorat qilib borar, mullavachchalarga xazina hisobidan moddiy yordam qilib turar edi. Bayoniy bular haqida «Shajarai Xorazmshohiy»da batafsil ma’lumotlar bergan: «Ma’lum bo’lsinkum, xon hazratlari Muhammadrahimxon bag’oyat mushtifiqu fuqaro va bag’oyat xayrdo’st kishi edilar. Ko’p madrasalar va masjidlar bino qildilar. Ul hazrat ulamoni ko’p do’st tutar edilar va she’riyati g’orroning (yorqin, jo’shqin) rivojiga sayr etar edilar va bag’oyat raiyatparvar shafqatgustar va odilu bozil kishi edilar va namozi panjogonani (besh vaqt namozni) qazo etgan emasdurlar».

Ko’rinadiki, muallif mazkur asarda Xorazmning ijtimoiy hayoti bilan bir qatorda adabiy-madaniy hayotini ham keng tafsil etadi.

Bayoniyning ikkinchi tarixiy asari «Tarixi Xorazm» deb nomlanib, muallif dastlabki boblarda oldingi asardagi ba’zi voqealarning boshqacha uslubda bayon etgan. Uning hajmi 16 bobdan iborat bo’lgan. Ammo bizgacha uning 8 bobi etib kelgan. Bayoniy bu asarini Xorazm inqilobidan keyin yozgan. Muallif bu «kengchilik zamonda» endi xonlardan qo’rqmay, ularga xushomad qilmasdan ayta olmagan gaplarini bemalol yozganligini eslatgan.

Shunday qilib, Muhammad Yusuf Bayoniy o’zining hayotbaxsh she’rlari, jahonshumul tarixiy asarlari bilan o’zbek adabiyotshunosligi va o’zbek tarixshunosligiga ulkan hissa qo’shdi. Bu bilan Bayoniy XIX asr oxiri XX asr boshlari o’zbek adabiyotining etuk namoyondasi sifatida o’ziga xos munosib iz qoldirdi.

KO`P O`QILGANLAR