Xorazm maqol, matal, naql va iboralarning tarixiy ildizlari
Xorazmlik qariyalar qaysidir maqtanchoq, hovliqma rahbarni ta’riflamoqchi bo’lishsa, “Falonkasning olgan qal’asi yo’q” deyishadi. Agarda kimdir o’zini maqtab haddidan oshaversa: “Qani birodar, sen qaysi qal’ani olding” ya’ni biron ko’z ko’rgudek ishni qoyil maqom etib bajardingmi, deb dangal so’rashadi.


"Xonlik-xonlikning oxiri xo’rlik"

Xiva tarixchilari Munis, Ogahiy va Bayoniylarning mamlakat tarixiga doir asarlarida, “Ichon qala” tarix muzeyining bo’lim mudiri, tarix fanlari nomzodi Komiljon Xudoyberganovlar tomonidan tuzilgan “Xiva xonlari shajarasi”da 57 kishining xon tojini kiyganligi qayd etiladi.

Bu haqda kengroq ma’lumot olish uchun so’zni tarix bitgan mashxur Xiva xoni Abulg’oziy Bahodirxonning “Shajarai turk” nomli asariga murojaat qilish o’rinli ko’rinadi. Chunonchi 1510 yilda Marv atrofida bo’lgan jangda Shayboniyxon qatl etilib kallasi Eron shohiga “sovg’a” sifatida yuboriladi, tanasi Buxorog’a olib kelinib dafn etiladi. Ushbu siyosiy parokandalikdan unumli foydalangan xorazmlik So’fiy va Mirzo Hizr, Dashti Qipchoq Sultoni Berkani o’ldirib o’rniga uning o’g’li Elbarsxonni taxtga o’tqazadilar. 1511-1770 yillar oralig’ida Shayboniylar avlodidan bo’lgan 40 nafar to’ra-sultonlar bir yarim, ikki yildan ziyod taxtda o’tira olmaganlar.

Bu davrni ustoz Munis “Xonlar o’yi” deb baholadi. O’sha davr xonlari orasida Elbarsxondan boshqa hukmdorlardan birontasi ibratli ishlarni amalga oshira olmagan. To’g’rirog’i, o’sha davr xonlari goh Buxoro, goh Dashti Qipchokdagi shayboniylar ta’siri ostida bir-birlarini o’ldirish, taxtdan quvish, zaharlash kabi “qondoshlik” kayfiyati ta’siridan chiqa olmaganlar. Keyingi xon avvalgi xonlarning bola-chaqasi, urug’-aymog’ini qatl ettirgan. Bu tarixda tuxummurd deb nomlangan.

1558 yil bahorida Astraxan orqali Xorazmga kelgan ingliz savdogari Antoniy Jinkenson Gurganch va Sellyuzer (Vazir) qal’alaridagi parokandalikni o’z ko’zi bilan ko’rib: “Kelajakda bu mamlakat suvsizlikdan halok bo’ladi” deb yozgan. Ajnabiy kuzatuvchi bashorat qilganidek xonlik salkam yuz yil parokandalik, bosh-boshdoqlik, aka-ukani, o’g’illar ota joniga qasd etib taxtni egallashi siyosiy kurashlar girdobidan chiqa olmagan. 1602-1621 yillarda Xivada xonlik qilgan Arab Muhammad o’z o’g’illari Elbars va Xabash sultonlar tomonidan ko’zlari o’yilib o’ldiriladi va mamlakatni ikkiga bo’lib biri Xivada, ikkinchisi Hazoraspda o’zlarini xon deb e’lon qiladilar.

Xiva xonligining 400 yillik tarixida taxtga o’tirgan xonlar orasida eng ko’p davri- davron surgan shoh va shoir Muhammad Rahimxon (asli-Bobojon To’ra, adabiy taxallusi Feruz) edi.

Arab Muhammadxon, Anushaxon, Abulg’oziyxonlar 19-22 yil yurtni idora qilganlar. Xiva xonlari tarixida otdosh xonlar anchagina bo’lgan.

Masalan, Abulgoziyxon 5 marta, Asfandiyorxon va Muhammad Rahimxonlar shaxsi ikki martadan takrorlangan. Shuning uchun ham tarixchilar ularning ismiga soniy so’zini (raqam) qo’shib yozganlar.

Ayrim xonlarning tarixda yaxshi nom qoldirishi ularning bunyodkorlik ishlariga, xalq farovonligi uchun qayg’urishiga hamda tashqi siyosiy muhitga bog’liq bo’lgan.

Masalan, Abulg’oziy Bahodirxon (1603-1664) Toza (yangi) Urganchga asos solgan, Anushaxon Shovot kanalini rekonstruktsiya ettirgan. Feruzxon adolatli, tadbirkor, ijod ahliga xayrixoh bo’lgan, eng muhimi urushlarsiz mamlakatni boshqargan. Ungacha va undan keyin xonlik etgan shaxslar quyidagicha siyosiy umr ko’rganlar.

1845-1855 yillar Muhammad Amin xon Olloqulixon o’g’li turkman qabilalari bilan bo’lgan jangda (Seraxs) halok bo’lgan. Uning ham boshi Eronga yuborilgan, kallasi kesilib olingan xonning jasadi Xivada dafn etilgan.

1855 yil Abdulla xon, Qutlimurod Inoq o’g’li yarim yil xonlik qilmasdan turkmanlar tomonidan qatl etilgan.

1855 yil Qutlimurod xon Ibodulla bey o’g’li, yarim yil xonlik qilgandan keyin o’z doyisi (tog’asi) Matniyoz bey tomonidan qatl etilgan.

1855-1864 yillar Sayid Muhammad Rahimxon o’g’li o’z ajali bilan o’lgan. Faqat Feruzxon 47 yil xonlik qilgan.

1910-1918 yillar Asfandiyor Muhammad Rahimxon o’g’li yovmud turkmanlar tomonidan qatl etilgan.

1918-1920 yillar Xivaning so’nggi xoni Sayid Abdullo 1920 yil 1 fevral kuni qamoqqa olingan va shu yil 12 iyulda surgun qilingan. Avvalo Moskva so’ngra Ukraina qamoqxonalarida saqlangan. 1934 yilda ozod etilgan va Toshkent shahrida vafot etgan, qabri noma’lum.

Demak, 1511-1920 yillarda Xivada o’rtacha hisoblaganda har besh-olti yilda bir marta xon almashtirilgan. Xonlardan o’n sakkiz kishi o’z ajali bilan o’lgan, 16 xon saroydagi fisqu- fasodlar tufayli taxtdan quvilgan, ag’darilgan yoki iste’foga chiqarilgan. Boshqacha qilib aytganda, Xiva taxtiga o’tirish nasib etgan har uch xondan ikki kishi o’z ajali bilan o’lgan emas, balki taxt uchun kurashlar kurboni bo’lgan, fitnachilar tomonidan o’ldirilgan yoki janglarda halok bo’lgan. Hatto Abulg’oziyxonning inisi Sori Aygir xon ertalab xonlik taxtiga o’tirgan. Tushdan so’ng sayrga chiqqanda ayg’ir otdan “yiqilib” o’lgan shuning uchun bo’lsa kerak, Xiva tarixchilari uni “Sori ayg’ir xon” nomi bilan qayd etganlar.

Markaziy Osiyoda o’tgan boshqa xonlar tarixiga nazar tashlasak, Xiva hamda Qo’qon xonliklari o’rtasida toju taxt uchun kurash keskin va murosasiz, gohida pinxoniy kechgani kuzatiladi. Masalan, 1709-yildan 1876-yilgacha Qo’qon xonlari taxtiga o’tirgan 20 nafar kishidan naqd 12 xon qatl etilgan.

Xudoyorxon 3 marta taxtdan quvilgan va to’rtinchi safarda ruslar tomonidan qamoqqa olinib Orenburg turmasiga tashlangan. U turmadan qochib Ust-yurt cho’llari, Xiva hududlari orqali darvesh qiyofasida Eron, Afg’onistonga o’tadi va qaroqchilar tomonidan talanib xor-zorlikda o’lib ketadi. Buxoro amirligida esa Xiva va Qo’qondagi kabi xonlar qatl etilmagan. Buning sababi shuki, Xiva va Qo’qonda cho’l sharoitida tug’ilib o’sgan tajribasiz ko’chmanchi aslzodalar xon bo’lganligidan deb aytilsa to’g’ri bo’lar edi. Buxoroda islom madaniyati gullab-yashnagan va tashqi siyosiy ishlar yaxshi yo’lga qo’yilganligidir. Xulosa shuki, xalq maqolida aytilganidek adolatsiz, aqlsiz xonlar oxir oqibatda xor-zor bo’lar ekanlar.

"Falonkasning olgan qal’asi yo’q"

Xorazmlik qariyalar qaysidir maqtanchoq, hovliqma rahbarni ta’riflamoqchi bo’lishsa, “Falonkasning olgan qal’asi yo’q” deyishadi. Agarda kimdir o’zini maqtab haddidan oshaversa: “Qani birodar, sen qaysi qal’ani olding” ya’ni biron ko’z ko’rgudek ishni qoyil maqom etib bajardingmi, deb dangal so’rashadi.

Ushbu iboraning tagida bir olam ma’no-tarixiy haqiqat yotganligi quyidagicha izohlanadi. XVII asr oxiri va XVIII asr birinchi yarmida Xiva xonligida yuz bergan “siyosiy o’yin”lar natijasida parokandalik yuz beradi. Shimoldagi karchalonlar bundan xabar topgach, xonlikni qaram qilish uchun qulay vaziyat tug’ilganligini biladilar. 1714-1717 yillarda rus podshosi Petr I Xiva orqali Hindistonga boradigan savdo yo’llarini aniqlash, Amudaryoning Kaspiy dengiziga quyiladigan irmog’ida harbiy istehkom qurish, oltin konlarini izlab topish, iloji bo’lsa Buxoro va Xiva xonlarini Rossiya davlati tasarrufiga o’tkazish maqsadida besh ming kishilik “ekspeditsiya” uyushtiradi. Ekspeditsiya Sherg’oziy xon tomonidan tor-mor qilinadi va uning boshlig’i general Bekovich-Cherkasskiyning kallasi tanasidan judo etilib Buxoro amiriga “sovg’a” tariqasida yuboriladi. Buxoro amiri Bekovichining kallasini xuddi rasmona o’likni ko’mgandek janoza o’qitib qabrga joylaydi va Rossiyaga elchilar jo’natib bu bilan o’zining Rossiyaga bo’lgan sadoqatini namoyish etmoqchi bo’ladi. Oradan 122 yil o’tib 1839-1840 yil qish oylarida Xivaga bostirib kelgan Orenburg hokimi general Perovskiy qo’shini ham mag’lubiyatga uchraydi. 438 o’ris askarlari asir olinadi. Ular Urganch shahri chekkasidan oqib o’tadigan ariqni qazib berganlaridan so’ng ozod etilib Rossiyaga jo’natiladi. “O’ris yop” degan atama shundan qolgan. Oradan yana 33 yil o’tib 1873 yil bahor oylarida xonlikka to’rt tomondan bostirib kelgan general Fon Kaufmanning 13 ming kishilik armiyasiga Xivaning jasur- dovyurak lashkarboshilari Muhammad Murod devonbegi, Muhammad Niyoz devonbegi, Rahmatulla yasovul boshchiligidagi qozoq navkarlari To’rag’osi Sodiq Sulton, Telxo’ja botirlar qarshi turadilar. Zamonaviy qurollar, tajribakor zobitlar bilan ta’minlangan rus qushinlari 1873 yil 29 may kuni Xivani egallaydilar.

Belgilab qo’yilgan taomilga ko’ra yog’iylarning qal’a- qo’rg’onini egallagan qo’shin boshliqlari katta sovg’a-salomlar, er- suv bilan taqdirlangan edilar. Alohida o’rnak ko’rsatib dushman askarlari kallasini, burni, qulog’ini kesib kelgan navkarga esa besh-o’n tillo pul in’om etilgan. (Xiva xonligida er-suv solig’i va davlat tuzilishi nomli monografiya M.Yo’ldoshev, Toshkent, 1959 yil “Fan” nashriyoti). Xonlikda yuz bergan urushlar, Ogahiy va Munis tomonidan yozib qoldirilgan “Firdavs ul-iqbol” nomli yirik asarda xon lashkarboshilari va oddiy navkar olgan mukofotlar bayon etilgan. Gohi-gohida quloqka chalinib turadigan “Falonchining olgan qal’asi yo’k” iborasi uzoq o’tmishdan qolgan arxaik so’z xisoblanasa-da hozir ko’chma ma’noda maqtanchoqlarga nisbatan qo’llaniladi.

KO`P O`QILGANLAR