O’rta asrlar Xorazm ijtimoiy – iqtisodiy hayotining xorij manbalarida aks etishi
X asrga oid bo’lgan bir qator tarixiy va arxeologik ashyoviy dalillar Xorazmning iqtisodiy jihatdan tez yuksalish jarayonini boshidan kechirganligini isbotlaydi. Ushbu progressiv jarayon Xorazmdagi shaharlarning gurkirab o’sishida o’z aksini topdi.

Arab tarixchisi Tabariy arablar Xorazmni istilo qilgan vaqtda faqat 3 shahar — Kat (Fir), Hazorasp va Urganch bo’lganligini ko’rsatib o’tgandi. Yana bir arab tarixchisi Al-Istahriy taxminan 930-933 yillarda Xorazmdagi shaharlarni sanab o’tarkan: Xorazm (Kas), Darg’on, Hazorasp, Xiva, Xushmisan, Ardaxushmisan, Safardiz, Nuzbar, Kardaronxos, Kardar, Barategin, Mazminiya, Jurjoniya (Gurganj) kabi o’n uchta nomni tilga oladi. Nihoyat, 985 yilda Xorazmga kelgan arab muallifi al-Maqdisiy voha shaharlari soni 32 bo’lganligini yozadi. Jumladan, u Amudaryoning o’ng qirg’og’idagi Kas, Gardman, Oyxon, Arzaxiva, Nukfag, Kardar, Mizdahqon, Jashira, Sadvar, Zardux, Barategin, Madkaminiya; chap qirg’og’ida joylashgan Jurjoniya (Gurganj), Nuzvar, Zamaxshar, Ruzund, Vazarmand, Vaskaxankas, Raxushmisan, Madamisan, Xiva, Kardaronxos, Hazorasp, Jigarband, Jaz, Darg’on, Jit, Kichik Jurjoniya, ikkinchi Jit, Sadvar, Masasan, Kardar, Andarstan kabi shaharlar borligini ko’rsatgan. Bundan tashqari, Xorazmga boradigan yo’llarda Sho’raxon, Xas, Nuzkat, Darson, Juvikan, Amir, Barabsar, Vardara kabi aholi punktlari bo’lganligi ta’kidlanadi.

Xorazmda shaharlarning paydo bo’lishi, dehqonchilik va hunarmandchilikning rivojlanishi bilan bog’liq bo’lib, ayniqsa sun’iy sug’orish jaryoni kengayishi unga kuchli turtki bergan. "Hazoraspdan boshlab Jayxun qirg’oqlarida kanallar qazilgan, — deb yozgandi al-Istahriy. — Ular orasida Hazorasp kanali ham bo’lib, uzunligi jihatidan u Gavhara kanalining yarmiga teng keladi. Keyin esa Hazoraspdan ikki farsah masofada Kardaronxos kanali bo’lib, u Hazorasp kanalidan kattadir. Undan so’ng Xiva kanali keladi va u Kardaronxosdan katta, undan kemalar to Xivagacha qatnab turganlar". Demak, Istahriyning ko’rsatishcha, Amudaryoning chap sohilida Hazorasp (Xassa kanali), Kardaronxos (Qal’ajiq, Dovud qal’a kanali), Xiva (Polvonyop), Madra (G’azovot), Buva (Yormish) va Vadaq (keyingi Shohobod) kanallari bo’lgan. Buva va Vadaq kanallarining oxiri qo’shilib, Jurjoniya (Gurganj) gacha etkazilgan. Bu kanallardan ko’plarida kemalar qatnab, ular ichki savdoda o’ziga xos arteriya rolini o’ynagan.

Shaharlarning o’sishi mamlakat umumiy iqtisodiy taraqqiyotining muhim tomonlaridan biri bo’lib, yangicha asosda yuksala boshlagan Xorazm shahar tsivilizatsiyasining atrofdagi dashtlar va uzoqdagi mamlakatlar bilan iqtisodiy aloqalari mustahkamlanayotgani va kengayib borganidan dalolat beradi. Xorazmlik savdogarlar, xuddi qadim zamonlardagidek, Turkmaniston va G’arbiy Qozog’iston o’rnida bo’lgan dasht ko’chmanchilari bilan, Volga bo’yi — Xazoriya (keyinchalik Dashti Qipchoq) va Bulg’oriya bilan, nihoyat, Sharqiy Evropadagi keng slavyanlar olami bilan savdo-sotiq aloqalarini kuchaytirdilar. X asrdayoq yuqoridagi hududlar bilan savdo-sotiq munosabatlari kengayganligi to’g’risida va umuman xorazmliklar haqida Istahriy yozgandi: "Xorazm — hosildor, oziq-ovqati va mevalari ko’p shahar (madina), faqat yong’og’i yo’q; bu erda paxta va jundan ko’p narsalar tayyorlanadi hamda bu narsalar uzoq-uzoq joylarga eltiladi. Aholisining ajralib turadigan xususiyati — boyligi va mardlik ko’rsatishga intilishidir". X asr oxirida yozilgan "Hudud al-Olam" asarining muallifi Kat shahri to’g’risida quyidagilarni yozadi: "Shaharning boyligi katta. Bu erdan yostiq jildi, qavima kiyim-bosh, ip gazlama, kigiz, qora uy, ruxbin (pishloqning bir turi) chiqariladi".

Al-Maqdisiy Bulg’ordan keltirilgan mollar qatori Xorazmning o’zida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni ham ko’rsatib o’tgan: "Xorazmda uzum, mayiz ko’p, bodom mag’izi, kunjut, yo’l-yo’l kiyim-boshlar, gilamlar, ko’rpalar, ajoyib kimxob, "mulxam" degan choyshab, qulf, rangli kiyimlar, eng kuchli odamlargina ega oladigan kamonlar, alohida bir xil pishloq, zardob, baliq tayyorlanadi. U erda kemalar yasaladi, yasalganda ham nihoyasiga etkaziladi". Al-Maqdisiy keltirgan ro’yxatda Xorazmdan tashqariga chiqariladigan mollar ichida metall ishlash (qulf), qurolsozlik (kamon), kemasozlik sanoati mahsulotlari ham bo’lganligini ko’ramiz. Xorazm hunarmandchilik sanoati mahsulotlarining mamlakatdan chetga chiqarilgan turlari yildan-yilga ancha ko’payganligi bilan ularning haridorgirligi ham oshib borgandi.

Mo’g’ul-tatarlar istilosi arafasida Xorazmda bo’lgan mashhur arab sayyohi Yoqut al-Hamaviy o’zining "Mu’jam al-buldon" ("Mamlakatlar lug’ati") asarida shunday deb yozgandi: "Men u erga 616 yili (1219-1220) borgan edim. Hech qaerda bunday gavjum va yashnagan o’lkani ko’rmaganman. Ekinlari yoppasiga parvarish qilingan, qishloklari bir-biriga yaqin qatorlashib ketgan, alohida hovli-yu-chorbog’lari ko’p. Dashtda ham qo’rayu qo’rg’onlar bor. O’lkaning rustoqlarida (dehqonchilik tumanlarida) parvarishlanmagan, noobod joyni topish qiyin. Yashil daraxtzorlar, ayniqsa, gujumu tut ko’p, chunki ular (aholi) qurilish yog’ochlariga muhtoj, tut bargi esa ipak qurtiga emdir. Uning barcha viloyatlarida yurasanmi, yo bozorlarida yurasanmi (aholi ko’pligi jihatidan) — buning farq yo’q. Dunyoning hech bir erida Xorazmdek farovon va aholisi gavjum yurt bo’lmasa kerak. Xorazmning ko’pchilik aholi manzillari — bozorlarga, hayotiy zarur narsalarga mo’l-ko’l, rastalari ko’p shaharlardir. Bozori bo’lmagan qishloq kamdan-kamdir. Bularning hammasi umumiy xavfsizlikda va tinchlik-hotirjamlikda amalga oshmoqda».

Mo’g’ullar istilosi arafasidagi va undan keyingi Xorazmda mavjud shaharlarlarda Sharqona xususiyatlar to’la mujassamlashgandi. O’rta asr fors tarixchisi Zakariyo ibn Muhammad al-Kazviniyning yozishicha: "Har bir shahar o’rtasida yana bir kichik shahar bo’lgan. Kichik shaharning o’rtasi qo’handiz deb atalgan. Markazdagi kichik shaharlarni shahriston yoki arabcha — madinat us-sug’ro (kichik shahar) deb ataganlar. Uning atrofi devor bilan o’ralgan va bir necha darvozalari bo’lgan. Shahriston atrofida katta shahar — madinat ul-kubro bo’lib, u ham devor bilan o’ralgan va bir necha darvozalari bo’lgan. Katta shahar atroflarida esa uzumzorlar va mevali bog’lar, ularning tevaragida — ekinzor dalalar bor edi".

Xorazm shaharlarida hayot qaynab, savdo-sotiq, hunarmandchilik g’oyatda rivojlangan. Hunarmandlar ishlab chiqargan turli xildagi gazlamalar, zargarlik buyumlari, kiyim-kechaklar, gilam-poyondoz, teri, jun, yog’-moy, sovun, qurol-aslaha, egar-jabdug’lar, ho’l meva, quruq meva, ipakliklar, javohirlar va boshqa ko’plab mahsulotlar ham ichki bozorda, ham tashqi bozorda haridorgir bo’lgan.

1219 yilda shaharda bo’lgan Yoqut Hamaviy: "Men Gurganj kabi buyuk, boy va go’zal shaharni ko’rmadim", — deb tahsinlar aytgandi. Zakariyo Qazviniy esa Gurganj haqida so’z yuritarkan: «U Jayhun daryosi bo’yidagi juda katta shahar va aholisi juda ko’p. Uni jannatdagi shahar va chimildiqdagi kelinchakni qo’riqlaganday, farishtalar qo’riqlaydi", — deb yozgan edi.

Tarixiy manbalarda Xorazmning boshqa savdo shaharlari to’g’risida ham ko’p ma’lumotlar saqlanib qolgan. 922 yilda Xorazmda bo’lgan arab diplomati Ibn Fadlan «Ardaxushmisan bozorlari gavjum va aholisi farovon, katta shahar. Ardaxushmisan Kat va Gurganj oralig’ida joylashgan hamda Amudaryo bo’yidagi shahar bo’lib, unga suv yo’li orqali boriladi», — deb yozgandi. "Xudud al-Olam" asarida «Ardaxushmisan savdogarlarning to’planish joyi», — deb ko’rsatilgan. 1219 yilda Ardaxushmisanda bo’lgan Yoqut Hamaviy, shaharni Suriyaning yirik shaharlaridan biri — Nisibin bilan tenglashtiradi. Ammo sayyoh Ardaxushmisan shahrining muhtashamroq, bozorlarida mollari ko’p, aholisi ko’proq va badavlat ekanligini ta’kidlagandi.

Istahriy va Maqdisiylar Ardaxushmisanni Xorazmning Kat (Kos) va Gurganjdan keyingi yirik shahri sifatida ko’rsatishgan. Kosdan Jurjoniyagacha masofa 3 kunlik yo’l, Ardaxushmisangacha esa 1 kunlik yo’l deb ko’rsatgandi Istahriy. Xivadan Raxushmisangacha (Ardaxushmisan) ham masofa (30-40 km.) shuncha bo’lganligini Maqdisiy yozib qoldirgan. Hamdulloh Qazviniy va Xoji Xalfalarning ma’lumotlariga ko’ra, Gurganj bilan Ardaxushmisan oralig’idagi masofa — 14 farsah (84-112 km.) bo’lgan. Ardaxushmisan orqali Xivani chetlab, to’g’ri Hazorasp bilan Gurganjni bog’lovchi yo’l ham o’tgandi. Hazorasp va Ardaxushmisan o’rtasidagi masofa 16 farsahdan iborat deb hisoblangan. Ardaxushmisan o’rnidagi hozirgi Voyangan yodgorligida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar tarixiy manbalardagi ma’lumotlarni to’la tasdiqlab, o’rta asrlarda shaharning yirik savdo-hunarmandchilik markazi bo’lganligini ko’rsatadi.

Arab olimlaridan Maqdisiy va Istahriy asarlarida Xorazm vohasi savdo-sotiq va madaniy markazlari orasida Xiva shahrini katta, boy shahar sifatida tilga olib o’tganlar. Xorazmshohlar davrida Xiva o’zining eng gullab-yashnagan davrini boshidan kechirgan. Shu davrda Xorazm vohasidagi asosiy tashqi va ichki savdo yo’llarining Xivadan o’tganligi shaharning taraqqiyotiga imkon yaratgan. Shahar va uning atroflarini Amudaryo suvi bilan ta’minlagan Xeykonik (Polvonyop) kanalidan kemalar qatnab, savdogarlar o’z mollarini uzoq manzillarga tashish imkoniyatiga ega bo’lganlar.

X-XI asrlarda ham Xorazmning eng yirik savdo markazlari sifatida tanilgan Hazorasp, Darg’on, Zamaxshar, Norinjon, Kat shaharlarining rivojlanishi keyingi davrlarda ham davom qilgan. 1219-1220 yillarda Xorazmda bo’lgan Yoqut Hamaviy «Hazorasp mustahkam qal’a, go’zal va bozorlari, rastalari ko’p bo’lgan yirik savdo shahri» deb guvohlik bergan.

Yoqut Hamaviy Darg’onni ham yirik savdo markazi sifatida tilga olib o’tadi. Ulkan xorazmshohlar davlati shakllangan davrda asosiy savdo yo’llaridan birida joylashgan Darg’on qal’asi muhim strategik tayanch shaharga aylangan. Savdo-sotiq munsabatlarining rivojlanishiga zamin tayyorlovchi siyosiy barqarorlikning ta’minlanishi natijasida Buyuk Ipak yo’lining ham shimoliy, ham janubiy tarmoqlari tutashgan joyda turgan Darg’on shahrining muhim iqtisodiy tugunga aylanishiga sharoit yaratgan.

X asrdayoq Istahriy va Maqdisiylar tomonidan Xorazmning muhim savdo markazlaridan biri sifatida eslatib o’tilgan Zamaxshar shahri xorazmshohlar davrida ancha kengaygan. Bu erdagi bozorlar atrofida yangi imoratlarning qurilishi, hunarmandlarning ustaxonalari ko’payishi natijasida aholining turmushi uchun zarur hom-ashyo va mahsulotlar tayyorlangan. Dovdon havzasi bo’yida joylashgan va yirik Madra (G’azovot) kanalidan suv olgan Zamaxshar atroflarida dehqonchilik ham ancha rivojlangandi.

Bir vaqtlar ushbu zamindan o’tgan Yoqut Hamaviy: "Uning barcha viloyatlarida yurasanmi, yo bozorlarida yurasanmi — buning farqi yo’q. O’ylaymanki, Xorazm singari bepoyon va keng er, shu singari aholisi ko’p yurt dunyoda bo’lmasa kerak", — degan hayratomuz so’zlarni yozgandi.

Yoqut Hamaviy Xorazmning Suburna, Sovkan shaharlari Xorazmning Movarounnahr va Xuroson viloyatlari bilan olib borilgan savdo-sotiq munosabatlarida muhim rol o’ynaganligi va obod shaharlar bo’lganligini ta’kidlagandi.

Arab geografi Ibn Rusta Jurjoniyadan 4 farsah (28 km.) janubda Vargada (Varagdag’) qishlog’i joylashgan deb yozgandi. Arxeolog olimlarning aniqlashicha, Vargada IX-X asrlarga kelib shaharga aylangan va unda hayot to XIV asrgacha uzluksiz davom etgan. Shaharning umumiy maydoni 20 gektardan ortiq bo’lib, uning qoldiqlaridan turli-tuman hunarmandchilik buyumlari, sopol idishlar topilishi shaharning xorazmshohlar davrida yirik savdo-hunarmandchilik markazi bo’lganligidan dalolat beradi. Shahar atroflarida keng ekinzorlar, qishloq va kanallar izlari, sug’orish inshootlari mavjud bo’lib, u yirik dehqonchilik rustog’i markazi bo’lganligini ham ko’rsatadi.

X asrdagi arab yozma manbalarida qayd etilgan Mizdahqon, Nuzkat, Nukfag, Kardor, Barategin, Juvakin, Sho’roxon kabi taraqqiyoti yuksalgan shaharlar bilan bir qatorda so’l qirg’oq Xorazmda Daskoxonxos, Ruzund, Vazarmand kabi arab manbalarida tilga olingan shaharlar ham mavjud bo’lganki, hozirgacha ularning aniq o’rnini aniqlash imkoniyati topilmasdan qolmoqda.

Arab sayyohi al-Maqdisiy tilga olgan Xorazmning Nuzkat, Nukfag, Barategin va Juvakin shaharlari to’g’risida boshqa manbalarda ma’lumotlar uchramasada, ularning mo’g’ullar bosqini arafasida yirik savdo markazlari qatorida turganligini taxmin qilsa bo’ladi. Yoqut Hamaviy XIII asr boshlarida Nuzkatni Gurganj yaqinidagi shaharcha sifatida tilga olgandi. Arxeolog Ya.G’.G’ulomov Nuzkatni Jumirtov etagidagi Jumriqal’a harobasi o’rnida bo’lgan, degan fikr bildirgandi. Olim yana Juvakinni Quyuqqal’a, Nukbog’ (Nukfag)ni Eski Porsu, Barateginni esa Qizqal’a yodgorliklari o’rniga to’g’ri kelishi mumkin deb hisoblagandi.

1333 yilda Xorazmda bo’lgan arab sayyohi Ibn Battuta vohada tabiiy boyliklar mo’l va savdo-sotiq rivojlanganligini ko’rgan. Urganch haqida u: "Bu — turklarning katta, muhim, chiroyli va ulug’vor shahri bo’lib, ajoyib bozorlari, keng ko’chalari, juda ko’p imoratlari va jozibador, ko’rkam joylari bor. Shaharda hayot qaynaydi, aholisi shunchalik ko’pki — u mavjlanib turgan dengizni eslatadi. Bir kuni shahardan otda o’tib borayotib, bozorga kirdim, yarmiga etganimda, "sho’r" deb ataladigan juda gavjum joydan chiqib qoldim. Odam shunchalik tumonat ediki, men oldinga ham, ortimga ham siljiy olmadim", — deb yozgandi. Xorazmga kelguniga qadar Ibn Battuta Qohira va Damashq kabi yirik shaharlarda bo’lgan hamda yirikligi va gavjumligi bilan Urganchni ularga qiyoslagan.

Oltin O’rda davrida qaytadan tiklangan Urganch shahri Buyuk Ipak yo’lining shimoliy tarmog’idagi Volgabo’yi, Dashti Qipchoq va Sharqiy Evropa mamlakatlari bilan bog’lovchi asosiy markaz sifatida yana muhim ahamiyat kasb etgan. Ibn al-Asir ma’lumotlariga ko’ra, Jebe va Subutoy nuyon boshliq mo’g’ullar qo’shinlari yurishi davrida to’xtagan Dashti Qipchoq bilan bog’lovchi karvon yo’li Oltin O’rda davrida yana qaytadan ishlay boshladi. Xuddi shu davrda Markaziy Osiyoni Xitoy va Hindiston bilan bog’lovchi Buyuk Ipak yo’lining janubiy tarmog’i ham tiklanganligini yozma manbalar bilan bir qatorda arxeologik ma’lumotlar ham tasdiqlaydi.

Ibn Battutaning ko’rsatishicha, ilgaridan jahonga dong’i ketgan Xorazm qovunlariga talab katta bo’lib, u quritilgan holda Hindiston va Xitoygacha chiqarilgan.

So’l qirg’oq Xorazmda biroz jonlanish ko’zga tashlangan bir vaqtda uning o’ng qirg’oq hududlarida hali ham tushkunlik holatlari saqlanib turardi. Mashhur sayyoh Ibn Battuta o’z xotiralarida Urganchdan Katgacha bo’lgan masofada «aholi yashaydigan qishloqlarni uchratmagan»ligi haqida so’z yuritadi. Shu bilan bir qatorda Ibn Battutaning fikrlari biroz shubha ham tug’diradi. Ilgari Buxoroga olib boruvchi yo’lda juda ko’plagan obod qishloq va shaharlar bo’lganligini barcha Xorazmga kelgan savdogar va sayyohlar qayd qilgan. Mo’g’ullar bosqini vaqtida vayron qilingan shahar va qishloqlarning aksariyati XV asr boshlarida o’z qaddini tiklaganligini arxeologik tadqiqotlar natijalari tasdiqlab bergan. Aftidan, sayyoh Ibn Battuta o’zi o’tgan yo’lda katta va obod qishloqlarni ko’rmaganligi haqida fikr yuritgan bo’lsa kerak.

KO`P O`QILGANLAR