Tarixiy taraqqiyot davomida savdo-sotiq munosabatlari rivojiga yoki inqiroziga siyosiy jarayonlar katta ta’sir o’tkazgan. Xususan, X-XV asrlarda Markaziy Osiyoda ro’y bergan siyosiy jarayonlar ta’sirida markazlashgan davlatlarning vujudga kelishi (somoniylar, g’aznaviylar, qoraxoniylar, saljuqiylar, xorazmshoh anushtaginiylar, Amir Temur va temuriylar davlati), ularning nafaqat Markaziy Osiyoni, balki Eron, Ozarbayjon va Yaqin Sharqning ba’zi mamlakatlarini o’z tarkibiga qo’shib olishi natijasida ulkan hududda siyosiy barqarorlik o’rnatildi. Ushbu xolat o’z navbatida ichki va tashqi savdo-sotiqning rivojlanishiga olib keldi. XIII asr boshlarida ro’y bergan mo’g’ul-tatarlar bosqini oqibatida Xorazmda, ayniqsa uning Chig’atoy ulusi tarkibiga kiruvchi qismida uzoq vaqt iqtisodiy hayot hamda savdo-sotiq munosabatlari inqirozga duch keldi. Xullas, siyosiy jarayonlar nafaqat savdo munosabatlari taraqqiyoti, balki, shaharlarning paydo bo’lishi, rivojlanishi va halokatiga ham ta’sir qildi.
Xorazmda savdo-sotiq markazlarining vujudga kelishi va taraqqiyoti ham siyosiy jarayonlardan chetda qolmadi. Ular o’rta asrda Xorazmda barpo etilgan shaharlarning shakllanishiga ta’sir ko’rsatdi. Natijada vohadagi yangi shaharlar vujudga kelishi bir necha asosda ro’y bergandi:
- davlat chegarasidagi mustahkam mudofaa qal’alari atrofida;
- sun’iy sug’orish tizimining rivojlanishi asosida ular yaqinida hamda daryo bo’yi vohalarida;
- qal’alarning atrofidagi qishloqlar bilan qo’shilishi asosida;
- qulay kechuvlar yoki o’tish joylarida;
- karvon yo’llari ustida va aloqa bekatlari, karvonsaroylar atrofida.
O’rta asrlarga oid tarixiy va arxeologik ma’lumotlarni tahlil qilgan holda Xorazmda savdo-sotiq bilan bog’liq urbanizatsiyaning uchta hududi mavjud bo’lganligini ko’rish mumkin:
- aholi juda qadimdan yashab kelgan Markaziy Amudaryo bo’yi hududi;
- VII-IX asrlarda shaharlar paydo bo’lgan va XII-XIII asr boshlarida juda gullab yashnagan Quyi Amudaryo hududi;
- vohaning shimoliy-g’arbiy va g’arbiy chekkalari - Shimoliy Davdon va Daryolik oralig’ida mavjud bo’lgan shaharlar turli davrlarda barpo etilgan bo’lib, ularning gullab yashnagan vaqti XIII asr oxiri XIV asrga to’g’ri keladi.
Manbalardagi ma’lumotlar va arxeologik tadqiqot natijalari Xorazmning X-XV asrlarda Markaziy Osiyoning uzviy bo’lagi sifatida ichki va tashqi savdosida tutgan o’rnini bir qadar oydinlashtirish imkonini beradi. Ibn Fadlan, al-Maqdisiy, al-Istahriy, Ibn Rusta kabi arab olimlari Xorazmning Mavoraunnahrning tashqi savdosida juda katta rol o’ynagani, ayniqsa Sharqiy Evropa, Volgabo’yi va Sibir xalqlari bilan tranzit savdoda asosiy bog’lovchi xalqa sifatida beqiyos katta ahamiyatga ega bo’lganini ta’kidlaganlar.
Muhammad Narshaxiy o’zining “Buxoro tarixi” kitobida arablar istilosi va undan oldingi davrlarda So’g’diyonaning ichki savdosida Xorazm tangalari asosiy rol o’ynaganligini yozgandi. IX-X asrlarda mavjud bo’lgan Varaxsha, Poykent va Qumsovgan kabi So’g’d shaharlaridan topilgan ashyolar orasida Xorazmda mayda ayirboshlov uchun zarb qilingan tangalar mahalliy tangalaridan keyingi ikkinchi o’rinda turgan.
Xorazmning Mavoraunnahr bilan olib borgan savdo munosabatlari asosan uchta quruqlik va Amudaryo orqali o’tgan bitta suv savdo yo’li orqali amalga oshirilgan. Ushbu karvon yo’llarining deyarlik barchasi Buxoro orqali o’tgan bo’lib, savdo-sotiq aloqalarini kengaytirishda mazkur shaharning ahamiyati juda katta bo’lgan.
Ko’chmanchilar bilan munosabatlar ayniqsa X-XV asrlarda juda ham kengayib, o’sha davrga oid yozma manbalarda o’z aksini topgan. “Xorazmliklarning mamlakatida oltin va kumush konlari yo’q, qimmatbaho toshlar to’g’risida esa so’z ham bo’lishi mumkin emas. Ular boylikning katta qismini turklar bilan savdodan va mol boqib ko’paytirishdan topadilar”,- deb yozgandi arab sayyohi al-Istahriy.
“O’rta Osiyo hayotida ko’chmanchilar bilan bo’ladigan savdo Sharqiy Evropa bilan olib boriladigan savdo munosabatlaridan kam bo’lmagan”,- deb yozgandi akademik A.Yu.Yakubovskiy. Mazkur ilmiy muammoni jiddiy o’rganishga e’tibor qaratgan akademik V.V.Bartold ham: “Xorazm o’z boyliklarini islom davrida yanada taraqqiy qilgan ko’chmanchilar bilan savdo aloqalari orqaligina orttirgan. Bu savdo-sotiq munosabatlari asosan Xorazmning shimolida jamlangan edi”,- deb ko’rsatgandi.
Xorazm poytaxt shaharlari - Kat bilan Gurganj deyarli barcha manbalarda g’uzlar Turkistoniga kiruvchi darvoza sifatida eslatiladi. Ular bilan bir qatorda ko’chmanchilar dunyosi bilan bo’lgan savdoda Kat, Gurganj, Mizdahqon, Madminiya (Bug’roxon) va Git (Puljoy) kabi savdo shaharlari ham muhim rol o’ynagan. Ko’hna Urganch, Xiva, Mizdahqon, Shaharlik, Janpiq va Pil qal’a yodgorliklaridan ko’chmanchilarga xos rombisimon temir o’q uchlari, so’roq belgisi shaklidagi ayollar sirg’alari hamda kamon ipini tortishga mo’ljallangan uzuk shaklidagi suyakdan yasalgan buyumlarning topilishi o’troq dehqonchlik va hunarmandchilik hududlari bilan chorvadorlarning azaliy oldi-sotdi munosabatlari mavjud bo’lganligini arxeologik jihatdan tasdiqlaydi.
Xorazmning Sirdaryoning quyi havzasi va Orolbo’yi ko’chmanchilari bilan savdo-sotiq aloqalari asosan uchta yo’l orqali amalga oshirilgan. Birinchi yo’l - vohaning markaziy shaharlaridan boshlanib, Orol dengizi yaqinidan shimoli-sharq tomondagi Yangikent va Jand shaharlariga olib borgan. Ikkinchi yo’l - Beltov qirlari janubidan o’tib, Sarlitomqalaga etib borgan. Arab-fors manbalarida Zamjon yoki “Bob-at-turk” (“Turklar darvozasi”) rabotidan boshlanadi, deb ko’rsatilgan uchinchi karvon yo’li sharqiy Evropaga qarab ketgan. Ustyurt qirlari orqali o’tib, bijanaklar, qipchoqlar, o’g’uzlar yashaydigan hududlarga qarab ketgan bu yo’l Xorazmdan mol olib ketayotgan va tashib kelayotgan savdogarlar uchun juda serqatnov hisoblangan.
X asrdan boshlab Xorazm savdogarlari Yaqin va O’rta Sharq, Eron, Iroq mamlakatlariga ko’plab qatnay boshladilar. Ikki o’rtadagi iqtisodiy munosabatlar, asosan Buyuk Ipak yo’lining asosiy–janubiy tarmog’i, shuningdek, Janubiy Turkmaniston orqali o’tuvchi kichik savdo yo’llari orqali amalga oshirilardi. Xorazmlik savdogarlar ayrim shaharlarda doimiy ravishda tijorat ishlari bilan shug’ullanardilar. Al-Istahriy “Xurosonda bironta katta shahar yo’qki, unda ko’plab Xorazm aholisi yashamasin“, - deb ta’kidlasa, uning zamondoshi bo’lgan al-Maqdisiy “Niso shahridagi er mulklarning katta qismi xorazmlik savdogarlar qo’lida bo’lgan”,- deb ko’rsatgan.
Xorazmning Yaqin Sharq mamlakatlari bilan savdo-sotiq aloqalarida ayrim mollar muhim o’rin egallagan. Xususan, Ibn Havqal xalifalikning g’arbiy viloyatlarida Xorazmdan keltirilgan qorako’l terilar juda xaridorgir bo’lgan deb qayd qilgandi. Xorazmda yashagan adabiyotshunos Muhammad as-Saolibiy esa: “Xorazmga xos narsalardan u erda boranj nomi bilan yuritiladigan qovundir... U qovunlarning eng shirini va yaxshisidir... Agar yaxshi saqlanib etib kelsa (xalifalik hududlariga), bir donasi etti yuz dirham turar ekan”, - deb yozgandi.
X-XV asrlarda Xorazm O’rta va Yaqin Sharq mamlakatlari, Hindiston va Xitoyni Sharqiy Evropa, Rus hamda ko’chmanchilar dunyosi bilan bog’lovchi tranzit savdo halqasi sifatida muhim rol o’ynagan. Al-Maqdisiy o’z asarlarida Xorazmning o’zidan chiqarilgan mahsulotlar (uzum, kunjut, gilam, ajoyib kimhob ko’rpalar, “mulham” degan choyshab, qulf, kamon, pishloq, zardob, baliq, qovun, qovun qoqi va boshqalar) qatori Bulg’ordan olib kelinib, Sharq mamlakatlariga sotilgan mahsulotlar (sobol, kulrang olmaxon, tulki, suvsar, qunduz mo’ynalari, mum, kamon o’qi, oq terak po’stlog’i, baliq elimi va tishi, anbar, kimuxt (oshlangan ot terisi), asal lochin, qilich, sovut, slavyan va turk qullari va boshqalar) ro’yxatini keltirib o’tadi.
O’rta asrlarda Erondan Xorazmga mashhur “kazerun” matolari, “minoy” tipidagi koshin, sopol va lyustraviy idishlar, atir upa, gilam, qishloq xo’jalik mahsulotlari; Ozarbayjon, Armaniston va Gurjistondan bug’doy, xom ipak, jun, momiq, ot va xachirlar, kashenil bo’yog’i, metall buyumlar; Misrdan mashhur “dobiks” matosi, shisha buyumlar, taqinchoqlar, marjonlar, shakarqamish, hurmolar; Suriya va Falastindan zaytun yog’i, mayiz, ipak mahsulotlari, sovun, yong’oq, mashhur “damashq” po’latidan yasalgan qurol-yarog’lar, qog’oz kabi mahsulotlar keltirilgan.
Xorazmshoh-anushtaginiylar davlati arboblarining g’amho’rligi bois Iroq davlati bilan savdo-sotiq munosabatlari anchagina yuksaldi. Shu davrda saroyda xizmat qilgan mashhur shoir Rashididdin Vatvot o’zining Iroqdagi Xorazm noibiga yozgan maktubida Usmon ibn Ismoil Xorazmiy ismli savdogarga g’amxo’rlik qilishni iltimos qilgan ekan. 1333 yilda O’rta Osiyoga kelgan arab sayyohi Ibn Battuta o’z “Sayohatnoma”sida Xorazmda iroqiy shisha idishlarning mashhur bo’lganligi va Bag’dodlik savdogarlarni uchratganini yozgan. XIV-XV asrlarda Xorazmda mavjud bo’lgan Shemahaqal’a, Mizdahqon, Zamaxshar, Urganch, Yorbakirkal’a, Shaharlik kabi shaharlarda o’tkazilgan arxeologik tadqiqotlar vaqtida Eron kulolchiligiga xos “minoy” tipidagi sopol idishlar, misr shisha buyumlari, qurol-yarog’lar qoldiqlari topilgan.
X-XV asrlarda Xorazmning Hindiston va Xitoy bilan iqtisodiy aloqalari ham juda rivojlangan edi. Ibn Battuta Xorazm qovunlari va qovun qoqisi Hindiston va Xitoyning eng chekka shaharlarigacha olib borib sotiladi, deb eslatib o’tgan edi. Hindistonga yilqi, qalayi, mis, kumush pullar chiqarilgan va u erdan esa - zeb-ziynat buyumlari, ziravorlar, fil suyagi va oltindan yasalgan buyumlar, paxtadan to’qilgan nihoyatda nafis matolar keltirilgan. Arxeologlar Urganchdan hind tangalari, Mizdahqondan, Shaharlik va Ustyurtdagi qo’rg’onlardan dengiz kaurasi chig’anoqidan yasalgan marjonlar kabi buyumlar topishga muvaffaq bo’lganlar.
Xorazmdan Xitoyga ham asosan suvsar, tulki, qunduz mo’ynalari, kiyim-kechak tovarlari olib borib sotilgan. Xitoydan esa mashhur “kobalt” va “seladon” tipidagi chinni idishlar keltirilgan. Xitoy bilan bo’lgan aloqalar ta’sirida Xorazmdagi uylarni “kann” usulida isitish tajribasi qo’llana boshlaganidan ham ko’rishimiz mumkin edi. Xitoy chinni idishlari namunalari Xorazmning qo’hna shaharlari va Talayxon ota karvonsaroyidan topilgan. 1987 yilda Mizdahqondan X asrda Xitoyda hukmronlik qilgan Sun sulolasi tangasi va XIII- XIV asrlarga xos selodon idishlar hamda 1993 yilda - Xitoy oynalari topildi.
X asr arab geografi al-Maqdisiy va XIV asr fors olimi Hamdalloh Qazviniy asarlarida Xorazmni Eron orqali Buyuk Ipak yo’lining janubiy tarmog’i bo’ylab Yaqin va O’rta Sharq davlatlari bilan bog’lovchi savdo yo’llari haqida ma’lumotlar uchraydi. XIX asrda Eron elchisi Rizoqulixon Qazviniy yozib qoldirgan ma’lumotlarga tayangan holda Xivaga boradigan karvon yo’llaridan o’tgan. Eron va Xorazm oralig’idagi karvon yo’llari haqidagi ma’lumotlarni XX asrning 20-yillarida tanqidiy o’rgangan akademik V.V.Bartolddan keyin, 1949-1953 yilarda Xorazmni Marv va Xuroson bilan bog’lovchi yo’lning shimoliy tarmog’ini akademik S.P.Tolstov tekshirib chiqqandi.
Keyingi yillarda ham Xorazm vohasi atrofidagi karvon yo’llarini o’rganishga e’tibor susaymadi. Bu katta va og’ir ishni bajarishga turkman olimlari Q.Adiqov va M.E Masson (1960, 1966), E.Atagarriev va H.Yusupov (1961, 1970, 1972), D.Durdiev (1980) ulkan xissa qo’shdilar. Natijada Xorazmdan chiqqan va Qoraqum sahrosi orqali o’tgan mashaqqatli yo’lni bosib kelayotgan karvonlarning Kopettog’ va Xuroson tog’lari yon bag’irlaridagi yaylovlar va zilol suvlarga etganligi, janubiy turkman qabilalari bilan oldi-sotdi ishlarini amalga oshirgandan keyin esa Buyuk Ipak yo’lining Erondan o’tgan janubiy tarmog’i orqali harakat qilayotgan katta oqimga qo’shilganligi arxeologik tadqiqotlar asosida aniqlandi.
X-XV asrlarda Kaspiy dengizi shimolida joylashgan Xazar va Bulg’or davlatlari Xorazmning iqtisodiy aloqalarida katta o’rin tutgan. Arab olimlari Ibn Havqal va al-Mas’udiylarning ta’kidlashicha, xorazmliklar Xazar davlatining siyosiy hayotida juda katta ta’sirga ega bo’lganlar hamda xonlikdagi shaharlarda xorazmlik savdogarlar uchun alohida imtiyozlar berilgan va zarur sharoitlar yaratilgan.
Xorazmning Volgabo’yi, Sharqiy Evropa va Rus bilan savdosida Bulg’or davlati ham katta o’rin tutgan. Bulg’oriyadan Sharqda nihoyatda qadrlangan mo’ynalar, katta miqdorda terilar, teri oshlashda ishlatiladigan po’stloq, qoramol, asal, mum va nihoyat, slavyan va turk qullari keltirilgan. Al-Beruniyning ma’lumotlariga qaraganda bulg’orlar Xorazmga Shimol dengizdan tutilgan morj tishlari ham keltirib sotganlar.
Xorazmdan Xazar davlati va Volga Bulg’oriyasiga quruq mevalar, kanakunjut moyi, shirinliklar, mushk, anbar, paxta, ip, shoyi matolar, movut, kimxob, gilam kabi mahsulotlar, Movaraunnahrdan keltirilgan gurunch, Orolbo’yi deltasidagi Holijon degan joydan baliq mahsulotlari ko’plab chiqarilgan. Xorazm orqali bu hududlarga Sharqning turli xil qimmatbaho buyumlari ham keltirilgan. Xazar va Volga Bulg’oriyasi bilan bo’lgan savdoda Gurganj, Kat, Shemahaqal’a, Puljoy (Git,) Bug’roxon (Madminiya), Mizdahqon, Kardor kabi shaharlari muhim rol o’ynagan.
Xorazm savdogarlari Xazar va Bulg’or davlatlari orqali Rus knyazliklari bilan munosabalarni amalga oshirgan, ammo bu xususdagi ma’lumotlar yozma manbalarda kam saqlangan. Rusga kelgan Sharq savdogarlari alohida bir hudud tijoratchilari sifatida emas, balki umumiy nomda - musulmon savdogarlari deb yuritilgan. Ular X-XV asrlarda Rusdan Xorazmga yoki voha orqali Sharqqa mo’yna, mum, asal, smola, zig’ir, zig’ir tola gazlamalar, qurollar, teri, bo’yoqlar va metall buyumlar olib chiqishgan. Rusga esa Xorazmda quritilgan mevalar, paxtadan to’qilgan matolar va kiyimlar, jun va ipak mahsulotlari olib borilgan. IX-XII asrlarda Rusga ayniqsa kumush tangalar ko’plab chiqarilgan. X asr arab geografi Ibn Rusta va XI asr fors tarixchisi Gardiziylarning ma’lumotiga ko’ra, ruslar va slavyanlar faqat zarb qilingan tangadan boshqa buyumlarga mahsulot sotib olmaganlar.
Xazar, Bulg’or va Rus davlatlari bilan Xorazm savdo munosabatlari asosan Ustyurt qirlari orqali o’tgan ikkita savdo yo’li va Rossiya ichkarisidan chiqqan yirik va kichik daryolar (Volga, Oka, Ural, Msta va boshqalar) hamda quruqlik yo’llari orqali amalga oshirilgan. Ustyurtdagi savdo yo’llari haqidagi ma’lumotlar o’rta asr mualliflari Ibn Fadlan, Gardiziy, Al-Baquviy, Istahriy, Maqdisiy va Ibn Battuta asarlarida uchraydi. XX asrda Ustyurtdagi karvon yo’llarini o’rganish maqsadida S.P.Tolstov (1946, 1950), E.Bijanov (1964), V.N.Yagodin (1971-1975), Yu.P.Mano’lov (1975-1978 va 1981) rahbarligida rus va qoraqalpoq arxeologlari tadqiqot ishlarini olib bordilar.
Xorazmning Evropadagi Vizantiya, Ispaniya, Italiya, Germaniya kabi mamlakatlar bilan savdo munosabatlari to’g’risida ham ma’lumotlar kam saqlangan. O’rta asrlardagi arablar, qoraxoniy va qoraxitoylar, mo’g’ul-tatarlar bosqini natijasida inqirozli vaziyatni boshidan kechirgan bo’lishiga qaramasdan xorazmlik ishbilarmonlar Evropa bilan savdo-sotiq munosabatlari to’xtatib qo’ymaganligini arxeologik tadqiqotlar tasdiqladi. Xususan, 1988 yilda Kislovodsk shahrining Sharqiy chekkasidagi Mokraya Balka yodgorligidan afrig’iy xorazmshoh Shovushfanning kumush drahmasi topildi. 1997 yilda esa Shimoliy Xorazmdagi Quyuqqal’a yodgorligidan Vizantiya imperatori Avgust Tiveriy (698-705) zarb qildirgan oltin tanga topib olindi.
X-XV asrlarda Xorazmning Evropa bilan iqtisodiy aloqalari yanada taraqqiy qilgan degan xulosani chiqarish mumkin. Bu davrda Boltiqbo’yi va Skandinaviya mamlakatlari hududidan Markaziy Osiyoda zarb qilingan tangalar topilgan. O’z navbatida XIII-XIV asrlargacha Markaziy Osiyoga mashhur Boltiqbo’yi qahrabolari keltirilganligini arxeologik tadqiqotlar tasdiqlaydi.
XIII asr fors geografi Zakariyo Qazviniy Germaniyaning Maynts shahrida Samarqandda zarb qilingan tangalarning muomalada bo’lganligi haqida, savdogar Abul-Fatx Nasr ibn Hasan Shoshiy Samarqanddan karvon bilan Andaluzga (Ispaniyaning musulmon qismining XV asrgacha bo’lgan nomi) borib savdo qilganligi haqida, Andaluz tangalari Hindistondan Irlandiyagacha bo’lgan hududda muomalada bo’lganligi to’g’risida yozib qoldirganlar. Mazkur savdo-sotiq aloqlari Xorazm orqali amalga oshirilgan bo’lib, voha tijoratchilari ulardan manfaatdor bo’lganlar.
1340 yilda Florentsiya savdo firmasining agenti Franchesko Balduchchi Pegoletti tomonidan savdogarlar uchun maxsus qo’llanma tuzilgan. Unda shunday maslahatlar bor: “Osiyoning ichkarisiga kirishning hojati yo’q, chunki Xorazmning markazi Urganchdan Evropa bozorlari uchun barcha kerakli narsalarni sotib olish mumkin. Kim Genuya yoki Venetsiyadan bu joylarga va Xitoyga sayohat qilmoqchi bo’lsa, o’zi bilan gazlamalar olsin va Urganchga kelsin, Urganchda esa ularni kumushga almashtirsin va Xitoyga borsin”.
Arxeolog A.M.Chiperis aniqlashicha, XIV asrda Xorazmdan Qora dengiz bo’yidagi Genuya koloniyalari Tana va Kafa shaharlariga kulolchilik buyumlari olib borilgan. “Xorazmdan karvonlar chiqib, hech qanday qo’rquvsiz, xotirjam va tinch yurib Qrimgacha borganlar”,- deb yozgan edi Ibn Arabshox. O’z navbatida Qora dengiz atrofidagi boy shaharlardan xorazmlik savdogarlar noyob mollar va tangalar olib qaytishgan. Xususan, Xorazmda olib borilgan arxeologik tadqiqotlar vaqtda Qora dengiz bo’yidagi Azoq shahrida zarb qilingan tangalar topilgan. Ustyurtdagi Belovli karvonsaroyidan XIV asrga oid lotin yozuvidagi hujjat topilgan. Ammo uning ko’p qismi o’chib, bir necha harflari aniqlangan bo’lsa-da, ushbu dalil G’arbiy Evropa savdogarlarining Xorazmga kelib-ketganliklaridan xabar beradi.
O’rta asrlarda “Varyaglardan greklarga yo’l” nomli mashxur savdo yo’li ishlab turgan. Bu yo’l nafaqat Evropaning janubiy o’lkalariga, balki Russiya orqali Markaziy Osiyo hududlarigacha cho’zilgan bo’lishi ehtimoldan holi emas. Chunki ta’kidlab o’tilgan Boltiqbo’yi qahrabosi aynan shu yo’l orqali Xorazmga keltirilgan. Shu bilan bir qatorda Evropa bilan Xorazmning azaliy aloqalari Buyuk Ipak yo’lining janubiy va shimoliy tarmoqlari orqali ozmi-ko’pmi, uzluksiz davom ettirilgan