Ming qal’ali-afsonaviy o'lka
Tabiiy va siyosiy vaziyat natijasida janubiy viloyatlarda Doruxon (Darg’on ota), Gazar-asp (Hazorasp), Qal’ajiq, Xiva keyinchalik Xonqa, Yangi Urganch, Yangi Tuproqqal’a, (Shovot) Kurulan (Gurlan) kabi shahar va qal’alar rivojlangan yoki qayta tiklangan.

Ma’lumki, tarix fani afsona va rivoyatlarni inkor qilmaydi, balki ular zaminida yashirinib yotgan haqiqat nishonalarini aniqlash uchun arxeologiya, etnografiya, geofizika, geomorfologiya fanlaridan samarali foydalanadi. Ayniqsa 1873 yilda nemis arxeologi Genrix Shleyman afsonaviy Troya qal’asi xarobalari ostidan 5 ming yillik ulkan xazina topib olganidan so’ng arxeologiya fan sifatida rasmiy tan olindi.

Xo’sh, ming qal’a 12 ming qo’rg’onli Xorazm vohasiga doir afsona va rivoyatlar qay darajada ahamiyatli, degan haqqoniy savol tug’ilishi tabiiy. Hamyurtimiz Beruniyning xabar berishicha, “Xorazm madaniyati-qadimgi madaniyatlardan bo’lib, uning ildizlari eramizdan avvalgi 1292 yildan boshlanadi”. Alloma o’lka tarixini bayon etar ekan, “Uning taqdiri Jayhun fe’l- atvoriga bog’liq edi”, deb ko’rsatgan.

Darhaqiqat, voha arxeologiyasini qariyb yarim asr davomida tekshirgan S.P. Tolstov boshliq ekspeditsiya a’zolari buni etarli dalillar bilan isbotlab berdilar. Hozirgi Bo’ston, Ellik qal’a, To’rtko’l, Beruniy tumanlari janubiy Xorazmdagi Hazorasp, Xumbuztepa, Sadvar Doyaxotin, Tuproqqal’alar fikrimizni dalillaydi.

Tabiiy ofat va o’zaro bosqinchilik urushlariga qaramasdan ularning ayrimlari bizgacha etib kelgan. Ular, “Ayozqal’a”, “Devqal’a”, “Ko’rg’oshinqal’a”, “Qizilqal’a”, “Qirqqizqal’a”, “Qo’yqirilganqal’a”, “Jonbosqal’a”, “Ellikqal’a” tarzida iste’molga kirgan. Ushbu vazifani kompleks ravishda hal etish vohadagi yuzlab noma’lum (yoxud yasama nomli) qal’alarning tarixini ravshanlashtirishga yordam beradi. Tan olish joizki, vohaning qadimgi qal’alarini uzluksiz tarzda izchil o’rganish jihatidan Qoraqalpog’iston arxeologlari ancha ilgarilab bormoqdalar.

Jumladan G’ayraddin Xo’ja Niyozov boshchiligidagi O’zbekiston -Avstraliya arxeologlar qo’shma jamoasi 1994-2012 yillarda Toshxirmon, Oqchaxon, Qozoqqirilgan “No’malum tepalik” qal’alarini izchil o’rganib Xorazmning ko’hna mudofaa qal’alarini aniqladilar. Bu yunon-grek tarixchilari yozib qoldirgan gipotezalarning haqikat ekanligini isbotlab berdi.

Ma’lumki, 1572-1575 yillarda Amudaryoning o’z yo’nalishini shimol tomonga o’zgartirishi hamda shimoliy va sharqiy tomonlardan qurg’oqchilik, suv taqchilligi va feodal urushlari tufayli Xorazmning azaliy shaharlari Urga, Qo’hna Urganch, Kordaranxos, Mazdahkand, Vayangan aholisini janubiy viloyatlarga ko’chirishga majbur bo’lganlar. Natijada, - deb yozadi Xiva tarixchisi Munis, “besh qal’ada ochlik boshlandi, shundan so’ng Xivada vabo tarqaldi, shul sababdan o’zbek va sartlar Orol va Buxorog’a tarqala boshladilar”. Munis tilga olgan mudhish ocharchilik siyosiy bosh-boshdoqlik bizning eradan avval ham, XIII- XVIII asrlarda ham bir necha marta takrorlangan.

Tarix fanlari nomzodi M. Madaminovning fikricha, Xorazmshoxlar o’z mamlakatlari poytaxtini 9 marta bir shahardan yana bir qal’aga ko’chirishga majbur bo’lganlar: Urga (Urva) Mazdakent, Aqchaxon, Tuproqqal’a, Qo’yqirilgan, Kaat, Gurganch, Vazir, Xiva shular jumlasidandir. Agarda Xorazm hukmdorlari mamlakat poytaxt shaharlarini tez-tez ko’chirib yurmaganlarida edi shulardan biri Rim, Konstantinopol (Istambul) yoki Samarqand kabi ulug’ shaharlarga o’xshab bugungacha yashnab turardilar.

Tabiiy va siyosiy vaziyat natijasida janubiy viloyatlarda Doruxon (Darg’on ota), Gazar-asp (Hazorasp), Qal’ajiq, Xiva keyinchalik Xonqa, Yangi Urganch, Yangi Tuproqqal’a, (Shovot) Kurulan (Gurlan) kabi shahar va qal’alar rivojlangan yoki qayta tiklangan. 1996 yil sentyabr oyida Hazorasp yaqinidagi Xumbuz tepa yodgorligi ochilganidan keyin uning yoshi Xivadan ikki asr oldin paydo bo’lganligi tasdiqlandi.

Hazorasp-jahon xalqlari tsivilizatsiyasi tarixida muayyan o’rin tutgan qadimiy o’lka-Xorazm vohasining eng ko’hna qal’alaridan biridir. Uning tarixi Sharqning mumtoz shaharlari Rim, Afina, Istambul, Quddus, Makka, Marv, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlari kabi qadimiy va rang- barangdir.

O’tmishda muarrixlar Hazoraspni “Qal’ai Sulaymon” (Aturospand muqaddas olov shahri yoki ming otlar qal’asi) deb ataganlar.

Hazorasp qal’asi haqidagi mashxur afsonalarning biri Sulaymon payg’ambar nomi bilan bog’liq. Rivoyat qilishlaricha, Sulaymon payg’ambar o’zining “Shamol ustiga qurilgan taxtida Xorazmga uchib kelibdi va bazmu jamshid uyushtiribdi.

Ziyofat uzok davom etibdi. Natijada otlarning qorni ochib isiriq giyohlarni eb mast bo’lishibdi va qanot qoqib kishnashibdi. Buni ko’rgan Sulaymon payg’ambar darhol otlarni kishanlashga, pari qizlarni esa shu makonda qoldirib, erga berishga hamda qal’a qurdirishga amr etibdi. Shu tariqa qal’aning nomi Sulaymon qurgan yoxud Hazorasp (Mingotli) bo’lib qolgan, deyishadi.

E’tirof etish joizki, Sulaymon payg’ambar tarixiy shaxs. U Dovud payg’ambarning ikkinchi o’g’li eradan avvalgi 965 yildan 928 yilgacha Falastin davlatiga podsholik qilgan. O’z davrida Eron mamlakati xukmdorlari bilan savdo-sotiq va diplomatik munosabatlar o’rnatgan, lekin uning Xorazmga kelganligi haqida fanda hech qanday ma’lumot yo’q. To’g’ri, o’z davrida Xorazm Eronga qaram satrap (viloyat) bo’lgan.

Masalaning sehrli giyoh —isiriq (aturspend) masalasiga kelsak, tarixiy haqiqatga biroz yondoshib o’tilgan hisoblanadi.

Ko’rinadiki, ota-bobolarimiz qariyb 12-15 ming yillar erto’la, chayla, tog’larning g’orlarida, o’tloqlarda ko’chmanchilik qilib yashaganlar. Ajdodlarimiz o’tgan 100 asrlik davr jarayonida qanday hayot bilan mashg’ul bo’lganlar? Bu savolga muqaddas “Avesto” va “Injil” kitoblari javob bera oladi. “Injil” va “Avesto” kitoblarida insoniyatning 9-10 ming yillik tarixidan darak beruvchi afsona va rivoyatlar keltiriladi. Ushbu kitoblardagi rivoyatlarning ayrimlari ikki daryo oralig’i (Mesopatamiya)dagi Bobil (Vavilion) shahri (Shumer mamlakati) xarobalarini qazish chog’ida topilgani haq.

Qadimgi xorazmliklar bizning eradan avvalgi 2-3 ming yillarda ko’chmanchilik (asosan chorvachilik) bilan hayot kechirganlar va janubiy-g’arbiy o’lkalarga borib Bobil (Vavilion), Suza Sheroz (Parespol), Quddus-Ierusalim kabi buyuk shaharlar qurilishlarida bevosita qatnashganlar.

Tarix fanida bu fikr allaqachon isbotlangan. Xiva, Hazorasp, Tuproqqal’a tag zaminining o’rni ayni Shumer qal’alari sathiga teng. Qolaversa “Osmon ustuni” Bobil shahrini qurishda ishtirok etgan sharqlik ko’chmanchilar qo’zg’oloni bunga misol bo’la oladi. Yana bir dalil shuki, qariyb 5 ming yil avval o’tgan shumerliklar leksikonida ot degan tushuncha umuman bo’lmagan. Ular otni “Sharq eshagi” deb ataganlar.

Shumerliklar tilida mavjud bo’lgan 500 dan ziyod turkiy va qadimiy xorazmcha so’zlar ham yuqoridagi fikrlarimizni yana bir karra isbotlaydi.

“Avesto” kitobida “Daxyu”-viloyat, “Ardva”-Orol ko’li, “Azata”-ozod kishi, “Xaoma”-sharob, “Daitiya”-Amudaryo, Dukard- qaychi, Arna-kanal, “Mazdubast” -Tuyamo’yin darasi tilga olinadi va “Eronvej” -(Xorazm) mamlakatlarining a’losi deb talqin etiladi. “Avesto”da tilga olingan birinchi olov yoqilg’i makoni bu Xorazmdir.

S.P.Tolstov, Ya.G’ulomov, A.Asqarov, M.Ishoqov kabi olimlar birinchi muqaddas olov Jamshid tomonidan Xorazmda yoqilganligi haqidagi afsona haqiqatga yaqin keladi, deb hisoblaydilar.

Beruniyning guvoxdik berishicha, “Jayhun Mazdubastdan Qoraqum sahrosi orqali Xazor (Kaspiy) dengiziga qarab oqqan.

Demak, Hazorasp xududlaridan kesib o’tgan Polvon kanali (Xey Kanik anhorning avvalgi nomi) Jayhunning bir tarmog’i bo’lgan, uning bo’ylarida dastavval Adarast-Hazorasp, qal’ai Ram Xeva... Qalajiq (kichik qal’a) Gaur Qal’a, Shohsanam Urga, Gaur qand (Ko’hna Urganch) kabi antik qal’alar bunyod etilgan. Aksariyat olimlar ushbu qal’a qo’rg’onlarning eng yoshi ulug’i Qatali qir undan keyin esa Xiva shahri qurilgan, deb hisoblar edilar. Xorazm arxeologlari ushbu fikrga tuzatish kiritishdi.

1996-2006 yillarda Hazorasp, Xumbuztepa, “Sharofat qal’a” yodgorliklari ostida olib borilgan arxeologik qazishmalarda qal’a Xivadan 200 yil oldin bunyod etilganini tasdiqlovchi mis va kumush tangalar, temir uchli kamon o’qi, xum va boshqa idishlar topildi. Endilikda bunday mashaqkatli ishni Urganch Davlat universiteti o’qituvchilari Qurbonboy Sobirov, Komiljon Abduraimov raxbarligida talaba yoshlar bajarmoqdachar. Dotsent K.Abduraimov Hazoraspning ulkan devorlari oralig’idagi 12 burj belgilarni taxdil etib Qal’a osmon jismlari harakatini hisoblash, fasllar almashuvi hamda teng kunlik, eng uzun kun va uzun tun kabi tabiat hodisalarini o’rganish maqsadida barpo etilgan moslama degan xulosaga keldi va bu bilan arxeastranomiya fani rivojiga munosib hissa qo’shdi.

Hazorasp buyuk ipak yo’li chorrahalarida joylashgan, kuhna Xorazm elining benazir istehkom qalqoni hisoblangan, shuning uchun bo’lsa kerakki, dunyoning atoqli olimlari Abdurazzoq Samarqandiy, Rashiddin Vatvot, Sa’diy Sheroziy, Antoniy Jinkenson, Herman Vamberi va boshqalar qal’a haqida o’zlarining yurak so’zlarini yozib qoldirganlar.

Samarqand sayqali ro’yi zamin ast,
Buxoro quvvati islomi din ast,
Hazorasp qal’ai xo’b joyi mahkam,
Xiva Firdavsil rabbil olamin ast.

Ya’ni Samarqand er yuzining go’zal shahri, Buxoro islom dinining quvvati, Xiva baxt iqboli kulgan qal’a, Hazorasp esa metindek mustahkam istexkomdir. “Uni hech kim zabt etolmaydi”,- deb yozgan edi sharqning buyuk shoirlaridan biri. Bu qal’ada jahonning buyuk allomalari Muhammad Muso Xorazmiy, Abu Ali Ibn Sino, Al-Beruniy, Rashiddin Vatvot, Sakkokiy, Hazoraspiy, Umiriy, Xayoliy kabi shoir va olimlar yashab ijod etganlar yoki mehmon bo’lganlar. Suhbatli davralar qurib munozaralar o’tkazganlar. Hazorasp ming yillar davomida Xorazmshoxdar davlati va Xiva xonlarining harbiy mudofaa qo’rg’oni, 214-276, 1623-1643 yillarda poytaxt, savdo-sotiq rastasi, elchilarni kutib oladigan qarorgohi bo’lgan. Mashoyixlar qal’ani haqli ravishda Xorazmning “Oltin darvozasi” deb ta’rifu tavsif qiladilar. Uning geografik jihatdan qulay mintaqada joylashganligi bois 1558 yilda Moskva -Astraxan- Gurganj orqali bu erga tashrif buyurgan Buyuk Britaniya elchisi A.Jinkensonning o’z qirolichasiga va podsho Ivan Grozniyga jig’ali telpak, po’stin va dur-gavharlar bilan naqshlangan Hazorasp xanjarini sovg’a tariqasida Moskva va Londonga olib borganini butun dunyo biladi. 1863 yil may oyida Xorazmga darvesh qiyofasida kirib kelgan venger olimi H. Vamberining quyidagi so’zlari Hazoraspning shuhratini butun dunyoga yoygani haqiqat: “Xiva nihoyatda boy va go’zal mamlakat, bu vohada paxta, sholi etishtiriladi. Bo’yon deb ataladigan yovvoyi o’tdan yuqori sifatli qizil bo’yoq, ipak va paxtadan qog’oz tayyorlash mumkin. Mevalari shunday yaxshiki, unga teng keladigan mevalarni Eron, Turkiyadagina emas, balki Evropaning o’zidan ham topa olmaysiz. Ayniqsa Hazorasp olmalari, nok va anorlarining tengi yo’q.

Uning qovunlari Pekingacha ma’lum. Aytishlaricha Turkiya sultoni ham vaqti- vaqti bilan Urganch qovunlarini istab qolar ekan. Bu qovunlar Rossiyada ham yuqori bahoda sotiladi. Bir karvon qishki qovunga bir karvon shakar almashtiriladi. Urta Osiyo paxtasining kelajagi katta. Turkiston paxtasi, Hind, Eron, Misr paxtasidan yaxshi va mashhur. Amerika paxtasidan qolishmaydi. Hazorasp pillasidan olinadigan ipak butun Xiva xonligida eng qimmatli mato hisoblanadi”.

(Qarang: G.Vamberi “Puteshestvie po Sredney Azii” SPB, 1868 g str. 126). 1996 yildan buyon qal’a atroflarida arxeologik tekshiruvlar o’tkazilmoqda. Xumbuz tepa va Sharofat deb nomlangan qal’alardan eramizdan 1500 yil avvalgi chorvador, ovchilar anjomlari, xumlar, sopol idishlar topildi. Darhaqiqat, qal’aning 5 metrlik haybatli devorlari uning devsifat ajdodlarimiz tomonidan bunyod etilganligiga shubha qoldirmaydi. Ushbu sirli va salobatli qal’a devorlari o’z tadqiqotchilarini kutib yotganligi hech kimga sir emas. Tuman xalqaro “Oltin meros” jamg’armasi rahbari Sh.Qalandarova tashabbusi bilan qal’a atroflaridan kavlab topilgan noyob osori atiqalarning bir qismi Xorazm Ma’mun akademiyasiga taqdim etildi. “Hazorasp” nomli ilmiy-ommabop rangli jurnal chop etildi, hujjatli telefilm yaratildi. Jamlangan ashyoviy dalillar shuni ko’rsatadiki, qal’aning yoshi Samarqand yoki Istambul (Turkiya) shaharlari yoshi bilan teng deyish mumkin. Hamma gap qal’a tarixini ko’z-ko’z qiladigan rasmona o’lkashunoslik muzeyi tashkil etish, monografiya chiqarish, xulosalarni xalqaro YuNESKO tashkilotiga takdim etish va nufuzli ilmiy muassasalar bilan hamkorlikda izchil davom ettirishda qolgan. Negaki, Xorazm vohasining keskin kontenental ob-havo sharoiti, fenomenal tarixiy - jumboqli geologiyasi, Amudaryoning o’ziga xos fe’l- atvori (xarakteri) hali to’la o’rganilgan, deb bo’lmaydi.

KO`P O`QILGANLAR