Xorazm shaharlari tarixiga oid o’rta asrlar yozma manbalari ma’lumotlari
Savdo munosabatlarining taraqqiyoti Xorazmni Buyuk Ipak yo’lining Markaziy tarmoqlari kesishgan markazlardan biriga aylanishiga, turli sohalarga ixtisoslashgan ayniqsa, savdo munosabatlari hal qiluvchi ahamiyatga ega bo’lgan savdo markazlarining vujudga kelishiga olib kelgan.

Butun Sharq shaharlari ierarxik tuzilishidagi muayyan shaharlarning tutgan o’rni, ko’p hollarda, uning ijtimoiy - iqtisodiy imkoniyati va karvon yo’llari bilan aloqasi, savdo munosabatlariga qanday tortilganligi bilan belgilangan. Xullas, aynan shu sabablarga ko’ra, Xorazm savdo markazlari to’g’risidagi turli–tuman ma’lumotlar IX asrdayoq paydo bo’la boshlagan edi. Shaharlarning taraqqiy qilishda savdoning ahamiyatini sharq geograflari, tarixchi va sayyohlari ham tushunib etganlarki Xorazm shaharlari tavsifnomasida, albatta, bozorlar, karvonsaroylar, atrofidan qanday karvon yo’llari o’tganligi haqida qayd qilib o’tganlar.

Xorazm savdo markazlarining iqtisodiy ahvolini, Sharqu – G’arb savdosida tutgan o’rnini yorituvchi manbalar haqida so’z yuritishdan oldin ularni bir necha davrlarga bo’lgan holda ko’rib chiqish maqsadga muvofiq deb o’ylaymiz.

Xususan,

1. IX-XIII asr boshlari (mo’g’ul istilosigacha) arab-fors manbalari.
2. XIII-XVI asrlar arab-fors va evropa manbalari.
3. XVI-XVIII asrlar fors va eski o’zbek tilidagi manbalar.
4. XIX asr rus sayyohlari va tadqiqotchilari ma’lumotlari.

O’z asarlarini arab tilida yozgan tarixchi va geograflar asarlari jumlasiga Ibn Rustaning «Kitob al-aloq an-nafisa» Al-Ya’qubiyning («Kitob al-buldon» (“Mamlakatlar haqida kitob”), Abubakr al-Balazuriyning “Kitob futuh al-buldon” (Mamlakatlarning zabt etilishi haqida kitob), Ibn Xordabexning “Kitob masalik ul-mamolik” (“Yo’llar va mamlakatlar haqida kitob”), Tabariyning “Tarix ar-rusul va-l-muluk”(“Payg’ambarlar, podsholar tarixi”), Ibn Fadlanning ”Risola”, Abu Rayxon Beruniyning “Osor ul-boqiya al-qurun holiya” (“Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”) va “Geodeziya” asari. Al-Istaxriyning “Kitob masolik ul-mamolik” (“Mamlakatlarga boriladigan yo’llar haqida kitob”), Al-Mukaddasiy (Makdisiy)ning “Ahsan-at-taqosim fi ma’rifat al-akolim” (“Iklimlarni o’rganish uchun eng yaxshi qo’llanma”), Ibn Havkalning “Kitob ul-masolik va-l-mamalik” (“Yo’llar va mamlakatlar haqida kitob”), asarlari kiradiki, bu asarlar Xorazm savdo markazlari haqida ma’lumot beruvchi birinchi darajali va tengi yo’q manbalar hisoblanadi. Bular ichida Istaxriy va Muqaddasiy asarlari ayniqsa ajralib turadi. Chunki ular asarlarida Xorazm savdo markazlarining tavsifi, Xorazm iqtisodiy geografiyasi, shaharlar va qishloqlarning savdo munosabatlari, bozorlari va karvon-saroylariga katta e’tibor berilgan.

Arab tilidagi manbalar qatoriga yana As-Saolibiyning “Latoif ul-maorif” (“Ajoyib ma’lumotlar”), Ibn al-Asirning “Al-Komil fit-tarix” (“Mukammal tarix”), as-Sam’oniyning “Kitob al-arsob” (“Mashhur kishilar haqida kitob”), Yoqut al-Hamaviyning “Mu’tam al-buldon” (“Mamlakatlar ro’yxati”) asarlari kirib, ularda Xorazmning XI-XIII asrlardagi savdo munosabatlari to’g’risida bir talay ma’lumotlar mavjudligini ta’kidlash kerak. Ular ichida Yoqut Hamaviyning asari qimmatli faktik ma’lumotlarga boyligi bilan boshqa geografik asarlardan ajralib turadi. Eng muhimi uning asari boshqa manbalarga nisbatan chalkashliklardan biroz holi bo’lib undagi ko’pgina ma’lumotlar aniq berilgan. IX-XIII asrlar fors tilida yozilgan manbalar ustida to’xtaladigan bo’lsa, ular ichida eng qimmatlisi va muhimlari – noma’lum muallif tomonidan yozilgan. «Hudud al-olam» asari, Mahmud Gardiziyning “Zayn ul-axbor” (“Tarixlar bezagi”) asari, hamda Abulfazl Bayhakiyning “Tarixi Mas’udiy” asarlari hisoblanadi. Bu asarlarda Xorazm savdo markazlariga ta’rif berib o’tilishi bilan birga, Xorazmning qo’shni o’lkalar va ko’chmanchi aholi bilan bo’ladigan savdo-sotiq munosabatlari hamda shu aloqalar amalga oshirilgan karvon yo’llari to’g’risida qimmatli ma’lumotlar mavjud.

Umuman, IX-XIII asrlar manbalarining deyarli barchasida Xorazm nafaqat Movarounnahr balki butun Musulmon Sharqining eng taraqqiy qilgan, shaharlari ko’p, dehqonchilik chorvachilik, hunarmandchilik gullab-yashnagan, va, bu bilan bog’liq ravishda savdo munosabatlari juda rivojlangan hududlardan biri sifatida ko’rsatib o’tiladi. Ammo, bu iqtisodiy va madaniy yuksalish mo’g’ul boqini munosabati bilan biroz to’xtab qolgan. Bir oz vaqtgacha Xorazm shaharlari vayrona ichida qoldi. Lekin shuni ta’kidlash kerakki, mo’g’ul bosqini ham juda qadimdan shakllanib, rivojlanib kelayotgan Xorazm shahar madaniyati tarqqiyotini butunlay to’xtatib qo’ya olmadi.

Xorazm vohasi mehnatkashlarining yaratuvchanlik mehnati tez orada, iqtisod va madaniyat bilan bir qatorda, Xorazm savdo markazlarining, ayniqsa uning Oltin O’rda davlati tarkibiga kirgan qismi (mo’g’ul bosqinidan so’ng Xorzm Oltin O’rdaga kiruvchi Shimoliy Xorazm va Chig’atoy ulusiga kiruvchi Janubiy Xorazmga bo’lingan edi) shaharlarning o’z qaddini tiklab olishga olib keldi.

Keyingi o’rta asrlar mualliflarining asarlarida Xorazm savdo shaharlari, ayniqsa, Urganch yana o’z davrining eng yirik savdo markazlari sifatida, Xorazm (ko’proq Shimoliy Xorazm) shu davrning eng boy va iqtisodiy mavqei baland hududlardan biri sifatida tilga olinadi. Ammo, mo’g’ul istilosidan keyin to Xiva xoni Abulg’oziygacha yozilgan yozma manbalar juda kamligi va borlarida ham ushbu muammo bir taraflama yoritilganligi yaqqol ko’zga tashlanadi. Shu bilan birga bu manbalarda ba’zi qarama-qarshi olimlar o’rtasida Xorazmning XV asrgacha bo’lgan davrda savdo shaharlarining mavqei, holati to’g’risida muayyan ma’lumotlar olishni qiyinlashtiradi.

Mo’g’ul bosqinidan keyingi Xorazm to’g’risida endi Evropa manbalarida ham ma’lumotlar mavjud XIII-XIV asrlar davomida turli sabablarga ko’ra Xorazmda bo’lgan evropalik sayyohlar Plano Karpini (1246 yilda kelgan), aka-uka Pololar (1260 yilda kelgan), italyan savdogari Franchesko Balduchchi Pegoletti (1340 yilda kelgan) asarlarida Xorazm shaharlari, ayniqsa, Urganch to’g’risida qimmatli ma’lumotlar mavjud.

1333 yilda Xorazmga markazlashgan arab sayyohi Ibn Battuta kelgan. Uning “Tuhfat an-nuzzar fi g’aroyib al-amsar va ajoyib al-afsar” (“G’aroyib shaharlar va ajoyib safarlar tomoshasi haqida tuhfa”) asarida Xorazm savdo shaharlari to’g’risida ba’zi ma’lumotlar uchraydi.

XIV asr oxiri – XV asr tarixchilari ichida Ibn Arabshohning “Ajoyib al-maqdur fi axbori Temur” (“Temur sarguzashtlarida taqdir mo’’jizalari”) asari iqtisod, savdo-sotiq va shaharning boshqa ko’pgina jihatlarini yorituvchi ma’lumotlarga egaligi bilan ajralib turadi. Muallif Xorazmning XIV asrning ikkinchi yarmida iqtisodiy jihatdan rivojlangan hududlardan biri bo’lganligini ko’rsatib o’tish bilan birga, Temur yurishlaridan so’ng Shimoliy Xorazm iqtisodiyotining tushkunlikka tushganligini ham qayd qilib o’tgan.

Yuqoridagi Evropa va arab manbalarining barchasida Xorazm savdo shaharlarining, ayniqsa Urganchning o’sha davrda rivojlangan eng yirik va boy shaharlardan bo’lganligi ta’kidlangan. Shu bilan birga ulardagi ma’lumotlar shunisi bilan xarakterli va qimmatliki mualliflarning barchasi ham o’z davrida Xorazmda bo’lganlar va o’z ko’rgan–bilganlarini yozganlar. XIII-XV asrlar Xorazm savdo shaharlari to’g’risida ma’lumot beruvchi ikkinchi tur manbalar mavjudki, ular ko’proq ikkinchi bir odamdan eshitgan yoki o’rta asr boshqa manbalaridan olingan ma’lumotlarga tayangan holda yozilgan.

Bunday manbalar ichida alohida qimmatga ega bo’lganlaridan mashhur fors geografi Hamdulloh Mustavfiyi Qazviniyning «Nuzhat-ul-qulub» («Qalblar oromi») asari, Shahobbinddin al-Umariyning «Kitob masalik al-absar va mamolik al-amsar» («Turli mamlakatlar davlatlari bo’ylab o’tgan yo’llar») asari, al-Bakuviyning (XIV-XV asrlar) «Kitob talxis al-asar va ajoyib al-malik al-qahhor» («Buyuk podshoning mo’’jizalari va yodgorliklari haqidagi kitobning qisqartmasi») nomli asarlaridir. Chunki Hamdulloh Qazviniy asarida Xorazmning XIV asrdagi geografik holati, xususan yirik shaharlari, iqtisodiyoti haqida ma’lumotlar keltirish bilan birga, Xorazmni Eron bilan bog’lovchi karvon yo’llari va ulardagi manzillar, masovalar to’g’risida ham ma’lumotlar mavjud. Al-Umariy va al-Bakuviy asarlarida esa ko’proq Xorazmda shaharlar, bozorlar, ishlab chiqariladigan mahsulot turlari, narx-navo, pul munosabatlari umuman, shaharlar xo’jalik hayoti to’g’risida fikr yuritiladi.

Shuningdek, Shayx al-Birzaliy, an-Nuviyriy, Ibn Xaldun kabi arab-fors va temuriylar davrining Nizomiddin Shomiy, Sharofiddin Ali Yazdiy, Abdurazzoq Samarqandiy, Hofizi Abro’, Xondamir kabi mualliflar asarlarida ham XIV-XV asarlar Xorazm savdo shaharlari va ularning xo’jalik hayoti haqida ma’lumotlar uchraydi. Ammo yuqoridagi asarlar kabi bu asarlarda ham jiddiy xatolar mavjud bo’lib, ulardan ham ehtiyotkorlik bilan foydalanish lozimligini ta’kidlash kerak. Xorazm savdo shaharlarining geografik holati to’g’risida XIV-XV asrlarda tuzilgan Evropa xaritalari ham ma’lumot beradi. 1367 yilda aka-ukalar Frantsisko va Domeniko Pitsiganilar xaritasida Urganch, 1375 yilgi Katalon atlasida Urganch, Mizdahqon, Xiva, XV asr Venetsiya kosmografi Fra-Mauroning 1459 yilgi xaritasida esa Urganch shaharlari ko’rsatib o’tilgan. Bu xaritalar boshqa manbalar ma’lumotlarini to’ldirib, bu shaharlarning o’rnini to’g’ri belgilashga yordam beradi.

Mo’g’ullar va temuriylar davri Xorazm shaharlari to’g’risida Xiva xoni Abulg’ozixonning XVII asrda yozilgan «Shajarayi turk» asarida ham ma’lumotlar mavjud bo’lib, unda Mizdahqon, Xiva, Hazorasp, Vazir, Bo’ldumsoz, Tirsak va Qumkend kabi shaharlari haqida ma’lumotlar keltirilgan.

Shu bilan birga XVI asr ingliz sayyohi Antoni Jenkinson va XVII asr muallifi Mahmud ibn Valining mashhur geografik asari – «Bahr ul-asror fi manoqib ul-ahyor» («Oliyjanob kishilarning shon-shavkati haqida sirlar dengizi») asarlarida. XV asr Xorazm xo’jalik hayoti va shaharlari tasvirlangan. Bular ikkalasida ham XV asrga kelib, Xorazm hayotining bir oz yuqoriga ketganligi ta’kidlanadi.

Xullas, IX-XV asrlar Xorazm savdo shaharlari to’g’risida ko’pgina arab-fors, evropa va eski o’zbek tilidagi manbalarda ma’lumotlar mavjud bo’lsa-da, ammo umumiy holatda ular savdo shaharlarining xo’jalik hayoti, mavqei to’g’risida atroflicha ma’lumotlar bera olmaydi.

KO`P O`QILGANLAR