Rossiya Nikolay davridayoq Amudaryoning o’ng sohilidagi To’rtko’l shahrini Novoaleksandrovsk deb nomlab, flotiliya tuzib olgan edi. O’zbekistonda qizil inqilob amalga oshirilgach, u erda Amudaryo inqilobiy bo’limi qaror topdi. Junaidxon hujumi bahona bo’ldi–yu, 1920 yilning qahraton qishida Amudaryo bo’limining B.N.Shaydakov komandirlik qilayotgan otliq kavaleriya polki muzli daryoni kechib o’tib Xorazm hududi erlariga yopirildi. Junaidxon Rossiya chor hukumatining Ural kazaklari otliq polki, mahalliy qurolli to’dalar ham qizil inqilob qurolli kuchlari oldida ojiz qoldi. Junaidxon to’dalarini mahv etgach Xivaga ikki tomondan saralangan sho’ro qurolli kuchlari hujum boshladi. Xiva taslim bo’lgach, Shovot bekligi, Kat, Monoq hokimliklari ham barham topdi.
Hayotning bu yog’ida siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy tuzum qanday bo’ladi? Bu savolga ham Sho’ro oldindan javobni naqd etib qo’ygandi. Shovot bekligi, Kat, Monoq hokimliklari o’rnida Kat u’ezdi paydo bo’ldi va Katqal’a u’ezd markazi qilib belgilandi. B.N.Shaydakov otliq kavaleriya qismlari Junaidxon qismlarini butkul mahv etish uchun Taxta rayonining Badirkent qishlog’iga yo’l oldilar. Qo’hna va qadim Xorazm «sho’ro inqilobi davriga» qadam qo’ydi.
«Ashirdom»
1920 yilning qorli, qirovli qish pallasida tanti Jayxun daryoni kechib o’tgan Shaydakov, Sherbakovlar qo’shini safida katqal’alik Ashir Yusupov ismli yigit ham bor edi. Qo’shin qishloq markaziga etganda undan so’radilar.
– Ashir biz bilan ketasanmi,yoki qishlog’ingda qolasanmi?
U otliq polk boshlig’iga yuzlanib dedi:
– Rossiya navkarligiga chaqirilib rus tuprog’ini bosqilaganim, sizlar bilan xizmat qilayotganimni jamlasam hammasi yigirma yildan oshibdi. Etar shuncha sarsonlik sargardonliklarim, qishlog’imda qolaman.
―Ixtiyoring.
Uning qo’liga sho’ro hukumatiga sadoqatli kishi ekanligi haqida yorliq – ishonch xat yozib berganlaridan keyin qizil qo’shin Turkmanistonning Badirkent shahri sari shoshildi. Chunki qizil sho’ro qo’shini uchun Xiva xonidan ham Badirkentda makon tutgan Junaidxon xavfliroq edi.
Qizil qo’shin o’z yo’lida davom etsin, gapni «Ashirdom» hayotidan davom ettiraylik.
Ashir Yusupov 1890 yillar oxirida oq podshoh amr farmoniga asosan navkarlikka chaqirilib, u qo’shin safida rus tilini, chavandozlikni muqim o’rganib oldi. Miqtiligiga yarasha chaqqonlik, epchilligi ham bor edi uning. Shunday qilib, u o’z ona qishlog’i Katqal’ada sho’ro inqilob islohotlarini olib borishga butun borlig’i bilan kirishib ketdi. Katqal’a ma’lum muddat u’ezd markazi hisoblanib, uni «Ashirdom» o’z vakil mulozimlari bilan boshqarardi – ular Ollanazar xirs Ro’zimov, Sobir salloh va yana ikki kishi bor edi.
Yoshligidan haqtalab, buning ustiga shuncha yillar ayroliq va o’zga o’lkalarda vaqtini o’tkazgan yigit dastlabki kunlardanoq yangi tartiblarni qattiq qo’llik bilan o’tkaza bordi. Eng avvalo aholining tinch totuvligi, har kim o’ziga birkitilgan uchastkada emin–erkin yashashi, o’z ishini bajarishiga xalal bermaslikni u qattiq talab qilar edi. Shunday kunlarning birida qal’a tashqarisida yashayotgan bir dehqonning hovlisidan so’qimga boqayotgan ho’kizi o’g’irlab ketilgani haqida sovuq xabar tarqaladi.
«Ashirdom» darg’azab bo’ldi. U butun u’ezd faollarini oyoqqa turg’azadi.
– Topasizlar. Ho’kiz osmonga uchgan bo’lsa oyog’idan, erga kirgan bo’lsa qulog’idan tortasizlar. Bir fuqaroning moli o’g’irlanadi–yu, uni toptirib o’g’rilarni jazoga dastgir eta olmasam u’ezd rahbari bo’lib nega o’tiribman?
Jahdu jadal-la qidirishlar boshlandi. Oradan ikki kun o’tdi. U’ezd rahbarining qahr–g’azabi yanada qaynab toshgan edi. Va nihoyat o’g’rilar ham uzoqda emas, qo’l uzatsa etguday erda, shu elatda yashaydigan To’mmon o’g’ri bilan Do’stjon qochar laqabli oldinlari ham og’izlari harom luqmadan shira olgan g’alamislar ekan. Ular o’z qaro qilmishlarini bosh egib tan oldilar.
– Ho’kiz o’g’rilari bozor kuni xalqning ko’zi oldida otishga hukm etiladi. Xalqqa e’lon qil, – buyurdi, u o’z jarchisiga. Jarchi hukmni qal’aning baland joyidan uch bora e’lon qilgach, so’ng el oralay ketdi. Chorshanba, bozor kuni. Bugun qal’ada odamlar har qachongidan ham gavjum edi. Ular qal’a chetida er qaziyotgan ikki bandai mo’minga hayratlanib boqar edilar.
–Bo’ldi, iymonlaringni o’qinglar, – e’lon qildi jarchi. Oradan hech vaqt o’tmay qarsillab o’q ovozi eshitildi. Mol o’g’rilari shu tariqa xalq ko’zi oldida jazolarini oldilar.
«Ashirdom» o’zidan nimalar talab qilinishini qalb–qalbidan his etardi.
– Avom tinch, osoyishta yashab o’z o’rnida mahkam bo’lmasa, hayot zanjiri o’z–o’zidan chuvalashib ketadi. Buning uchun esa hamisha rahbar aybdor.
U topshiriqni o’ylab har bir odamning kuch–qudrat, irodasiga qarab berar, ijrosini esa qattiq talab etardi. U u’ezdni xalq tomonidan saylab qo’yilgan besh vakil bilan hamkorlikda boshqarar edi.
– Insonga bosh faqat papoq kiyish uchun emas, o’ylab chigal jumboqlarga echim topish uchun ham berilgan. O’ylab ish qilmoq kerak. – der edi u atrofidagilarga.
Yigirmanchi yillar ikkinchi yarmidan u’ezdlar tugatilib, ular o’rnida rayonlar tashkil topdi. Bu paytda Ashirdom Yusupov ancha keksayib qolgan edi. Vazifasidan bo’shab, uy – ro’zg’or ishlari bilan shug’ullana boshladi.
1925 yil adog’ida Samarqand shahrida bo’lib o’tgan s’ezddan keyin, “dom”lar o’rnida rayon, qishloq sovetlari tuzildi. Shu s’ezd qaroriga ko’ra bir butun bo’lib turgan Katqal’a qishlog’i Oltinqal’a, Ko’raklar, Beshmergan, Oq masjid qishloqlariga parchalanib ketdi. Bu qishloq sovetlarining ayrimlari o’z muhri, ma’muriy boshqaruv binosiga ega bo’ldi.
Sho’ro tuzumi tashkil topganiga besh yildan oshiq vaqt o’tayotgan bo’lsa ham hali sinfiy qarama–qarshilik keskin turar edi. Arvik, Chig’atoyqal’a qishloqlarida in qurgan Qalandarko’r, Qangli qishlog’ida Bakidevona, Ijtimoiyat qishlog’ida Qo’shim bosma, Jalli barmoq qurolli to’dalari sho’ro faollari, yangi tuzumga intilgan yoshlarni yo’ldan supurib tashlashni o’z oldlariga maqsad qilib qo’ygan edilar. Ular ba’zan besh–olti, ba’zan esa to’rt – besh kishidan tarkib topgan to’da bo’lib, bir–birlari bilan uyushmas, o’z bilganlaricha harakat qilar edilar. Chig’atoyqal’a qishlog’ida muallim Sherbobo Abdullaevni, sho’ro vakili Bibijamol Idrisovani, Arvik qishlog’ida Bekjon Matniyozov, Ijtimoiyat qishloq soveti kotibi Boyjon Yusupovni, Bo’yrachi qishlog’ida uch nafar komsomol a’zosini ular vahshiylarcha o’ldirib ketishdi.
Tarkanlar to’dasi ko’pdan buyon birinchi ijroqo’m raisi Abdulla Abdurahmonov iziga tushgan edilar, nega–ki A.Abdurahmonov yigirmanchi yillar o’rtalarida Oq masjid qishlog’ida «Yosh birlik» tashkilotini tuzib yangi sho’ro maktablari tashkil etishda jonkuyarlik qilib kelmoqda edi. Navqiron qalb egasi A.Abdurahmonovning tuman ijroiya qo’mitasi raisi qilib saylanishi sho’roga qarshi kuchlarning jazavasini yana bir karra oshirib yubordi. 1930 yil yoz faslida g’animlar uning o’rniga qayin otasi Roman boboni otib ketdilar.
Ziddiyatlar keskinlashgandan keskinlashib borar edi. Hamishagiday kimning kuchi, quroli ko’p bo’lsa omad unga kulib boqadi. Sho’roning zo’r berib qilgan tashviqot targ’ibotlariga ko’ra kurash va mehnat maydoniga navqiron kuchlarni tortqilab kelardi.
Bu inqilobiy o’zgarishlardan Katqal’a ham chetda qolmagandi.
– Davr olg’a bos!. Yangi hukumat shiori shundan iborat edi.
Qishloqda yangi hayot sari talpinish boshlandi. Avvallari bir–birlaridan mutlaqo bexabar ellar birlashishga kirishdi. Dastlab o’nliklar, qo’shchi soyuzi, erni birgalikda ishlash shirkatlari ish boshladi. 1922 yil 29 iyun kuni iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida Xorazm xalq Respublikasi bilan RSFSR o’rtasida iqtisodiy bitim tuzildi, yana bir yildan keyin Rus-Xorazm davlat paxta shirkati qaror topdi. Yakkaxo’jalik bo’lib paxta etishtirayotgan oilalar topshirgan hosili uchun «Paxta soyuz» shirkatidan mehnat haqlarini bemahtal olib turdilar, Rossiyadan dalani ishlash asbob anjomlari, barcha sohalarning etakchi mutaxassislari ishga kela boshladi. Xorazm dehqoni og’ir qo’l mehnatini mexanizatsiyalash, kolxozlashtirish ostonasiga etib keldi.
Sho’ro hukumati kelajak avlod iqbol istiqbolini ham unutmagandi, u mehnatkashlar farzandlarining eski maktablarda ta’lim–tarbiya olayotgani bilan mutlaqo murosaga kela olmasdi.